Yarim asr avval ustoz G‘aybulla Salomov yozgan bir ilmiy maqola ichida “Triotezis va... trio-antitezis” degan kichik sarlavha bor edi. Domla unda bir professorning uch g‘oya-tezisini inkor qilib, uch antitezis taqdim etgandi. Oradan shuncha vaqt o‘tgach, kamina ham shu chiroyli nomdan foydalanib, bu zamonda g‘oyat urf bo‘lgan uch aqida yuzasidan mulohazalarimni bayon etmoqchiman.
Bu g‘oyalar bir mahal millatning ulug‘ rahnamolari tomonidan olg‘a surilgan va o‘z vaqtida dolzarb edi, ammo hozir sharoit boshqa. Ilm-fan ham, ijtimoiy qarashlar ham bitta fikrni mahkam tutib olib, o‘shani alqab, boshqa har qanday nuqtayi nazardan “muhofaza” qilganda emas, aksincha, milliy manfaat yo‘lida aytilgan turli mulohazalarga yo‘l berganida ko‘proq ravnaq topadi.
O‘zgacha nuqtayi nazarlarga jamiyatda doim ehtiyoj bor.
Yana, uzrxohlik bilan aytib o‘taylikki, bu uch munosabat muayyan bir muammo tevaragida bo‘lmay, bir-biridan ozmi-ko‘p olisroq sohalarga oid.
Bizga nechta til kerak?
Hamma o‘rganib qolgan, shior maqomidagi g‘oyalardan biri – maktabda bola ko‘p tilni o‘rganishi kerakligi haqidadir. Hamma joyda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizga ikki emas, to‘rt til lozim” degani, Is’hoqxon Ibratning “Lug‘ati sitta alsina” (“Olti tilli lug‘at”) tuzgani yoki Beshinchi Karlga nisbat beriladigan “Nechta til bilsang, shuncha odamsan” aforizmi keltiriladi. Bolalar ko‘p tilni, ayniqsa, xorijiy tillarni bilishi shart deb uqtiriladi. Bu – birinchi tezis.
Shunga ko‘ra, maktabda uchta – o‘zbek, rus va yana bir xorijiy til (asosan – inglizcha) o‘qitilyapti. Rus maktablarida – rus, o‘zbek va ingliz tili. Qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz va turkman tilli maktablarimizda esa to‘rtta til – o‘sha elning o‘z ona tili, o‘zbek (davlat) tili, xorijiy til va rus tili taqdim etiladi. Xo‘sh, Qoraqalpog‘istondagi qozoqcha maktablarda-chi? Ona tili bo‘lgan qozoqcha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tili hisoblangan qoraqalpoq, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tili, ana undan keyin rus, ingliz tillari... naqd beshta til bo‘ladimi?
Antitezisga o‘tsak.
Bola, boshi aylanib ketmay, shuncha tilni erkin egallab olaveradimi? Yo‘q, albatta. Mutlaqo! Xosho va kallo!
Rossiyadagi rus maktablarida ikkita: rus va yana bir xorijiy til o‘qitiladi. Albatta, bularning har biri uchun dars soatlari ko‘proq, demak, til o‘rganish osonroq kechadi. Bir necha tilni baravar o‘rganish – to‘rtta-beshta quyonni quvish kabi mushkul.
G‘alati dilemma: biz iste’dodli, qobiliyati zo‘r o‘quvchilarni, “bo‘ladigan bola boshidan” deya ajratib, ixtisoslikka yo‘naltirib, chuqur ta’lim bermoqchimiz. Va ayni choqda daqqiyunusdan qolgan yoppachilik kasali ham avjida. Isbot deysizmi? Yodingizda bo‘lsa, uch-to‘rt yil avval barcha maktab o‘quvchilari musiqa chalishni o‘rganishi shart, hamma ta’lim dargohlari cholg‘ular bilan ta’minlanadi, deb qaror chiqqan edi. Biroq... har bir bola musiqaga uquvli bo‘lib tug‘ilmaydi-ku? Nega hamma musiqa chalishi kerak?.. Oqibat, bu tashabbus ora yo‘lda qoldi.
Bir necha tilda so‘zlashish ham musiqiy qobiliyat kabi xislat – hammaga nasib etavermaydi. Bamisoli shogird bir vaqtning o‘zida ham etik tikish, ham novvoylik, ham bog‘bonlik, ham asalarichilikni emas, shuning bittasini o‘rganganidek. O‘zga tillarni qo‘yaturing, hatto o‘z ona tilini ham barcha bola birday yaxshi bilmaydi. Shu holda bir necha tilni tiqishtirish uning bor uquvini ham yo‘qqa chiqarmaydimi?
Aksar poliglotlar bir tilni yaxshi bilib olganidan keyin boshqasini o‘rganishga o‘tar ekan. Birvarakayiga bir necha tilni “shimirish” samarali metod emas. Hindistonda hindchadan tashqari ingliz tili o‘qitiladi, ammo ingliz tili – ikkinchi ona tilimiz, deya uchinchi lison o‘rgatilmaydi. Nega endi biz ham ruschani, ham inglizchani yuklaymiz bolaning boshiga? Bu pedagogika qoidalariga ham zid-ku!
Ko‘p til bilgan yaxshi. Lekin hamma – har bir odam bir necha xorijiy tilni bilishi shart emas, lozim ham emas. Eng yomoni, chet tilini zo‘r o‘rganish majburlansa, bola o‘z ona tilini unutishi mumkin. Ya’ni o‘zganiki deb o‘ziniki qurbon etiladi.
Har bir odam – bir millat vakili. Milliylik uning mohiyati, unikal identifikatsiyasi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda ana shu noyoblikni saqlashga e’tibor qaratiladi. Chunki har bir kishi o‘z ona tilining stixiyasi ichida yashaydi, o‘sha tilda so‘zlaydi va fikrlaydi. Til bilan tafakkur bir narsa – kishi ona tilini qancha yaxshi bilsa, uning tafakkur dunyosi shuncha keng, teran bo‘ladi. Ammo bizda buning aksi: ilgari rus tili ikkinchi sinfdan, xorijiy til esa beshinchi sinfdan o‘qitib kelingan. Endi esa, buyam kam ko‘rinibdi shekilli, o‘zbek, ingliz va rus tili birvarakayiga birinchi sinfdan o‘qitilyapti. Chunki qaysiyam bir donishmand, to‘rt-yetti yoshida bola bir necha tilni egallashga qobil-u moyil bo‘ladi, deya “marhamat” qilganmish.
