Alifbo islohoti muhim masala. U qaysi makon, geografik hududda bo‘lmasin, daxlidagi ma’lum jamiyatning har qaysi a’zosi undan turli darajada foydalanadi. Shuningdek, avlodlar kelajagiga asosiy ta’sir o‘tkazuvchi muhim omillardan biri sanaladi. Demakki, u bilan bog‘liq har qanday jarayondan jamoatchilik ham, albatta, xabardor qilinishi, tegishli hujjat va asoslar bilan avvaldan tanishtirilishi va ular o‘z o‘rnida muhokamaga ham qo‘yilishi muhim.
Kuni kecha Senatga yuborilgan “Alifbo loyihasi” jamoat faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida turli bahs-munozaralar muvzusiga aylandi. Kimdir uni davlat byudjetidan ortiqcha sarf-xarajat, desa, boshqasi allaqachon amalga oshirilishi kerak edi, degan qarashni ilgari surdi.
O‘z ona tilini hurmat qilgan har qaysi yurtodoshimiz bu islohotga munosabatini bildirishi tabiiy va shart. Oyina.uz shunday fikrlarni bir joyga yig‘di.
Yana boshidan harflarni o‘rgatish va o‘rganish, tabiiyki, avlodlararo qayta uzilish qiladi
Menga hozirgi lotin alifobosi qulay ko‘rinadi. Men unda yozaman va o‘qiyman – kanalim kuzatuvchilari biladi. Mendan katta avlod meni o‘qishga qiynaladi, bilaman. Lekin baribir lotin alifbosida yozib kelyapman.
Alifboni o‘zgartirish – nihoyatda katta tranzaksion xarajatlar deb o‘ylayman. Endi yana bir avlod undan oldingi avlod bilan boshqa tilda yozishadi. Bu qimmat va qiyin narsa. Ya’ni alifbomiz qanday bo‘lsa, shunday qolgani yaxshi. O‘zgartirish uchun mantiqiy sabab topa olmayapman. Tillar bor, masalan, fransuz tili – 8 ta harf yozilib ikkitasi o‘qiladi, 200 yildan beri shunday foydalanishyapti. 5% lik iqtisod argumentiga qo‘shilish nihoyatda qiyin. Ayniqsa buni yutqazish xarajatlari – bir avlod yana savodsizlanishini hisobga olsak.
1993-yilda tug‘ilganman. Hozirgi lotin alifboda savodim chiqqan. 30 yoshli avlod, men tengi va mendan kichik kamida 15 million odam o‘qigan alifboni bu kosmetik o‘zgarish uchun yana boshidan almashtirish fikriga qo‘shilmayman. Yoki men o‘zgarish afzalligini tushunmayapman, yoki o‘zgartirish tarafdorlari o‘zgarish bilan bog‘liq eng asosiy tranzaksion xarajat – millionlab odamlarni savodsizlashtirib qo‘yishini inobatga olishmayapti.
Yana boshidan harflarni o‘rgatish va o‘rganish, tabiiyki, avlodlararo qayta uzilish qiladi. Masalan, katta yoshdagilar hali ham eski lotincha alifboni bilishmaydi, o‘qiy olishmaydi. Kanalimni kirillchada yuritishimni ko‘pchilik hali ham so‘rashadi. Davlat ishxonalarida ishlaydiganlar, ayniqsa. Menimcha, yoshi kattalar shuning uchun ham o‘zgarishga qarshi emaslar. Baribir hozir yozadiganimiz – ular ishlatadigan alifbo emas edi, keyingisi ham bo‘lmaydi.
Menga boshqa narsasi alam qilyapti – universalizmi. Hozir O‘zbek tilida xalqaro ingliz alifobosi asosiga olingan – ya’ni dunyo uchun universal – qwerty klaviaturasida yozib kelardim. Menimcha, ko‘pchilikda shunday. Barcha elektron moslamalarda ingliz alifbosi bor. Kirillcha klaviaturada o‘zbekcha matn yozish qiyin edi, masalan g‘ ni to‘g‘ri yozish imkonsiz, yoki o‘ ni (sezgan bo‘lsangiz, yozishni kirillchada o‘rganganlar o‘ ni hali ham u deb yozadi, “bo‘ldi”ni “buldi” ko‘rinishida).
Endi lotinchada ham barcha uskunalarda to‘g‘ri yozish qiyinlashadi. Universal klaviatura emas, maxsusi kerak bo‘ladi.
Alifboni o‘zgarishi yaxshi narsa emas. Albatta, bu yana bir necha avlod savodsiz yozishiga zamin yaratadi. Menimcha, inglizcha va ruschada yozishga majbur bo‘lib qolamiz.
