Xitoy yilnomalariga sayohat – qog‘ozga birinchi tushirilgan turkiy so‘zlar


Saqlash
16:23 / 06.08.2026 324 0

Yevrosiyo el-uluslari o‘tmishida chuqur iz qoldirgan bo‘lsa-da, dovrug‘ini butkul yo‘qotgan oz sonli elatlardan biri “xun”lardir. Miloddan oldingi III–II yuzyilliklardan boshlab xitoy yilnomalarida “Hsiung-nu” ko‘rinishida tilga olinib, milodning ilk yuzyilliklarida lotincha yozma manbalarda “Hun”, “Un”, III–IV yuzyilliklarga tegishli sug‘dcha bitiklarda esa “Xun” o‘laroq eslatilgan ushbu elat bugungi turkiy ellarning ilk ota-bobolaridan biri sanaladi. Deyarli ming yil davomida Yevrosiyo kengliklarida yetakchilik qilgan xunlar tilidan bir necha yuzlab so‘z va atamalar yetib kelgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha keng qamrovli izlanishlar olib borilmagan. Ayniqsa, o‘zbek tilida xun tilini tanituvchi ishlar ko‘ngildagiday emas.

 

Bundan 1,5–2 ming yilcha ilgari turk el-uluslariga beshik bo‘lgan bugungi Mo‘g‘uliston yerlaridagi keng dalalarda yashagan ko‘plab elat va urug‘larning birlashuvidan tug‘ilgan bu ulug‘ ko‘chmanchi elat “Xan-shu” (“Xan sulolasi o‘tmishi”), “Shi-ji” (“O‘tmishdan esdaliklar”) kabi xitoycha yozma manbalardan anglashilishicha, miloddan oldingi 209-yilda xunlar yetakchisi Touman Shanyu (Tuman Yabg‘u)ning o‘g‘li Maodun Shanyu (Bahodur Yabg‘u) boshchiligida, uning qat’iy boshqaruvi ostida Oltoy–Kungay Sibir–O‘rxun yaylovlarini birlashtirgan yirik kuchga aylandi. Ushbu xunlar o‘z boshqaruvining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan kezlarida Xitoyning yuqorisidagi Ordos o‘lkasi (bugungi Ichki Mo‘g‘uliston), Manjuriyaning kunbotari bilan Oltoydagi turk ellarigacha cho‘zilgan keng yerlarga qariyb 500 yilcha egalik qilib, o‘nlab yirik ko‘chmanchi elatlarni o‘z qo‘l ostida birlashtirdi.

 

Kunbotarga yurish chog‘ida Yettisuv–Kunbotar Oltoy oralig‘idagi Yuechjilarni, ularning kunbotarida – Tyanshan (Tangritog‘) etaklaridagi Usun uyushmalarini bo‘yin egdirgach, Sharqiy Turkistondagi o‘troq boshqaruvlar Xun yabg‘usiga qaram bo‘ldi. Yettisuv tegralaridagi yerlar, Amudaryo–Sirdaryo oralig‘idagi hududlar, ayniqsa, Sirdaryoning yuqori oqimidagi Farg‘ona–Dovon, o‘rta oqimidagi Qang‘, Zarafshon–Qashqadaryo qirg‘oqlaridagi Sug‘d o‘lkasi Xun boshqaruvini tan oldi. Xunlar bosimiga chiday olmagan Yuechji boshqaruvchilari yangi yurt izlab kunbotarga ko‘chib, Amudaryoning yuqori oqimidagi Baqtriyani qo‘lga kiritdi va bu yerda Yuechji–To‘xor eli, keyinroq esa Kushonlar atamasi ostida tanildi. Shu yo‘sinda Xun eli yolg‘iz Kunchiqar Osiyo emas, balki butun Yevrosiyoning yer-siyosiy ko‘rinishini o‘zgartirdi.

