Bolaligimizda “olqamoq” so‘zini katta avloddan ko‘p eshitganmiz. Bolalik deganim bu – yetmishinchi, saksoninchi yillar. Keyingi avlodlar uni kam qo‘llaydigan bo‘ldi. Hozir o‘zim ham xuddi momomning sandig‘idan chiqib qolgan tillaqoshni ko‘rganday unga mahliyo bo‘lib o‘tiribman. “Olqamoq”, ba’zi shevalarda “alqamoq”, lekin adabiy tilga “olqamoq” shakli olingan va izohli lug‘atda shunday izohlangan: “olqamoq – birovga yaxshilik, baxt, salomatlik tilamoq, muvaffaqiyatlar tilab qolmoq” (O‘TIL.I.M.1881.535).
“Olqamoq” “maqtamoq”qa ma’no jihatidan yaqin, lekin unda samimiyat, beg‘arazlik kuchli, sidqidildan kimgadir ezguliklar tilash, shu jihatdan, boshqa tillarda uning aynan muqobilini topish, bir so‘z bilan ifodalash qiyin (ruscha: благословлять, inglizcha: to bless ma’nolari yaqin keladi). Katta avlod bu so‘zni qanday o‘rinlarda qo‘llashganiga ba’zi misollar: “hamma uni olqadi” – kimningdir qandaydir yaxshiligidan keyin hamma uning orqasidan sidqidildan maqtadi; “sizni olqab o‘tiribmiz” – sizga yaxshilik, muvaffaqiyat tilab o‘tiribmiz. Navoiy ham uni shu ma’noda “alqamoq”, “olqamoq” (القاماق) shaklida qo‘llagan. Ammo hozirda “olqamoq” o‘rnida ham ko‘proq “duo qilmoq” iborasi ishlatiladi: “hamma uni duo qildi” yoki “sizni duo qilib o‘tiribmiz” va hokazo.
“Olqish”, “olqash”, “olqov” – shu fe’ldan yasalgan harakat nomlari. Ayni paytda, “olqish”dan keyinchalik yana bir fe’l – “olqishlamoq” ham yasalgan: “qarsak chalib olqishlamoq”. “Devonu lug‘otit-turk”da mazkur o‘zakdan yasalgan uch so‘z (alqaldï, alqïsh, alqïshdï) keltirilishi ilgari u yanada faol bo‘lganidan darak beradi. Jumladan, Koshg‘ariy bobomiz “Devon”da “alqaldï” so‘zini shunday izohlaydi: “alqaldï – bekkä alqïsh alqaldï – bekka yaxshi duolar, olqishlar qilindi (alqalur, alqalmaq)” (DLT.I.T.1960.251); “alqïsh – olqish, maqtash, duo qilmoq; tabrik; birovning yaxshi xislatlarini eslash: ol bekkä alqïsh bӭrdi – ul bekka duoyi sanoni yo‘lladi, ya’ni: u bekning yaxshi sifatlarini eslab, uni olqishladi; jalavachqa alqïsh bӭrgil – payg‘ambarga salavot ayt (uni olqishla)” (DLT.I.T.1960.123); “alqïshdï – yaxshilashdi, olqishlashdi: ol mӭniң birlä alqïsh alqïshdï – u mening bilan maqtashdi, olqishlashdi” (DLT.I.T.1960.240).
“Devon”da, shuningdek, bir she’r ham keltiriladi:
“Alplar arïg‘ alqïshur,
Ko‘ch bir qïlïb arqashur,
Bir-bir uzä ALQASHUR,
Ӭӟkärmäӟib oq atar” (DLT.I.T.1960.240).
Ma’nosi: “Alplar (jangda dushmanlarni) rosa o‘ldiradilar (Bu yerda alqïshtï fe’li “yo‘q qilmoq, o‘ldirmoq” ma’nosini bildiradi); Kuchlarini bir qilib bir-birlariga yordam, orqa bo‘ladilar; Bir-birlarini olqab dalda beradilar; O‘limdan qo‘rqmay o‘q otadilar”.
Nihoyat, “olqamoq” VIII asr obidasi Kultigin toshbitigida ham darj etilgan bo‘lib, bu uning yozma shaklda bizgacha yetib kelgan eng qadimiy namunasidir:
“Ko‘l tigin qoң jilqa jiti jägirmikä uchdi: toquzinch aĭ jäti otuzqa jog‘ ärto‘rtimiz. Barqin bädizin bitig tash(in) bichin jilqa jitinch aĭ jiti otuzqa qop ALQADI(M)IZ”. – Ma’nosi: “Kultigin qo‘y yilining (birinchi oyi) o‘n yettinchi kun uchdi (o‘ldi): to‘qqizinchi oy yigirma yettinchi kuni “yo‘g‘ini”, ya’ni motam marosimini o‘tkazdik. Qabri ustidagi maqbara va o‘yma (harflar bilan yozilgan) bitig toshini maymun yili yettinchi oyining yigirma yettinchi kuni tiklab butkul, chin yurakdan uni olqadik, ya’ni xotirladik”.
Guvohi bo‘lganimizdek, bu so‘z asrlar, mingyillar osha tub ma’nosi deyarli o‘zgarmagan holda bizgacha yetib kelib, yaqin o‘tmish – bundan o‘ttiz-qirq yil oldin ham tilimizda faol edi. Garchi “olqish”, “olqishlamoq” so‘zlarining qo‘llanish qamrovi o‘tgan asrda yanada kengaygan bo‘lsa-da, “olqamoq” biroz oqsamoqda. Bu kabi noyob so‘zlarimizni sandiqqa solib qo‘ymasdan, o‘rni kelganda – gapirganda, yozganda imkon qadar ko‘proq qo‘llashga, farzandlarimizning kundalik lug‘atila ham singdirishga harakat qilishimiz kerak! Zero, so‘zning tilga olinmasligi – uning o‘limidir.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q