Behzod HOSHIMOV,
iqtisodchi
Alifbo – millat taqdiri va xavfsizligi darajasidagi masala
Alifbo islohi bo‘yicha qonun Parlamentda ma’qullanib, Senatga yuborilibdi.
Parlament yig‘ilishlarining yopiq o‘tishi, “xalq uyi” deya ataluvchi dargohning shaffof emasligi va deputatlar faoliyatining ochiq yoritilmasligi – tizimli muammo, albatta. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo ba’zi istisno holatlar borki, unda qat’iyat muhimroq ro‘l o‘ynaydi. Shaxsan men alifbo islohoti atrofidagi tugamas bahslarga nuqta qo‘yilayotganidan xursandman. Alifbo – millat taqdiri va xavfsizligi darajasidagi masala. Agar bu mavzudagi muhokamalarni davom ettiraverganimizda, yana 35 yil berilsa ham bir to‘xtamga kelolmasdik. Ba’zida milliy manfaatlar uchun qat’iy siyosiy iroda kerak.
Ilyos SAFAROV,
jurnalist
Alifbo islohoti bilan yana “assalom, imlo xatolari” bo‘ladi
To‘g‘ri, muhim masalalarda siyosiy iroda bo‘lgani foydali. Men juda hurmat qiladigan jurnalistimiz Ilyos Safarov alifboning shu tarzdagi islohi o‘ziga ma’qul bo‘lgani uchun ham bunga ijobiy munosabat bildiryapti, menimcha.
Men esa avvalboshidan qarshi edim. Chunki alifbodagi islohot insonning harflab emas, yaxlit so‘zni o‘qiy olishiga xizmat qiluvchi omillardan biri – so‘zdagi harflar sonini o‘zgartiradi. Bu degani butun o‘zbeklarda o‘qish kognitiv jarayoni ma’lum muddat sekinlashadi degani. Ha, to‘g‘ri, o‘rganib ketamiz... Ammo unga vaqt kerak bo‘ladi. Alifbo islohoti bilan yana “assalom, imlo xatolari” bo‘ladi.
Umid qilamanki, shu bilan nuqta qo‘yamiz... Bir soha rivojlanishi uchun ma’lum vaqt barqarorlik kerak...
2023-yili e’lon qilgan postimni qayta joylayapman. Post ham emas, filologiya fanlari doktori Aziz Jo‘rayevning kitoblaridan parcha. Kitob 2017-yil chiqqan. Postni 2023 da ulashganman. O‘sha yili universitetda alifbo islohoti masalasida yig‘ilish bo‘lgan, o‘sha yerda ishlayotgan bo‘lishimga qaramay, shunday yig‘ilish bo‘lganini uyga kelib kechqurun feysbukdan bilganman. Tushunishimcha, mening islohotga qarshiligimni bilishgani uchun universitetning ikkita til kafedrasidan bittasining mudiri bo‘lishimga qaramay, meni yig‘ilishga chaqirishmagan. Hozir ham bir narsa o‘zgarishiga ishonmayapman-u, lekin yetuk tilshunos olimning bu mavzu yuzasidan fikrini xalq bilishi kerak deb hisoblaganim uchun ulashyapman:
“Standart o‘zbek tilining (og‘zaki va yozma lingvodidaktik namunaning) vujudga kelishi va shakllanishini o‘zbek tilining maorif tizimiga kiritilishi, maktabda fan sifatida o‘qitilishi bilan, ya’ni XX asrning boshi bilan, bog‘lashimiz mumkin (yana qiyoslang: “1930-yilgacha o‘rta maktablarda o‘zbek tilidagi ta’lim tajribaviy xarakterda edi” Архангельский, 1962, 348, сн. 1).
Deyarli bir asr davomida o‘zbek yozuvi va imlosini isloh qilish yoki almashtirish bilan bog‘liq tadbirlar (1922, 1929, 1934, 1940, 1956, 1993, 1995) yozma o‘zbek tilini surunkali beqarorlikka duchor etdi. Buning oqibatida madaniyatimizda matn tanazzuli hodisasi yuz berdi. Islohotlar oralig‘ida yaratilgan lingvodidaktik matnlar orasida yozuv, imlo, talaffuz, punktuatsiya va uslub jihatidan ilgari shakllangan yoki shakllanayotgan uyg‘unlik uzlyuksiz ravishda buzilib bordi (bu haqda qarang: Aziz B.Djurayev, 2001, 299-300; Aziz B. Djurayev, 2001, 20-29; Djurayev, 2006, 30–33).
Alifboning imlo bilan, imloning talaffuz (orfoepiya) bilan, oxirgi ikkalasining matn an’analari bilan, matn an’analarining ritorika bilan, ritorikaning esa uslublar bilan bog‘liqligi har islohotda murakkab o‘zgarishlar zanjirini keltirib chiqaraverdi.
