Skarlett ismining ildizi o‘zbekchami? Tahlil


Saqlash
17:35 / 21.07.2026 395 0

Amerikalik yozuvchi Margaret Mitchellning “Shamollarda qolgan hislarim” romanini o‘qigan yoki ekranizatsiyasini ko‘rganlar Skarlett O‘xara obrazi orqali ingliz tilidagi Scarlet so‘zi bilan yaxshi tanish. Lug‘atlarda bu so‘z “yorqin qizil” yoki “alvon” rang sifatida izohlanadi. Xo‘sh, mazkur so‘z qanday etimologiyaga ega?

 

“Kodeks kumanikus” lug‘atida qadimgi kumon-qipchoqlar tilidan “isqarlat” (“yscarlat”) so‘zi qayd etilgan. Bunga to‘xtalishdan oldin “kumonlar kim?”, “Kodeks kumanikus” qanday lug‘at?” kabi savollar yuzasidan qisqacha to‘xtalish lozim.

 

 X-XI asrlardan boshlab Sharqiy Ovro‘po, Qirim yarimoroli hududlarida yashagan turkiy qavmlar kumon-qipchoqlar, kunlar deb atalgan. Ular hozirgi Qirim tatarlari, qaraimlar va boshqa turkiy qavmlarning ajdodlari, shu bilan birga, ularning aksariyati majorlar va boshqa Sharqiy Ovro‘po xalqlari tarkibiga singib ketgan. O‘sha davrlarda kumon-qipchoqlar ovro‘poliklar va musulmon Sharqi o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy munosabatlarda muhim vositachilik rolini o‘ynagan. Bu holat ovro‘poliklar o‘rtasida ularning tillarini o‘rganish ehtiyojini keltirib chiqargan. Qolaversa, turkiy qavmlar o‘rtasida nasroniylikni yoyish maqsadida XIII-XIV asrlarda ovro‘polik missionerlar kumonlarning so‘zlarini to‘plab, so‘zliklar tuza boshlagan.

 

Italyancha, lotincha va qisman olmon tillarida tuzilgan bu manba keyinchalik umumiy nom bilan “Kodeks kumanikus” (Codex cumanicus), ya’ni “Kumoncha bitiglar” deb nomlangan. Lug‘atning tuzilishi quyidagicha: sahifalar uch ustunga bo‘linib, birinchi ustunda – lotincha (italyancha) so‘z, ikkinchi ustunda o‘sha so‘zning forscha muqobili va uchinchi ustunda kumoncha – turkiy so‘z keltiriladi.

 

Xullas, yuqorida tilga olingan “isqarlat” (“yscarlat”) so‘zi lug‘atning “Savdogarlarga tegishli tovarlar” (“Mercimonia que pertinent ad mcatore”) deb nomlangan bo‘limida joylashgan bo‘lib, uning lotinchasi – “scarlata”, forschasi esa “scarlat” deb izohlangan. Ko‘rinib turibdiki, bu atama o‘sha davrda uch tilda ham bir xil shaklda bo‘lgan ekan, bu uning bir tildan boshqa tillarga o‘zlashganini anglatadi. “Kodeks kumanikus”ni tadqiq etgan va nashrga tayyorlagan major olimi K.G.Kun (C.G.Kuun) matn tagida yana italyancha “scarlatto” va usmonli turkchasidagi “iskarlat” (“اسکرلت”)ni ham qiyosiy tarzda keltiradi. Lug‘atda bu so‘zning “Savdogarlarga tegishli tovarlar” bo‘limida qayd etilishi ovro‘polik missioner uni bozordagi savdogarlar nutqidan yozib olgani va u bozor rastasidagi muayyan tovar bo‘lganidan darak beradi.

 

Fransuz tilining izohli lug‘ati – “Le Petit Robert” da qayd etilishicha, bu so‘z lotincha “scarlata” orqali XII asrdayoq fransuz tiliga ham o‘tgan va o‘shanda “qimmatbaho mato”, “yorqin ranglardagi to‘qima” kabi ma’nolarni anglatgan. Lug‘atda aytilishicha, lotincha “scarlata” ham aslida forscha “saqarlot” (“سقرلات”) so‘ziga borib taqaladi. Mazkur so‘zning hozirgi fransuz tilidagi ko‘rinishi “écarlate” bo‘lib, “yorqin qizil rang”, “alvon rang” ma’nosini bildiradi. Ammo uning qadimgi fransuz tilidagi dastlabki ko‘rinishi “escarlate” bo‘lgan va o‘sha davrlarda fransuz tilidan inglizchaga “scarlat” shaklida o‘zlashgan.

 

O‘rta asrlar va undan keyingi davrlarda Ovro‘poda yorqin qizil rang va shu rangdagi kiyim va matolar qimmatbaho, shohona hisoblangan. Nasroniylikda ham bu rang muhim o‘rin tutgan. Ammo o‘sha paytda ovro‘poliklar bunday rang va matolarni tayyorlashni bilishmagan. Bunday matolar asosan hozirgi Eron va Turkiya hududlarida tayyorlanib, Ovro‘poga aynan o‘sha hududlardan keltirilgan.

 

Ovro‘poda bu so‘z keyinchalik asosan rang ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, Sharqda mato va to‘qima ifodasida ishlatilgan. Alisher Navoiy ham asarlarida “saqarlot” shaklida qo‘llaydi va Navoiy lug‘atida unga: “سقرلات – jundan to‘qilgan kiyimlik” deb izoh berilgan. Xususan, Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida quyidagicha keltiradi:

 

“Vale bodpolarg‘a solg‘on kejim,

Saqarlotu borcha yovurqon kejim”, –

 

Ma’nosi: “Ammo chopqir otlarga maxsus o‘q o‘tmas, jundan to‘qilgan turli xil jabduqlar solingan”.

 

Bobur “Boburnoma”sida “saqarlot” so‘zini Navoiy singari “jun mato” ma’nosida bir necha o‘rinda qo‘llaydi: “...saqarlot va maxmal chodirlar va shomiyonalar va har uyda xarvor-xarvor sanduqlar” (B. “Sharq”, 2002, 158-b.), – ma’nosi: “jun va baxmal chodirlar, shohona pardali chodirlar va har uyda ko‘p-ko‘p sandiqlar”. Boshqa bir o‘rinda: “Saqarlot kat zayluchasig‘a chirmab, kat ostig‘a qo‘yib, ustiga gilemlar yoptuk” (259-b.), – ma’nosi: (kitob va qog‘ozlarni namdan saqlash uchun) so‘riga to‘shaladigan jun sholchaga chirmab, so‘ri ostiga qo‘yib, ustiga gilamlar yopdik”.

 

Alqissa, “saqarlot” forscha etimologiyaga ega bo‘lsa-da, azaldan turkiy tillarda ham faol qo‘llangan. Jumladan, Sharqiy Ovro‘po va Qirimda yashagan kumon-qipchoqlar, usmonlilar, shuningdek, Navoiy va Bobur asarlari uning bizning hududlarda ham faol iste’molda bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, qadimgi turkiy tilda “soq-” (“so‘qmoq”) o‘zagi “to‘qimoq” ma’nosini anglatib, kiyim, mato, gilam kabi buyumlarni to‘qishga nisbatan ishlatilgan. Ammo uning “saqarlot” so‘ziga aloqasi bor yo yo‘qligi hozircha noma’lum.

 

Margaret Mitchell romani qahramoni Skarlett O‘xara ismi Sharq to‘qimachilik san’atidan boshlanib, asrlar osha Ovro‘po tillariga o‘zlashguncha boy tarixiy-etimologik yo‘lni bosib o‘tgan.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//