 

Miloddan burungi II–I yuzyilliklarda Xitoydagi Xan eli bilan uzoq cho‘zilgan urushlardan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, 53-yilda Xun boshlig‘i Xuhanye xitoyliklarga bo‘ysundi. Oradan 5 yilcha o‘tib, 48-yilda esa Xun boshqaruvi ikkiga – Shimoliy (Oltoy–Kungay Sibir–O‘rxun) va Kungay (Janubiy) bo‘lakka bo‘lindi. Kungay Xunlari Xan yurti yerlari ichida, Ordos tegrasida o‘rnashib, yuz yilliklar o‘tgach, xitoyliklarga singib ketdi. Xitoylasha boshlagan ushbu qatlamdan 304-yilda Liu Yuan boshchiligida Xan-Chjao elati, so‘ngra Jie (Qir) urug‘idan bo‘lgan Shi Le boshchiligida Chjao elati yuzaga keldi. Ushbu elatlar tilidan bir necha o‘nlab so‘z va atamalar yetib kelgan bo‘lib, quyida to‘xtalib o‘tiladigan xuncha so‘zlarning bir bo‘lagi o‘sha kezlar bilan bog‘liq.

 

Xun eli tarqalib, ko‘pchiligi kunbotarga – Sharqiy Yevropaga, sezilarli bir bo‘lagi esa Gansu o‘lkasi – Sharqiy Turkiston orqali kungay – janubdan kunbotarga, 500 yilcha ilgari Yuechji To‘xorlar borib yerlashgan Amudaryoning yuqori oqimiga yo‘l oldilar. Xunlarning bu ko‘chishiga turtki bo‘lgan qardosh el Hsien-pi (Syanbi = Sarbi “Sabir / Suvor”) elatlar birlashmasi Oltoy bilan Ordos o‘lkalarida yetakchi kuchga aylandi. Ushbu ko‘chmanchi uyushma ichidan ajralib chiqqan T’opa (Tabg‘ach) elat 386–534-yillar oralig‘ida  Shimoliy Xitoyda boshqaruvda bo‘lgan Shimoliy Vey ulusi qurib, “Toba” (To‘ba) degan yangi nom paydo bo‘ldi.

 

O‘rxun bitiklarida yozilgan “Tabg‘ach” elati tiliga tegishli so‘zlar shuni ko‘rsatadiki,  Syanbi – Suvorlar, ularning bir tarmog‘i bo‘lmish Toba – Tabg‘achlar tili, hech bo‘lmaganda, ularning bir bo‘lagi turk tilida so‘zlashganlar. Xun, O‘g‘ur, O‘n-O‘g‘ur, Avar, Suvar, Bulg‘or kabi etnik atamalar ostida kunbotarga – Qora dengiz bo‘ylari, Sharqiy Yevropaga ko‘chgan el-uluslarning bir bo‘lagi, ayniqsa, Suvor va Bulg‘orlar Volga bo‘yida o‘rnashdi. Keyinchalik chuvashlarning tub-bobolari sanalgan Bulg‘orlar O‘rdos tegrasidagi turk ellari bilan yaqin qarindosh edilar.  Dunay bo‘yiga ko‘chib borgan Bulg‘orlar bilan Panonniyagacha yetib borgan Attila Hunlari Oltoy tegralaridagi Xun elatining izdoshlari edilar.

 

Xunlar va ularning tarmoq ellari tiliga tegishli so‘zlarga to‘xtalishdan oldin bugungi izlanuvchilar orasida keng tarqalgan yondashuvlardan birini keltirib o‘tsak. Xunlarni turk emas, Sibirning eski elatlaridan biri bo‘lgan ket (paleosibirlik)lar bilan tenglashtirgan ayrim tilchilar xitoy yilnomalarida uchraydigan o‘nlab so‘zlarni boshqa ildizlardan qidirishadi. Biroq ular Sibirning tayga o‘rmonlarida, sovuq o‘lkalarida yashab, bug‘uchilik va baliqchilik bilan tirikchilik qilgan, keng ko‘lamli ko‘chishlarga unchalik aralashmagan eski paleosibirliklarning qanday qilib birdaniga O‘rdos o‘lkasiga, Xitoyning ichkarilariga kirib borganliklarini, Gansu, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Amudaryo – Sirdaryo oralig‘i, Volga – Uralbo‘yi, Qora dengiz shimoli, Sharqiy Yevropani qaysi kuchlariga tayanib boshqarganini tushuntirib berolmaydilar.

