Ertaklarda murodiga yetolmagan shahzoda nega tog‘larga bosh olib ketadi? – Ramzlar ortidagi sir


Saqlash
13:15 / 20.07.2026 215 0

Qishloqning kuni ham, tuni ham uzoq bo‘ladi. Yotsang tong otmaydi, tursang kun botmaydi. Kunduzi hamsoyalar bilan quvalashib, kechasi kattalardan matal eshitib, vaqtni sob qilasan. Ammo ko‘chaga chiqib hech kimni topmasang, qo‘shnining bolasini chaqirib borsang-u, uyidagilari o‘ynagani chiqarmasa-chi?! Quyosh turgan joyida qotadi. Fursatning imillagan etaklari nimadir narsaga ilashib qolganday tuyuladi. Shunday paytlari ich-ichingdan to‘lib ketasan. Tovuq katak yoki o‘zing chiqa oladigan biror balandlik ustiga chiqib, enangdan eshitgan qo‘shiqni baqirib aytasan:

 

“Halima, Mamat-a,

Hamsaya, kelag‘ay!

Mushtday qorning to‘ymayma,

Enang qurg‘ur qo‘ymayma?!”

 

Tabiiyki, qo‘shig‘ing kutayotgan odamingning quloqlariga borib yetmaydi. Lekin unda sehr borday tuyuladi. Beixtiyor yengil tortasan. Go‘yoki hozirgina qadimiy afsunni o‘qiding, endi ijobat bo‘lishi uchun gartak sabr kerak...

 

Darhaqiqat, xalq qo‘shiqlaridan tilsim kutishimizga asos bor. Ular o‘zida har xil ramziy ishora va kod tashiydi. To‘g‘ri, vaqt o‘tishi davomida ramz bilan bog‘liq bilimlar unutilishi mumkin. Ammo an’ananing kuchi ramzning o‘zini saqlab qolaveradi. Shundanmi, hamma aytuvchi ham o‘z qo‘shig‘idagi “yoqqu-yaq” kabi hayajonli hayqiriqlar ortidagi qadimiy mazmunni anglab yetmaydi.

 

Holbuki, ushbu hayqiriqni folklorshunos olim Shomirza Turdimov “oliy quvvat birligi bo‘lgan ilohiy qarsak[1], qarsak jo‘rligidagi qo‘shiq va raqs yordamida ruhoniy bilim hamda axborot olish hayqiriqlaridan biri” deya izohlagan. “Raqs va qo‘shiq ijrosidagi “yaqqu-yaq” yoki “jaqqu-jaq” qaytariqlaridan paydo bo‘luvchi ohang tebranishlari kishi ruhiyatiga ta’sir etib, uni oliy quvvat tebranishlariga rostlaydi; bu holatni so‘fiylar zikridagi “huvva-huv” qaytarig‘i bilan barobar qo‘yish mumkin” deydi olim.

 

“Tog‘lar boshi nurama,

Kiyik shoxi burama.

Boy qizini bermasa,

Boyni balo urama...

Yaqqu-yaqqu, yaqqu-yaq...”

 

Eslasangiz kerak, ertaklarda murod-maqsadiga yeta olmagan shahzoda tog‘-toshlarga bosh olib ketadi. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlarimiz qahramonlari ham albatta tog‘ oshadilar. Chunki tog‘ yer bilan osmonni bog‘lovchi nuqta. Ajdodlar ruhi va homiy eranlar joylashgan muqaddas makon. Unda duolar ijobat, murodlar hosil bo‘ladi. Ayni paytda kiyik ham muqaddas homiy. Qolaversa, kiyikning shoxi qancha ulkan bo‘lsa, unda ilohiy qudrat shuncha ko‘p bo‘ladi degan tasavvur bor. Endi o‘ylab ko‘ring, oshiqning “ortida” baland tog‘ va shoxlari kattaligidan buralib ketgan muqaddas kiyik turgach, boy qizini bermay qayoqqa boradi?! Shunday qilib, qo‘shiqdagi “yaqqu-yaq” qaytarig‘i orqali inson, tabiat va oliy quvvatlar o‘rtasidagi qadimiy ma’naviy aloqa yana bir bor namoyon bo‘ladi.

