Yaqin kunlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopildi” degan gap ziyolilar va keng jamoatchilikning muhokama mavzusiga aylandi. Oyina.uz Adabiyot muzeyining taqdiriga befarq boʻlmagan millat ziyolilarining munosabatini berib boradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyini koʻchirish haqidagi xabarlarga koʻzim tushdi. Shukur Jabborning aniq faktlarga tayanib yozilgan maqolasini oʻqib, chuqur oʻyga toldim. Unda oʻrtaga tashlangan masala – muzeyni saqlab qolish, uning kelajak taqdiri qanday boʻlishi va koʻchirish bilan bogʻliq shoshqaloq qarorlar ortidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan jiddiy xavf-xatarlar har qanday maʼrifatli insonni tashvishga soladi. Mavzu yuzasidan fikr bildirgan Jabbor Eshonqul esa “Illat izlaganga illatdir dunyo, Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” baytini keltiribdi. Nazarimda, ushbu vaziyatda bu kabi fikrlash masalaning asl mohiyatini butunlay boshqa tomonga burishga urinishdir. Axir, hali binosi qurib bitkazilmagan joyga mavjud muzeyni koʻchirish haqida gap bormoqda. Eng achinarlisi, bu noyob ashyolarni, bebaho kitoblarni, olimlarning qoʻlyozmalari va arxivlarini vaqtincha saqlash uchun Islom sivilizatsiyasi markazi omboriga joylashtirish taklif etilmoqda. Mavjud milliy boyliklarimizni bunday xavf ostiga qoʻyish – aqlga sigʻmaydigan darajadagi tahlikali tadbir. Birlamchi yoʻlning oʻzidayoq qancha talafot yetishi mumkin ularga...
Bu voqealar ancha yoshni qoralab qoʻygan, sovet tuzumining achchiq saboqlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan hamda oʻsha davr voqealaridan yaxshi xabardor bir inson sifatida xotiramda muhrlanib qolgan oʻtmish manzaralarini uygʻotib yubordi. Tarix qaytarilishidan, bebaho merosimizdan ayrilib qolishdan qoʻrqaman. Shuning uchun oʻtmishda yoʻl qoʻyilgan mana shunday xatolarni eslash va bugungi avlodga oʻsha achchiq faktlarni bir-bir sanab oʻtishni oʻzimning burchim deb bildim.
Dilorom Karimova
Oʻtgan asrning 70-yillarida “Hamza” teatri (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatri) yangi binoga koʻchirildi. Unga qadar teatr mening yoshligim oʻtgan Xadra maydonida, “Vatan” kinoteatri oʻrnida faoliyat yuritardi. Bugungi yoshlar “Vatan” kinoteatrining qanday boʻlganini tasavvur ham qila olishmaydi, vaholanki, u nihoyatda goʻzal, Rim meʼmorchiligi anʼanalariga monand arxitektura negizida qurilgan bino edi. Zinalarda tepaga koʻtariladigan muhtasham fasadi yaxshi saqlangan, faqat ichki qismi biroz taʼmirga muhtoj edi, xolos. Oʻsha paytlarda bolalik xotiramda muhrlanib qolgan bir bahs esimda: binoning betakror fasad (peshtoq) qismini saqlab qolgan holda, orqa tomonini rekonstruksiya qilish masalasi oʻrtaga tashlangandi. Biroq shoshma-shosharlik bilan qilingan qaror tufayli bino butunlay buzib tashlandi va oʻrniga yangi teatr barpo etildi...
“Vatan” kinoteatri
Institutni tamomlagach, aynan shu “Hamza” teatrida faoliyat boshlaganman. Tan olish kerak, oʻsha davrda qurilgan bino teatrning barcha talablariga, spektakl qoʻyish qonuniyatlariga toʻliq javob berardi. Fasadidagi teatr sanʼati timsollari va ichki arxitekturasi tomoshabinni sehrli bir dunyoga tayyorlar, zal sahna bilan oʻzgacha muhit yaratardi. Ammo koʻp oʻtmay, shunday bir davr keldiki, shahardagi barcha yirik binolar oʻsha paytdagi oliy rahbarning shaxsiy didiga, uning Rim va Italiya uslubiga, yaʼni muhtasham ustunlar-u dabdabalarga boʻlgan ishqibozligiga moslab oʻzgartirildi.