 

Qolaversa, xunlar turk ekaniga qarshi chiquvchilar nega xitoyliklar turk el-uluslarining ilk ota-bobolari bo‘lmish “Di”, “Dingling”, “Tele”, “Gyangun” (Qurg‘iz), “Gaoche”(Uyg‘ur) tillarining bir-biriga yaqin tillarda so‘zlashishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ko‘z yumishadi. Shuningdek, ular eski chog‘larda xunlarni, ilk o‘rta asrlarda Ashina turklarini yaqindan tanigan sug‘dlar nega har ikkala elatni “Xun” atamasi ostida tilga olganliklariga ham to‘xtalishmaydi?!

 

Bizningcha bu kabi yechimini topmay kelayotgan chigalliklarning bir necha sabablari bor: 1) Xun tili bo‘yicha o‘zimizdan yetuk izlanuvchilar yetishib chiqmagan; 2) Tilchilar tarixda bo‘lib o‘tgan voqeliklarni yetarlicha tushunib yetishmagan; 3) turli tillardagi bilgilar o‘zaro solishtirilmagan; 4) xunlarning turk ekaninin ataylab yashirishadi.

 

Xunlarday yirik elatning o‘z tilida yozgan biror bitigi bugungacha aniqlanmagani bois, bunday chigalliklar yechimsiz qolmoqda. O‘z chog‘ida Xitoy–Xan elini titratgan bu elatning tili ularga kuchli yov bo‘lgan xitoylik yilnomachilar qoldirgan iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan. Eng achinarlisi shundaki, biz o‘z dovrug‘ini yo‘qotgan elning so‘zlarini butunlay boshqa tuzilishga ega til orqali tiklashga urinmoqdamiz.

 

Bugungi kunda xun tili bo‘yicha bir-biriga zid o‘ndan ortiq qarash keng yoyilgan. Ular orasida “Turkiy qarash” eng ko‘p qo‘llovchiga ega [Doerfer 1973]. Tilchilar qo‘lida xun tilini tiklash uchun xitoy yilnomalaridan ajratib olingan 190 taga yaqin so‘z hamda milodning 329-yiliga tegishli, atigi 10 belgidan iborat bitta xuncha to‘rtlik mavjud [Pulleyblank 1962].

 

Jumboqning tub o‘zagi esa xitoy ieroglif tizimining tuzilishiga borib taqaladi. Eski xitoy yozuvi ko‘chmanchi elatlar tiliga tegishli /l/–/r/, /ö/–/ü/ kabi kerakli tovushlarni ayirib olishga yo‘l bermaydi, ularni bir-biriga qorishtirib yuboradi. Shuning uchun yilnomalardagi belgilar turli izlanuvchilar tomonidan butunlay boshqacha o‘qilib, turlicha talqin qilingan.

 

Ushbu til jumbog‘ini yechish, iyerogliflar ortiga yashiringan o‘zaklarni aniqlash uchun bugungi tilshunoslikda ikki yirik oqim yuzaga kelgan. Ulardan biri – rossiyalik taniqli til bilimchi Anna Dybo bo‘lib, u eski xitoy tilining eng qattiq tovushlar (Starostin oqimi) negizida so‘zlarning tovush ko‘rinishini qayta tiklashga intiladi. Dybo xun so‘zlarini qattiq tovush qoliplari negizida qatlamlarga ajratadi va unda turk, eski eroncha, mo‘g‘ulcha, to‘xor izlar ham borligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga u  Pulleyblank ilgari surgan “Xunnu = Yenisey tili” qarashiga qattiq ishonchsizlik bilan qaraydi.

 

Ikkinchisi – taniqli turkiy tilshunos Talat Tekin qarashidir. U xun tilini bevosita qadimgi turkiy va chuvash tillaridagi ichki o‘zak so‘zlarni qiyoslash yo‘li bilan o‘rganadi. Tekin o‘zidan oldingi Shiratori, Ramstedt, Bazin, Gabain, Boodberg, Doerfer singari olimlarning o‘qishlarini birma-bir ko‘rib chiqib, yangicha o‘qishni ilgari suradi. O‘z tadqiqotlarini kuchaytirish maqsadida T’opa (Toba) atamalarini ham ko‘rib chiqadi.