Ingliz tili vatanida chet tillar qanday o‘qitilishini bilasizmi? Angliyada xorijiy til faqat 7-sinfga kelibgina qo‘shiladi, ammo uni o‘rganish ixtiyoriy. Uchinchi til o‘qitishga esa umuman yo‘l qo‘yilmaydi. AQShda xorijiy til o‘rgatish maktab dasturiga kiritilmagan.
Eng boy va ilg‘or davlatlarning xalqi – eng ko‘p til biluvchi xalq emas. Aksincha. Fransiyada faqat 57 foiz maktablardagina xorijiy til o‘qitiladi, xitoyliklar chet tilini bilishda dunyoda 68-, yaponlar 80-o‘rinda, italyanlar esa ulardan ham orqada. Bas, ma’lum bo‘ladiki, milliy taraqqiyotning sharti – bir necha tilni bilishda emas ekan. Gapning po‘skallasi, ilg‘or yurtlarning hech biri yoshlar chet tilni ko‘p o‘rgangani sababli taraqqiy etgan emas.
Xo‘sh, bizdagi til ta’limining natijalari qanday?
Bolalarda o‘z ona tili – o‘zbek tilini bilish darajasi tushib ketyapti. Chunki birinchi sinfga qatnaydigan, maktabdan so‘ng uyini topib kelishi ham qiyin bo‘lgan jujuq bir emas, uchta tilni o‘rganishga majbur. Aslida, u hali ona tilida bir amallab gapiradi, u yog‘ini so‘rasangiz. Bunaqa “aqliy shturm”ning nafidan ko‘ra ziyoni ko‘proq bo‘lmasmikan? Yana, rus va ingliz tili darslari uchun bu soatlar asosan o‘zbek tili hisobidan olib beriladi. Ya’ni bolaning ona tilini bilish darajasi o‘smay qoladi. Biz til bilish deganda test savollariga javob berib, ball to‘plashni emas, biron voqeani chiroyli bayon etib qog‘ozga tushira olish, madaniyatli odam bo‘lib gapirish kabi birlamchi talablarni ko‘zda tutyapmiz.
Olimlarning aniqlashicha, ko‘p tilni biladigan poliglot odamlar ikki toifa bo‘larkan: birinchisi – bir necha tilda yengil mavzularda shaldiratib gapira oladi, afsuski, ular o‘sha tilni chuqur bilmaydi; ikkinchi toifa esa o‘zga tillardagi badiiy va ilmiy asarlarni ko‘p o‘qiydi, teran tushunadi. Ammo bu keyingi guruhga mansub aksar kishilar o‘sha chet tillarda yaxshi gapira olmas ekan.
Bizning maqsad – qaysi sohada bo‘lmasin, malakali mutaxassis yetishtirish
bo‘lishi kerak emasmi? Ishni yaxshi bilgan ustaga, u duduq, hatto soqov bo‘lsa ham, mijoz yopirilib keladi. O‘nta til bilsangiz-u, topshirilgan ishni eplay olmasangiz, firma sizdan voz kechadi. Demak, maorifning vazifasi poliglot tayyorlash emas, balki bilimli yoshlarni yetishtirish bo‘lmog‘i kerak. Yoshlari ko‘p til bilgani sababli o‘ta rivojlangan mamlakatlar bo‘lsa, uni ayting. Shaxsiy sohada ham, biron poliglot – azbaroyi ko‘p til bilgani vajidan ilm-fanda yo boshqa sohada olamshumul yutuqqa erishganini bilmayman. Buyuk olimlar, asosiy ishidan tashqari, ehtiyoj sezib boshqa tillarni o‘rganishi bu – boshqa gap.
Yana maktabga qaytsak. Unda nechta til o‘qitilsa ham, bu fanga ajratilgan dars soatlarining asosiy qismi ona tili ta’limiga berilishi durust. O‘z tilini yaxshi bilmay, uni dildan his qilmay o‘sgan bola millatiga kuyunish, vatani yutuqlariga suyunish hissini qayoqdan olsin?
Kamina istiqlolning dastlabki yillarida endi o‘zbekchilikka keng yo‘l ochiladi, ona tilimiz ravnaq topadi, taraqqiyotning milliy yo‘liga tushamiz, deb umidlangan edim. Unday bo‘lib chiqmadi: globallashuv o‘pqoniga boshimiz bilan sho‘ng‘ib kirib ketdik. Va ajabki, o‘z ixtiyorimiz bilan shunga intilyapmiz, go‘yoki o‘zbekchilikni tezroq tark etib, undan uzoqlashmoqchimiz. Bolalar ko‘p til o‘rgansin, deyish ana shu yo‘ldagi eng “beozor”, ammo eng xavfli chaqiriq, aslida.
Kamina Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Biz turkistoniylarga turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozim”, deb bundan bir asr va bir muchal avval aytgan so‘zlarini inkor etish niyatim yo‘q. Ammo u davrda boshqa tillarni o‘rganish asnosida o‘zbek tilini boy berish xavfi yo‘q edi. Bugun esa bunday xavf – aniq mavjud.
Ma’rifatparvar otalarimizning so‘zlari mag‘zini chaqish uchun salkam bir asr kerak bo‘ldi. Ular, dunyodan bexabar yuravermaylik, kamida to‘rtta tilni bilaylik, deb bong urgan. Ammo ular bugungi holatni ko‘rganida, bolalar ona tilimizdan uzoqlashyapti, bu ketishda uning o‘zbekligi ketadi, bola avvalo o‘zbek tilini yaxshi bilib olsin, boshqa tillarni majbur o‘rgatish ularni ona tilidan uzoqlashtiryapti, deb tashvishlangan bo‘lar edi, menimcha.