 

Hanuz esimda. Bolalikda tunlari ko‘zimga har xil sharpa ko‘rinadigan odat chiqardim. Kechasi tushimga goh lo‘li kampir, goh kelinchak kirib, baqirib uyg‘onardim. Shunda otam bilan onam To‘qboy qishlog‘idagi bir cholning uyiga olib bordi. Cholda burgut qanotining suyagi bor ekan. U to‘nini ustimga yopdi-da, atrofimda chir aylanib qo‘shiq aytdi. Qo‘shiqning hamma so‘zlariyam yodimda qolmagan. Lekin uning burgut qanoti suyagi bilan ora-tura yelkamga savalab, “ollo-hu[2], ollo-ho!” deya qichqirgani haliyam quloqlarim ostida jaranglab turibdi. Mutaxassislarning fikricha, “hu”, “ho” so‘zlari dastlabki so‘zlardan biri hisoblanib, qadimda shu so‘z, hayqiriqlar yordamida yaratganga yukunilgan. Uning ildizlari eng qadimgi dinlarga borib taqaladi. O‘sha cholning “ollo-hu”sidan keyin tunda vahima bosmaydigan, tushlarimda qora kiyingan kampirni-yu oq kiyingan kelinni ko‘rmaydigan bo‘ldim.

 

Albatta, hamma xalq qo‘shiqlari ham ilohiy mazmun tashiyvermaydi. Ularning orasida milliy o‘zagimizdan o‘sib chiqmish ma’naviy tushunchalar asosida to‘qilgan intizorlik, arz-dod, muhabbat qo‘shiqlari ham mo‘l. Shunday qo‘shiqlarning eng mashhurlaridan biri – “Qarg‘alar”.

 

Bu qo‘shiqning keng tarqalishi va mashhur bo‘lishi 1916-yilgi mardikor olish voqealariga borib bog‘lanadi. Sibir o‘rmonlarida daraxt kesgan marg‘ilonlik Xudoyberdi qori uni xirgoyi qilgan. Qo‘shiq matniga vatandan uzoqda yurgan mardikorlarning sog‘inchi, dil nolasini qo‘shgan. 1970-yillarda “Yalla” ansambli uni zamonaviy usulda kuylagach, yana-da mashhur bo‘lib ketdi.

 

Ammo folklorga oid manbalardan aniqlashadiki, mazkur qo‘shiqning tarixiy ildizlari ancha qadim – rus bosqinidan oldin ham aytilgan. O‘shanda ham unda sog‘inch motivlari ustunlik qilgan. Chunki u sog‘inch iztirobida yonayotgan qalblar qo‘shig‘i. Tahlil uchun qo‘shiqdagi ayrim misralarni eslaymiz:

 

“Qarg‘alar uchsa qaraylik

Marg‘ilonning yo‘liga.

Hidi kelsa mast bo‘laylik

Handalakning bo‘yiga...”

 

Qo‘shiq so‘zlaridagi “qarg‘a” ramzi tushunarli bo‘lishi uchun ba’zi masalalarga ham to‘xtalsak.

 

Zamonaviy adabiyotda yangiliklar ancha jadal ro‘y beradi. Folklorda unday emas. Shu uchun ham ming yil oldingi xalq og‘zaki ijodi namunalaridan tortib, bizga yaqinroq davrda yaratilgan xalq ijodida ham ayrim qushlarning xabar ramzi bo‘lib kelganini ko‘ramiz. Masalan, zindonda yotgan Hakimbek osmonga boqib, tepasida g‘ozning aylanib uchayotganini ko‘radi. Uni o‘ziga chorlab, “g‘oyibning qushi” deya ataydi. Keyinroq o‘zi haqidagi xabarni ham eliga aynan shu g‘ozning oyog‘iga bog‘lab uchiradi. Qisqasi, g‘oz o‘zbek folklorida xabarchi – ijobiy xabarlarni yetkazuvchi mavjudot. Sovuq xabarlar esa asosan o‘rdak bilan yetkaziladi. Chunki qadimgi mifologik tasavvurga ko‘ra g‘oz bilan o‘rdak uch olamni (osmon, yer, suv) birlashtira olgan ilohiy qush sanaladi.

 

Xalq og‘zaki ijodida xabarchi qushlar faqat g‘oz va o‘rdakdangina iborat emas. Turna, laylak, qaldirg‘och, boyqush kabilar ham qo‘shig‘-u dostonlarimizda o‘zi bilan xabar keltirgan. Jumladan qarg‘a ham shunday qushlarning bittasi. Folklorda hatto uning xabarchiga aylanishi bilan bog‘liq afsonalar bor. O‘sha afsonaga ko‘ra, Tangri uzoq yashagan qarg‘ani chaqirib, undan “dunyoga kelib nimani ko‘rding?” deb so‘raydi. “Qarag‘ay bo‘yi qor yog‘di, ham yog‘di-yu, ham ketdi” degan javobi xush yoqib, unga ming yillik hayot va shu uzun umri davomida xabarchilik vazifasini in’om etadi. Shundan xalqda qarg‘alar haqida Tangrining mingta xabarchi qushi degan tasavvur paydo bo‘lgan. Qarg‘aning g‘oz bilan o‘rdakdan farqi shuki, alohida ijobiy yoki salbiy xabar keltirmaydi. Bu qushlardan kelgan mujda yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin, yanayam aniqrog‘i, ular xavotirli xabarlar tashiydi. Xuddi boyo‘g‘li kabi.

