Yillar oʻtgani sari oʻqiganlaring ongosti qatlamlarida saralanib, ulardagi fikr-gʻoyalar umumlashib, xos jihatlari boʻrtib koʻrina boshlar ekan. Jumladan, anchadan beri eʼtibor qilganim – badiiy adabiyotimizda Oʻzbekistonning ruslar tomonidan bosib olinishi mavzusi mutlaqo yoritilmagani boʻldi. Toʻgʻri, ruslar kelganda bugun Oʻzbekiston deya faxr bilan tilga olayotgan yurtimiz boshqacha nomlarda atalgan. Biroq biz oʻsha Buxoro, Xiva, Qoʻqon xonliklarida yashagan xalqlarning bevosita avlodlarimiz. Boshqa yerdan kelib qolganimiz yoʻq. Ajdodlarimiz bir umr shu yurtlarni vatan tutib kelishgan.
Biroq shuning aksiga oʻxshab ketadigan boshqa bir holat ham bor. Avvaliga bosqinchi rus maʼmuriyatining, keyin ularga xizmat qilishni sharaf deb bilgan yarim milliy – oʻrisqul maʼmuriyatning talabi va tashviqi bilan Oʻrta Osiyoning Rusiyaga qoʻshib olinishining progressiv ahamiyati haqida jild-jild kitoblar yozilgan, yuzlab, minglab turli darajadagi ilmiy ishlar bajarilgan. Biroq badiiy adabiyotimiz baribir bu mavzuga befarq qolavergan.
Bu holat birdan boshlanmagandir, axir... Qachon oʻz tariximizdan, oʻzligimizdan uyala boshlaganmiz? Qachon bosqinchini oqlab, oʻzimizni yomonlay boshlaganmiz? Nega doim bosqinchini emas, oʻzimizni, bobolarimizni ayblab kelamiz? Buning sababi bormi?
Men tarixchi emas, adabiyotshunosman. Badiiy adabiyot amal qiladigan qonunlar sal boshqacharoq. Adabiyotda fakt emas, mif ustunlik qiladi. Masalan, Choʻlpon romani qahramonlarining har biri, hatto, betimsol Zebining johil otasi Razzoq soʻfining-da, Akbarali mingboshining-da, Miryoqubning-da koʻnglida oʻz olami bor. Va ularning har biri oʻzicha ichki butunlikka ega. Biroq ularning bari bizning zamonamiz zolim, odamlarimiz johil, boshliqlarimiz ahmoq, yurtboshilarimiz esa sotqin, degan mif bilan yashaydi. Ularning xatti-harakatini shu mif boshqaradi. Haqiqatda shundaymidi? Hech qachon shu savolni oʻzimizga berib koʻrmaganmiz.
Balkim, ular ishongan mif yolgʻondir?! Ular oʻz baxtsizligiga chora topolmay, zamondan dod degandir, balki shu mifni oʻzlariga yoʻlboshchi, hayotiy aʼmol qilib olgandir?
XX asr gʻarb ilmida mustamlaka mafkurasi degan tushuncha bor edi. Bu tushuncha mustamlaka ostida yashagan xalqlar ongida bosqinchilarni oqlash tamoyilining paydo boʻlish sabablarini tushuntirar ekan. Masalan, Jazoir xalqi koʻp yillar Fransiya mustamlakasi boʻlgan. Prezident De Goll Jazoirga mustaqillik berganidan soʻng ham bu yurt ahli Fransiyaga moddiy va maʼnaviy qaramlikdan qutula olmadi. Jazoirliklar hamon tilda Fransiya bizning oldimizda qarzdor, desalar ham, amalda Fransiyaga intilib yashaydi. Eng yomoni shu. Siyosiy mustaqillik bor, ammo maʼnaviy qaramlik ketmagan. Oʻzimizda ham ruslar kelmaganda Afgʻoniston boʻlardik, deya ogʻzidan koʻpik sachratib hayqirguvchilar bor. Balki Eron boʻlardik, balki Turkiya yo Singapur boʻlardik, balki Yaponiya boʻlardik, desangiz, sizga jinniga qaraganday tikilishadi. Chunki bular hech qachon oʻziga ishonmaydi. Chunki adabiyotimiz xalqni shunday tarbiyalagan!