Zotan, maqsad – o‘zbek elini bilimli, ma’rifatli xalqqa aylantirmoq. Ilgariyam bir navi edi, ammo taajjubki, mustaqillikka erishib, milliylikka yo‘l ochilganidan so‘ng tug‘ilganlarning tilini hakka cho‘qib ketganini ko‘rib aytamizki, bizga ham jahonning eng taraqqiy etgan ellari kabi avvalo bitta til kerak ekan, to‘rtta yo sakkizta emas. Bir tilda rivojlanaylik. Ana shunda til bilan tafakkur uyg‘unlashadi, millat sifatida hamfikr bo‘lamiz. Tilimiz dilimizni anglatadi.
Albatta, ijtimoiy taraqqiyot tufayli jamiyatning ayrim vakillari ul-bul chet tilini o‘rganadi. Buning ustiga, besh-olti tilda pista chaqqanday oson so‘zlasha oladigan tug‘ma poliglotlar ham bo‘ladi. Ammo hammani bir necha til o‘rganishga majburlash behuda ish. Bilimning kami – kam bo‘lganiday, ortig‘i ham ziyon. Kishi nimani majburan o‘rgansa – bezadi.
Masalaning yana bir tomoni bor. Bu zamonda o‘zbek tili emas, boshqa til kerak, degan ko‘p ota-onalar farzandini rus maktabiga beryapti. Bilmadim, butun dunyoda shunaqami, yo faqat bizdami – ruscha o‘qigan aksar bolalarning faqat ta’limi emas, tarbiyasi ham o‘rischa bo‘layotir: o‘zini doim “prav” deb biladi, ota-onaga tik gapiradi, “qoloq fikrlamasligi”dan faxrlanadi, ruhan sobiq og‘alar tarafida. Millatiga begona “uzbek”...
Men bunaqa o‘zbeklardan biron bir genial odam chiqqanini ko‘rmadim. Ular Beshinchi Karl aytgan ikki yo uchta odamga aylanib ham qolmaydi, balki boshqa xalqqa qo‘shiladi-ketadi. O‘zbek tilini sal-pal tushungani bilan, bir umr ruscha o‘ylab, shuni tarjima qilib gapirib, qiynalib yashaydi. Bunday nonni teskari tishlaydiganlar, bulbul ochib chiqargan kakku bolasidek, boshqa yurtlarga ketadi-boradi. Ota-ona endi uni qayta o‘zbek qilib tarbiyalashga ojiz. Ba’zi “ilg‘or fikrli”lari esa bolasining bunaqa ekaniga xursand ham.
Boshqa millat vakiliga aylangan odam din-iymonini “yangilab”, murtadga aylanishi ham hech gap emas. Bolalarni “sehrli diyor”larga yuborib, o‘zi ham ketish ilinjida “yashil patta”ga ko‘z tikkanlar shuni ham bo‘yinga olib ish ko‘rishi zarur. Men ularning nevara-chevaralari o‘zbek bo‘lib, musulmon bo‘lib qoladimi-yo‘qmi, shuni aytyapman.
To‘g‘ri, rus maktabida o‘qigan bo‘lsa-da, o‘zbekchilik muhitidan ayrilmagan, ko‘ngil ko‘zi ochiq odamlar ham yo‘q emas, lekin bu bo‘lak oqlovga kamlik qiladi.
O‘ttiz besh yil muqaddam biz erkin davlatmiz, ozod xalqmiz, deb e’lon qildik. Ammo erk bir kunda erishiladigan maqom emas ekan. To hanuz mustaqillashyapmiz. Til sohasida qachon mutlaq erkka erishishimizni aytaymi? Biz rus tilini ham ingliz, olmon yo arab lisoni kabi chet tili deb qabul qilgan kun! Ya’ni bola maktabda yo rus tilini, yo fransuz, ingliz, olmon... tillaridan birini o‘rgansin. Bir maktabda rus tili, yana birida ingliz, narigisida fransuz yo arab tili xorijiy til sifatida. Ana shunda bola rus yo ingliz, arab yo farang tilida qoyillatib so‘zlaydigan bo‘ladi.
Inglizchani bilmaydigan ingliz olimi, yapon tilidan bexabar yapon siyosatchisi, gurji tilini tark etgan gurji qassobi bo‘lishi mumkin emas.
Biz goho o‘zbek tilini hanuzgacha o‘rganmagan o‘zga millat vakillarini yozg‘iramiz. Ammo... o‘zbekcha yozish uyoqda tursin, hatto so‘zlasha olmaydigan o‘zbek shifokorlari, o‘zbek injenerlari, o‘zbek diplomatlari bor-ku! Ana o‘shalar bo‘lishi kerak emasmi nafrat nishoni? Va bugun ular bir hovuchgina emas-da!
Ulug‘ dohiylar o‘z kurashida xalq ommasiga tayanadi, ularga bu yo‘lda o‘n minglab, yuz minglab ziyolilar ko‘makka keladi. Ularning bari ona tilining fidoyisi, xalqdan ayrilmay, xalq bilan birga bo‘ladi. Biroq ajabki, hozirgi ko‘p o‘zbek ziyolilari bolalarini el-yurtga begona qilib tarbiyalayotir, farzandini boshqa tildagi maktabga qo‘yadiganlar – aksari “millatning guli” atalmish oydinlar!
Yaqinda bir do‘stimiz jo‘rasining darvozasini taqillatib borgan ekan, bir o‘spirin (o‘sha kishining nevarasi) eshik ochib “Вам кого?” deb so‘rabdi...
O‘zbek davlatining poydevorida o‘zbek tili turadi. Shu til bor – O‘zbekiston
bor. Biroq bugun ko‘plar, bolam chet tilini o‘rganib olsa, noni butun bo‘ladi, degan gapni e’tiqod darajasiga ko‘targan. Ammo bu qorin bandalarining gapi. Chingiz Aytmatovning Sobitjon otli mangqurti uchun bu hayotda ikki ideal bor – yumshoq stulda o‘tirish va og‘izga yog‘liroq taom tushib turishi, boshqa hammasi quruq gap. Ona tili, o‘z millati yo‘q...