Har safar lingvodidaktik namuna sindirilib, yangisini yaratish uchun vaqt, mehnat va pul sarf qilinaverdi. Har safar o‘zbeklar lisoniy ongiga o‘zgartirish kiritilib, ongning kodifikatsiyalangan normani his qilish, saralash va nazorat qilish qobiliyati qayta shakllantirilaverdi. Bu hol standart o‘zbek tilining (yozma va og‘zaki lingvodidaktik namunaning) mavjudlik shakliga ta’sir etmay qolmadi. Uning hech bir davrda to‘laqonli rivoj topa olmagani ham shundandir.
O‘zbekcha lingvodidaktik namuna tarixidagi murakkabliklar faqat shu bilangina cheklanmaydi. Bu o‘rinda o‘zbek tili tarqalgan asosiy hududning (O‘zbekistonning) kech markazlashishi, o‘zbek tilining lingvodidaktikaga kech kiritilishi, ko‘p shevalilik, ruslashtirish siyosati, aholi etnik integratsiyasining zaifligi, urbanizatsiyaning rivoj topmagani, qashshoqlik, va, nihoyat, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar orasida funksional savodning pastligi tilning standartlashishiga jiddiy to‘g‘anoq bo‘lganini eslatib o‘tish kerak.
Standart o‘zbek tili (lingvodidaktik namuna sifatida) XX asr davomida didaktik ratsionalizatsiyalashtirish va davlat miqyosida rasmiylashtirishga urinishning turli shakllarini boshidan kechirdi.
Jo‘rayev A. Standart o‘zbek tili. Toshkent, 2017. 8-9.”
Iroda AZIMOVA,
tilshunos
Imi-jimida “o‘tkazib” yuborilishiga qarshiman
Lotin alifbosini takomillashtirishga qarshi emasman, qo‘llab-quvvatlayman ham. Ammo shunday muhim hujjatning imi-jimida “o‘tkazib” yuborilishiga qarshiman.
Shu loyihani jamoat muhokamasiga qo‘yib, alifboni har kuni ishlatadigan odamlar bilan maslahatlashib, keyin qabul qilsa qanday bo‘larkin?
Farhod FAYZULLAYEV,
jamoatchilik faoli
Alifbo jiddiy masala. Uni o‘zgartirish uchun hayot-mamot darajasidagi oqlov bo‘lishi kerak
Yangi lotin alifbosi haqida bir og‘iz. Bir necha yil oldin hazillashib, yoshlar uchun menda eng zo‘r biznes g‘oya va tavsiya bor, degandim – poligrafiya va bosmaxona biznesini. O‘zbekistonda har 4-5 yilda yo pasport, yoki haydovchilik guvohnomasi, yo hamma ishlatadigan boshqa narsa o‘zgaradi va qayta chop etilishi kerak. Bu qonuniyat va xatosiz ishlaydigan kutilma degandim. Men hazillashmagan edim.
Bunisi hammasidan oshib tushdi – “O‘zbek tilida yozilgan va mavjud bo‘lgan barcha narsalar qayta chop etilar” ekan. Hamyoningizdagi so‘m va pasportdan boshlab, darsliklargacha va chet eldagi elchixonalar eshigidagi yozuvgacha.
P.S. Hammasini boshqattan chop etmaymiz, 5–10 yil eski lotin yozuvida yashab yuramiz degan argumentning o‘zi absurd. Demak, uch xil yozuvdagi O‘zbekiston so‘zi bilan yashar ekanmiz. Battar savodsizlikni yaratadigan narsa. O‘zgarsa, aksincha hamma narsani zudlik bilan qayta chop etish kerak. Aks holda, yanada battar sharoitda, uch xil yozuvda “vaqtincha” yashab yuramiz. 30 yil kirillda yozib yurgandek.
Parlamentda shu alifbo masalasida muhokama bo‘layotganda quyidagi savollar ko‘tarilganmikan?
Mamlakatdagi barcha maktablarda hojatxona masalasi hal bo‘ldimi? Ichimlik suvi har bir maktab va xonadonda bormi? Yozda sovutish, qishda isinish va svet masalasi hal bo‘ldimi? Bolalar yo‘lda, maktab oldida mashinalar tomonidan qirilib ketayotgani, minglab odamlar avariyalarda o‘lib ketayotgani masalasi hal bo‘ldimi?
Parlament kun darijasida (tahr.: kun tartibida), menimcha, kundalik hayotdagi hayot-mamot masalalar ro‘yxati cheksiz va yechilmagan muammolar juda ko‘p bo‘lib, ular uchun ajratiladigan diqqat va resurslar esa cheklangan edi.