Men adabiyotshunosman. Keyingi yuz ellik yillik, hatto, hozirgi adabiyotimizga qarasam ham, faqat mahdudlikni, faqat mahzunlikni koʻraman. Shaxsning ichki mahdudligi yo mahzunligi haqida gapirmayotirman. Bu boshqa masala. Men badiiy asar qahramonlari yashab, harakat qilayotgan muhitda milliy mahdudlik, milliy mahzunlik hukmron boʻlgani haqida gapirayotirman. Adabiyotimizning barcha qahramonlari zamon yomon, zamon zolim, deya dod soladi. Bironta asarda shaxsiy baxtsizlikka qahramonning oʻzi sababchi boʻlib chiqmaydi.
Ilk buyuk nasriy asarlarimiz – “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ni oʻqisangiz, bitta Homid yo mulla Abdurahmondan boʻlak hamma goʻzal inson ekanini koʻrasiz. Biroq har ikki asar fojiaga toʻla va bu fojianing sababi zamonaning zolimligi, johiliyati bilan izohlanadi. Bunday johil, inson erki, muhabbati boʻgʻilgan muhitda shaxs baxtli boʻlishi mumkin emas, degan xulosa tabiiy ravishda qalqib chiqadi. “Kecha va kunduz”da Zebining koʻngli va tabiatdan boʻlak biron yorugʻlik tasviri yoʻq. Hamma tomon qop-qora. Oʻqigan sari yuragingni zulmat qamrab boradi. Muqarrar baxtsizlik tuygʻusi asar tarovatini bosib ketadi. Choʻlpon bu asarni yozayotganda millatga, insonga, kelajakka ishonchini yoʻqotgan boʻlsa kerakki, oʻquvchining koʻngliga “Inson – hech kim!” degan gʻoya oʻrnashib oladi. Zebining baxtsiz taqdiriga achingan har bir oʻquvchining dilida “Xayriyat, oʻsha zamondan qutilganimiz yaxshi boʻlgan ekan”, degan oʻylar qaror topadi. Shoʻro davri adabiyotida esa bu tamoyil izchil amalga oshirildi. Shoʻro davridan boshqa hammasi yomon, degan fikr odamlarning ongi qolib, qonigacha singdirildi.
Oʻzbek adabiyotida Oybekday koʻngli goʻzal, insonparvar, millatparvar boshqa adibni topish qiyin. Uning “Qutlugʻ qon” romanida shunday bir epizod bor: Mirzakarimboyning toʻrt-beshta mardikori qishning izgʻirin bir tunida na darchasi, na oʻchogʻi, na moʻrisi bor bir hujrada diydirab oʻtiradi. Yoqadigan oʻtini hoʻl, achchiq tutundan ichkaridagi odamlar quv-quv yoʻtaladi. Bu epizod oʻsha zamondagi kambagʻallarning qanchalik qiynalib yashaganini koʻrsatish uchun kerak edi. Biroq muallif ham, oʻquvchi ham, bu odamlar kechqurun yoqish uchun nega quruq oʻtin gʻamlab qoʻymadi ekan, guvala devordan bir kesakni olib, dudboʻron qilishga aqli yetmadimi, deb soʻramaydi. Chunki asar oʻtmish yomon edi, degan mif asosiga qurilgan...
Eng yomoni, avvallari Oʻrta Osiyoning Rusiyaga qoʻshib olingani (yaʼni, oʻzimiz shuni xohlaganimiz) haqida afsona va ertaklar tinglab kelgan, oʻzimiz ham shu choʻpchaklarni yoqlab gapirgan va yozgan boʻlsak, Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham bu masalaga jiddiy qaramayapmiz. Eng oddiy va mantiq talab etib turadigan bir savolni – mustaqillikdan oldin kim edik, degan savolni oʻrtaga tashlayotganimiz yoʻq. Mustaqillikni qanday yoʻqotdik, deya oʻzimizdan soʻramayapmiz. Istiqlol bor ekan, demak, ishgʻol ham, istibdod ham boʻlgan. Lekin ishgʻolga qarshi turdikmi, istibdodga darrov boʻyin egmadikmi, degan savollar ham hamon javobsiz.