 

Handalakning bo‘yi-chi? Hammamizga ma’lum, handalak bahorgi poliz ekinlarining ichida eng ertachisi. Shu uchundir, ehtimol, u xalq og‘zaki ijodida qizning vujudidagi ilk ayollik kurtaklari ramziga aylangan. Bunga tayangan holda handalakning bo‘yini ham sevgi, mayl hamda ayol jozibasiga intilishning xalqona, chuqur ildiz otgan ifodasi deya tushunish o‘rinli. Negaki, yuqorida ham aytganimizday, xalq og‘zaki ijodidagi hamma ramzlar ham xalqning mifologik qarashlari asosida yaralmagan. Ularning aksari ruhiy hodisalarni tashqi olam hodisalari bilan qiyoslash, umumlashtirish asosida vujudga kelgan. Bu qiyoslarning tasodifiy emasligi, zamirida chuqur kuzatish va hayotiy bilim yotgani bora-bora an’anaviy ramzga aylanishga sabab bo‘lgan. Mana endi qo‘shiqning yashirin ma’nosi ravshan: olisga mardikorlikka ketgan yigit ko‘ngil qo‘ygan qizining shu orada bo‘yi yetib, turmush qurib ketishidan xavotir olmoqda, visol orzusida yonmoqda. Shuni ham inobatga olish kerakki, bu obraz faqat mifologik tasavvur mahsuli emas. Mardikorchilik yo‘li bilan sovuq o‘lkalarga, xususan Sibir tomonlarga ketgan yigitning kundalik hayotida qarg‘alar eng ko‘p ko‘zga tashlanadigan qush hisoblanadi. Ularning issiq va sovuq hududlar o‘rtasida qatnab yurishi esa musofir ongida qarg‘ani vatan va mahbuba tomondan kelishi mumkin darakning ramziga aylantiradi. Shu ma’noda qo‘shiqdagi “qarg‘alar uchsa qaraylik” satrlari musofirning osmonga umid bilan tikilgan nigohini, xabarga zor ruhiy holatini ham ifoda etadi.

 

Ko‘rib turganingizdek, so‘zlar ortidagi ramzni tushunganimizda uning ma’nosi o‘zgaradi. Biz uchun oddiy tuyulgan iboralar ancha chuqur, teran mazmun kasb eta boshlaydi. Demak, ertaklardagi g‘orning eshiklarini ma’lum so‘zni aytib ochish mumkinligida muhim ishora  bor. Misol tariqasida o‘zbek xalq qo‘shiqlarining rang-barang namunalarini o‘z ichida jamlagan “Shoda-shoda marvarid” kitobidagi ushbu misralarni tahlil qilib ko‘ramiz:

 

“Olma pishganda galing,

Teyina tushganda galing.

Angsa[3] sochim jamalak,

Belima tushganda galing...”

 

Qo‘shiqda bir qarashda oddiy yoz fasli haqida gap ketayotganga, yozda kelishini so‘rab, qiz o‘z sevgan yoriga noz-karashma qilayotganga o‘xshab tuyuladi. Lekin birgina olma so‘zining ortidagi ma’noni anglaganimizda tasavvurimizda mutlaq bo‘lak manzara namoyon bo‘ladi.

 

Shunday qilib, yigit, aniqrog‘i yor nima uchun aynan olma pishganda kelishi shart? Tasviriy san’atga oid muhabbat mavzusidagi asarlarda ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Oshiq-ma’shuqning biri ikkinchisiga olma uzatib turadi. Olma qizning qo‘lida tursa qizil, yigitning qo‘lida tursa oq bo‘ladi. Zero, u – muhabbat ramzi. Qizil bo‘lsa qizning, oq bo‘lsa yigitning muhabbati ma’nosini ifodalaydi. Bundan chiqdi, yuqoridagi qo‘shiqda na yoz fasliga doir, na noz-karashma bilan bog‘liq gap yoki kechinma bor. Aksincha, bu yerda qiz o‘zining hali yosh ekanligini, muhabbatni tushunmasligini aytib, yigitdan uzr-ma’zur so‘ramoqda. Ushbu mazmun qo‘shiqning aytilish ohangi-yu, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qarashlariga ham mos tushadi.

 

Yana bir qo‘shiq  borki, uni o‘zbeklarning deyarli hammasi eshitgan. Lekin ma’nosi haqida-chi, hammayam o‘ylab ko‘rdimikin?

