Yaqin kunlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopildi” degan gap ziyolilar va keng jamoatchilikning muhokama mavzusiga aylandi. Oyina.uz Adabiyot muzeyining taqdiriga befarq bo‘lmagan millat ziyolilarining munosabatini ulashib boradi.
“Hozir butun dunyo muzeylarida og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lyapti: o‘g‘riliklar, ashyolarni almashtirib qo‘yishlar va hokazo. Shunday bir sharoitda biz katta muzeyimizni bejo qilishimiz, bir joydan boshqa joyga ko‘chirishimiz judayam mashaqqatli ish. Shuningdek, agar Yangi Toshkentda hashamatli muzey qurilib, o‘sha yerga ko‘chiladigan bo‘lsa ham buning tashkiliy jihatlari juda murakkab, deb o‘ylayman. Masalan, bu muzey degan joyga odamlar borib ko‘rishi, tomosha qilishi kerak. O‘quvchilar, mutaxassislar borishi kerak. Keyin, unday joyda ko‘chada yotmaydigan mutaxassislar ishlaydi. Xattot, deysizmi, ko‘hna yozuvlarni o‘qiydigan odamlar, deysizmi. Ularning hammasini yosh yigit-qizlar deb bo‘lmaydi. Biz hamma narsa yoshlarga, deb bularni chekkaga, chiqitga chiqarib yubora olmaymiz. Shunday bir sohalar borki, 80 yashar odamning ko‘ziga qarab turasiz. Ayniqsa, mana shu muzey ishi, qo‘lyozma ishida tajriba kerak. Endi shu mutaxassislar u yoqqa – Yangi O‘zbekistonga qanday boradi? Yoki ularning hammasiga o‘sha yerdan uy qurib beriladimi? Buning tashkiliy jihatlari ham o‘ylanishi, aytilishi kerak edi.
Shular aytilmagani uchun mayda gap ko‘payib ketdi. Mayda gap qachon ko‘payadi? Ochiqlik, oshkoralik bo‘lmasa, mayda gap ko‘payadi. Televizordami, boshqa yerdami bir mutaxassismi, vazirlikning odamimi, yo muzeyda ishlayotgan bir xodim chiqib, “Ey birodarlar, mana shunday. Xavotirli joyi yo‘q. Muzeyimiz Alisher Navoiy hazrat nomida qoladi. Avvalgidan yaxshi bo‘ladi. Biz bu yaxshilikni o‘ylab qilyapmiz”, degan gaplar aytmagandan keyin mayda gap ko‘payyapti-da. Muzeyni buzar ekan, joyiga, masalan, portlatib, bir investor kelib, uy qurarkan, biznes markaz bo‘larkan, degan gaplar chiqyapti. O‘ylaymanki, bizning jamiyatimiz u darajada aqlini yemagan bo‘lsa kerak. Tepada har holda bizdan oqil odamlar o‘tiribdi. Ular xalqimizning, madaniyatimizning, ziyolilarning, hazrat Navoiyning ko‘ziga cho‘p suqmasa kerak. Unday bo‘lmasa kerak. Balki yaxshilikni o‘ylab qilinayotgan bo‘lsa, ta’mir qilib, biror madaniy vazifada, masalan, kutubxonami, galeriyami sifatida ishlatilsa kerak. Lekin odamning ichi kuyadigan joylari bor. Muzeyning ichida – devorlarda juda qimmatbaho rasmlar bor. Ular buzilsa, qayta tiklashning iloji yo‘q, ko‘chirib ham bo‘lmaydi. U ruhni ko‘chirish qiyin juda.
Men adabiyotning atrofida yozib-chizib yuradigan odam sifatida shu muzeydan, ashyolaridan foydalanaman, shu ma’noda manfaatdorligim, qarzim bor. Uni asrash borasida butun xalqning qarzi bor. Chunki bu Navoiyga tegishli joy! Navoiy nomidagi joy-ku! U yerdagi ashyolar butun adabiyotimizning tarixi-ku!..
Hozir dabdurustdan: “Yo‘q, men muzey ko‘chishiga qarshiman, joyida qolsin”, desam, balki katta bir davlat miqyosidagi siyosatni tushunmagan odam bo‘lib chiqarman. Chunki bu ish nima uchun bo‘layotganini bilmayman. Shu bois bunday deya olmayman. Ammo men ziyoliman, bir qalamkash odamman. “Yo‘q, sen tushunmaysan, bu katta davlat siyosati. Bu yerda mana bu narsalar ko‘zlanyapti”, deb tushuntirilsa, aytilsa edi, men keyin uni qo‘llab-quvvatlardim yoki qarshi bo‘lardim. Men faqat bir gapni aytamanki, muzeydagi necha ming ashyo, eksponatlar nima bo‘ladi? Eshitishimcha, ularning bir qismi FA Antropologiya institutiga, bir qismi Islom sivilizatsiyasi markaziga o‘tkazilarkan. U yerlarda sharoitlar yomon emas. Lekin bir uydan ikkinchi uyga ko‘chsa, qancha narsa yo‘qoladi, sinadi. U muzey-ku, uning har bitta varag‘i bebaho-ku! Bitta varag‘ini qanchaga pullash mumkin. Yo‘lda sochilib ketishi, yirtilishi, yo‘qolib qolishi mumkin… Shuning uchun ko‘chishning bu tomonlari juda murakkab ish. Shuni ko‘ch-qo‘ch qilmasdan, Yangi Toshkentdagi binoga ko‘chguncha hozirgi joyida saqlashga sharoit yaratib berish tinchroq, xavfsizroq bo‘lardi.
Bunday xom ishni kim qilyapti, Madaniyat vazirligimi? “Dushman” kim o‘zi? Biz bilmayapmiz-da. Bundan davlatimiz rahbarining xabari bo‘lmasa kerak. Yoki xabari bo‘lsa ham u kishiga boshqacha – noto‘g‘ri informatsiya berilgan, balki. Men u kishi kuppa-kunduzi shunday bir ulug‘ joyni patarot qilib, ko‘chirgin, deyishiga ishonmayman. Shuning uchun mayda gapni ko‘paytirmaslik kerak-da, bu ishning boshida turgan mutasaddi tezgina, mujmallanmay muzey binosi, eksponatlari kelajagi haqida batafsil, kafolatli javob berishi kerak. Qani, menda vakolat bo‘lsa, o‘zim televizorga chiqar edim – “Ey birodarlar, shoshmanglar, hovliqmanglar. Bu ishdan mana bunday katta maqsad ko‘zlangan. Bunaqa hovliqmaylik, mayda gap qilmaylik”, deb aytar edim. Afsuski, menda bunday informatsiya yo‘q va bilishimcha, hech kimda yo‘q. Shuning uchun mana shunday noroziliklar, mayda gaplar kelib chiqyapti.
Men ziyoli sifatida, shu yurtning bir odami sifatida, bir qalamkash sifatida talab qilaman va Navoiyning bir muxlisi, adabiyotning muxlisi sifatida aytamanki, bunday nozik ishlardan oldin maslahat bo‘lishi kerak. To‘yning ham, azaning ham maslahati bo‘ladi. Ana shu maslahatning yo‘qligi hammamizni xafa qilyapti. Biz aqlli, dono xalqmiz, shuning uchun boshimizda turgan uddaburon, oqil rahbarlar buni yana bir karra o‘ylab ko‘rib, jamoatchilikka, ziyolilarga oqil tushuntirishini aytadi, deb ishonaman.”
Erkin A’ZAM,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Nargiza Odinayeva yozib oldi.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q