Mehnat va madaniyat saroyi, Ijroiya qoʻmitasi binosi va Estrada teatri – Navoiy muzeyi binosi tarixi


Saqlash
15:11 / 20.07.2026 353 0

Shu kunlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi” boshqa binoga koʻchirilishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlmoqda. 1934-1940-yillarda qurilgan ushbu inshoot uzoq payt shaharning noyob arxitektura namunalaridan biri boʻlgan hamda turli davrlarda turli idoralarga xizmat koʻrsatgandi. 

 

Mehnat va madaniyat saroyi (uyi)

 

1929-yil Oʻzbekiston poytaxti Samarqanddan Toshkentga koʻchirilgach, yangi poytaxtning meʼmoriy qiyofasini yaratish uchun jiddiy ish boshlanadi. Turli respublikalardan arxitektorlar taklif etiladi.

 

Ulardan biri Stefan Polupanov, koʻplab oʻzbek shaharlarida qurilish ishlari bilan shugʻullanadi, xususan, Oʻzbekiston SSR Hukumat uyi binosining tarhini chizadi. Aynan u 1934-yilda sobiq Shayxontohur koʻchasida qurilishi boshlangan “Mehnat va madaniyat saroyi (yoxud uyi)” binosi loyihasi muallifiga aylanadi.

 

Mehnat va madaniyat saroyi qurilishi haqdagi xabar, 1933-yil

 

Polupoanov ushbu inshoot qurilishida 1920-1930-yillarda sovet davlatida paydo boʻlgan va urfga kirgan “konstruktivizm” usulidan foydalangan. Saroydan teatr, kinozal, texnikum, sanʼat ustaxonasi kabilar oʻrin olishi kerak edi. 

 

Navoiy muzeyi binosi 1940-yilda

 

Biroq, 1935-yil, hali qurilish ishlari ketayotganda payt inshoot vazifasi oʻzgartiriladi va u Toshkent viloyati Ijroiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkaziladi (SSSRda Markaziy Ijroiya qoʻmitasi 1938-yilgacha oliy davlat hokimiyati idorasi hisoblangan. Oʻz navbatida viloyatlarda Ijroiya qoʻmitalari asosiy boshqaruv tuzilmasi – hokimiyat vazifasini bajargan).

 

Ijroiya qoʻmitasi binosi

 

Inshoot viloyat ijroiya qoʻmitasiga (hokimiyatga) oʻtganidan soʻng, uning birinchi qismi Muqimiy nomidagi teatrga beriladi. Turli yillarda bu yerga Estrada teatri, Yosh tomoshabin teatri va Yoshlar teatri joylashadi.

 

Navoiy muzeyi binosi 1944-1945 yillarda

 

Viloyat hokimiyat binosi boʻlgan vaqtda inshootda katta oʻzgarishlar amalga oshirilmaydi. 

 

Ijroiya qo‘mitasi, 1949-1950 yillar

 

1949-yil bino oldidagi maydonga mashhur oʻzbek mutafakkiri Alisher Navoiy haykali qoʻyiladi. Uning ochilishida respublika rahbariyati va yozuvchilar ishtirok etadi. Tez orada haykal atrofida favvoralar oʻrnatilgan bogʻ tashkil qilinadi va bu yer shaharning asosiy markazlaridan biriga aylanadi.

 

Alisher Navoiy haykali ochilishi. Chapdan beshinchi yozuvchi Oybek. O‘ngdan ikkinchi esa O‘zbekistonning o‘sha davrdagi Bosh vaziri Abdujabbor Abdurahmonov. 1949-yil

 

Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi

 

1966-yilgi Toshkent zilzilasidan soʻng, poytaxtda yangi qurilish-rejalashtirish ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan, 1968-yil sobiq Toshkent viloyati Ijroiya qoʻmitasi binosiga Alisher Navoiy nomidagi muzey joylashtiriladi. 

 

 

Muzey oldidagi Navoiy haykali yonida yozuvchilar alleyasi barpo etiladi.

 

 

 

Alisher Navoiy tavalludining 525-yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu muzey mustaqillikdan soʻng “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi” nomi ostida ushbu inshootda faoliyatini davom ettiradi. 

 

Estrada teatri (Navoiy muzeyi) oldida o‘tirgan otaxon. 1960-yillar