“Hamza” teatri
Oqibatda Toshkentda bir-biriga egizakdek oʻxshash, milliylikdan yiroq binolar koʻpayib ketdi. Afsuski, bu “did” “Hamza” teatrini ham chetlab oʻtmadi. Bugun bu bino teatr maskani emas, koʻproq hashamatli majlislar zalini eslatadi. Ichkariga kirsangiz, teatr ruhini his qilmaysiz: tepada yorqin va bulutlar tasviri tushirilgan oppoq shift, chiroqlar oʻchganda ham zaldagi qorongʻilikni oʻgʻirlaydigan ortiqcha jilo... Sanʼat qonuniyatiga koʻra, tomoshabin oʻtiradigan zal qorongʻilikka choʻmishi, butun diqqat-eʼtibor esa yorugʻ sahnadagi voqealarga qaratilishi lozim. Hozirgi teatrda, goʻyo minbardan kimdir maʼruza qilayotgan rasmiy majlislar zalida oʻtirgandek his qilasiz oʻzingizni. Shaxsan menda har safar shunday ogʻriqli taassurot uygʻonadi.
Yana bir misol – Davlat Satira teatrining tashkil etilishi bilan bogʻliq. Oʻtgan asrning 80-yillarida, teatr binosi haqida hali loyiha ham yoʻq bir paytda, oʻsha paytdagi rahbariyat, xususan, Raʼno Abdullayevaning qatʼiy tashabbusi bilan ushbu teatr tashkil etildi. Qogʻozda teatr bor, lekin amalda uning na sahnasi, na oʻz binosi bor edi. Natijada bechora aktyorlarimiz oʻn yildan ortiq vaqt davomida sargardonlikda hayot kechirishdi. Doimiy safarlar, tinimsiz gastrollar... Xuddi oʻtmishda sayyor masxarabozlar qishloqma-qishloq, shaharma-shahar aravada tomosha koʻrsatib yurgandek, oʻzbek satirasining eng yorqin namoyandalari ham koʻchmanchi hayotga mahkum etildi. Nihoyat yaqinda teatrga yangi bino qurib topshirildi, biroq ungacha qancha-qancha isteʼdodli aktyorlarimiz ushbu baxtni koʻrolmay, armon bilan oʻtib ketdi, qanchadan-qancha durdona asarlar keng tomoshabin eʼtiboridan chetda qolib ketdi. Binoni tayyorlamay turib, ijodiy jamoani koʻchaga haydashning badali mana shunday ogʻir boʻladi.
Hozirgi O‘zbekiston Davlat Satira teatri
Bolaligim bilan bogʻliq boʻlgan yana bir muqaddas maskan – Chorsu dahasidagi, hozirgi goʻsht bozorining yaqinida joylashgan Tabiat muzeyi edi. Bu shunchaki eksponatlar yigʻindisi emas, chinakam sanʼat asari darajasida yaratilgan jonli dunyo edi. Muzey pavilyonlariga qadam qoʻygan inson oʻzini goʻyo butun yer yuzini sayr qilgandek his etardi: sahrolar, tundralar, oʻrmonlar, Afrika va Amerikaning yovvoyi tabiati oʻsha yerda qaytadan gavdalantirilgandi. Masalan, tropik oʻrmonlar burchagidagi ulkan daraxtlarning har bir bargi yuksak mahorat bilan shoxlarga biriktirilgan ediki, ularni tirik daraxtdan farqlash qiyin edi. Hayvonlar tabiiy holati va oʻz iqlimiga mos muhitda joylashtirilgandi: fil, yoʻlbars, arslon, kiyik, timsohlar oʻz makonida turgandek tasavvur uygʻotardi.
