Sukunat ichida yashayotganlar: Yaponiyadagi qo‘g‘irchoqlar qishlog‘i qanday yaralgan?


Saqlash
19:30 / 05.08.2026 292 0

Bolaligim hali televizor kanallari sanoqli boʻlgan davrlarda oʻtdi. Oʻsha paytlar atigi uchta telekanal mavjud edi. Har bir bola kabi men ham multfilm va bolalar filmlarini tomosha qilishni yaxshi koʻrardim. Ammo bolalar uchun ajratilgan vaqt juda qisqa boʻlgan. Shu sababli, televizor qarshisida oʻtirish biz uchun kichik bayramdek tuyulardi.

 

Kunlarning birida maktabdan qaytganimda uyda hech kim yoʻq edi. Tushlik qilib boʻlgach, uy jimjitligi meni choʻchita boshladi. Yolgʻizlik bilinmasin deb televizorni yoqib, ovozini baland qilib qoʻydim. Tv1 kanalida Yaponiya haqida koʻrsatuv ketayotgan ekan. Avvaliga shunchaki qoʻyilgan televizor asta-sekin meni oʻziga torta boshladi. Ekrandagi manzaralar, tartibli koʻchalar, yapon madaniyati va odamlarning hayoti menga nihoyatda qiziq tuyuldi. Koʻrsatuv tugaganida esa ichimda bir istak uygʻondi:

 

“Qani edi, men ham bir kun oʻsha yerda boʻlsam…”

 

Ana shu oddiy koʻrsatuv Yaponiya degan mamlakatni qalbimga olib kirgandi. Endigina 5-sinf oʻquvchisi boʻlsam-da, oʻsha kundan Yaponiya haqida orzu qila boshladim. Albatta, u paytda kelajakda qanday imkoniyatlar boʻlishini tasavvur ham qilmasdim. Bu shunchaki bolalarcha orzu edi.

 

Yillar oʻtdi. Taʼlim olish jarayonida chet elga chiqish, dunyo koʻrish istagim kuchaydi. Ammo Yaponiya hanuz menga juda uzoq va erishib boʻlmas orzudek tuyulardi. Lekin bir kun kelib bu orzum ushaldi – Nipponda taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldim.

 

Bolalikdagi orzu roʼyobi va qayta kashf etilgan Yaponiya

 

Sakuralar mamlakatiga ilk qadam qoʻygan kunimdan bu yerlarni qayta kashf eta boshladim. Har bir safar, har bir manzil yangicha his va hayrat uygʻotardi. Ammo 2026-yil bahoridagi sayohat men uchun Yaponiyaning mutlaqo boshqa qirrasini ochdi.

 

 

Nagoro nomli “Scarecrow Village” – qoʻgʻirchoqlar qishlogʻiga kirib borayotganimizda, mashina oynasidan tashqariga qarab negadir ichim gʻash torta boshladi. Togʻlar orasida yashirinib yotgan bu kichik qishloq juda sokin edi. Juda ham sokin…

 

Shunday sukunat borki, hatto shamolning ham ovozi eshitiladi. Koʻchalar boʻm-boʻsh. Uylarning ayrim derazalari yopiq, baʼzilarining tomlari esa eskirib ketgan. Goʻyo bu yerda vaqt yurishdan toʻxtagandek. Ammo eng qoʻrqinchlisi, sukunat emasdi. Eng qoʻrqinchlisi – shu sokin qishloqda “odamlar” borligi edi.

 

Avvaliga bu sezilmadi. Yoʻl chetida oʻtirgan cholni koʻrdik. Keyin dalada ishlayotgan ayolga koʻzimiz tushdi. Bekatda esa kimlardir avtobus kutayotgandek edi. Ammo yaqinlashgan sayin yurak allanechuk boʻla boshladi. Ular qimirlamasdi. Koʻzlari boqardi, ammo tirik emasdi. Ular qoʻgʻirchoqlar edi.

 

Lekin oddiy qoʻgʻirchoqlarmas…

 

Odamlar oʻrnini qoʻgʻirchoqlar egallagan qishloq – Nagoro

 

Har birining yuzida qandaydir hikoya yashardi. Birining nigohida charchoq, boshqasida sogʻinch, yana birining yuzida esa yolgʻizlik aks etardi. Goʻyo bu qishloqdagi har bir qoʻgʻirchoq kimningdir oʻrnini bosib turgandek edi.

 

 

Safar davomida yoshi kattaroq mahalliy bir ayol bilan hamsuhbat boʻldim. Uning hikoyasiga koʻra, bu qoʻgʻirchoqlar oddiy bezak emas. Nagoro bir paytlar juda gavjum qishloq boʻlgan. Bolalar kulgisi yangraydigan, maktablari toʻla, dalalari serharakat joy edi. Ammo vaqt oʻtib, yoshlar katta shaharlarga ketgan. Qariyalar esa birin-ketin bu dunyoni tark etgan. Qishloq asta-sekin boʻshab qolgan.

