Yangi davr oʻzbek sheʼrshunosligida asarlarni anʼanaviy badiiy tasvir vositalari doirasidan olib chiqib, global nazariyalar yondashuvi asosida konseptual tahlil qilish muhim. Bu, birinchidan, adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan jahonga boʻylashishga harakat boʻlsa, ikkinchidan, oʻzbek adabiyot namunalarini xalqaro mezonlar asosida “oʻlchab koʻrish” imkonini beradi. Oʻzbek milliy koloritini aks ettirgan asarlarni jahon andozalari asosida tahlil qilish birmuncha eʼtirozlarni yuzaga keltirsa-da, asarlarning jahonga yuz tutishi uchun juda muhim. Masalan, milliy ramzlarimiz va tabiatimizdagi oʻziga xoslik xorijlik kitobxon yoki mutaxassis uchun shunchaki mahalliy ekzotika boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo biz ularni dunyo ilmiy jamoatchiligiga yaxshi tanish boʻlgan xalqaro konsepsiyalar tiliga oʻgirsak, mazkur mahalliy timsollar bir zumda umuminsoniy ruhiy tilga koʻchadi.
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Guliston Matyoqubovaning “Gujumdan bir shoxa (Ona Toʻrtkoʻl tarixi sadolari)” liro-epik dostoni toʻliq bosh qahramon Baxtiyorning singlisiga yoʻllagan maktublari asosiga qurilgan. Unda bosh qahramonning hayotidagi fojialar, soddaligi ortidan uchragan tuhmat va bandilik iztiroblari aks etgan. Bu ruhiy inqiroz dostonda shunchaki sheʼriy tarzda ifodalanmasdan, ekologik-madaniy muhitga xos boʻlgan bio-morfologik va gidrologik kognitiv metaforalar tizimi vositasida tasvirlanadi.
Ingliz olimlari J.Lakoff va M.Jonsonning konseptual metafora modeliga koʻra, inson oʻz ichidagi ruhiy inqiroz (travma) kabi abstrakt tushunchalarni yashab turgan tabiiy-ekologik muhit obyektlari vositasida kodlaydi. Dostondagi Qoraqalpogʻiston-Xorazm vohasi iqlimi uchun matonat va chidamlilik timsoli boʻlgan botanik subyekt – gujum daraxti butun asardagi koʻchimning asosini tashkil qiladi.
Insonning ijtimoiy va jismoniy ihotalanishi, tuhmat tufayli jamiyatdan uzilishi tizimli ravishda Daraxtdan singan shoxa metaforik modeli orqali majoziylashadi. Bu ifoda uslubi tushuntirish va tushunishni osonlashtirishi, aytilmoqchi boʻlgan fikrni oʻquvchiga osonroq yetkazilishi bilan ahamiyatli. Mazkur kognitiv koʻchim dostonning dastlabki maktubidayoq oʻz ifodasini topadi, shu maktubda qahramonning jazoni ijro etish muassasasida ekani ham ochiqlanadi:
...Oʻn kun boʻldi bunda shamol yoqimsiz juda
Shu shamolda gujumda bir shoxa singari...
Ham ojizman, ham yolgʻizman...
Ushbu misralarda “shamol” – lirik qahramon hayotini ostin-ustun qilib yuborgan tashqi salbiy ijtimoiy kuchlar (tuhmat va sud jarayoni), “gujumdagi singan shoxa” esa mahkumlik va yolgʻizlik ichida qolgan inson “Men”ining kognitiv koʻrinishidir. Bu yerda metafora – qahramonning oʻz ruhiy ahvolini konseptuallashtirish usulidir.
Qahramon oʻz oʻtmishini, sogʻlom va erkin davrlarini eslaganda ham aynan shu madad kognitiv kodga qaytadi:
Gujumdan bir shoxa edim oʻsgan, yayragan,
Uyalaman, “qayerliksan, oʻgʻlim”, desalar...
Bu yerda Gujumdan oʻsgan shoxa – Yurtga daxldorlik konseptual muvofiqligi mavjud. Ammo ijtimoiy hayotdagi yanglishish daraxtning yaxlitligiga putur yetkazgan. Shoira doston davomida ushbu metaforik zanjirni izchil rivojlantirib boradi va insonning yanglishishi tabiatning qonuniyati kabi muqarrar, ammo fojiali ekanini koʻrsatadi:
Hayot gulu men shoxa edim,
Sinib yoʻlda qolganimmi yo?
