O‘zbek she’riyatida qanday tendensiyalar yashayapti?


Saqlash
16:06 / 04.08.2026 846 0

So‘zmunchoq... Bu nomni ilk bor eshitganimda, so‘zlarning munchoqdek tizilganini, nafis bir so‘z marjonini tasavvur qilgandim va loyihaning nomlanishiga qoyil qolgandim. Loyihaga jalb etilgan ijod namunalarini o‘qir ekanman, bu nom bejiz tanlanmaganiga yana bir bor guvoh bo‘ldim.

 

Chop etilgan kitoblarning nomlariyoq mualliflarning badiiy dididan darak berib turibdi: “Qushlar salovati”, “Garashalik ko‘ngil”, “Axtarim”, “Hadik”, “Burch”, “Uch”, “Gulimoh”, “Tajohil ul-orif”, “Toshloq ko‘chalar”...

 

Ko‘cha. Bekat. Odamlar.

Maydalikdan dil to‘ygan.

Nazarimda odamlar –

Ko‘kka qaramay qo‘ygan.

 

Shoira Nargiza Asadovaning yuqoridagi misralarida “maydalik” va “ko‘k” istioralari orqali inson ruhiyatidagi qarama-qarshiliklar ifodalanadi. Bugungi kunda insonlar fitratidagi ayrim maydaliklarga sabab ularning ko‘kka tikilmay qo‘ygani emasmikan, degan haqli savol o‘quvchi ko‘nglida tug‘iladi.

 

Nargiza Asadovaning “Qushlar salovati” kitobida tabiat va inson masalasi markaziy o‘rinda turadi. Shoira bahorning kelishini shunday tasvirlaydi:

 

Dast ko‘tardi boychechak qaddin,

Parcha qordan chekmay xijolat.

Sumalaklar sinib billurday,

Borliq uzra o‘zgardi holat.

 

Mumtoz adabiyotda “Qizordi gul uyattin anjumanda”, “Noziklik ichra belicha yo‘q tori gisuyi, O‘z haddini bilib belidin o‘ltirur quyi” kabi tashxis san’atining ajoyib namunalari bor. Gulning xijolatdan qizarishi, sochning o‘z haddini bilishi kabi ifodalar tashxis – jonlantirish san’atini yuzaga keltiradi. Nargiza Asadovaning she’rlarida ham ana shunday jonlantirishlarni kuzatamiz. Boychechakning qor oldida xijolat chekishi uning qorlar ichra ochilishini yanada ta’sirchan ifodalaydi.

 

 

Shoiraning nafaqat tabiat, balki ko‘ngil lirikasida ham o‘ziga xos tasviriy ifodalar, antitezalar mavjud. Jumladan, muallif “Yana telefon haqida” she’rida shunday iqrorlikka keladi:

 

Mumkin, bir lahzada o‘lmoq, tirilmoq

Sening tabassuming, qaroqlaringdan.

Azizim, ne bo‘lsam, bo‘laman hozir –

Kutyapman...

Qo‘rqyapman...

Qo‘ng‘irog‘ingdan.

 

“Qushlar salovati” – jim ko‘ngilning botiniy nidolaridan tashkil topgan she’riy marjondir. Uni o‘qish jarayonida tabiat, jamiyat, muhabbat kabi mavzularning insonni qurshab turgan muhit bilan uzviy bog‘liq holda namoyon bo‘lishini kuzatish mumkin.

 

“So‘zmunchoq” doirasida Iroda Umarovaning “Garashalik ko‘ngil” kitobining ham nashr etilishi shoiraning muxlislariga ajoyib tuhfa bo‘ldi. She’r yozish – muttasil o‘sib borish demak. “Garashalik ko‘ngil” kitobini mutolaa qilish jarayonida shoiraning kitobdan kitobga qadar ijodiy jihatdan o‘sganiga amin bo‘ldim.