Ularga boqib, unsiz hayqiraman: o‘zbek bolasi avvalo ona tilini bilsin! O‘zbek tilida so‘zlashsin! Dunyoni o‘zbekona idrok qilsin!..
Vatanparvarlik va Diderix Hyosling
Yetmish-sakson, hatto yuz yilcha avval sovetlardan qochib xorijga ketgan jabrdiyda vatandoshlarimiz bor. Amerika, Germaniya, Turkiya, Saud Arabistoni va boshqa o‘lkalarda istiqomat qilishadi. Ular haqida eshitsak, mijjasida yosh bilan yashayotgan, dilini yurt sog‘inchi o‘rtayotgan kishilar ko‘z oldimizga keladi, qani endi iloji bo‘lsa, o‘z vatanida yashasalar, vatangadolik emas, vatandorlik nasib etsa, deya tilak bildiramiz. Kimdir O‘zbekistonga kelib, qaytar chog‘i ikki hovuch tuproqni tabarruk deya olib ketganini eshitsak, o‘pkamiz to‘ladi.
Tohir Malikning “Shaytanat” asarida xorijdagi o‘zbeklar hayoti tasvirlangan lavhada bir kishi “Otam menga vatan sog‘inchini meros qoldirdi”, deydi. Ha, vatan shundoq tabarruk. Vatansevar odam unda yashab turib ham yurtini sog‘inadi, badxoh kimsalardan qizg‘anadi. Yurtning xoki – ko‘zga to‘tiyo. Qirg‘iz adibi Sulton Rayevning “Tuproq” hikoyasida Yaponiyada uzoq yashagan Murod onasi vafot etganini eshitib, uning qabri uzra sochib qo‘yish niyatida o‘zi sevgan Fudziyama bag‘ridan bir siqim tuproq olib, avaylabgina qog‘oz xaltaga solib, aeroportga keladi. Biroq uni chegaradan o‘tkazmaydilar: “Yapon tuprog‘i – muqaddas boyligimiz, uning bir chimdimini ham chetga chiqarmaymiz...”
Biz vatanparvar ko‘rinmoqni qoyillatamiz. Ko‘p anjumanlarda bir guruh yigit bayroq silkishga mas’ul bo‘ladi; ona yurt haqida qo‘shiq aytilsa, katta-yu kichik o‘rnidan turib, pastda imlab turgan “rejissyor” yo‘rig‘ida raqsga tushadi. Shiorlarni yoshlar yod biladi, jo‘rovoz bo‘lib aytadi...
Vatan cheksiz ardoqqa loyiq. Kimki vatansevar emas ekan, shoir Muhammad Yusuf aytganiday, unga odamning rahmi keladi. Buni ikkinchi tezis deb bilaylik.
Bunga nisbatan qandaydir e’tiroz – antitezis bo‘lishi mumkinmi?
Xudoyi taolo bizga istiqlol ne’matini berdi. Xom sut emgan bandamiz-da, ana endi olisdagi o‘zbeklar qaytib keladi, dillarida toshib turgan mehr bilan O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shadi, deb o‘yladik. Chunki yuragida vatani bor odam uni tashlab keta olmaydi, illo ularning bobolari shunga majbur bo‘lgan.
Ammo... yillar o‘tdi. Men xorijdagi biron o‘zbek ota-bobosining kindik qoni to‘kilgan tuproqqa ko‘chib kelganini eshitmadim. Ulardagi yurt sog‘inchi – go‘zal ertak, xulyo bo‘lib tuyula boshladi. Uzoqda turib, havoyi bo‘sa yuborgandek. Rost, Afg‘onistondan, yana boshqa joylardan kelib, “ish ochgan” o‘zbek tadbirkorlar bo‘ldi, biroq tashriflari omonat ekan, foyda ko‘rish qiyinlashsa, “O‘z uyim – o‘lan to‘shagim” degandek, qaytaqolishadi.
Ular-ku, buncha zamon o‘tib begonalashib qolgandir desak, mustaqillikning ilk yillarida har neki topganimizni ayamay, bilimdon, uquvli yoshlarimizni bir dunyo ezgu tilaklar bilan “Umid” jamg‘armasi orqali G‘arbning ilg‘or davlatlariga yubordik. O‘qisin, yurt koriga yarasin, deb niyat qildik. Bir guruhi o‘qib bitirdi, O‘zbekistonga qaytib keldi, biroq ayrimlari o‘sha yurtlarda qolib ketdi. Balki munosib ish yoki tuzukroq maosh topib berilmay qolgan hollar ham bo‘lgandir. Ammo... ular endigina oyoqqa turib kelayotgan Vatanning kuniga yaramadilar-ku!
Biz qanday vatanparvarmiz?
Yo vatanparvarlik deganlari qo‘shiq qilib aytiladigan chiroyli so‘zlar, ko‘tarinki bir pafos-u, moddiy manfaat o‘rtaga tushganda bir chetga surib qo‘yiladigan tuyg‘umi?
Ilgari “ozod sovet yurtim” deb madh etilardi, ammo istiqlol tufayli alohida mamlakat bo‘lganimizdan so‘ng Vatan madhi mustaqillikni tarannum etish bilan qo‘shilib ketdi. Shu vatanparvarlik deb bilinadi.
Hech bir mamlakat bo‘linib-parchalanishni istamaydi. Chunki unda shu davlatning o‘zi yo‘qqa chiqadi. Yoshlar ongiga vatanning har bir qarich yeri muqaddas, degan g‘oya chuqur singdiriladi; uni qo‘riqlash uchun, kerak bo‘lsa, jon berish kerakligi uqtiriladi. Biroq ma’lumki, asalning ham ozi shirin. Vatanparvarlik, mehr-muhabbat, hatto ezgulik kabi fazilatlar ham me’yorida bo‘lsa yaxshi. Haddan ziyod yaxshi ko‘rish ilohiylashtirishga olib keladi. Sodiqfuqarochilik – soxta vatanparvarlik ana shundan kelib chiqadi.
