Amir Temurning hayotini saqlab qolgan ustozi kim edi?


Saqlash
14:30 / 05.08.2026 2584 0

Sohibqiron Amir Temur faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘z oldimizda ilm-fan va din homiysi, buyuk sarkarda, davlat arbobi va adolatli hukmdor siymosi gavdalanadi. Amir Temur hayotida hikmatli nasihatlari bilan unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan pirlarining o‘rni beqiyos. Sohibqironning yoshlikdanoq mashhur din ulamolari va shayxlarga e’tiqodi baland bo‘lgan. Bunday e’tiqodni u padari buzrukvori Amir Tarag‘aydan o‘rgangan edi.

 

Sohibqironning bir necha pirlari bo‘lgan bo‘lib, ularni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin.

 

Birinchi guruhga Sohibqiron tug‘ilgunga qadar yashab o‘tgan ruhoniy pirlar, ya’ni Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Nuriddin Basir (Qutbi Chahordahum), Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy va Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliy kiradi. Sohibqironning mazkur zotlarning ruhlariga ehtirom ko‘rsatib, har biriga alohida maqbaralar tiklagani, avlodlarini e’zozlab kelgani ularni o‘ziga pir tutganining dalili sifatida qaralishi mumkin.

 

Ikkinchi guruhga Sohibqironning zamondoshlari bo‘lgan ustoz va pirlar – Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy, Mir Sayyid Baraka va Sayyid Amir Kulol kiradi.

 

Sayyid Amir Kulolning asl ismi Sayyid Amir Kalon bo‘lib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida tug‘ilgan. U kulolchilik bilan shug‘ullangani bois Amir Kulol nomi bilan tanilgan. Biroq “Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)” asarida bu haqda boshqacha ma’lumot keltiriladi:

 

“Olar Hazrati Xoja Muhammad Boboning ashob va xulafolari barchasining afzali va akmali erdilar va sharafi siyodatlari ham bor turur. Va mavlid va madfanlari Suxor dehasi turur. Toshgarlikka ishtig‘ollari bor erdi va Buxoro tilida kulol deb toshgarni oyturlar”.

 

Ushbu manbada Sayyid Amir Kulolning toshgarlik bilan shug‘ullangani, o‘sha davrda toshgar hunarmand “kulol” deb atalganligi qayd etiladi. “Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)”dan boshqa manbalarda esa bunday ma’lumot uchramaydi. Aksariyat tadqiqotchilar Sayyid Amir Kulol kulolchilik bilan shug‘ullangani va shu hunari bilan mashhur bo‘lgani uchun “Kulol” nomi bilan atalganini ta’kidlaydi. Shundan kelib chiqib, Sayyid Amir Kulolning kulolchilik bilan shug‘ullanganini aytish mumkin.

 

Amir Kulol taxminan 1286-yilda dunyoga kelgan. U Xojagon (Naqshbandiya) tariqati silsilasidagi shayx Muhammad Bobo Samosiyning shogirdi, Bahouddin Naqshbandning esa ustozi bo‘lgan. Sayyid Amir Kulol haqida uning nevarasi Shahobiddin Maqomoti Amir Kulol nomli asar yozgan.

 

Maqomoti Amir Kulolda yozilishicha, uning otasi Amir Hamza Yassaviya tariqatining shayxi Sayyid Ota bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Ushbu turk shayxi har safar Buxoroga kelganida Amir Hamza bilan uchrashgan. Sayyid Ota bir safar uning xonadonida bo‘lganida, butun jahonni o‘ziga xizmat qildiradigan buyuk o‘g‘lon dunyoga kelishini bashorat qilib, unga Amir Kalon deb ism qo‘yishni tavsiya qilgan.

 

Xoja Muhammad Bobo Samosiyga murid tushgan Sayyid Amir Kulol yigirma yil davomida uning murshidligida sayru suluk bosqichlarini bosib o‘tgan va uning eng yetuk xalifalaridan biriga aylangan. Shuningdek, Rashahot asarida Sayyid Amir Kulolning onalari shunday degani keltiriladi:

 

Amir Kulol qornimda ekanligida shubhali luqma yutib qo‘ysam, ko‘kragim ostida shu qadar qattiq og‘riq paydo bo‘lardiki, hatto hushdan ketayozardim. Keyin ma’lum bo‘ldiki, bu hol pokiza farzandim barokatidan ekan.