 

Har ikkala yetuk tilchi – Tekin va Dyboning qarashlaridagi yaqinlik shundaki, ular bir-biridan mustaqil, butunlay boshqa yo‘ldan borib, deyarli bir xil xulosaga keladilar: xun tilining so‘z boyligida kuchli va ko‘z yumib bo‘lmaydigan darajada turkiy qatlam mavjud. Izlanuvchilar butun xun tilini “tub turkiy til” deb atashdan tiyilishsa-da, uning tayanch so‘z boyligi turkiy o‘zakka egaligini ta’kidlaydilar.

 

Quyida biz ushbu izlanuvchilarning qarashlariga tayangan holda xun tilining eng ishonchli 10 ta so‘z ko‘rsatkichini, shuningdek, 329-yilga oid xuncha to‘rtlikni ko‘rib chiqamiz. Unda mazkur so‘zlarning bugungi turkiy tillarda, ayniqsa, o‘zbek tilida saqlanib qolgan shakllariga ham to‘xtalamiz.

 

1. tängri – “ko‘k, tangri”.

 

Xitoycha yozuvi: 撐犁 ç’eng-li (< t’eng-li). Xun boshlig‘ining to‘liq unvoni “ç’eng-li ku-t’u şan-yü” bo‘lib, undagi bu so‘z eski turkiy tängri – “ko‘k, osmon, ko‘k yuzi, tangri” so‘zi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi [Tekin (1993)]. Doerfer so‘z tarkibidagi -ñr- tovush birikmasiga ishonchsizlik bilan qarab, bu holat uning turkiy bo‘la olmasligini ko‘rsatishini ilgari surgan edi. Tekin esa bunga qarshi dalil sifatida yoqut (saxa) tilidagi tañara va chuvash tilidagi turi (< tañrı > tağrı > turi) shakllarini keltiradi. Uning fikricha, bunday tovush o‘zgarishi tizimli va izchildir.

 

Dybo bu so‘zni turkiy qatlamga kiritadi va uning deyarli barcha turkiy tillarda uchrashiga urg‘u beradi. O‘zbek tilida esa bu so‘z tangri (täŋri) ko‘rinishida qadimgi turkiy shaklga uyg‘un tarzda saqlanib qolgan.

 

2. – “qo‘shin, cherig”.

 

Bu so‘z uch xil yilnomada qayd etilgan bo‘lib, eng ko‘p uchraydigan xuncha so‘zlardan biridir. Birinchisi, Jie (Qir) urug‘ining 310-yilga oid to‘rtligida uchraydi. Ramstedt va Doerfer o‘qishida “šaw” ko‘rinishida tiklangan bu so‘z qadimgi turkiy (“qo‘shin”) so‘zi bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007].

 

Ikkinchisi, Tekin tadqiq etgan 329-yilga oid xuncha qo‘shiqning birinchi belgisi – siu. Tekin uni süä (“qo‘shinga”) deb o‘qiydi [Tekin 1993].

 

Uchinchisi, Pulleyblank tomonidan xitoy tilida uchraydigan o‘zga tillarga oid so‘z va atamalar ro‘yxatida qayd etilgan. O‘rxun bitiklari, qadimgi uyg‘urcha hamda Qoraxoniylar davriga oid qo‘lyozmalarda so‘zi “qo‘shin, urush” ma’nolarida keng qo‘llangan.

 

3. qut/qutı – “qutlug‘, tangri qo‘llovi, in’omi”

 

Xitoycha yozuvda: 孤塗 ku-t’u (< kuo-d’uo). Tekin bu so‘zni F.W.K.Müllerning tushuntirishiga tayanib, eski turkiy “qut” so‘zi bilan bog‘laydi [Tekin 1993]. Clauson ham mazkur o‘qishni to‘g‘ri deb biladi. O‘rxun, Uyg‘urcha  bitiklarda “qut” so‘zi xonlar bilan beklarga nisbatan ishlatilgan: qang-ım qut-ı “qutlug‘ otam” yoki “otam ulug'i”. Bundan kelib chiqib, tängri qut-ı yabgu – “Yabg‘uning tängri (bergan) quti (ulug‘ligi)” ko‘rinishida qayta tiklanadi. Shuning uchun ular barchasidan ham salmoqlidir – u xun atoq (unvon)lar tizimi bilan eski turkiy elchilik (el boshqaruvi) tushunchasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikning yorqin o‘rnaklaridan biridir.