Olmon yozuvchisi Haynrix Manning “Sodiqfuqaro” romanida Diderix Hyosling degan obraz bor. U Germaniyani sevishini hammaga e’lon qilib yuradi. Bu olchoq nuqul millatning birligi va jipsligini, armiyaning qudratli bo‘lishini targ‘ib etadi, ammo o‘zi harbiy xizmatdan qochadi. “Vatanparvar”ligi patologik darajaga yetib borib, pirovardida fashistga aylanadi. “Sodiqfuqaro” romani fashizm qanday kelib chiqqanini ko‘rsatish uchun yozilgan. Biz mana shunaqa ko‘pik vatanparvarlardan ehtiyot bo‘lishimiz, xo‘jako‘rsin yurtsevarlikka rag‘bat bermasligimiz kerak.
Istiqlol madhi – bosh mavzu. Madaniyat, adabiyot, san’at, siyosat, tarix fani
oldiga vatanni ulug‘lash, yoshlar ongiga vatanparvarlikni singdirish bosh vazifa qilib qo‘yilgan. “Vatan, Vata-a-a-n!” degan qo‘shiqlar sadosi hamma yoqni tutib ketdi. Buyam kam ekan, “Vatan tuyg‘usi” degan darslik yozib, tuyg‘uni... o‘quv predmeti (fan) darajasiga ko‘tardik.
Ota-onasini sevadigan odam buni ularning yuziga aytmaydi, bir domla targ‘ib qilganidek, qo‘lini o‘pib mehr izhor qilmaydi. Bunaqada “izzat-hurmat” xo‘jako‘rsinga bo‘lib qoladi. Chunki asl sevgi dil to‘rida turadi, tilga chiqqani zahot unga zalahat yetadi.
Vatanni sevish ham bayroq qilib ko‘tarilmaydi, haryoqqa silkib, namoyish qilinmaydi.
Sergey Yeseninning “Anna Snegina” dostonida Labutya degan bir “botir” bor. Doim o‘zining qahramonliklaridan lof urib yuradi. Ammo qishloqqa yov hujum qilib, qirg‘in-to‘polon bo‘lganda esa... somon g‘aramiga yashirinib jon saqlaydi...
Ayting-ayting, bolalarimiz soxta vatanparvar bo‘lib o‘smasin!
Buni diniy tomondan ham asoslash uchun ba’zilar Payg‘ambarimiz Muhammad
(s.a.v.) “Vatanni sevmoq – iymondandir”, degan deb uqtiradi. Bu naql hozir mashhur hadis maqomida. Aslida, u biron sahih to‘plamda yo‘q. Unda nega buncha ommalashtirildi? Boyagi chuchmal niyatga xizmat qilgani uchunmi?..
Qarangki, mustaqillikdan ortiq darajada faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish odamlarni ommaga aylantirarkan, maqtab-maqtab turib haqqingizni yulib ketsalar ham mag‘rur va masrur turaverar ekansiz, aldanayotganingizni bilib turib ham, tan olgingiz kelmas ekan. Gohida esa vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish kimlarningdir foydasiga, kimlarningdir esa ziyoniga xizmat qilar ekan.
O‘ttiz yildan oshdi – Markaziy Osiyo davlatlari o‘zini dunyoning eng qadimgi madaniy maskani, o‘z titul elini dunyoda dastlab paydo bo‘lgan (oliy nav!) xalq qilib ko‘rsatishga, shuni isbotlashga ruju qo‘ydi. “Milliy ulug‘lik”ni ro‘yobga chiqarish uchun aksar hollarda qo‘shni el-xalqlarning tarixini buzib ko‘rsatish, o‘sha xalqdan chiqqan taniqli odamlar – buyuk olimlar, amir-umarolarni o‘ziniki qilib talqin etish avj oldi. Go‘yo qadimiylik, o‘tmishda barcha ulug‘ siymolar shu hududdan chiqqani yuksak sharaf keltiradigandek. Agar bu da’vo asosli bo‘lsa, yunonlar eng mukarram xalq sanalishi kerak emasmi, axir, madaniyatning, ilm-fan, san’atning bulog‘i o‘sha yerda-ku? Lekin bugun olam eli yunonlarning emas, ishi yurishgan yapon va koreyslarning tilini o‘rganib yotibdi. “Ko‘hna xalq tili” bo‘lgani bois emas, iqtisodiy qudratli bo‘lgani uchun. Demak, o‘tmishni vasf etib, o‘zini ovutib, gerdayib yuradigan zamonlar o‘tib ketibdi.
Aslida, hech bir “qadimiy” xalq Odam ota zamonida to‘ralgan emas, “yangi” biron-bir el ham keyinroq yaralmagan. Nihoyati, biron davrda bir el boshqasiga qo‘shilgan, nomi yangilangan va hokazo. Bashariyatning million yillik tarixi oldida esa bu farqni... yo‘q desa bo‘ladi.
Maktablar foyesida o‘zbek jadidlarining rasmi, ishlari bayon etilgan lavhalar osilgan. Ammo biz ularga ko‘pincha og‘izda ergashyapmiz. Bu yo‘ldagi birinchi qadam – ulug‘lik vasvasasidan voz kechish, o‘zimizni o‘zimiz maqtashga barham berish bo‘ladi. Jadid otalarimiz, biz beqiyosmiz, bobolarimiz buyuk bo‘lgan, deb ko‘krakka urmagan, balki aksincha, dunyoning ilg‘or xalqlaridan ortda qolib ketyapmiz, uyg‘onaylik, deb tashvish chekkan.
Yaqinda “Feysbuk”da qaysiyam bir xonanda Eyfel minorasi tagiga borib “Lazgi” aytayotganini ko‘rdim. Ashula jo‘shqin, cho‘girma kiygan bir yigit va tillaqosh taqqan bir qiz raqsni qiyib ijro etishyapti. Ammo birov qarayotgani yo‘q, hamma o‘z ishi bilan beparvo o‘tib ketyapti. Achinarli, odamning orini keltiradigan manzara. Bular Parijga o‘zi bormagandir, safar uchun biror bir madaniyat muassasasi aqcha ajratib, yo‘llanma bergandir?
Shu ishlar... kerakmi? Ular kimga, nima naf beradi?