Gulnora Karimovaning davrida mana shu betakror sanʼat maskani yer bilan yakson qilindi. Bir kuni oʻsha yerdan oʻtayotib, muzey hovlisida tuproqqa qorishib yotgan daraxtlarni koʻrib yuragim ezildi. Vaholanki, oʻshanda ham jamoatchilikning eʼtirozlariga javoban: “Biz buni yoʻq qilmaymiz, shunchaki boshqa joyga koʻchiramiz, binoning joyi oʻzgaradi, xolos” degan vaʼdalar berilgandi. Lekin men oʻz koʻzim bilan koʻrgan haqiqat – loyga qorishgan tarix va tuproqqa aylangan mehnat edi. Muzey oʻrnida esa bugun zamonaviy tadbirkorlik majmuasi (biznes-markaz) qad rostlab turibdi.
Oʻsha davrdagi asossiz tashabbuslar qurboniga aylangan maskanlardan yana biri – oʻzim tahsil olgan, 1945-yilda asos solingan muqaddas Teatr instituti (hozirgi O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti) boʻldi. Bu dargoh oʻzbek sanʼatining buyuk siymolarini tarbiyalagan, milliy madaniyatimizning oltin poydevori edi.
Uning muhtasham, moʻjazgina, nihoyatda chiroyli binosi bor edi. Eng asosiysi – u yerdagi oʻquv teatri va sahnasi boʻlib, har qanday mukammal spektaklni sahnalashtirish imkonini beradigan professional mexanizmlar, aylanma doira, pardalar va maxsus yorugʻlik moslamalari bilan jihozlangandi. Akustikasi (tovush aks-sadosi) shu darajada mukammal ediki, qadimgi Yevropa va rus teatrlarining eng sara binolarini eslatardi. Shuningdek, parda ortidagi grimxonalar, boy liboslar ombori – barchasi bir boʻlib talaba va pedagoglarning erkin ijod qilishi uchun butun bir tizimni tashkil qilardi. Afsuski, bu yerni ham hech bir izoh va tayyorgarliksiz buzib tashlashdi. Institutni esa hali yangi bino qurilmasdan turib, "Glinka" koʻchasidagi moslashtirilmagan, oddiygina majlislar zaliga ega binoga vaqtincha joylashtirishdi. Oʻnlab rejissyor va aktyorlar avlodi professional teatrdan yiroq boʻlgan oʻsha rasmiy majlislar zalida spektakl oʻynab, oʻqishni tamomlashga majbur boʻldi.
Institut buzib tashlanganidan soʻng, oradan deyarli yigirma yilga yaqin vaqt oʻtibgina shahar chekkasida yangi bino qurib berildi. Ammo oʻtgan yillar davomida yoʻqotilgan ilmiy poydevor, dars qoldirgan ijodiy muhit va professional sharoitlarning oʻrnini kim toʻldiradi?
Bular – makoni tayin qilinmasdan, aniq rejasiz koʻchaga haydalgan milliy merosimizning ogʻriqli sahifalaridir. Bugun ham tarixiy qarorlar qabul qilishda mana shu oʻtmish saboqlarini unutishga haqqimiz yoʻq.
Maʼnaviyatimiz uchun tuzatib boʻlmas yoʻqotishlardan yana biri, shubhasiz, “Turon” kutubxonasi boʻlgan. Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon kabi jadid bobolarimizning izi qolgan, Naim Karimov kabi olimlarimiz asrab qolish uchun jon kuydirgan “Turon” kutubxonasi binosining buzilishi tariximizga berilgan ogʻir zarba boʻldi. Bu maskan nafaqat meʼmoriy yodgorlik, balki milliy uygʻonish ramzi edi.
Chindan ham Toshkentning tarixiy Chorsu mavzesida joylashgan eski “Turon” kutubxonasi shunchaki meʼmoriy yodgorlik emas, millatimiz fojiasi va oʻtmishidan soʻzlovchi tirik xotira edi. Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi jadid ziyolilarimiz, xalqimizning oydinlari uning zinalardan yurib, shu maskanda millat taqdiriga daxldor qancha islohotlar qilgandi. Afsuski, bu tarixiy xotira ham, meʼmoriy meros ham asrab qolish uchun qilingan barcha harakatlarga qaramay, shafqatsizlarcha yakson qilindi.