Men tabiiyki tilshunos emasman, shuning uchun bu mavzudagi gaplarim umuman ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Shunga mening gaplarimni jiddiy olmaslik kerakdir. Lekin bir misol keltiray.
Bog‘cha so‘zidagi g‘ va ch harflarining shapkasi va dumi chap tarafga qaraganmi yoki o‘ng tarafga degan muhokamada, menimcha, yana bir bor, menimcha, eng muhim joyi – bog‘chada bolalar xavfsiz ovqatlanyaptimi, ovqatdan zaharlanishmayaptimi, bog‘chaga xavfsiz kelib-ketishyaptimi, qishda sovuq emasmi, gigiyena shartlariga rioya qilinyaptimi, u yerda bolajonlar yaxshi ta’lim olishyaptimi, tazyiq bo‘lmayaptimi kabi masalalar muhimroq bo‘lsa kerak.
Bog‘chaning ichidagi mana shu masalalarni “Parlament” yozuvli futbolkani kiyib olgan odam hal qilib, ijrosini tekshirib chiqib ketayotganida, keyin eshik tepasidagi ğ ning shapkasini to‘g‘irlab, ç ning dumini yasab ketsa ayni muddao bo‘ladi, balki.
Balki men ham yaxshi tushuna olmayotgandirman – tilshunos yo bu mavzuda mutaxassis emasman. Shuning uchun fikrlarim katta ahamiyatga egamasdir, lekin shu til foydalanuvchisi sifatida bu masala menga ham taalluqli, ikki tiyinlik fikrimni bildiraman.
Men aslida hozirgi yozuvda muammo nimada ekanligini va joriy lotin alifbosi qanday murakkabliklarni tug‘dirayotganini bilmadim. Yangi alifbo islohotini oldinga surayotganlar va Parlamentda ma’qullab berayotganlardan yaxshiroq argumentlarni bilmoqchi edim. Ular ko‘pdir, lekin haligacha pichoqqa ilinadigan argumentni ko‘rmadim. Alifbo jiddiy masala. Uni o‘zgartirishda – men uchun bo‘lganda ham – hayot-mamot darajasidagi oqlov bo‘lishi kerak. Alifboni o‘zgartirish juda mas’uliyatli ish bo‘lib, avlodlar va mamlakat taqdiriga ta’sir etadigan, belgilaydigan narsa. U yuzaki kosmetik sabablarga asoslanib va yopiq eshiklar ortidan qilinadigan ish emas, deb o‘ylayman.
Ba’zi fikrlarimni jamlasam:
Birinchidan, savod va yakdillik masalasi. Bizga alifbo islohoti anchadan beri kerak edi, nihoyat iroda ko‘rsatyapmiz deyishibdi. Qo‘shilaman, men anchadan beri orzu qilar edim, hammamiz bitta yozuvda yozaylik, deb. Alifbo va o‘zbek tili masalasida nuqta qo‘yish deganda barchamiz bitta imloga, ya’ni lotinda yozishga batamom o‘tamiz, 30 yildan beri qilinmagan ish vanihoyat qilinadi, deb o‘ylagandim. Lekin bu yangi islohot natijasida bitta yozuvda birlashish emas, qo‘shimcha uchinchi yozuvda yozadigan avlodni yaratish jarayoni sodir bo‘ladi deb o‘ylayman. Kirillda, eski lotinda va yangi lotinda yozadigan uch xil avlod. Oldin ikkita lager bo‘lgan bo‘lsak, endi uchta lagerga bo‘linamiz. O‘zimizni aldamaylik, ertaga Parlament qaysi yozuvni ma’qullasa-da, kimga qaysi yozuv qulay bo‘lsa o‘shanda yozishda davom etaveradi. Masalan, 30 yildan beri kirill yozuvida yozib kelishdi-ku, hatto davlat idoralari va ish yuritishda ham.
Ikkinchidan, qulaylik masalasi. Aksariyat odamlar Parlament yoki davlat idorasi yopiq eshiklar ortida tasdiqlagan alifboda emas, balki kundalik hayotida ishlatadigan, maktabda o‘rgangan, atrofidagilar foydalanadigan, yillar davomida o‘zlashgan yozuvda yozishda davom etadi. Masalan, o‘ harfining shapkasi u tarafga emas, bu tarafga qarab turishi qanday ahamiyatga ega degan muhokamalar va o‘zgartirishni men butunlay o‘tkazib yubordim va klaviaturamda bor bo‘lgan shapkani shu daqiqagacha yozib keldim. Osmon uzilib yerga tushmadi, menimcha. Alaloqibat, o‘ ning shapkasi qayerga qarab turishi umuman ahamiyatsiz ekan, shapkasi yo‘q, endi boshida ikkita nuqta.