Yoʻq, men xato, men yanglish edim...
Kognitiv lingvopoetika nuqtai nazaridan qaraganda, ushbu bandda Jismoniy sinish / Yoʻlda qolish – Ruhiy tashqaridalik / Ekzistensial travma sifatida tasvirlanadi. Muallif oddiy tildagi koʻchimlardan (troplardan) ongli ravishda voz kechib, butun bir inson qismati dramatizmini vohaning bosh ramzi – yemirilishga va suvsizlikka chidamli gujum shoxasining sinishi orqali global tizimli konsepsiyaga aylantiradi. Boshqacha aytganda, qahramon oʻz inqirozini tabiatning morfologik shikastlanishi sifatida ongda qayta ishlaydi.
Konseptual metafora nazariyasining asosiy qoidalaridan biri shundaki, Manba soha (Source Domain) sifatida olingan metaforik tizim dinamik xarakterga ega boʻlib, u Maqsad sohasidagi (Target Domain) evrilishlar va rivojlanish bosqichlarini ham parallel ravishda ifodalab borishi lozim. Bu yerda Maqsad soha bu – biz tushunishga, tushuntirishga yoki tasvirlashga harakat qilayotgan mavhumlik, Manba soha esa ana shu mavhumlikni ifodalash uchun foydalaniladigan aniq oʻxshatish yoki koʻchim. Masalan, biz tahlil qilayotgan dostonda gujum daraxtining shoxasi sinishi yoki uning qayta payvandlanishi kabi botanik jarayonlar inson ruhiyatidagi jarohat (travma) va ijtimoiy-ruhiy reabilitatsiyaning jismoniy namoyishi sifatida kuzatildi.
Guliston Matyoqubovaning “Gujumdan bir shoxa” dostonida dastlabki qismlarda kuzatilgan Jismoniy sinish – Ruhiy tashqaridalik / travma kognitiv koʻchimi qahramonning ichki evolyutsiyasi natijasida ijobiy bio-morfologik transformatsiya bosqichiga oʻtadi. Doston qahramoni Baxtiyor Navoiy shahri qurilishida ishtirok etishi, kechki boʻlimda taʼlim olishi va rassomlik (“moʻyqalamni tutqazdi dadil”) bilan shugʻullanishi natijasida hayotga, oilaga va jamiyatga qayta moslasha boshlaydi. Bu ijtimoiy reabilitatsiya jarayoni oddiy tilda bayon etilmay, balki agro-biologiya sohasiga tegishli boʻlgan “Payvand qilish” koʻchimi orqali konseptuallashtiriladi:
Shoxa edim, gujumdan singan,
Payvand qildi meni niholga.
Men boʻy olib, tik oʻsyapman,
Yorugʻ yuz-la chiqib bahorga...
Kognitiv lingvopoetika nuqtayi nazaridan ushbu bandda uchta asosiy mental muvofiqlik (tafakkurdagi mutanosiblik) yuzaga keladi:
Singan shoxa – Jazo muddatini oʻtab, ruhan ezilgan qahramon;
Payvand qilish jarayoni – Ijodiy mehnat, taʼlim va yaqinlarining (singil va onaning) maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashi;
Yangi niholga aylanib tik oʻsish – Ruhiy yuksalish, oʻzlikni qayta topish va “ikkinchi umr”ning boshlanishi.
Ushbu metaforik model orqali shoira inson hayotidagi eng ogʻir xato va jinoyatlar ham dinamik harakat, oʻz ustida ishlash va mehnat orqali tuzatilishi mumkinligini koʻrsatadi. Jahon adabiyotshunosligidagi travma tadqiqotlari (Trauma Studies) prizmasidan qaraganda, Payvand metaforasi qahramon ongidagi psixologik jarohatning sogʻayish va tiklanish mexanizmi sifatida namoyon boʻladi. Tildagi anʼanaviy majoziylikdan farqli oʻlaroq, bu yerda metafora qahramonning oʻzini oʻzi anglashi va kelajakka boʻlgan ishonchini shakllantiruvchi bosh kognitiv quroldir.