 

Talabaligimda Iroda Umarovaning “Uchinchi dunyo” kitobini boshdan-oyoq yod olganman. Undagi inja tasvirlar, ichkin iqrorlardan lol qolganman. “Garashalik ko‘ngil”dagi she’rlar esa ulg‘aygan, aqli ham, ruhi ham muayyan muvozanatga kelgan, yetuklikka erishgan ayolning fikriy va hissiy tug‘yonlaridan iborat. Bu holat shoiraning kitobdan kitobga o‘tgan sari ijodiy kamolot kasb etayotganini ko‘rsatadi.

 

 

Ichkin tuyg‘ularni real va ta’sirchan ifodalash – Iroda Umarova she’rlariga xos xususiyat. Quyidagi lirik she’rda ham muallifning ichki isyonlari latofat bilan ifodalangan:

 

Har tun uxlasam-u, turmasam deyman,

Bilaman, yodingiz uygʻotganini.

Hanuz tushunmayman bozor dunyoda,

Sizni nima uchun yo‘qotganimni.

 

She’rni o‘qigan she’rxon beixtiyor o‘zining qalbidagi yo‘qotilganlar haqida o‘ylay ketadi, Iroda Umarovaning har satri o‘quvchini o‘z qalbiga yuzlantiradi. She’rxon o‘zining qalbidagi hislarni taftish etishga tushadi:

 

Ishq bu – tariqatdir, goʻzal tariqat,

Sheʼrga aylantirar har ohimizni.

Sevgilim, qandaydir... sogʻindim faqat...

Sevgilim… Bilmayman gunohimizni…

 

“Gunohimiz” deb nomlangan bu she’rda aslida sevish – gunoh emas degan g‘oya ilgari suriladi.

 

Shunday...

Jonlantirib olis xulyoni,

Unut ohanglarni takrorlab qalban –

Butun odamzodni, bir kam dunyoni

Tinglab yashayapman koʻzlarim bilan...

Eh bechora, demang, shunday choram bor,

Sizda bunday inʼom yoʻqdir, ranjimang –

Quloq pardalarga yetmogʻi dushvor,

Saslarni hislarda qilgum tarjima…

 

Bu kabi iqrorlar o‘quvchini chuqur mulohazaga  chorlaydi. Shoirlik aslida turli xil saslarni hissiyotlar orqali tarjima qilmoqdir. Ayni shu tarjima san’ati shoiraning she’rlarida ko‘p uchraydi. U Vatan haqida yozadimi, qishlog‘i Garasha haqida yozadimi – har gal hislarning samimiy tarjimasiga duch kelaverasiz.

 

Bobur Elmurodning she’rlari zamon va jamiyatga berilgan savollarning badiiy ifodasiday taassurot qoldiradi. Kitobning nomlanishi ham “Tajohil ul-orif” – shu nomli she’rda aytilganiday: “Bilib bilmaslikka olish” degani. Shoir ham ushbu to‘plamdagi she’rlarida juda katta-katta mavzularni bilib bilmaslikka oladi, ya’ni tajohil ul-orif qiladi. Ularni tayyor xulosa shaklida emas, savol shaklida o‘quvchi idrokining ro‘parasiga qo‘yadi.

 

Chiqmay turib biror mansabga,

Tushmay turib biror amaldan.

Qay bir modda bilan yuragim

Qovurgʻamga nohaq qamalgan.

 

Ushbu satrlardagi falsafa, ramziy-majoziy obrazlar, so‘roqning noodatiyligi beixtiyor o‘quvchini chuqur taxayyulga chorlaydi: yurakning maskani qafas bo‘lgani holda uning erk istashi nihoyatda tabiiy hol. Shoir kichik to‘rtlikda ayni shu holatni tasvirlamoqda.

 

“Boshi yonar odamlar haqida tush” she’ri bugungi kun jamiyatiga tutilgan ko‘zgudir. Ushbu she’r ramziy mazmunga ega, unda “yonayotgan boshlar” obrazi orqali inson tafakkuri, ma’rifati va fidoyiligi tasvirlanadi.

 

Xayolan boraman – bir yorugʻ makon,

Koʻrinmas zaminning oy-u quyoshi.