 

4. yabg‘u – atoq (unvon).

 

Xitoycha yozuvi: 單于 şan-yü (< d’ian-giwo = d’abgu/jabgu). Doerfer bu so‘zning boshqa yozuv shakllarini ham keltiradi: 翕侯 hiep-ho (< ğiep-gu) va 葉護 çe-hu (< jebgu) [Doerfer TMN IV]. Xitoy yozuvlarida qayd etilgan bu xilma-xillik so‘zning tarixiy taraqqiyotidagi ikki bosqichni – “jabgu” va “yabgu” shakllarini ko‘rsatadi. Arman, arab va fors yozma manbalarida ham “yabgu”, “jabgu”, “jebu”, “jibu” kabi shakllari saqlanib qolgan.

 

So‘zning turli tillardagi shakllari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va uning qadimgi turkiy tovush tizimidagi tarixiy o‘zgarishlarni yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

5. qing‘iraq – “qing‘ir, egri pichoq, yo‘sin qilichi”.

 

Xitoycha yozuvi: 徑路 keyh-räh. Bu so‘z Hirth tomonidan 1900-yillarda birinchi bo‘lib ilgari surilib, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”idagi qıngıraq – “ikki yoqlama egri pichoq” so‘zi bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. 徑路 king-lu (< king-lak) shaklidagi bu so‘zning teleutcha kıngırak – “ikki yuzli pichoq”, qirg‘izcha kıngırak shakllari hamda Karlgrenning king-lak qayta tiklashi uning qadimgi turkiy so‘zlardan biri ekanini ko‘rsatadi [Tekin 1993].

Tekin va Dybo bu so‘zni qıngır – “egri, qiyshiq” o‘zagiga bog‘laydi. O‘zbek tilidagi qing‘ir (“egri”) so‘zi ham shu negiz bilan bog‘liq.

 

6. Äpçi/äbçi – “xonning xotini, xotun”.

 

Xitoycha: yen-çi (< yem-çi = ebçi). Tekin bu so‘zni yapon tilshunosi Shiratorining talqiniga tayanib, qadimgi uyg‘urcha äpçi/ävçi – “xotun, urg‘ochi” so‘zi bilan bog‘laydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusda epçi – “frau” (“urg‘ochi, xotin”), bugungi qirg‘iz tilida epçi, xakas tilida esa ipçi shakllarida bu o‘zak saqlanib qolgan.

 

Tekinning fikricha, bu so‘z keyinchalik qadimgi turkiy tildagi qatun – “el boshlig‘ining xotini” so‘ziga o‘rnini bo‘shatib bergan.

 

7. ordu/ordo – “o‘rda, turg‘oq yer”

 

Xitoycha yozuvi: eu-ta, wo-lu-to, ao-t’ot (miloddan oldingi II yuzyillik). Tekin bu so‘zni chuqur tadqiq etib, uni bevosita tub turkiy so‘z deb hisoblaydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusdagi or – “o‘r, chuqur”, “Qutadg‘u bilig”dagi oro – “qorong‘u o‘ra”, Oltoy turklarining shor tilidagi ora – “teshik, quduq”, xakas tilidagi ora – “yer osti uyi” shakllarining barchasi bir o‘zakdan kelib chiqqan.

 

Tekinning fikricha, ordu/ordo – “o‘rda” so‘zining tub ma’nosi “yer ostidagi boshpana, uy” bo‘lib, keyinchalik ko‘chma ma’noda “el boshlig‘ining o‘rdasi” ma’nosiga aylangan. Bu so‘z Yevropa tillariga ham o‘tgan. Masalan, nemis tilidagi Horde shu o‘zak bilan bog‘lanadi. O‘zbek tilidagi o‘ra – “chuqur, turli sabzavotlarni saqlash uchun qazilgan yer” so‘zi ham shu negizga borib taqaladi.

