Kirill yozuvida biz “ғ”, “г” kabi tovushlar bilan tugagan so‘zlarga kelishik yo boshqa qo‘shimchalarni qo‘shganda, misol uchun: “тоғ+га” emas “тоққа”, “боғ-га” emas “боққа”, “туғ+ган” emas “туққан”, “тег-ган” emas “теккан”, “қўрқ-ган” emas “қўрққан” va hokazo deb yozganmiz, lotin yozuvida esa bunday yozish xato hisoblanarkan, ya’ni lotin yozuvida “toqqa” emas, “tog‘ga”, “yoqqan” emas, “yog‘gan”, “oqqan” emas, “oqgan” (oqmoq) yoki “og‘gan” (og‘moq), ”tuqqan” emas “tug‘gan” deb yozish shart ekan.
Nima uchun? Kimdan chiqqan bu tashabbus? Turk tillarining go‘zalligi singarmonizmda, ya’ni so‘zlardagi unli, ba’zan undosh tovushlar uyg‘unligida emasmi? Yaqin o‘tmishda o‘zbek tili singarmonizmdan obdon mahrum etildi. Lekin uni shevalarda, so‘zlashuv tilida hozir ham qisman qo‘llaymiz. Gapirganda biz hech qachon: “qor yog‘GAN edi, sigirimiz tug‘GAN edi” demaymiz, balki: “qor yoqqan, sigirimiz tuqqan...” deymiz. Yoki kirill yozuvida “suv oqqan”, “boshim oqqan tomon” deb yozganmiz. Ilgari kelishik, sifatdosh yasovchi va boshqa qo‘shimchalarning variantlari, misol uchun: -da (-ta), -dan (-tan, -din, -tin), -ga (-ka, -qa, -g‘a), -gan (-kan, -qan, -g‘an, -g‘on), -di (-ti) va hokazo shakllarda yozuvda to‘liq ifodalangan va bu nutqda ajoyib uyg‘unlik, tabiiylik, musiqaviylik hosil qilgan.
Nazarimda endi, lotin yozuviga o‘tarkanmiz, tilimiz bu fazilatdan butunlay mahrum etilayotganday. Axir yozuv kirilldan lotinga o‘tsa, buning grammatikaga nima aloqasi bor? Yozuv o‘zgarsa, nima uchun grammatik qoidalar ham o‘zgarishi kerak? Menimcha, eng yomoni maktablarda bugun imlo shunday o‘qitilmoqda. Agar o‘quvchi “oqqan” deb yozsa, o‘qituvchi uni “oqgan” deb tuzatishga majbur va hokazo. Keyingi avlodlar buni nutqqa ham ko‘chirib, aytaylik, “nutqQA” emas, qiynalib bo‘lsa ham “nutqGA” deb talaffuz qilishga harakat qilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan o‘zbek tili qardosh turkiy tillar bilan o‘zaro solishtirilgan videolarni ko‘rib qolaman va ularda qardoshlarimiz o‘z tillarida so‘zlarni erkin talaffuz qilayotganday, o‘zbekcha talaffuz esa biroz sun’iyroqday tuyuladi menga. Ya’ni shu kabi “tashabbuslar” oqibatida tilimizni tabiiy so‘zlashuv tilidan uzoqlashtirib, sun’iylashtirib yubormayapmizmi?
Abduvohid HAYIT
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q