Bu yurtda oʻzgacha erur har inson,

Gugurt donasidek yonuvchan boshi.

 

She’rda, ayniqsa, fidoyilikning davomiyligi va ma’rifatning abadiyligi ta’sirli ifodalanadi. She’rning keyingi qismida bu ideal manzara real hayot bilan keskin qarama-qarshi qo‘yiladi. Shoir uyg‘ongach, jamiyatda bunday fidoyi, yonib yashaydigan insonlar juda kam ekanini anglaydi:

 

Oʻzimga kelaman, u yurtdan chiqib,

Tepamda charaqlab turadi quyosh.

Nahotki bu yurtda ming yildan buyon,

Tinimsiz yonadi faqat bitta bosh.

 

Lirik qahramon o‘zi ham yonishni, ya’ni jamiyat uchun xizmat qilishni istaydi, biroq buning uchun “bosh egish” zarurligini his qiladi. Ammo:

 

Boshqa u tushlarni koʻrmayman – qasam,

Yurakda bir ogʻriq oʻrtanar lov-lov.

Baʼzan yonish uchun bosh egay desam,

Hech kimning boshida yonmaydi olov.

 

Shoir bu kabi ijtimoiy mazmunga yo‘nalgan she’rlari bilan jamiyatga savollar yog‘dirarkan, uning lirik she’rlarida ham tirik bir ruh ko‘rinadi: sodiq, samimiy, sirli. U yorga bo‘lgan munosabatini ich-ichiga yashirgan: hatto yorni o‘ylashi uchun ham faqat ich-ichida sharoit bor:

 

Men sening haqingda oʻylashim uchun,

Faqat ich-ichimda bordir sharoit.

 

Bu satrlar orqali inson hatto xayolini-da ichiga yashirishi lozim va mumkinligidan hayrat va iztirobga tushasiz. Bandaning bandaga bo‘lgan mehri Xudo oldidagina haq ekaniga iqror bo‘larkan, muallif she’rni shunday yakunlaydi:

 

Ishqilib Xudoga ayon boʻlsin-da,

Seni ich-ichimdan yaxshi koʻrishim.

 

“Tajohil ul-orif” to‘plamida Bobur Elmurodning goh dadil savollari oldida mulzam qolasiz, goh ichkin iqrorlaridan iztirobga tushasiz, ammo har qanday mavzudagi she’rning ham ruhingizga yorug‘lik, oydinlik baxsh etayotganini his qilasiz.

 

Bahodir Bahrom ijodi bilan ham talabalik davrlarimdan tanishman, shoirning savollari, qarashlari, muddaolari ulkanlashgani, mulohazalari bir qadar teranlashgani “Gulimoh” to‘plamida ko‘zga tashlanadi.

 

Shoirning Rauf Parfiga bag‘ishlab yozgan she’rida ulkan ziddiyat mavjud:

 

Ming yilki, suronlar turar Turonda,

Ming yilki, sudralar zanjirband hurlik.

Ming yilki, orzular gullaydi qonda,

Ming yilki, hurlikday tuyilar xoʻrlik!

 

“Zanjirband hurlik”, “qonda gullagan orzular”, “hurlikday tuyilgan xo‘rlik” kabi istioralar zid ma’noli tushunchalar orqali real hayotdagi ziddiyatlar ifodalanadi. Federiko Garsia Lorkaning “Eng qayg‘uli shodlik” nomli to‘plamining nomlanishida ham shunga o‘xshash ziddiyat bor. Bu adabiyotshunoslikda oksimoron san’ati deyiladi. Rauf Parfida ham “olovli muzlarga isinaylik, yur” kabi tasvirlarni uchratamiz. Oksimoron san’ati muallif ruhiyatida qarama-qarshi kechinmalar po‘rtanasidan vujudga keladigan badiiy ifoda usulidir. “Gulimoh” kitobidagi she’rlar bilan tanisharkansiz, muallifning bir-biriga ziddek ko‘֯ringan, ammo aslida bir-birini taqozo qiluvchi ruhiy olami borligiga amin bo‘lasiz.