“Turon” kutubxonasi
Biroq eng dahshatli fojia keyin yuz berdi: Jadidlar haqida yozayotgan kitobimga manba qidirib kutubxona koʻchirilgan yangi joyga bordim. Kartotekada nomi turgan kitoblarni soʻraganimda, xodimlar xijolat boʻlib: “Kutubxonani koʻchirish jarayonida yoʻqolgan boʻlsa kerak...” degan javobni berishdi. Mana haqiqiy fojia! “Turon” kutubxonasining nomiga munosib biror muhtasham maskan barpo etilmasdan turib, kitoblarning qoʻlma-qoʻl, uydan-uyga koʻchirilishi oqibatida tariximizning oltin sahifalari yoʻqoldi yoki kimlarningdir qoʻlida ketdi. Bu shunchaki eʼtiborsizlik emas, millat maʼnaviyatiga qarshi qilingan eng katta jinoyatlardan biridir.
Pushkin bogʻi yaqinida joylashgan moʻjazgina Yosh tomoshabinlar teatri koʻplab yurtdoshlarimiz qatori mening ham bolaligim, sanʼat va teatrga boʻlgan ilk muhabbatim shakllangan muqaddas dargoh edi. Shuningdek, bino shunchaki teatr emas, oʻz davrida jadidlar yigʻilib, muhim ijtimoiy masalalarni muhokama qilgan tarixiy maskan edi.
Yosh tomoshabinlar teatri
Afsuski, bolalar uchun munosib, zamonaviy teatr binosi qurilmasdan turib, bu maskan ham osongina buzib tashlandi. Teatr jamoasini esa Abay koʻchasidagi sobiq majlislar zaliga koʻchirib qoʻyishdi. Sanʼat ahli oʻsha rasmiy nutqlar uchun moʻljallangan noqulay zalda ijod qilishga majbur qoldi. Biz esa bir butun teatr tarixining yoʻq boʻlishiga shunchaki guvoh boʻlib qolaverdik.
Yaqinda Sayilgoh koʻchasidagi sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosining buzib tashlanishi esa aqlga sigʻmaydigan ish boʻldi. Bu bino tuppa-tuzuk, mustahkam qurilgan arxitektura namunasi boʻlishidan tashqari, tariximizning eng qora, ayanchli va qatagʻon kunlarini eslatib turuvchi tirik yodgorlik edi. Tarixiy manbalarga koʻra, uning dahshatli yertoʻlalarida Sovet zamonida qanchadan-qancha millat oydinlari, ziyolilarimiz sudsiz-soʻroqsiz qiynoqqa solingan. Shuningdek, u yerda oʻsha davrga oid minglab maxfiy hujjatlar saqlanar edi. Bugun u hujjatlar qayerda, bino nima maqsadda yoʻq qilindi? Ushbu maskan oʻrnida navbatdagi dabdabali mehmonxonani qurish oʻrniga, oʻsha yertoʻlalarni saqlab qolib, muzey tashkil etish maʼnaviy burchimiz emasmidi? Kimlarning xayoliga keladi bunday qarorlar va nima maqsadda qilinadi? Oddiy fuqaro va ijodkor oʻlaroq, men faqat mana shu achchiq faktlarni koʻrib, munosabat bildira olaman, xolos, afsuski.
Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi
Turkiyada boʻlganimda bir narsadan hayratlanganman: u yerda imperiya saroylari hovlisidagi asriy, hatto mutlaq qurib qolgan daraxtlarni ham shunchaki kesib tashlashmaydi. Qurigan shoxlarini tozalab, oʻsha davr guvohi, tarixiy yodgorlik sifatida asrab-avaylashadi, tagiga nechanchi yildan beri yashayotganini yozib qoʻyishadi. Hatto ajdodlardan qolgan tosh yotqizilgan koʻhna yoʻlaklar ham daxlsiz saqlanadi.