Bor kitoblarning aksariyatida vatanimiz oʻsha zamonda juda qoloq edi, shu bois rus bosqiniga tob berolmadik, degan umumiy fikr oʻtkaziladi, xolos. Bundan ham afsuslanarlisi, Vatan ozodligi uchun kurash tafsilotlari, qahramonlari haqida yozilmaydi. Goʻyo, xalqimiz indamaygina boshini bosqinchi kundasiga qoʻyib bergandek.
Yo, iqtisodiy jihatdan qoloq xalqlar bosqinchilarga osongina taslim boʻladi, degan qonun yo qoida bormi?
1716-yili Rusiya imperatori Birinchi Pyotr buyrugʻi bilan knyaz Aleksandr (Iskandar) Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida olti-yetti ming kishilik bosqinchi qoʻshin janubga yurish boshlaydi. Biroq ruslarning Turon hududiga bu ilk koʻz olaytirishi ayanchli yakun topdi. 1717-yili askarlarning koʻpi ajalga duch kelib, tiriklari Xorazm qoʻshinlariga asir tushdi. Umrining oxirigacha qul boʻlib yashadi. Magʻlubiyat Rusiyaning bosqinchilik ishtahasini boʻgʻdi. To 1873-yilgacha – yuz ellik yil — Rusiya Xorazmga qayta hujum qilishga jurʼat etmadi.
Rusiyaning Vatanimiz hududiga ikkinchi marta koʻz olaytirishi 1837-yildan, rus armiyasi Orol dengizining shimoliy sohiliga yetib kelib, hozirgi Aralsk shahriga poydevor qoʻygan davrdan boshlanishi va roppa-rosa qirq yildan soʻng – 1877-yili Qoʻqon xonligining tugatilishi bilan nihoya topganini koʻpda eslayvermaymiz. Holbuki, eslash kerak. Tarix takrorlanmasligi uchun ham ularni doim eslab turish shart.
Mana shu qirq yillik davrda urush toʻxtovsiz davom etgani, Oqmachit qalʼasi, Turkiston, Olmoti, Bishkek, Avliyoota (hozirgi Qozogʻistonning Toroz shahri), Chimkent, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qoʻngʻirot, Xiva shaharlari uchun qaqshatgʻich janglar boʻlgani, general Skobelevning Andijondagi, Turkmanistonning Geoktepasidagi qirgʻinlar haqidagi haqiqat hamon xalqimizga sodda va tushunarli tilda, badiiy adabiyot vositasida yetkazib berilgani yoʻq.
Istiqlol yillarida bu maʼsumlikdan qutula boshlaganimiz sezilmoqda, albatta. Shonli oʻtmishimiz, buyuk bobolarimizni tinmay eslayverganimiz tufayli boʻlsa kerak, millatimizga, oʻz-oʻzimizga ishonch ortdi. Davlat tilimiz oʻzbekcha boʻldi, ichki va tashqi siyosatni oʻz bilganimizcha va oʻz millatimiz manfaati yoʻlida olib borishni oʻrgandik. Shuning barobarida tarixga ham boshqacha yondasha boshladik. Bir zamonlar Buyuk Temur bobomizning hatto nomini tilga olish taqiqlangan boʻlsa, bugun u haqda baralla gapiramiz, kitoblar yozamiz, filmlar olamiz, oʻzbek milliy davlatchiligining tamal toshlarini qoʻygan buyuk sohibqiron, deb ulugʻlaymiz. Hatto, temuriylarga qarshi qilich koʻtarib, ularning saltanatini supurib tashlagan Shayboniyxon va boshqa shayboniyzodalarni ham oʻrgana boshladik. Bular ham bizniki, bular ham buyuk edi, deb gapiramiz, yozamiz.