 

 

Shoirning she’rlarida o‘tmish va bugunning yashirin bahsi, tashqaridan kulib turgan, ichida otashlar yongan yigitning taqdiri, insonlarning ona Vatanga bo‘lgan his-tuyg‘ularidagi paradokslar aks etadi. Eng muhimi, shoir mavhum holarlarni ham nihoyatda aniq tasvirlaydi, muallif his qilgan og‘riqlar o‘quvchini ham chetlab o‘tmaydi:

 

Biroq yodga tushsa ismingiz,

Kuygan etday achishadi jon.

Yuragimda oʻsha... yigʻingiz

Koʻtaradi bir dunyo isyon.

 

Xalqimizda “ichim achidi”, “ichim kuydi” degan iboralar bor. Ko‘pincha ular o‘z-o‘zidan, tabiiy ishlatiladi, ma’nosiga esa ko‘p ham e’tibor qaratilmaydi. Ammo “Siz ketdingiz” she’rida muallif afsus, sevgi, sog‘inch, iztirob kabi mavhum tuyg‘ularni inson his qilar darajada aniq tasvirlaydi: kuygan et juda yomon achishadi – dori qo‘ysangiz ham, qo‘ymasangiz ham. Ayni shu holatni muallif o‘zining ishq iztirobi bilan bog‘laganki, natijada dardning, og‘riqning moddiylashuvi ro‘y bergan.

 

“Gulimoh” to‘plamida o‘z-o‘zini taftish etib charchamayotgan, hatto o‘zidan-da yashirgan dardlari mavjud bo‘lgan, ruhidagi ikkita insonni muvozanatga keltirishga intilayotgan lirik qahramonni ko‘ramiz. U she’rdan she’rga o‘tgani sari savollari, isyonlari ko‘paya boradi. Ammo bu isyonlar ortida Oliy Taqdirga bo‘lgan ulug‘ bir taslimiyat borligi ayondir.

 

Yulduz O‘rmonovaning “Axtarim” to‘plamining nomlanishiyoq diqqatimni tortdi. Shoiraning yulduzi – axtari kim ekan? Shu nomli she’rni o‘qidim va taxminim to‘g‘ri chiqdi. Axtari – onasi ekan. Umuman, Yulduzning boshqa mavzudagi she’rlarida ham Ona mavzusi tez-tez bo‘y ko‘rsatadi. Bu mavzu yaradan silqib turgan qon misol uning she’rlaridan ham silqib turadi. Onasini bevaqt yo‘qotgan farzandning faryodi Yulduz she’rlarining matnosti ma’nolariga jamlangan.

 

Onam – yorugʻ axtarim,

Butun umr axtarim.

Manzil qayda, xatlarim

Izlab-izlab qoldilar...

 

Yorug‘ yulduzini yo‘qotib qo‘ygan yo‘lovchining ruhiy holatini ochib beruvchi bu she’r 4+3 turoq, 7 hijolik vaznda yozilgan.  Shu bois oson o‘qiladi, ammo hazm qilish og‘ir. Folklorshunoslikda bunday o‘lchamdagi she’rlardan qahramonning ruhiy holatida katta o‘zgarishlar ketayotganda yoki uning jismoniy harakati tezlashganda foydalanilishi haqida ma’lumotlar bor. Yulduzning ushbu she’rida ham qahramon ruhiyatidagi evrilishlar aks etadi. Onasini izlayotgan, biroq kutilmaganda uni topa olmay qolgan bolaning holi ko‘z oldingizda gavdalanadi.

 

 

Yulduzning she’rlarida yolg‘iz jangchini ko‘raman: u yolg‘iz kurashadi, ammo nolimaydi. Aksincha, qismatidagi mana shu kemtikni o‘ziga xos bir ustunlikka aylantira oladi:

 

Yuragingni otashga tashla,

Ortingga qarama qayrilib.

Bilsang, qalbing ulgʻaytar go‘zal,

Mag‘rur, inja tuyg‘u Ayriliq.