 

8. budurçin – “bedana”

 

Xitoycha yozuvi: 佛圖澄 bwit-dö-dhiy. Dybo bu otni qadimgi turkiy budurçin – “bedana” so‘zi bilan bog‘laydi [Dybo 2007]: chuvashcha pŭrjăgan, xakascha pudurçun/püdüçün, Qoraxoniylar davriga oid buδursin (Mahmud Koshg‘ariy) shakllari ham shu o‘zak bilan bog‘lanadi.

 

Bu so‘z xuncha va qadimgi turkiy tillarni qiyoslashda eng qo‘l keladigan birliklardan biridir. Atoqli ot emas, kundalik hayotda qo‘llanadigan ot bo‘lgani uchun ma’no jihatidan “tub” ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.

 

Qadimgi turklarda shomon “qam” deb yuritilgan. “Buduchin” so‘zining uning atog‘i (laqabi) sifatida qo‘llanilgani qadimgi turklarda qamlarning o‘z alqovlarini qo‘shiq yo‘sinida kuylaganlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli ularning sasi, ya’ni ovozi “bedana”ning sayrashiga mengzatilgan, degan qarash ilgari suriladi.

 

9. tämir – “temir”

 

Xitoycha yozuvda: 鐵伐 t’ieh-fah (< tiet-bat/tieba = tebär). Dybo va Tekin qarashlari bu so‘zda ajralib turadi: Dybo eski xitoycha “tiet-mhwit” orqali turkcha “temür”ga bog‘laydi; Tekin esa eski turkcha tämir (temir) bilan solishtirib, shor, Lebed dialektlarida täbir, Sagay tebir ko‘rinishlari tämirdan emas, balki undan-da eski täbär ko‘rinishidan kelganini olg‘a suradi. Ikkala qarash ham bu so‘zning turkcha o‘zakka egaligini chippakka chiqarmaydi. O‘zbekcha “temir” O‘rxun bitiklaridagi “temir”, “tämir” negiziga borib taqaladi.

 

10. Xuncha to‘rtlik (329-yil).

 

秀支 替戻岡 僕谷 劢禿當

 

siu-k’i – t’i-li-kang – puh-koh – kü-t’u-tang

 

Bu to‘rtlik milodiy 329-yilda Chin-shu yilnomasida keltirilgan bo‘lib, Shimoliy Xitoyda Xun urpog‘idan chiqqan Shi Loning Budist shoiri Fotuçeng tilidan aytilgan. Shiratori (1902), Ramstedt (1922), Bazin (1948), Gabain (1950) va Doerfer (1973) bu to‘rtlikni turlicha o‘qishdi: Doerfer hatto hazil yo‘li bilan uni “akkadcha ham o‘qisa bo‘ladi” degan. Tekin barcha oldingi o‘qishlarni birma-bir ko‘zdan kechirgach, o‘zining to‘liq grammatik tizimga ega yangi o‘qishini o‘rtaga qo‘yadi [Tekin 1993]:

 

sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang

 

“Qo‘shinni saflantirib tashiqing (chiqing), Buguk’ni tuting!”

 

Grammatik ko‘rsatkichlar: tıl-ıkang – taşı- “chiqmoq” fe’lining l-shevadagi ko‘rinishi + 2-shaxs ko‘plik buyruq qo‘shimchasi -ang; -gı – belgili to‘ldiruvchi kelishigi; tuk-tang – tut- “tutmoq” fe’lining buyruq bichimi. Bu to‘rtlik ayri bir so‘z emas, balki to‘liq grammatik tuzilishga ega so‘z. Shuning uchun u xun tilining turkcha ekanligining eng kuchli misoli.

 

Huncha

xitoycha oʻqilishi

oʻzbekcha koʻrinishi

tılıkang

t’i-li-kang

Tashiqing (chiqing)! (buyruq)

tuktang

kü-t’u-tang

tutib oling

Şanyü

şan-yü 

Yabg‘u; keng va ulug‘

qut

ku-t’u

Qutlug‘, hazrat, ilohiy ulug‘lik

sü:kä

siu-k’i   

qo‘shinga

Tängri

ç’eng-li

koʻk, tangri

Orun

roy/lung

O‘rin, joy, taxt (toponim)