 

Bu haqda quyidagi bayt ham keltiriladi:

 

Nishonim shulki, man pokiza farzand,

Otam ham pok, onamdur afifa.

Dilim pok-u, yo‘lim pok, etagim pok,

Mazhabimdur – Imom Abu Hanifa.

 

Kanzal ansab kitobida Hazrat Sayyid Kulolning nasabnomasi quyidagicha keltirilgan: Sayyid Amir Kulol ibn Sayyid Hamza ibn Sayyid Ibrohim ibn Sayyid Muhammad Qusriy ibn Sayyid Muhammad Hasan Maqbul ibn Sayyid Abdulloh Shahid ibn Sayyid Ja’far ibn Sayyid Husayin ibn Sayyid Ali ibn Sayyid Muhammad A’lo ibn Sayyid Sharif Muso ibn Sayyid Ibrohim Murtazoiy Soniy ibn Hazrat Sayyid Muso ibn Ja’far as-Sodiq ibn Muhammad al-Boqir ibn Ali Zaynulobiddin ibn Husayin ibn Ali ibn Abu Tolib (r.a.).

 

Sayyid Amir Kulol nuroniy chehrali, katta jussali bo‘lib, yoshligida kurash tushgan. Kanzal ansab kitobida keltirilgan nasabnomaga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) xonadonlariga mansub bo‘lib, ota tomondan u zotning o‘ttiz birinchi avlodi hisoblanadi.

 

Sayyid Amir Kulolning tariqatdagi piri Muhammad Bobo Samosiy bo‘lgan. Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)da Amir Kulolning Bobo Samosiyga shogird tushishi bilan bog‘liq quyidagi voqea keltiriladi:

 

Bu mahalda Amirni nazarlari Hazrat Xojag‘a tushdi va olarning jozibalari Amirni o‘rnidin ko‘tardi. Vaqtekim, Xoja qadam qo‘ydi va ravon bo‘ldilar, Amir betoqat bo‘lub ma’rakani qo‘yub izlaridin ketdilar. Vaqtekim, Xoja o‘z manzillariga yetdilar. Amirni kelturdilar va tariqa oytidilar va farzandlikka qabul etdilar. Ondin so‘ng aslo kishi Amirni ma’rakada va bozorda ko‘rmadi va yigirma yil muddatiye-muttasil Hazrati Xoja Muhammad Boboning xizmat va mulozamatlarida bo‘ldilar. Har hafta ikki marotaba dushanba va payshanba kuni Suxordin Hazrat Xojaning mulozamatlariga Sammosiy(ga) borib yana qoytur erdilar. Suxor bila Sammosiyning orasi besh tosh yo‘l turur va ul muddatida tariqi xojagon qaddasallohu asrorahumg‘a ishtig‘ol ko‘rguzur erdilar, bir vaqtekim, hech kishi olarning hollariga ittilo’ topmas erdi, to Hazrati Xojaning tarbiyatlari soyasida darajayi takmil va irshodga yetushdilar”.

 

Manbalarda qayd etilishicha, Sayyid Amir Kulolning valiylik (avliyolik) darajasiga erishgan 114 nafar shogirdi bo‘lgan. Ularning eng yetuklari sifatida Hazrat Bahouddin Naqshband, Hazrat Xoja Orif Deggaroniy, Hazrat Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoyi, Shayx Shamsiddin Kulol va Xoja Darzuniy nomlari qayd etiladi.

 

Sayyid Amir Kulolning Sayyid Amir Burhon, Sayyid Amir Hamza, Sayyid Amir Shoh va Sayyid Amir Umar ismli o‘g‘illari bo‘lgan.

 

Naql qilinishicha, Hazrat Amir Kulol mujarradlik (bo‘ydoqlik) davrida Romitan tumanidagi bog‘lardan birida tengqurlari bilan birga choponlarini yuvgan. Shunda u birodarlariga: Ey, yoronlar, choponlarni paxsa devor ustiga yoymaylik, chunki u yerdagi tikanlarga ozor berilur. Zinhor daraxtlar shoxlariga osmaylik, ular egilib, jabrga qolur, zaminga ham tashlamaylik, o‘t-o‘lanlar xarob bo‘lur, degan.