 

Va bir kun kelib Tsukimi Ayano Nagoroda odamlarning oʻrni boʻshab qolayotganini his qilgach qoʻgʻirchoqlar yasay boshlagan. Oʻshanda u shunchaki haykal yaratmagan, balki xotiralarni tiriltirayotgan edi. Har bir qoʻgʻirchoq kimningdir davomidek yashardi. Maktabdagi “oʻquvchilar” – allaqachon yopilib ketgan maktab xotirasi, avtobus kutayotgan qariya – endi hech kim kutmaydigan bekat xotirasi, daryo boʻyidagi baliqchi esa qachonlardir shu yerda yashagan insonning soyasi edi.

 

Shuning uchun ham Nagoro Scarecrow Villageʼda qoʻrquv emas, yurakni ezadigan bir gʻam his qilinadi. U yerda qoʻgʻirchoqlar emas, yoʻqolib ketayotgan hayot yashaydi. Eng taʼsirlisi, eski maktab binosiga kirganda sinfxonalarda qoʻgʻirchoq “oʻquvchilar” oʻtiradi. Kimdir derazadan tashqariga termilgan, yana kimdir daftariga egilgan… Goʻyo hayot bir lahzaga muzlab qolgandek tuyuladi. Bir lahzaga hammasi haqiqiydek koʻrinadi. Goʻyo hozir qoʻngʻiroq chalinadi-yu, bolalar yugurib chiqadi.

 

 

Nagoro Scarecrow Village aslida qoʻgʻirchoqlar qishlogʻi emas edi. U – sogʻinch yashaydigan qishloq edi.

 

Qayd etilishicha, qoʻgʻirchoqlarning har birining ismi, jinsi, hatto Nagoro Scarecrow Village aholisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan raqami ham bor. Suhbat davomida oydinlashdiki, qarshimdagi ayol aynan shu qoʻgʻirchoqlarning yaratuvchisi ekan. Uning hikoyasi esa bundan-da taʼsirli edi.

 

Otaga qiyoslangan qoʻgʻirchoq va uning ortidan shakllangan Nagoro Scarecrow Village

 

 

Tsukimi Ayano Nagoro qishlogʻida ulgʻaygan. Keyinchalik oʻqish uchun Osakaga ketgan. 2002-yil qishlogʻiga qaytganida esa otasi allaqachon vafot etganini biladi. Otasining yoʻqligiga koʻnikolmagan Tsukimi uni yonida his qilish uchun otasiga oʻxshatib katta qoʻgʻirchoq yasaydi. Unga otasining kiyimlarini kiydirib, uy oldiga oʻtqazib qoʻyadi. Kun botarkan, qishloq aholisi uning oldidan oʻtib, xuddi tirik odamni koʻrgandek salom bera boshlaydi. Shu holat Tsukimiga ilhom beradi va u yana qoʻgʻirchoqlar yasay boshlaydi.

 

Bugungi kunda Nagoro qishlogʻida 370 dan ortiq scarecrow qoʻgʻirchoqlari mavjud. Ularning har biri oʻziga xos. Birining qoʻlida qarmoq boʻlsa, boshqasi dalada ishlayotgandek. Avtobus bekatlarida avtobus kutayotgan yoʻlovchilar, maktabdagi oʻquvchilar, kafedagi mehmonlar… Goʻyo bu yerda butun hayot jimjit davom etayotgandek.

 

“Bu yerga kelgan odam oʻzi eng sogʻingan insonini topadi”, deydi Tsukimi.

 

Lekin men bu gapni eshitishdan avval buni allaqachon his qilib ulgurgan edim. Qishloqdagi yana bir xona xuddi mahalla ayollari yigʻilib oʻtiradigan eski uylarni eslatadi. Xonaning oʻrtasida bir ayol yonboshlab yotardi. Uni koʻrishim bilan beixtiyor oldiga shoshdim. Negadir uning yuzini koʻrishga oshiqdim. Chunki u menga eng mehribon, eng aziz insonim — buvimni eslatib yuborgan edi.

 

 

Shu lahza bolalikka qaytgandek boʻldim. Har yoz ota-onam bilan Qoʻqonning Buvayda tumanidagi buvim va buvamnikiga borardik. Biz uchun 25-may maktab tugagan kun emas, balki bolalikning eng shirin kunlari boshlanadigan sana edi. Tengdoshlarimiz yozgi lagerlarga oshiqsa, biz buvimnikiga borishga shoshardik. U paytlarda telefonlar yoʻq edi. Bizning kelishimiz ular uchun doimo kutilmagan sovgʻa boʻlardi. Toshkentdan tongda yoʻlga chiqib, tushlik vaqtida yetib borardik. Uyga kirganimizda esa buvim odatda xuddi shu qoʻgʻirchoq kabi, xona oʻrtasida, eshikka orqa qilib yonboshlab yotgan boʻlardi. Bir qoʻlini boshiga yostiq qilgancha, bir qoʻlini beliga qoʻyib dam olardi. Shu tariqa, oʻsha qoʻgʻirchoq bir necha soniyaga boʻlsa-da, menga buvimni qaytarib bergandek boʻldi.

 

Odinaxon MUHAMEDOVA

Naruto University of Education

universiteti tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//