Dostonda Qoraqalpogʻiston-Xorazm vohasining madaniy-ekologik va hayot manbai boʻlmish Amudaryo (Jayxun) obrazi nafaqat geografik obyekt, shu bilan birga lirik qahramonning ichki psixologik olami bilan yaxlitlik hosil qilgan markaziy kognitiv subyektdir. Bu yerda daryoning tabiiy faoliyati (suv koʻpayishi, kamayishi yoki toʻlqinlanishi) inson ruhiyatidagi iztirob dinamikasini ifodalovchi bosh kognitiv qurolga aylangani koʻrinadi:
Tushlarimda Amudaryo oqib kelar men tomon,
Men u tomon borolmasman, aybliman, yuzda dogʻ.
Na xayol-u, na tushlarga umid bogʻlay bilmasman,
Amudaryo tortiladi yuragimday bezovta.
Ushbu misralarda J.Lakoff nazariyasi asosida Daryoning tortilishi – Ichki ihotalanish / Ekzistensial yolgʻizlik konseptual koʻchimi namoyon boʻladi. Daryoning suvi kamayib, oʻzaniga tortilishi – qahramonning tuhmat oqibatida jamiyatdan, yaqinlaridan va ozodlikdan mahrum boʻlib, oʻz ichki olamiga majburan qamalib qolishi bilan mutanosiblik hosil qiladi. Daryoning jismoniy “bezovtaligi” lirik “Men”ning ichki emotsional chayqalishlari bilan bir-birini kuchaytirgan holda uygʻunlashadi.
Dostonda gidrologik metaforalar tizimi statik holat bilan birga vaqt va xotira oqimini ham harakatga keltiradi:
Amudaryo tortiladi, toʻlqinlari toʻlgʻonar,
Olib ketar toʻlqinida bolaligim, sevinchim...
Xayollarim tez oqar daryo...
Ushbu bandda kognitiv poetikaning fundamental modellaridan biri boʻlgan Daryo toʻlqini – Vaqt oqimi / Xotira koʻchimi konsepsiyasi mavjud. Qahramon ongida oʻtmish va bolalik (Toʻrtkoʻldagi begʻubor yillar) suv toʻlqinlari tufayli yuvilib, uzoqlashib ketayotgan fizik material sifatida qabul qilinadi. Inson fikrlash jarayonining tezligi, hayotiy xayollarning tizimsizligi suvning oqish tezligi (tez oqar daryo) orqali metaforik tarzda kodlanadi.
Kognitiv lingvopoetik nuqtai nazardan ushbu gidro-metaforalar zanjirini quyidagi kengaytirilgan konseptual muvofiqliklar tarmogʻi orqali ifodalash mumkin:
Daryoning tortilishi – Qahramon ruhiyatining kuchsizlanishi, umidsizlik va bandilik;
Toʻlqinlarning toʻlgʻonishi – Vijdon azobi, iztirob va pushaymonlik dinamikasi;
Toʻlqinning bolalikni olib ketishi – Vaqtning beshafqatligi va yoʻqotilgan erkinlik sogʻinchi;
Tez oqar daryo – Xayollar va kognitiv jarayonlarning nazoratsiz oqimi.
Guliston Matyoqubova anʼanaviy dostonchilikdagi daryo tasviriga xos boʻlgan mubolagʻaviy (masalan, xonlikning qudratini koʻrsatish yoki shunchaki manzara yaratish) qoliplardan voz kechadi. Daryo – qahramonning ruhiy sherigi, uning ichki olamining poetik reallashuvidir. Natijada, asar matnida tabiat hodisalari lirik “Men” bilan bir butunlik, yaxlitlik hosil qiladi.
Umuman olganda, dostonda insonning mavhum ichki iztiroblari Qoraqalpogʻiston va Xorazm vohasining ekologik, madaniy hayotiga mos keluvchi tabiat hodisalari hamda jonli timsollar vositasida tizimli ravishda tasvirlangan. Oʻzbek badiiy asarlarini jahon adabiyotshunosligidagi nazariy tizimlar doirasida tadqiq etish adabiy tafakkurimizning boyligini koʻrsatishi tabiiy. Mazkur talqin asarlarimizning milliy ruhi va boʻyoqlarini aslo yoʻqotmaydi. Aksincha, ularning ichki mazmunini boyitib, jahon adabiy xaritasida oʻzbek ijodkorlarining ham oʻz munosib oʻrni borligini koʻrsatadi.
Dadaxon MUHAMMADIYEV,
filologiya fanlari boʻyicha
falsafa doktori
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q