Buning tagida “O‘zbekistonni dunyoga tanitamiz!” degan g‘alati bir shior yotadi. Yodingizda bo‘lsa, chorak asr avval shu g‘oya kun tartibiga qo‘yilgan edi. Tanilishning yo‘li ko‘p. Biz eng oson yo‘lni tutdik: “Hech bir narsa mamlakatni sport va san’at kabi dunyoga mashhur qilolmaydi”, dedik.
Xo‘sh, tez tanilishga qanday ehtiyoj bor? Darrov tanib olsalar, nima mo‘jiza yuz beradi? Keyinroq e’tirof etilish juda yomonmi? Masalan, Yamayka degan mitti orol-davlat bor, Namangan viloyaticha keladi. Bilganim – Useyn Bolt degan chopag‘on fuqarosi bor, yugurish bo‘yicha jahon rekordchisi. Yurtini dunyoga tanitgan. Ammo... shu bilan Yamaykaning o‘qi o‘zdimi yo raqiblari to‘zdimi?!
Keng ma’noda, sport va san’at – odamlarni muammolardan chalg‘itish, alahsitish vositasi. Ularda erishilgan yutuqlar reyting ko‘rsatkichlarini vaqtincha ko‘taradi, ammo tunda otilgan mushak kabi bir chaqnab, tez so‘nadi.
Vatan – hammaga aziz, hammaga tabarruk. Vatanini sevmagan kishi unga begona, yettiyotdan battar. Ammo onasini sevishini dabdaba bilan e’lon qilgan kishi – munofiq bo‘lganidek, ona yurtga muhabbatni ko‘zko‘z etmoq ham noravo.
Ta’lim va tarbiya – qondosh, egizak
Ijtimoiy tarmoqda Oliy Majlisning qaysi bir fraksiyasi a’zolari bo‘lgan deputatlar o‘zaro “debat” qilayotganini ko‘rib qoldim.
Yosh deputat yigit minbardagi ayolga “Siz maktab muallimi faqat ta’lim bersin, tarbiyaga aralashmasin, deyapsizmi, agar shunday bo‘lsa, men bunga roziman, chunki o‘qituvchining vazifasi ta’lim berish, tarbiya esa maktab ishi emas”, dedi. Chamasi, yig‘ilishda shu fikr “o‘tishi” kerak ekanmi, bunga e’tiroz qiladigan kishi topilmadi.
Sel yopirilib, hammayoqni vayron qilsa, unga qarshi birov belkurak olib chiqib, birov buldozer minib deganday, hamma kurashishi kerak. Mirob-irrigatorlarning o‘zi daf qilsin, deb o‘ltira berish hamiyatli odamlarga yarashmaydi. Aks holda, kech bo‘ladi. Qolaversa, imorat qurilishida yuz berayotgan qing‘ayish uning ichida ishlayotgan kishilarning o‘ziga emas, chetdagi odamga yaxshiroq ko‘rinishi ham bor gap. Shuning uchun garchi bu sohadan uzoqroq bir odam bo‘lsam-da, o‘zbek maorifining hozirgi holini ko‘rib, qani, qayoqqacha borar ekan, deb kuzatib jim o‘ltirishga sabrim chidamay, ba’zi muammolarni aytgim keldi. Buning nonini yeyayotgan birodarlarimiz chetdagi, qandaydir ilinji yoki da’vosi yo‘q kishilarning mulohazalarini ham eshitib ko‘rsalar, ziyon qilmas.
Gap aylanib yana o‘sha mavzuga qaytdik. Til masalasida o‘ziga xos paritetlarga amal qilish lozim. Ya’ni qo‘shni mamlakatlardagi o‘zbek maktablarida o‘zbek tili va adabiyoti uchun ajratilgan dars soati bizdagi qozoq, tojik yo qirg‘iz maktablarida ona tili va milliy adabiyot uchun ajratilgan miqdordan kam bo‘lmasin. Hozir esa tafovut juda katta. Ayrim qo‘shnilarimizda hatto o‘zbek maktab o‘quvchisining daftari ustidagi yozuvlar ham o‘sha mamlakatning rasmiy tilida to‘ldirilishi shart qilib qo‘yilyapti. Holbuki, ularning konstitutsiyalarida ham, til qonunlarida ham shu davlatda yashovchi boshqa millat-u elatlarning tilini, madaniyatini saqlab qolish va rivojlantirish uchun sharoit yaratish kafolatlangan.
O‘z elidan, ona tilidan voz kechgan odamni Chingiz Aytmatov mangqurt deb atagan. Ajab, hech kim o‘z ixtiyori bilan sho‘rpeshona mangqurt bo‘lishni istamaydi. Uni shu ko‘yga soladilar. Odam bolasini mangqurt qiladigan palid elni ulug‘ yozuvchi juanjuanlar deb nomlaydi.
Zamonaviy juanjuanlar o‘zi tarbiya berayotgan bolalarning boshiga teri qoplab o‘tirmaydi. Uning o‘rniga, dunyoda barcha ixtiro va ilmiy kashfiyotlar bizga tegishli, biz eng mard va oliyjanob elmiz, ajdodlarimiz hech qachon hech kimdan yengilmagan, eng boy va ifodali til ham – bizning til, sening xalqing esa XIX asr o‘rtalarigacha, sizlarni madaniyatli qilish uchun bostirib kelgunimizga qadar savodsiz, johil edi, deb uqtiradi-qo‘yadi. O‘z onasiga kamon tortib o‘q uzadigan jo‘lomonlarni yetishtiradi.
Zamonaviy juanjuanlar ota-bobolari yurtida yashayotgan bolalar bilim olayotgan maktablarni yopib, ungacha esa o‘sha tildagi dars soatlarini hech ayamay qisqartirib, bolalarning milliy o‘ziga xosligini yo‘qqa chiqarib, yangi-yangi mangqurtlarni tarbiyalashga urinayotir...