Biroq Rusiya va Turkiston, Rusiyaning Turkistonni ishgʻol qilishi, Qoʻqon xonligini tugatishi, Buxoro amirligi va Xiva xonligini vassal qilib olishi, degan mavzular hamon yetarlicha yoritilmagan. Holbuki, tarix nuqtayi nazaridan bugungi kunimizga eng yaqinligi, manbalar koʻpligi jihatidan bu davrni oʻrganish imkoniyati, masalan, temuriylar davlatchiligi tarixini oʻrganishdan koʻra osonroq edi. Nazarimda, bu mavzuga jiddiy qoʻl urilmayotganining bir sababi hamon Rusiya bilan qalin va yaqin aloqalarning saqlanib kelayotganida boʻlsa kerak. Ruslar milliy qahramon deb sanaydigan general Skobelev Fargʻona vodiysini qonga botirgani, qardosh turkmanlarni qirgʻin qilgani haqida gapirsak, yozsak, goʻyo, ruslar xafa boʻlib qoladiganday tutamiz oʻzimizni. Biz tariximizdan xulosa chiqaraylik, ular ham oʻzining kimligini bilsin, degan oddiy va mantiqli fikrga kelmaymiz.
Afsuski, hayotda buning aksini koʻrib turibmiz. Oʻzidan oʻn barobar kuchli dushmanga qirq yil qurolli qarshilik koʻrsatgan xalqimizning qahramonligi na tarix kitoblarimizda, na badiiy asarlarda oʻzining munosib bahosini oldi. Aksincha, magʻlubiyatda nuqul oʻzimizni ayblaymiz, xolos.
Misol kerakmi? Yaqinda internetni kavlab oʻtirsam, yutub tarmogʻida “Qahvali suhbatlar” degan bir koʻrsatuvga duch keldim. Suhbatga ekspert sifatida taklif etilgan yosh tarixchi olim Turkistonning ruslar tarafidan ishgʻol qilinishi haqida gapirayotgan ekan. Shunisiga qiziqdim. Lekin olgan taassurotim yigʻlatgudek boʻldi. Nima emish, Zirabuloq jangidan soʻng Buxoro amiri shataloq otib qochgan, hatto, amirlikdan ham voz kechib, oʻrnini ukasiga boʻshatib bergan emish. Bosqinchi general fon Kaufman, qani, endi Buxoro bilan sulh tuzaylik, desa, qaltirab-titrab yangi amir kelganmish. Yarim podsho Kaufman men bu amirni tanimayman, tan ham olmayman, menga amir Muzaffarni topib keltiringlar, deganmish. Nihoyat, amir Muzaffarni topib kelishsa, u kela solib, fon Kaufmanning oyogʻiga yiqilganmish, general uni qoʻltigʻidan olib turgʻazib, men sizning oldingizda tiz choʻkishim kerak, chunki siz oliynasab hukmdorsiz, men bir oddiy soldatman deganmish...
Xullas, shunaqa tariximizga bepisand, noilmiy yondashuv. Yovqur bobolarimiz qolib, manfur dushmandan qahramon yasash illati hamon davom etmoqda.
Biroq hammaga maʼlum boshqa bir haqiqat ham bor. Yaʼni, bu jang general Kaufman uchun magʻlubiyatga teng gʻalaba boʻlgan. Shu jangdan soʻng rosa ellik yil davomida ruslar Buxoroga qurol bilan bostirib kirishga jurʼat qilmadi, Buxoro amirligi nisbiy boʻlsa-da, mustaqilligini saqlab qoldi.
Bobolarimiz shamolga emas, boʻronga qarshi tupurishni ham uddaladilar, ammo afsuski, hayotning odamdan, hatto, millatlardan ustun qonunlari bor. Shu qonunlarni anglab yetolsak, bundan buyogʻiga boʻyin egishni emas, ulardan foydalanishni ham uddalaydigan darajaga yetishamiz.
Meningcha, bu davr haqida gapirish va yozishning muddati allaqachon yetishdi, hatto, oʻtib ham ketmoqda. Kim edig-u kim boʻldik, degan savolni har kuni oʻzimizga bermasak, unga har kuni javob aytmasak, milliy oʻzligimiz xavf ostida qoladi. Mustaqil davlatimizni qoʻrgʻon qilib oʻrab olarmiz, ammo qoʻrgʻon ichida oʻzini bilmagan qoʻrqoqlar oʻtirsa, qoʻrgʻonni oʻrab olgandan naf yoʻq.
Musulmon NAMOZ
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q