 

Lirik qahramon ayriliqlardan qalbini ulg‘aytira olgan, yolg‘izlikdan hikmat topa bilgan inson sifatida ko‘z oldimizda gavdalandi. Uning she’rlarida ba’zan hikmatlar orifona falsafaga yo‘g‘riladi. “Naqshni sevgan naqqoshni sevadi”, degan gap bor. Ana shu fikr g‘oyasi bilan sug‘orlilgan bir she’rining yakuni shunday:

 

Mehr obi hayot axir,

Xarob etsang uvolmasmi?

HAQni sevgan bandasini

Sevolmasmi, sevolmasmi...

 

Bu ishq sen uchunmas asli

U uchundir, Uning uchun

 Oshiqman bir, oshiqman jim,

Oshiqman zo‘r, ul oshiqman.

 

Odatda, ayol-qizlar she’riyatida “oshiqman” degan iqrorni ko‘p uchratmaymiz. Yulduzning ushbu iqrorida esa bandaga emas, balki uning vositasida uni Yaratgan Zotga bo‘lgan ishq aks etgani uchun ham bu oshiqlikni qabul qilamiz, undan hayratga tushamiz.

 

“So‘zmunchoq”ning yangi so‘zlar kashfiga ham debocha bo‘layotgani quvonarli hol. Yulduzning bir she’rida shunday satr bor: “Mening ko‘zlarimda kuygu lim”. Bu yerda “kuygu” so‘zi “kulgu”ga zid ma’noda qo‘llangan. Kuyish, kuyik ma’nosidan ko‘ra og‘irroq yukni o‘zida tashimoqda. So‘zlarning yangicha qiyofa kasb etishida zamonaviy she’riyatning ahamiyati beqiyos ekanini “Axtarim” to‘plami misolida ko‘rish mumkin.

 

Navoiylik Alisherning “Burch” to‘plamida muallifning dunyoga berayotgan savollari bisyor. Ba’zan bu savollarga muallifning o‘zi javob izlaydi: mazkur savollarga javob topish mualluf uchun burchday tuyuladi. Turli she’rlarida esa bu izlanishlarning natijasini o‘quvchiga taqdim etadi. Vatan va ijara mavzusidagi she’ri ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan:

 

Senda musofirman, senda fuqaro,

Senda ruhim asir, iskanjada tan.

 “Oʻlan toʻshagim” deb yozaman, ammo,

Senda ijarada yashayman, Vatan!

 

Bu she’rda shoirlik va fuqarolik pozitsiyasi o‘zaro ziddiyatga kirishadi. Ammo samimiyat sabab o‘quvchi dolzarb va keskin mavzudagi ushbu she’rni yengil qabul qiladi. Yurakdan chiqqani uchun ham bu satrlar o‘quvchi qalbidan oson joy oladi.

 

 

Shoirning kitobini varaqlash jarayonida ilohiy taslimiyat ufurib turgan satrlarga ham duch kelasiz:

 

Kimdir shoir boʻlib oʻkirdi koʻkka,

Boshqasi sheʼr oʻqib aqldan ozgan.

Baribir, barchangiz chiqasiz yoʻqqa,

Xudo hammamizdan chiroyli yozgan.

 

Muallif ishonch va e’tiqod to‘la iqrorining natijasi o‘laroq, ko‘plab chiroyli she’rlar yaralgan. Ularning ichida muhabbatning so‘lim qo‘shiqlarini, ayriliqning iztiroblarini, zamona zaylidan og‘rigan dilning savollarini ko‘rish mumkin. Navoiylik Alisherning barcha she’rlarining ichidan qizil ip yanglig‘ o‘tgan bir xususiyat bor: samimiyat. Ana shu samimiyat sabab shoirning she’rlari dillarga iliqlik va harorat olib kiradi.