šaw / siu-k’i

qo‘shin, lashkar

qingraq

keyh-räh

egri pichoq, qing‘ir

güd-tüg

 

suruv, to‘da

budurçin

bwit-dö-dhiy

Bedana, bitbildiq

qarsaq

kwan cjí

dasht tulkisi, qarsoq

duruk/durak (turoq)

d(h)wäh räk

qabr, dafn joyi

äpçi/äbçi

yen-çi    

xonning xotini, xotun

 

Yuqorida so‘zlar va 329-yilgi xuncha to‘rtlik bir narsani aniq ko‘rsatadi: xun tili to‘g‘risidagi jumboq butunlay yechilmagan bo‘lsa-da, uning so‘z boyligida turkcha o‘zakka ega qatlam borligi aniq va bu holat xun tili bilan solishtirilgan boshqa ko‘z qarashlardan ko‘ra kuchliroq.

 

Ikki tilshunos – Anna Dybo (Rossiya solishtirma tilshunoslik oqimi) bilan Talat Tekin (Turkologiya oqimi) butunlay boshqa yo‘l-yo‘riqlardan  foydalangan holda bir to‘xtamga kelishgan. Bu tasodif emas, ikki mustaqil yo‘lning bir nuqtada kesishishi ilmiy ishonchlilik uchun eng kuchli dalil sanaladi. Tängri, sü, qut, yabg‘u, qıngıraq, äpçi, ordu, budurçin, tämir – bitta til ildizlarini ko‘rsatadi.

 

Shu bilan birga, Dyboning izlanishlari xuncha so‘z boyligida yolg‘iz turkiy izlar emas, eroncha, to‘xor, mo‘g‘ulcha qatlamlar ham borligini ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, Xun eli “bir til – bir budun” tuzilishiga ega bo‘lmay, ko‘p elat va ko‘p tilli uyushma bo‘lgan. Shuning uchun “xun tili” deyishdan ko‘ra “xun birlashmasi tili” demak ilmiy tomondan to‘g‘riroq.

 

329-yilgi Xuncha qo‘shiq esa bu o‘rganishning toji hisoblanadi. U yolg‘iz bir so‘z yoki unvon emas – to‘liq grammatik tuzilishga ega gapdir. Sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang – “Qo‘shinni saflantirib tashiqing (chiqing), Buguk’ni tuting!” – bu gapning buyruq shakllari, belgili to‘ldiruvchi kelishigi, fe’l o‘zaklari – barchasi turkiy til yo‘riqlariga to‘la uyg‘un keladi. Bir butun gap darajasida fonetik ham, grammatik ham turkcha bo‘lgan ushbu to‘rtlik xun tilini eski turkcha deb bilishning bugungi kunda eng kuchli dalili.

 

Xun eli o‘z dovrug‘i bilan o‘tmish teranlikalrida yotibdi. Biroq iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan bu tovushlar – tängri, sü, qut, ordu – aslida hech qayon yo‘qolib ketmagan. Ular bugungi turkiy tillarda, O‘rxun bitiklarida, Koshg‘ariy so‘zligida, hatto Yevropa tillaridagi Horde so‘zida ham tirik.

 

Alparslon BOBOYOROV

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

 

Birlamchi manbalar:

Shi-ji (史記). 

Xan-shu (漢書).

Chin-shu (晉書).

Ikkilamchi manbalar:

1.                 Bazin, L. (1948). Un texte oghouz du IVe siècle.

2.                 Boodberg, P. A. (1936). The Language of the T'o-pa Wei.

3.                 Clauson, G. (1972). An Etymological Dictionary of Pre-Thirteenth-Century Turkish.

 4. Doerfer, G. (1973). Zur Sprache der Hunnen. 

 5. Doerfer, G. (1963–1975). Türkische und mongolische Elemente im Neupersischen (TMN), Band IV. Wiesbaden.

6. Dybo, A. V. (2007). Лингвистические контакты ранних тюрков: Лексический фонд. Пратюркский период. Moskva.

7. Gabain, A. von (1950). Alt-Hunnisches.

8. Hirth, F. (1900). Die Ahnentafel der Attila-Hunnen.

9. Mahmud Koshg‘ariy (XI). Devonu lug‘atit-turk.

10. Pulleyblank, E. G. (1962). The Hsiung-nu Language / The Consonant System of Old Chinese. Asia Major.

11. Tekin, T. (1993). Hunların Dili. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//