Bizda-chi? Goʻyo faqat buzish, oʻrniga esa bir xil qolipdagi ruhsiz “katak-katak” uylar, dabdabali restoran va mehmonxonalar qurish poygasi ketayotgandek. Baʼzan bugungi Toshkentga qarab, shahar ulkan bir yemakxonaga aylanib borayotgandek xavotirga tushadi odam. Hammayoq restoran, toʻyxona va kafelardan iborat boʻlib qolayotgandek goʻyo... Bu narsalar odamni tashvishlantiradi. Toʻgʻri, taraqqiyotga, yangilanishga qarshi emasmiz. Lekin qani oʻsha munosib maʼnaviyat maskanlari? Afsuski, bugun qadriyat hisoblangan deyarli har bir obida oxir-oqibat navbatdagi biznes obyektiga aylanib borayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Bu esa shunchaki shaharsozlik masalasi emas, balki jamiyat maʼnaviyati va qadriyatlarining tijoratlashib borayotganidan dalolatdir.
Alqissa, munosib yangi bino tayyor boʻlmasdan turib Adabiyot muzeyini koʻchirish ham mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Agar maqsad haqiqatan ham eksponatlarni asrash boʻlsa, bino toʻliq bitgandan keyin ularni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirish mumkin edi-ku! Nima uchun oʻrtada aylanma yoʻllar qidirilmoqda?
Turon kutubxonasi kitoblari kabi, muzey eksponatlari ham qoʻlma-qoʻl boʻlib, vaqtincha u yerga, vaqtincha bu yerga tashlanar ekan, undagi talofatlar, yoʻqolishlar muqarrar. Moddiy manfaat, pul va markazdagi qimmatbaho yerga ega boʻlish ishtiyoqi ustun kelganda – millatning qadri, obroʻsi va boyligining qadri qolmaydi. Binolarni yillar davomida taʼmirlanmaganini bahona qilishadi. Unday boʻlsa, nima uchun oʻz vaqtida taʼmirlab, oʻquvchilar, olimlar qatnaydigan maskanga aylantirilmadi?!
Binoning devoriy rasmlari, rassomlarimiz yaratgan monumental asarlarni qanday koʻchirishadi? Bu shunchaki aldov va oʻsha joyda navbatdagi biznes-markazni qurish uchun oʻylab topilgan bahona, nazarimda.
Shukr Jabborov kabi millatparvar insonlar bu mavzularda bong urib maqolalar yozmoqda. Ammo qani bizning qolgan olimlarimiz, yozuvchilarimiz? Ziyoli kim oʻzi? Ziyoli – oʻz millati madaniyatini, yurti boyligini joni, aqli, hayoti bilan asrab qolishga safarbar qilingan insondir. U fojialarga shunchaki chetdan qarab turuvchi tomoshabin emasdi-ku! Xudo haqqi, millat ishonadigan ziyolilarimiz bormi bugun?!
Xalqimizning milliy masalalarda qanchalik birlasha olishini bundan besh-olti yil oldingi til muammosi atrofidagi toʻpolonlarda ham koʻrgan edik. Oʻshanda ayrim rusiyzabon hamshaharlarimiz, hatto el tanigan baʼzi sanʼatkor va balerinalarimiz “Men oʻzbek tilini bilmasam, shifokorlar retseptini qanday oʻqiyman, qanday yashayman?” degan asossiz vajlar bilan yurtimizda ikki tillilik joriy etilishini talab qilib chiqishgandi. Oʻx-xoʻ, oʻshanda xalqimiz qanday junbushga kelgandi! Olimlar, ziyolilarning soʻzi qanchalik ulkan kuchga ega ekanini oʻshandagi til kurashlarida koʻrgandik.