 

“Tomda tovuq yotadi, vohay bola,

Oyog‘i sovuq qotadi, vohay bola!..”

 

“Tomda tovuq yotadi...” – bir o‘qishdayoq jumlalardagi allaqanday sho‘x, qitmir ohangni his etasan kishi. Sababi, u aslida ham hayotiy qiyoslash yordamida ma’lum holatni yumor qilmoqda. Ya’ni, jumladagi “tovuq” oddiy tovuq emas. Bu yerda insonga ishora bor.

 

Turkiy xalqlar mifologiyasida qadimdan Ona lochin, Semurg‘ kabi qush obrazlari bo‘lgan. Ular aziz-avliyolar homiyligining ramzi hisoblanib, o‘zi bilan himoya, oydinlik olib kelgan. Tovuq ham bir jihatdan shularga o‘xshash ramz, ammo u ilohiymas, xonaki qush. Shu tufayli u oddiy ayol ma’nosini o‘zida aks ettiradi. Albatta, bu yerda kinoya ham yo‘q emas. Axir haligacha ayollar bir-birini ranjitmoqchi bo‘lganda “tovuqqa o‘xshaysan” deb chaqib olishadi-ku. Lekin qo‘shiq mazmuniga ko‘ra u nega sovqotadi? Chunki yolg‘iz, pinjiga olib isitadigan “xo‘rozi” yo‘q. Roviyning qo‘shiq aytib tegishayotganining ham boisi shunda. Qo‘shiq haqidagi gapni muxtasar qilsak, u insonning bir holati xususidagi o‘ziga xos qochirim, askiya.

 

Shu o‘rinda shoh  Iskandar haqidagi afsona beixtiyor yodimga tushadi. Unga ko‘ra, Iskandarning sochini olgan hamma sartaroshlar o‘limga mahkum qilinarkan. Sartaroshlar o‘ldirilib-o‘ldirilib, oxiri bitta qolibdi. U ham shohning huzuriga olib borilibdi. Sochini qirtishlatib bo‘lgach, Iskandar uning jonini olishga ikkilanibdi. O‘ldiray desa, mamlakatida boshqa sartarosh qolmagan. O‘ldirmay desa... Shunda u sartaroshni “boshim bilan bog‘liq sinoatni hech kimga aytma!” deb qo‘yib yuboribdi.

 

Sartarosh tirik qolganidan xursand. Lekin o‘zi voqif sirni hech kimga aytolmay qiynala boshlabdi. Qancha vaqt o‘tsa, dardi shuncha og‘irlashibdi. Kunlardan bir kuni kimsasiz joydan quduq topib, bor haqiqatni unga aytibdi. Keyinchalik quduqning ichidan bir qamish o‘sib chiqibdi. Cho‘pon bu qamishdan nay yasab chalsa, “Iskandarning shoxi bor!” degan kuy taralibdi. Alqissa, “kuygan yerdan kuy chiqadi” degan naql shundan qolgan ekan.

 

Xalq to‘qigan boshqa afsonalarda bo‘lgani kabi bunda ham teran hayotiy haqiqat bor. Axir tarixga nazar solsak, xalqimiz bugungi kunga qadar oson yo‘lni bosib o‘tmadi. Ozmuncha qamallar, bosqin-u qirg‘inlarni boshdan kechirmadi. Necha bor erkini, ozodligini boy berib, dushmanga talandi, ovozini chiqarmay, tortgan azoblarini, orzu-havaslarini hech kimga aytolmay yashashga majbur bo‘ldi. Biroq shunday paytda ham milliy o‘zligi, go‘zallik ishtiyoqi, boy tafakkurini saqlab qola bildi. O‘sha o‘zlik, ishtiyoq va tafakkur turli metafora hamda ramzlarga boy qo‘shig‘-u doston bo‘lib yangradi. Aytilmagan hasratlar, oshkor qilinmagan dardlar, juda muhim haqiqatlarni o‘z bag‘riga olib, bizgacha yetib keldi. Bu qo‘shiqlar ortida esa olam va odam haqidagi boy bilim, rangin tuyg‘ulardan iborat go‘zal dunyo bor. Ushbu dunyodan bebahralik biz uchun katta ma’naviy uzilishni yuzaga keltiradi. Bu xazinadan bahramandlik esa bitmas-tuganmas ma’naviy quvvat manbaidir.

 

Bayram ALI

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Ramzlar ortidagi olam” maqolasi



[1] Qarsak qadimda Tangridan qut so‘rash harakatlarining muhim elementi hisoblangan.

[2] Ollo – Alloh.

[3] Angsa – yelka

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:08 / 07.08.2026 0 223
Kofir qal’a – Mizdakxon qabristoni tarixi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//