 

Anvar Botirning “Uch” to‘plamidan mumtoz sadolar eshitiladi. Bu faqat unda g‘azallar mavjudligi bilangina izohlanmaydi: shoirning barmoq vaznida yozilgan she’rlarida ham mumtoz ruh ustuvor. U qanday shaklda yozmasin, she’rlarida ilohiy bir joziba, sirli bir tuyg‘u ko‘zga tashlanadi:

 

Bilaman, mendagi bu feʼl-atvorim

Sizga anchagina keltirgan tashvish.

Chunki mening ishim Haqqa yolvorib,

Bir Uni deyish-u, bir sizni Sevish!

 

Shoirning ushbu she’rida ilohiy va dunyoviy muhabbatning uzilmas zanjir ila bog‘liqligi, Hazrat Navoiy nazarda tutgan “Haqiqatga badal bo‘ldi majozi” holati aks etadi. Lirik qahramon yorni Oliy Jamolning husni zohir bo‘lgan borliq sifatida ko‘radi. Bu tushuncha mumtoz adabiyotda “mazhar” atamasi bilan ifodalanadi. Mazhar kuylangan she’r va g‘azallar Anvar Botirda talaygina.

 

Endi bundan buyon ikki dunyom teng,

Endi Yaʼqub tengdir, Jamshid-u Jom teng.

Tengsiz dengizlar-u sensiz Ishq aro,

Piri Majnun boʻldim soʻngsiz Ishq aro.

Hattoki bularning biroriga sen

Tenglasang va yoki tenglamasang ham!

 

Bu satrlarda shoir mumtoz obrazlarni shunchaki sanab o‘tmagan, balki ularning har biriga o‘zini teng qo‘yadi. Ma’naviy holati, ishqining ko‘lami ulardan ziyod bo‘lsa, ziyodaki, kam emasligini ta’kidlaydi. Piri Majnun iborasi lirik qahramon ishqining kamolga yetganini ifodalagan. Bu obrazlar shoirning g‘azallarida yanada to‘yingan holda bo‘y ko‘rsatadi.

 

 

Muallifning Mashrab, Ogahiy kabi mumtoz shoirlarga, Dilorom Ergasheva kabi davrimizning yetuk g‘azalnavislariga bog‘lagan muxammas va musaddaslari shoirning ta’bi nazmi irmoqlari ancha chuqur buloqlardan suv ichganini ko‘rsatadi.

 

Sayfiddin Okanovning “Toshloq ko‘chalar” to‘plami bolaligimizdagi toshloq va chang ko‘chalardagi samimiyatni yodimizga soladi. Undagi satrlar qa’ridagi tuyg‘ular rostligi, yashalgani, samimiyati bilan dilimizni rom etadi:

 

Dilim lov-lov yonadi hamon,

Tarqamadi ishqdan mastligim.

Sezib qoldim ketganing zamon

Hech kimga hech oʻxshamasliging.

 

 

“Yo‘qolgan pichoqning sopi oltindan” deganlariday, oshiq yorini yo‘qotgan onidanoq uning yagona ekanini anglay boshlaydi. Bunday samimiy satrlar “Toshloq ko‘chalar”da ko‘p uchraydi. Muallif ruhidagi nekbinlik uning she’rlarida ham yaqqol aks etadi. Baxtsizlikdan ham hikmat topadigan, omadsizlikdan nolimasdan, undan go‘zal yechim va xulosalar chiqara oladigan lirik qahramon shunday deydi:

 

Soʻng oʻzimni ovutaman:

Hojat yoʻqdir hech mazaxga.

Qolarmidi qadri uning,

“Yetaversa hamma baxtga...”

 

“Hamma baxtga yetaversa, uning qadri qoladimi?” deya savol beradi shoir. U o‘zining baxtsizligidan nolimaydi, aksincha, iztiroblarini yoniq satrlarda ifodalaydi. Umuman olganda, Sayfiddin Okanovning she’rlarida ijtimoy masalalarni ham, ishq hasratalarini ham, yumorga yo‘g‘rilgan satrlarni ham uchratish mumkin. Bularning barchasini birlashtirib turgan narsa – shoirning optimist qalbi. U nima haqida yozmasin, fikrini go‘zal yechim bilan ifodalaydi. Aynan shu jihat muallif she’rlarining o‘qishliligini ta’minlaydi.