Shu qulaylik haqida 3 yil oldin yozgan edim. Masalan, men ham o‘zbek lotin alifbosida yozayotganda telefonimda ham, kompmyuterimda ham ingliz klaviaturasidan foydalanaman. Do‘kondan olgan telefon/kompmyuterimda o‘zbek tilbda yozib ketaveraman. Ya’ni hozirda lotin alifbosida yozish uchun men va istalgan texnik qurilma egasida (xoh u O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh Ispaniyada, xoh Kongoda) o‘zbek lotin alifbosida yozish imkoniyati standart (default) tariqasida o‘rnatilgan, ingliz tilidagi klaviatura orqali, shunga o‘zbek tilida tez yozish va o‘qish nisbatan oson. Taklif qilingan 4 ta yangi harfni keng qamrovli klaviaturamda yoza olmas ekanman. Yangi ö, ç harflari uchun klaviaturani qattiqroq bosib turishim, harflarni surishim va tasdiqlashim kerak ekan. Uchta ortiqcha harakat. Bu muammo emas, uning uchun nimalarnidir o‘rnatishingiz, dasturlarni yangilashingiz kerak xolos, deyishingiz mumkin, lekin shuning o‘zi absurd emasmi. Tilda yozish va o‘rganish qulay bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Ya’ni yangi alifboda yozishning qulaylik nuqtayi nazaridan tranzaksion xarajati katta. Undan ko‘ra yozmay qo‘yaman o‘zbek lotin alifbosida deydiganlar bo‘ladi. Buning oqibatida esa uyg‘unlik bo‘lishi uchun odamlar yanada ko‘proq ingliz tilida yozishga o‘tishlari mumkin.
Shaxsan men ertaga Parlament qaysi yozuvni tasdiqlashidan qat’i nazar eski alifboda yozishda davom etaman. uzbekonomics telegram kanali eski lotin alifboda qoladi. Chunki qulay, shunga o‘rganganman. Alternativa esa o‘zbek tilida umuman yozmaslik.
Uchinchi va eng muhimi qoldirib ketilayotgan masala bu pul, pul va yana bir bor pul. O‘zi Parlamentning asosiy ishi pulni taqsimlash edi. Yangi alifboning bir oqibati – O‘zbekistondagi va tashqaridagi o‘zbek tilidagi jamiki yozuvni o‘zgartirish, qayta chop etish, qayta bo‘yash kerak. Menimcha, buning ko‘lamini hammamiz yaxshi tasavvur qila olmasak kerak – hamyoningizdagi kupyurani, pasportni, hujjatlarni, har bir xonadondagi konstitutsiya kitobini, darsliklarni va umuman O‘zbekiston degan yozuv bor barcha narsani qayta chop etish kerak.
Albatta, bosqichma-bosqich bo‘ladi, hozir hammasini o‘zgartirishga majbur emasmiz, deyishlari mumkin. Lekin aynan shuning o‘zi yangi muammo-da. Pasportimizda O‘zbekiston so‘zi eski o‘ bilan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamizda yangi ö bilan, konstitutsiya kitobimiz beti yangi ö bilan... O‘zbek tili juda chalkash va tarqoq bo‘lib qoladi-ku. Darsliklar eski bosmada, yangi bosmada... Universalizm bo‘lishi uchun, demak, hammasini, butunlay hammasini juda tez fursatda qayta bosib chiqarish kerak. Bu nima degani, katta pul degani. Shuncha pul bormi o‘zi byudjetda va prognozda? Menimcha yo‘q. Unchalik boy mamlakat emasmiz-ku, shuncha pulni kosmetik o‘zgargan alifbo uchun sarf qilishga. Agar shuncha pul bo‘lsa, unda nega ba’zi maktablarda haligacha ichimlik suvi ham, hojatxona ham yo‘q? Nimaga, nimaga, nimaga? Bunday savollar ko‘p. “Ö ning shapkasiga pul bor-u, bolalarning salomatligi va hayoti uchun yo‘qmi?” degan savol o‘sha Parlamentning yopiq eshiklari ortida berilganmikan?
Mana shu oxirgi fikrni ham ba’zilar aytdi/aytadi: “Byudjetdan boshqa bemaqsad va foydasiz narsalarga katta mablag‘lar shundoq ham ketmoqda, bu masalaga ketsa ketibdi, hech narsa qilmaydi”. Bunday mantiq va yondashuv mutlaqo noto‘g‘ri. Agar haqiqatdan ham xarajatlarimiz ko‘p bo‘lsa va uni bilsak, avval ularni qisqartirishimiz kerak, yangi xarajatlarni ko‘paytirmasdan. Shunday emasmi?
Botir QOBILOV,
iqtisodchi
Alifbo islohi: nima uchun savollar beriladi-yu, javobi eshitilmaydi?