Nazarimda, bugungi o‘zbek pedagogikasi o‘zining asosiy, magistral yo‘lini
belgilab ololmayapti. Shu sababli, o‘tgan o‘ttiz-qirq yil ichida maktab o‘quvchilari (muallimlar ham!) turli metodlar sinovi uchun “tajriba quyoni” bo‘lishdi. Hech kim, hoy, nima qilyapsizlar, demadi. “Test tizimi” deysizmi, “reyting” deysizmi, “yangicha pedagogik texnologiya” deysizmi, hammasini ko‘rdik. O‘rta maktab hali o‘n yillik ta’limga o‘tadi, hali o‘n bir yillikka. To‘liqsiz o‘rta maktab ham shunga qarab, goh sakkiz yillik qilib belgilanadi, goh to‘qqiz yillik. Maktab – chala bilim beradi deb topilib, gimnaziya, kollejlar bodrab ketdi. Vodarig‘, o‘n-o‘n besh yil o‘tmay, ular ham barham topdi.
Biroq “avvalgi holatga qaytish”ning inersiya kuchi shu yerga kelganda sob bo‘ldi – hanuz oliy ta’lim sohasida boyagi tajriba amalda: uni bakalavriat, magistatura deb ataydilar. Go‘yo bakalavriat – to‘liqsiz maktab, magistratura – 11-sinf kabi bo‘lib qoldi.
Bu va biz birma-bir sanay olmagan yana bir talay ishkallik-muammolar aslida nimadan kelib chiqyapti? Menimcha, taqliddan. Biz hozir kim nimani chet elniki desa, ko‘zimizga etalon bo‘lib ko‘rinadigan holga tushdik.
Chet eldagilarni-ku alday olmaymiz, shunday ekan, demak, o‘zimizni o‘zimiz aldashga urinar ekanmiz-da, degan badbin xayolga beriladi kishi. Talay yillar avval “Taraqqiyotning o‘zbek modeli” deb olamga jar soldik. Hademay ilg‘or bir davlatga aylanib ketamiz, hamma bizdan o‘rganadi, hozir ham olam bizga mahliyo, deb chirandik. Qani o‘sha “taraqqiyot lokomotivi”? Bu “model” haqida kitoblar bitgan
allomalar, qanisiz?! Axir, bu model... yo‘q narsa ekan-ku!
O‘zbek maktabining, o‘zbek pedagogikasining bugungi ahvolini ko‘rsatadigan yana bir oyna – ko‘plar bolasini ruscha maktabga berayotgani. Ko‘p tilli maktablarning o‘zbek sinflarida o‘ttiz-o‘ttiz besh bola o‘qisa, rus tilli sinflarda o‘quvchi soni qirqdan oshadi. Aksar ota-onalar “yo‘lini qilib” bo‘lsa ham farzandini ruscha o‘qitish payida. Negaki, o‘zbek maktablari zamondan ortda qoldi. Bunga esa, menimcha, o‘zbek maktablarida ilgari sinalgan ma’qul tartibotlardan voz kechilib, turli mavhum eksperimentlar o‘tkazilayotgani sabab bo‘lyapti. Ayrimlarini sanab ko‘rsatay:
1. 1993-yilda lotin yozuviga o‘tishga doir qonun chiqdi. Deyarli tayyorgarliksiz, 1995-yildan maktablar lotin yozuvida o‘qita boshladi. Bolalarga lotin yozuvli darslikdan boshqa hech nima yo‘q edi va bu “kitobsizlik” o‘ttiz yilcha cho‘zildi. Oqibat, bolalarning saviyasi, saviyasigina emas, hatto savodi ham pastlab ketdi.
2. Buyam kam ko‘rindi shekilli, aynan o‘sha yillar “ball sistemasi” degan yangilik joriy etildi. U bilim berishning yangi usuli emas, baho qo‘yishning murakkab turi ekan. Muallim sinfga kalkulyator ko‘tarib kirar, bolalar qancha ball to‘plaganini hisob-kitob qilib bo‘lgunicha dars ham tugar edi. Vaqt bilim berishga emas, ball hisoblashga ketardi. Ko‘p tajribali muallimlar ishidan qo‘l yuvib, qo‘ltig‘iga artganini eshitganmiz.
3. Bolaga qo‘yilgan baho o‘qituvchining saviyasini belgilash, maoshini tayinlashga mezon qilib olingan. O‘qituvchi “ikki” yo “uch” qo‘ysa, yaxshi saboq bermagan, deb oylik ustamalardan mahrum bo‘ladi. Maoshi kamayib ketmasligi uchun muallim bechora “uch”ga loyiq o‘quvchiga “besh”, “ikki”chi bolaga “to‘rt” baho qo‘yishga majbur. Ota-onalar esa, bolam zo‘r o‘qiyapti deb xursand. Buning kasriga bilimdon bolalarning ishtiyoqi ham so‘nadi. Biron qoloq o‘quvchi keyingi yilga qolmaydi. Butun sinf “a’lochi”lardan iborat!
4. Maktabning bilim berish darajasi shu yil uni bitirgan nechta o‘quvchi oliy o‘quv yurtiga kirganiga qarab aniqlanadi. Bir qaraganda, to‘g‘ridek. Ammo... abituriyent xuddi shu maktabda o‘qigani uchun emas, repetitorga qatnagani bois talaba bo‘layotgani ma’lum-ku!
Eng chatog‘i, ko‘plar maktabni oliy o‘quv yurtiga kirish yo‘lida bir pillapoya, oraliq bosqich deb biladigan bo‘lib qoldi. Maktablar ham shu nuqtayi nazarga moslashdi. Holbuki, o‘rta maktab – har qanday yuksak ilm-bilimning poydevori, ustuni. Qolaversa, 70-80 foiz bola institutga kirmaydi, maktabda olgan bilimi bilan yashab o‘tadi. Shunday ekan, eng yuksak talab avvalo o‘rta maktab oldiga qo‘yilishi kerak.
5. Oliy o‘quv yurtiga uch-to‘rtta fandan test topshirib kirilgani bois, o‘quvchi yuqori sinflarda “kerakli” fanlardan boshqasini pisand qilmay, biryoqlama, chala bilim olishga o‘tyapti. Maktabga borib, darsga qatnash o‘rniga repetitorning uyida bo‘ladi. Repetitor ham faqat o‘z fanidan saboq beradi, albatta. Demak, hozirgi maktab bitiruvchilarining aksarini o‘rta ma’lumotli deb bo‘lmaydi. Hatto o‘zi tanlagan oliy o‘quv yurtiga kirib, uni bitirganlarning bilimida ham biryoqlamalik baribir seziladi.