 

Ravshan Haqmurodning isyonli she’rlari bor. U to‘plamining nomini “Hadik” deb qo‘ygani meni o‘ylantirdi. Ammo she’rlarini o‘qish asnosida bildimki, bu hadik o‘z jonigagina emas, balki millatning kelajagiga befarq bo‘lmagan shoirning ko‘nglidan o‘tgan tuyg‘ular natijasidir.

 

Mavlono Rumiyni o‘qib angladim,

Ming bir savol ichra bo‘zlab yurgandim.

“Nimani izlasang – o‘shasan” dedi,

Ajab, men Xudoni izlab yurgandim.

 

Dastlab bu to‘rtlikni o‘qib “shoirimizning da’vosi katta ekan-ku” degan xayolga bordim. Ammo keyingi she’rlarini o‘qish asnosida Xudoni izlab ketayotgan ruhni, daryoga intilgan qatrani, quyoshga intilgan zarrani ko‘rish mumkin.

 

Mening hech kimim yoʻq Allohdan oʻzga,

Garchi shaytonga ham bergayman firib.

Garchi isyon qilgum har bir nafasda,

Shunda ham charchamas Xudo kechirib...

 

 

Bu misralar o‘zini malomat qilayotgan shoirning asriy iqrorlaridan dalolatdir. Lirik qahramon bu dunyoda tamoman yolg‘izlikni his qiladi, bundan yozg‘irmaydi, ammo shu qadar ko‘p gunohlarini afv etgan Zotdan hayo qiladi. Ana shu hayo sabab ham o‘zini malomat qilishdan charchamaydi. Bunday ruhiy holatlarni Hazrat Navoiyda ham ko‘p uchratamiz. “Alloh-Alloh o‘ltirur sharmandaliq, Yodima kelsa bu yanglig‘ bandalig‘”, deb “Lison ut-tayr”da o‘zini malomat qiladi, ayni shu ruhni Ravshan Haqmurod she’rlarida ham uchratish mumkin.

 

Quyoshga va oyga – samoga qasam,

Shamol chalib turgan navoga qasam,

Qalbimga solyapti, Xudoga qasam,

Sevgilim shunchaki uchrashmaganmiz!

 

Uning e’timodi va e’tiqodi shu qadar kuchliki, muhabbatning shunchaki oddiy tuyg‘u emasligini chuqur his qiladi. Shu sabab yer-u osmonga, ularni yaratgan Zotga qasam ichib, o‘z fikrini isbotlashga harakat qiladi.  Umuman olganda, Ravshan Haqmurod she’rlarida kuchli isyon bilan birga zalvarli e’tiqod mujassam. “Isyoning e’tiqoding qadardir”, degan naql Ravshanning she’rlariga to‘g‘ri keladi.

 

Xulosa qilib aytganda, “So‘zmunchoq” loyihasi doirasida nashr etilgan kitoblar bugungi adabiy jarayon, xususan, she’riyatning umumiy ob-havosini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Ular yosh va o‘rta avlod shoirlari ijodida qaysi mavzular ustuvorligini, ularni qanday savollar qiynayotganini, zamondan, davr va jamiyatdan nimani kutayotganini, nimalarga qarshi isyon qilayotganini anglash, bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi poetik tendensiyalarni o‘rganishda muhim manba vazifasini bajaradi.

 

Tahlil qilingan ijod namunalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi she’riyatda isyon va taslimiyat bir-biriga qarama-qarshi emas, balki o‘zaro bog‘liq ruhiy holatlar sifatida talqin etiladi. Shoirlar jamiyatdagi muammolarga befarq bo‘lmay, o‘z ichki kechinmalari orqali ularni badiiy mushohada darajasiga ko‘tarmoqdalar. Natijada she’r nafaqat estetik zavq manbayi, balki ma’naviy tafakkurni uyg‘otuvchi vosita sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

 

Sitorabonu HOSHIM QIZI,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//