Birinchi marta hozirgi alifbomiz noqulayligi haqida 2017-yil yozgan edim, adashmasam. O‘shanda o‘nga yaqin argument aytganman, chunki uzoq yillar nashriyotlarda matn bilan ishlab, bu “teskari tirnoqlar” tufayli yo‘qotilayotgan resurslarni ko‘rib qiynalar edim, achinar edim. Ya’ni haqiqiy alifbo amaliyotchisi sifatida hozirgi o‘zbek-lotin alifbosi noqulay va serisrofligini juda ko‘p ko‘rganman.
O‘shandan beri bu mavzuda aytilmagan savol va unga berilmagan javob qolmadi. Juda ko‘p bahslarda qatnashdim, talay argumentlar, debatlarni ko‘rdim, kengashlarda ovoz berishlar-u bayonnomalar, bayonotlar-u munosabatlarda aralashib, qovrildim. Oxiri tushundimki, alifbo islohoti har safar bahslar sabab to‘xtaydi. Hech kim mutaxassislar, olimlarga quloq solmaydi. Har safar masala nimadir “sabab” bo‘lib yopiladi.
“Sug‘ur kuni”ni yashayotgandekman…
Katta ehtimol bilan 1993-yilgi alifboning o‘zgarishiga jiddiy bir amaliy yo texnik ehtiyoj yo‘q edi, ayniqsa, hozirgi shaklda o‘zgarishiga. Endi hech bo‘lmasa oddiy texnik-shakliy o‘zgarishlarga adekvat qaraylik. Shunchaki hozirgi alifboda bir bet matnni xatosiz terib ko‘raylik. Shunda ko‘rasiz, alifbomiz “bir harf – bir tovush” prinsipida ishlaydigan boshqa alifbolarga “yutqizadi”.
Qozoq bovurlarimiz bizning tajribadan o‘rganib alifbo islohotini qilishmoqda. Yaqinda turkiy davlatlar birlashib qabul qilgan “o‘rtoq alifbo”da ham alifbo qulayligi va “bir harf – bir tovush” prinsipi inobatga olingan. Biz esa hamon o‘sha isrofgarchilik bilan yashab, balki o‘ninchi marta bir xil savollarni berib, javoblarini eshitmay o‘tiribmiz.
Alifboni o‘zgartirish nima uchun kerakligi haqida Qonunchilik palatasidagi muhokamalarda aytilgan, yana bir bor (balki yuzinchi marta) takror berilgan savollarga aniq va asosli argumentlar bilan javob berilgan. Unda xarajatlardan tortib texnik masalargacha ko‘tarilgan va javoblar aytilgan. Gаzeta.uz muhokamani matnga ko‘chirib e’lon qildi. Bir o‘qib chiqishni tavsiya qilaman.
Agar biz o‘z mamlakatimiz nomini bir xilda va to‘g‘ri yoza olmasak, O‘zbekiston nomini o‘z alifbomizda turlicha yozib kelayotgan bo‘lsak, buni tuzatish kerak.
Qo‘yinglar, shu masala yechilsin, to‘g‘ri alifboda yashaylik, hamma qatori. Va o‘sha talab qilinayotgan “bundan-da jiddiyroq muammolar”ga o‘taylik.
Shahnoza SOATOVA,
Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger
Deputatlarimiz qabul qilgan qonunda hammasi aniq yozilgan
4 ta harfning o‘zgarishi katta xarajatmi? Alifbo muhokamasi vaqtida eng ko‘p shu savol ko‘tariladi. “Noroziman” deydigan toifaning eng katta argumenti ham xarajatga borib taqaladi.
Eng avvalo, muhim nuqta – bizda alifbo almashmayapti, ikkita harfning shapkasi o‘zgaryapti, ikkita harfning shakli o‘zgaryapti!!!
Davlat alifbo islohotida qachon juda katta xarajat qiladi, qachonki butunlay boshqa alifboga o‘tsa. Masalan, Qozog‘iston kirilldan lotinga o‘tishga qiynalyapti. Chunki bu juda katta ish va haqiqatdan katta xarajat talab qiladi.
Ammo 4 ta harfning shaklini o‘zgartirishda vaziyat mutlaqo boshqacha. Deputatlarimiz qabul qilgan qonunda hammasi aniq yozilgan.
Pasport (ID karta) – o‘z kuchida qolaveradi, almashtirish talab etilmaydi. Qachonki, muddati tugasa, o‘shandagina yangi 4 ta harf ishlatilgan variantini olasiz, ungacha bemalol yuraverasiz.
Demak, fuqarolar uchun pasport (ID karta) xarajati nolga teng.