 

Birodarlar nima qilishlarini bilmay, undan: Ey, Amir! Siz o‘z choponingizni qanday qilib quritasiz? deb so‘rashgan. Amir Kulol: Men choponimni ustimga olib, oftobruyada o‘tiraman va shunday qilib quritaman, deb javob bergan. So‘ng Hazrat Amir: Ey, yoronlar! Agar paxsa devordan bir parcha uzilib, yerga qulasa, yo daraxt shoxi sinsa yoki chorva mollari oziqlanadigan o‘t-o‘lanlarga shikast yetsa, Xudovandning bu bog‘iga ne uzr bildururmiz? degan.

 

Sayyid Amir Kulol quyidagi baytni shogirdlariga tez-tez o‘qib berar va unga amal qilishni qat’iy talab etar edi:

 

Agar najot topay desang, ayo yor,

Hatto chumoliga bermagil ozor.

 

Maqomoti Amir Kulolda yozilishicha, Amir Temur Amir Kulolning duolari sharofatidan katta zafarlarga erishgan. Asarda Amir Temur bilan Amir Kulolning uchrashuvi quyidagicha tasvirlanadi:

 

Naql etadilarki, bir kuni Amir Kulol hazratlari Buxoro shahridagi masjidlardan birida juma namozini ado etib, uylariga ketayotgan edilar. Shahardagi Gulobod va Fathobod mavzelari o‘rtasidagi joyda bir guruh odamlar darveshlar-u avliyolarning karomatlari haqida suhbatlashib o‘tirishardi. Sayyid Amir Kulol hazratlari muridlar bilan shu atroflardan o‘tar ekan, Amir Temur yonidagi kishilardan bu zotning kimligini so‘radi. “Bu zoti sharif – Sayyid Amir Kulol hazratlari, hamrohlari u zotning muridlaridir”, deb javob berishdi. Amir Temur darhol o‘rnidan turib, Amir Kulol hazratlarining huzuriga chiqib, odob bilan shunday dedi: “Ey, dinning buyuk olimi! Marhamatingizdan umidvor holda Sizga murojaat qilyapman. Menga bir amringiz bo‘lsa, uni bajarsam, Sizning, shogirdlaringizning ko‘ngillarini olsam...”. Sayyid Amir Kulol hazratlari shunday javob berdilar: “Shuni yaxshi bilingki, menga birovga buyruq berish, biror narsa talab etish uchun izn berilmagan. Ulug‘lar ruhoniyatidan biror ishorat berilsa, yumush aytarmiz. Ota-bobolarimiz shunday yo‘l tutishgan. Siz sabr qilib, kutib turing. Zero, oldinda sizni katta zafarlar kutib turgani ayon bo‘lmoqda. Sizga albatta xayrli xabarlar beriladi”.

 

Amir Kulol uyiga borib, chillaxonasiga kiradi. Xufton namozidan keyin shayx Mansur ismli shogirdini chaqirib: Tezda Amir Temurning yoniga borib ayt, o‘rnidan tursin. Turgan bo‘lsa, tezda yo‘lga tushsin. Unga ruhoniyat olamidan ishora berildi. Allohning izni bilan butun mamlakat boshdan-oyoq Amir Temur va uning avlodlariga berildi. Avval Xorazm taraflarga borsin, u yerni egallaganidan keyin Samarqandga yurish qilsin, deb tayinlaydi.

 

Shayx Mansur ushbu xabarni Amir Temurga yetkazadi. Sohibqiron darhol hamrohlari bilan yo‘lga otlanadi. Ular jo‘nab ketganidan ko‘p o‘tmay, ularni o‘ldirish uchun yuborilgan Tug‘luq Temur askarlari chodirga bostirib kiradi. Biroq maqsadlariga erisha olmay, ortga qaytadi.