6. Sir emas – maktablarimizda odobsizlik, badqiliqlik avjida. O‘qituvchilar bundan bezillab turadi. Axloqsiz bolaga tarsaki tortish u yoqda tursin, hatto qattiqroq koyigan muallim ham jazolanadigan bo‘lib qoldi. Matbuot, ijtimoiy tarmoqlar esa bolaga tanbeh bergan, toqat qilib bo‘lmagan holda goho unga bir shapaloq tushirgan muallim bechora keyin “qanaqa jazolangani”ni hammaga e’lon qilib, uni obro‘sizlantirishdan charchamaydi. Chunki o‘z an’analarimizni tark etib, ta’lim-tarbiyada amerikanizmni bayroq qilib ko‘tardik; ularda esa bolaga, sen noto‘g‘ri aytyapsan, deyishdan avval kechirim so‘rash lozim...
Sharq va G‘arb tarbiya usuli to‘qnashgan joyda ustunlik ikkinchisiga berilgani bois o‘zbek maktablarida bu sohada boshboshdoqlik avjiga chiqdi. Chunki G‘arb olamida o‘qituvchi – bor-yo‘g‘i bir xizmat bajaruvchi, Sharqda esa otadan ulug‘, tabarruk bir zot... Shuning kasriga maktabning, o‘qituvchining mavqei tushib ketdi. Bir qism ota-onalar, hatto o‘quvchilar ham, muallimni mensimaydi.
7. Maorif, ta’lim konservativ soha bo‘lishi lozim. Ajabki, bizda konservatizm qoloqlik deb o‘qitiladi. Konservatizm, ya’ni muhofazakorlik – eng yaxshi an’analarni yo‘qotmay, avlodlarga yetkazishdir. Maorif sohasi esa har yili yo har besh yillikda yangilanavermay, barqarorligini saqlab qolishi shart. Paydarpay “yangilik” kiritila bersa, ta’limda uzilish yuz beradi. Bizdagilar esa yil osha qandaydir “eksperiment” o‘tkazmasa, zerikib qoladigandek.
To‘g‘ri, yangi g‘oyalarsiz ijtimoiy hayot to‘xtab qoladi. Ammo hali sinab ko‘rilmagan, natijasi noma’lum har qanday yangilikni butun mamlakat bo‘ylab emas, ikki-uch maktabda, boring ana, bir tumanda sinab ko‘rib, zo‘r natija bersagina ommalashtirgan ma’qul. Yo‘qsa, bu tashabbuslar xuddi reyting tizimiga o‘xshab, o‘ng‘arilmas ziyon keltirishi turgan gap.
Ehtimol, bu sohadagi illatlarning barchasini sanab ko‘rsata olmagandirman.
Ehtimol, bugungi ta’limning yutuqli tomonlariga e’tibor qilmagandirman. Omadi gap shuki, har bir ota-ona farzandim yaxshi o‘qib bilim olsin deydi, shu sabab bolasini ta’lim sifati durustroq, “eksperiment”lari kamroq bo‘lgan rus maktablarga topshiryapti.
Eng alam qiladigan joyi – hali yapon, hali koreys, hali fin ta’lim tizimlariga xos usullarni qo‘llab ko‘ryapmiz, hatto bir bola maktabni bitirgunicha uning boshida sinab ham ko‘ryapmiz. Baayni, kishi tanasida bir xil emas, turli guruhga mansub qonni “omuxta” qilish bemorni halokatga eltgani kabi, bunaqa “tajriba”lar bilim oshirishga ko‘maklashmaydi, balki bor bilimni ham parokanda qilib yuboradi. Nima, o‘zbek ta’lim tizimi yo‘qmi, necha o‘nlab O‘zbekiston xalq o‘qituvchilari, poytaxt va viloyatlardagi pedagogika institutlari, qolaversa, butun boshli vazirlik qariyb yuz yildan beri o‘zbek pedagogikasining milliy tizimini ishlab chiqmaganmikan? O‘tgan asr boshida Hamza va Behbudiy, Avloniy va Qoriniyoziylar tamal toshini qo‘ygan o‘zbek pedagogikasi bugun eskirdi, deb kapitulyatsiyaga imzo chekib o‘zga, mentaliteti, axloqi va tarbiyasi butunlay boshqacha bo‘lgan millatlarning ta’lim usularini tatbiq etishdan murod nima? O‘zbek bolasi maktabda o‘qib bilim olishi uchun ta’lim uslubi o‘zbek ruhiga mos va muvofiq bo‘lishi kerak emasmi? Har xil mamlakatlarning turfa o‘qitish usullarini nega hech yotsiramay, sira ham ikkilanmay qabul qilaveramiz? Ta’lim milliy asosga qo‘yilmagunicha millat ma’rifati o‘smaydi-ku!
***
Bu e’tirozlar nigilizmga berilishdan – qoralash-u qarshi fikr aytish istagidan emas, kelajagimiz borasidagi xavotirdan paydo bo‘lgan. Ehtimol, mulohazalar bo‘rttiribroq aytilgandir, balki maqbul yechim shu ikki holatning o‘rtaroq bir yeridadir.
Maqola debochasida “bu uch munosabat muayyan bir muammo tevaragida bo‘lmay,
bir-biridan ozmi-ko‘p olisroq sohalarga oid”, deb aytgan edik. Ammo, e’tibor qilgandirsiz: keng ma’noda olsak, uchala antitezis ham yoshlarga bilim berishga, tarbiyalashga oid bo‘lib chiqdi, ya’ni mamlakatimizning kelajagiga bevosita daxldor. Bu borada dilimizdagini ochiq aytmasak, yaxshi ko‘rinishga urinib, “ma’qulmo‘min odam” degan imijni shakllantirish g‘amini yeyaversak, o‘zimizga ham, xalqimiz-u Vatanimizga ham xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Tufakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Bulbul ochgan kakku bolasi” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q