Nariroqni, Oʻzbek tiliga davlat tili sifatida yagona maqom berilishi atrofida yuz bergan bahslarni eslaylik. Oʻshanda ayrim tashqi siyosiy kuchlar va ichimizdagi “beshinchi kolonna” mamlakatda ikki tillilikni joriy etishga urinishgandi. Biroq oʻzbek tili sohasidagi jonkuyar olimlarimiz, tilshunoslarimiz oʻzlarining salmoqli, ilmiy asoslangan mantiqiy fikrlari bilan maydonga chiqishdi. Millatimiz oʻz ona tili himoyasiga qalqon boʻldi va natijada konstitutsiyamizda oʻzbek tilining yagona davlat tili sifatidagi maqomi saqlab qolindi. Bu – ziyolilarimiz va xalqimiz birdamligining buyuk gʻalabasi edi! Xoʻsh, nega bugun tariximiz yoʻq qilinayotganda, burchak-burchakda koʻkka boʻy choʻzayotgan ruhsiz uylar madaniy merosimizni “yutib” yuborayotganda ziyolilarimiz jim turibdi? Biznesingizni qilavering, ammo nega aynan tarixiy maskanlarimizga koʻz olaytirasiz, demayapti?
Bugun davlatimiz rahbari ijodkorlar, ilm va sanʼat ahliga cheksiz ehtirom koʻrsatyapti, mukofotlar bilan siylayapti. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – jamiyatda maʼnaviyat ildizlarini asrash, davlat va millat tayanchiga aylanadigan chinakam ziyolilar qatlamini shakllantirishdir. Chunki mamlakat poydevorini, uning ertangi kunini aynan mana shu uygʻoq fikr egalari himoya qiladi. Ammo bugun mukofot va ordenlarni taqib olganlar nega millat dardi va tarixi poymol qilinayotganda jimgina tomoshabin boʻlib turibdi? Shu oʻrinda tarixning bir achchiq sabogʻi esga tushadi:
“Boburiylar sulolasining soʻnggi hukmdori Bahodirshoh ingliz bosqini xavfi arafasida vaziri bilan maslahatlashadi. Vazir unga: – Siz vaqtida haqiqiy ziyolilarning gapiga quloq tutishingiz kerak edi, – deydi. Shoh hayron boʻlib: – Mening atrofim toʻla olimlar, shoirlar va yozuvchilar-ku! – deya saroy ahlini koʻrsatadi. Shunda jasur vazir haqiqatni aytadi: – Yoʻq, bular ziyolilar emas, bular – ziyonlilar! Ular faqat oʻz choʻntagini qappaytirish, shohga yoqadigan gaplarni gapirish va maddohlik bilan band. Millat taqdiri ularni qiziqtirmaydi...”
Koʻp oʻtmay, buyuk saltanat boy beriladi, Hindiston yuz yildan ortiq vaqt mobaynida mustamlakaga aylanadi.
Agar bugun biz ham loqaydligimiz, qoʻrqoqligimiz va sukutimiz bilan milliy merosimiz buzilishiga jim qarab tursak, oʻsha “ziyonlilar”ga aylanib qolmaymizmi? Millatimiz fikriga mushtoq turadigan katta shaxslarimiz, ziyolilarimiz bor, ular bunday maʼnaviy vayronagarchilikka yoʻl qoʻymasliklari shart. Chunki shu paytgacha poytaxtda buzilgan tarixiy binolarimiz oʻrniga ulardan-da goʻzalroq yoki foydaliroq biror maʼrifat maskani barpo etilmadi. Aksincha, faqat banklar, hashamatli mehmonxonalar, restoranlar va biznes-markazlar qad koʻtardi. Biz esa tariximiz, xotiramiz va milliy oʻzligimizdan ayrilib qolaverdik.
Tarixiy obidalarni va maʼnaviy merosimizni faqatgina gʻisht va poydevor deb bilish – millat oʻzligini, uning tirik xotirasini inkor etishdir. Turon kutubxonasi, Yosh tomoshabinlar teatri, sobiq MXX binosi kabi oʻtmish guvohlarining buzib tashlanishi hamda munosib bino tayyor boʻlmasdan turib muzeylarning shoshilinch koʻchirilishi oqibatida noyob kitoblar, tarixiy eksponatlar va devoriy asarlarning yoʻqolishi jamiyatimiz uchun chuqur maʼnaviy fojiadir. Biz esa yana bir maʼnaviy fojiaga tomoshabin boʻlmasligimiz – Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyni asrab qolishimiz kerak!
Dilorom KARIMOVA,
Oʻzbekiston xalq artisti
Nargiza Odinayeva yozib oldi.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q