 

Ushbu voqeaga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol Amir Temurga nisbatan xavfni sezgan va uning bu yerdan tezda chiqib ketishini tayinlab, shogirdini Sohibqiron oldiga yuborgan. Shu tariqa Sayyid Amir Kulol Amir Temurning “yollanma qotil”dan qutulib qolishiga sababchi bo‘lgan.

 

Amir Temur hokimiyatni egallagach, Sayyid Amir Kulolni Samarqandga kelishga taklif qiladi. Umri poyoniga yetib qolgan Amir Kulol: “Biz bu yerdan turib duo qilib turamiz. Boshqa joyga borib yashashga izn yo‘q”, deya kichik o‘g‘li Amir Umarni Sohibqiron huzuriga yuboradi.

 

Manbalarda ta’kidlanishicha, Sayyid Amir Kulolning vasiyatiga muvofiq, u vafot etganida Hazrat Bahouddin va Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy uni yuvib, kafanlab, qabrga qo‘ygan. Sayyid Amir Kulol 1370-yilda vafot etgan. Uning qabri Suxor qishlog‘ida joylashgan.

 

X.Hasanov va G.Navro‘zovaning Hazrat Sayyid Amir Kulol nomli risolasi Buxoro nashriyotida to‘rt marta nashr etilgan. Maqomoti Amir Kuloldan ayrim boblar Durdona nomi bilan 1993-yilda Toshkentda nashr qilingan.

 

Ko‘p yillar davomida Sayyid Amir Kulol bilan Shamsiddin Kulol bir shaxs deb noto‘g‘ri talqin qilib kelingan. V.Bartold, V.Masson, G.Pugachenkova kabi qator rus sharqshunoslari ham bu xato qarashni qo‘llab-quvvatlagan.

 

Xulosa qilib aytganda, Sayyid Amir Kulol, avvalo, tasavvuf tariqati shayxi, murshid va din olimi bo‘lgan. U o‘z davrining mashhur avliyosi Muhammad Bobo Samosiydan ta’lim olib, islomda tariqat va tasavvuf ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Shuningdek, Bahouddin Naqshband va Shamsiddin Kulol kabi XIV asrning zabardast din allomalariga ustozlik qilgan.

 

Amir Kulol Chig‘atoy ulusi hududida o‘z ta’limoti asosida diniy-ma’rifiy an’analarning davomiyligini ta’minlashga xizmat qilgan. Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlash kerakki, Shamsiddin Kulol Sayyid Amir Kulolning shogirdi bo‘lgan. Shamsiddin Kulol esa Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ayning ustozi bo‘lgan. Ayrim manbalarda Shamsiddin Kulol Amir Temurning bolalik davrida unga ham ustozlik qilgani qayd etiladi.

 

Sayyid Amir Kulolning Amir Temurga yo‘l ko‘rsatgani, hatto uni xavfdan qutqarib qolgani haqidagi ma’lumotlar uning Sohibqiron hayotidagi ma’naviy ta’sirini ko‘rsatadi. Shu jihatdan, Sayyid Amir Kulol Amir Temurning siyosiy maydonda hokimiyat uchun kurash olib borishi va keyinchalik yangi davlatga asos solishi jarayonida muayyan ma’naviy-ruhiy ko‘mak bergan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

 

Qalandar SAMANDAROV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti katta o‘qituvchisi

 

Foydalanilgan manbalar

 

1. Ahmad Shimshirgil. Amir Temur / Masʼul muharrir Azamat Ziyo. Tarjimonlar: Iqbol Usmon, Abdulaziz Muborak. – Toshkent: “Nasim Kutub” nashriyoti, 2023.

2. Amir Temur Solnomasi / Muhammad Ali; masʼul muharrir A.Umarov, Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi. – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008.

3. Rashahot: (Obi hayot tomchilari): Tarixiy-maʼrifiy asar (Tadbil va soʻngsoʻz muallifi: M. Hasaniy; lugʻat, soʻngsoʻz muallifi va masʼul muharrir: B.Umrzoq: OʻzRes FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti). – Toshkent: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2003.

4. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari / Maʼlumotnoma. – Buxoro: “Durdona”, 2012.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:08 / 29.08.2026 0 55
Turon: jo‘g‘rofiya, mifologiya va siyosat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//