Pul – milliy valyutamiz banknotalari ham o‘z kuchida qolaveradi. Qachonki Markaziy bank yangi partiyada so‘m banknotalarini bosib chiqarsagina, yangi 4 ta harfdan foydalanadi. Ungacha hech qanaqa ortiqcha xarajat qilinmaydi.
Darsliklar – qoidaga ko‘ra, darsliklar shundoq ham ma’lum yilda (1–5 yil) yangilanishi kerak. O‘sha yangilanish vaqti kelgandagina yangilanadi, ungacha hammasini qayta bosamiz, deyilmaydi.
Kitoblar – kitoblar bilan ham muammo yo‘q. Shu paytgacha chop etilganini o‘qishda davom etaveramiz, xotiramizdan ö va ğ harfini o‘chirib tashlamayapmiz-ku. Yangisini chop etishga tabiiy ehtiyoj tug‘ilganda, yangi 4 ta harfdan foydalanamiz. Barchasi juda oddiy.
Ko‘chalardagi yozuvlar, peshlavhalar, bannerlar va h.k. – bularda ham o‘sha qoida ishlaydi. Har qanday vizual materialning foydalanish va yemirilish muddati bor. Masalan, 3 yil, 5 yil, 10 yil. Shu muddatlar ichida majburan almashtirish talab etilmaydi. Qachon foydalanish muddati oxiriga yetib kelsa, o‘shanda yangisiga almashtiriladi. Masalan, ko‘chadagi “Toshkent shahri” deb yozilgan katta yozuv 5 yil davomida osilib tursa ham, hech qanaqa muammo emas, uni albatta ertagayoq “Toşkent şahri” deb o‘zgartirish shart bo‘lmaydi.
Xat uchun blanklar, veb-saytlar, yorliqlar, restoran menyulari, chiptalar va boshqa shu kabi yozuv bilan bog‘liq mahsulotlarda ham xuddi shu qoida ishlaydi. Qachon yangisini chiqarishga tabiiy ehtiyoj tug‘ilganda 4 ta yangi harfdan foydalaniladi. Ungacha sun’iy ravishda almashtirish yoki majburlash talab etilmaydi.
“Ng” harf birikmasining alifbodan chiqarilishi bo‘yicha
Ijtimoiy tarmoqlarda “endi “bodring”, “mening”, “boring”, “keling” so‘zlarni qanaqa yozamiz?” deya berilayotgan savollardan bilish mumkinki, o‘zgarishlar biroz noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
“Ng” harfi bilan yozuvda hech narsa o‘zgarmaydi, bodring – bodring, mening – mening, boring – boring, keling – keling yozilaveradi. Ya’ni “ng” degan tovush bekor qilinmayapti, uni talaffuzda ishlataveramiz, shunchaki alifbodan alohida 2 ta harfdan tashkil topgan “ng” harf birikmasi chiqarib tashlanyapti va bu to‘g‘ri qaror.
O‘zbek tilida tovushlar ko‘p, lekin ularning barchasiga ham harf yo‘q. Boshqa tillarda ham xuddi shunaqa. Bu fojia emas.
Ko‘pchilikni qo‘rqitgan aldamchi tasavvur shu bo‘ldi-ki, endi “bodring” so‘zini – bodrin, “keling” so‘zini – kelin shaklida yozamiz, deya o‘ylashdi. Lekin bunday emasligini bilib oldingiz degan umiddaman. Xullas, hech narsa o‘zgarmayapti bu borada.
“O‘tkan kunlar” romanining 2 xil varianti.
Hozirgi alifboda: 220 bet, 607 ming 721 simvol.
4 tagina harf o‘zgarsa: 207 bet, 568 ming 877 simvol.
Farq: 13 bet, 38 ming 844 simvol.
Agar bir yilda 10 ming dona “O‘tgan kunlar” romani chop etilsa, bu 130 ming bet tejaladi degani. Bittagina kitobda şunça. Endi siz buni millionlab tirajdagi darsliklar va kitoblarga ko‘paytiring.
Men hali bitta harf uchun 2 ta, ba’zan 4 ta tugmani bosishga sarflanadigan vaqt va kuchni aytmayapman. Buni o‘lchash qiyin chunki.
Xushnudbek XUDOYBERDIYEV,
huquqshunos
Til xalqning fikrlash tarzi va milliy kodidir
“Alifbo islohoti – bu shunchaki harflarning shaklini o‘zgartirish yoki navbatdagi imloviy tartib emas. Bu – o‘z vaqtida geosiyosiy vaziyat va texnik nomukammallik sabab zanjirband qilingan ona tilimizni o‘z tabiiy ozodligiga qaytarishdir. 30 yil davomida tilimizni tayyor kompyuter klaviaturasiga sig‘dirishga urindik va buning badalini butun boshli avlodning savodxonlik darajasi, raqamli tizimlardagi oqsoqliklar va millionlab iqtisodiy isrofgarchiliklar bilan to‘ladik.
Qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu adolatli e’tirof. Gap alifbodagi 4 ta belgining o‘zgarishida emas, balki alifboga nisbatan qarashning o‘zgarishida. 1993-yil 2-sentyabrda Islom Karimov tomonidan imzolangan ilk qonunda o‘zbek lotin alifbosi mukammal, yaxlit va diakritik (harf usti yoki ostidagi) belgilarga ega shaklda loyihalashtirilgandi. Unda bugun biz qiynalayotgan tovushlar uchun Ç ç (Ch), Ş ş (Sh), Ğ ğ (G‘) va Ö ö (O‘) harflari belgilangan edi. Bu variant o‘sha davrda yangi mustaqil bo‘lgan turkiy davlatlarning umumiy lotin andozasiga birlashish, madaniy hamda siyosiy integratsiyalashuv strategiyasiga to‘liq mos kelardi.
Ammo 1995-yil 6-mayda qonunga kiritilgan o‘zgartirish bilan alifbomiz hozirgi noqulay ahvolga keltirildi. Bunga Turkiya bilan siyosiy munosabatlarning sovuqlashgani sabab umumiy turkiy belgilardan qochish va kompyuter klaviaturasi standartiga sig‘inib, tilni texnikaga qurbon qilish omili sabab bo‘lgan, deyishmoqda deputatlarimiz.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Senatga yubordi. Senat ko‘rib chiqishi kutilayotgan yangi qonun loyihasi alifboni 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat qilishni nazarda tutmoqda.
Ya’ni muammoli to‘rtta harf yaxlit, diakritik shaklga o‘tkaziladi. Bu tizim insonning o‘qish va yozish tezligini oshiradi, kompyuterda terish jarayonini soddalashtiradi. Bugun Senat muhokamasiga taqdim etilgan yangi loyiha millat madaniyati, maorifi va kelajagi uchun uzoq yillik strategik investitsiyadir. Til xalqning fikrlash tarzi va milliy kodidir. Uni zamon va texnologiya talablariga moslash esa davlatchilik mas’uliyati hisoblanadi. Endilikda texnika tilni cheklashi emas, balki raqamli dunyo imkoniyatlari o‘zbek tilining sodda, mukammal va yaxlit tizimiga xizmat qilishi kerak. Xalq o‘z alifbosini kompyuter klaviaturasiga emas, balki klaviaturani o‘z tiliga moslashtiradigan davrga nihoyat yetib keldi” deya post joylangan Pressuzb telegram kanalida.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
San’at
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
1 Izoh
Mohitabon
22:07 / 13.07.2026
Assalomu alaykum. Alifbo oʻzgarishi haqida oʻz fikrimni bildirmoqchiman. Toʻgʻrisi, men alifboning oʻzgartirilishiga mutlaqo qarshiman. Hammaga maʼlumki, Sobiq Ittifoq davrida oʻqigan ota-onalarimizning kirill alifbosidan lotin alifbosiga oʻtishi va unga koʻnikishi juda qiyin kechgan edi. Endi esa xuddi shu qiyinchilik va chalkashliklar bizning avlodimizda ham takrorlanishini xohlamasdim. Biz maktabni hozirgi amaldagi alifboda bitirdik, aynan shuni oʻrgandik, endi esa yana yangi shakl joriy etilmoqda. Kimdir :"Bor-yoʻgʻi bir nechta harfga ozgina oʻzgartirish kiritiladi, xolos", deyishi mumkin. Yoʻq, aslida unday emas. Bu masala bundan bir necha yil avval koʻtarilganda, men ataylab hozir taklif etilayotgan yangi alifboda yozib koʻrishga uringanman. Natijasi esa meni hayratda qoldirdi: ona tili va adabiyot fani boʻyicha diktant va insholarda deyarli xato qilmaydigan men kabi savodli inson ham yangi harflarda bir dunyo xatoga yoʻl qoʻydim. Zero, inson miyasi muayyan bir tizimga moslashsa, keyinchalik uni oʻzgartirish juda qiyin kechadi. Baʼzan miyamizda "hozir buni yangicha yozaman" deb tursak ham, baribir qoʻlimiz oʻrgangan eski shaklni yozib yuboraveradi. Men bu masalaning nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy va psixologik tomonini ham oʻylayapman. Toʻgʻri, balki bu ham qandaydir islohotdir, lekin bugungi kunda davlatimiz va jamiyatimiz oldida tayyor turgan alifboni oʻzgartirishdan koʻra ancha muhimroq, hal qilinishi va isloh etilishi kerak boʻlgan masalalar bor deb hisoblayman.