2022-yil 26-sentyabrda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan voqea yuz berdi. Cheksiz koinotda o‘zicha parvoz qilib yurgan asteroidlardan biri – Dimorfosning yo‘ldoshiga “NASA”ning DART (Double Asteroid Redirection Test) kosmik apparati aniq yo‘naltirilgan zarba berdi. Va bu asteroid milliard yillardan buyon muqim bo‘lgan orbitasini – parvoz yo‘nalishini o‘zgartirib, boshqa yo‘nalishda ucha boshladi. Ya’ni asteroid inson irodasiga bo‘ysundi.
Missiyaning maqsadi oddiy emas edi. Bilamizki, koinotdagi son-sanoqsiz yulduzlar-u sayyoralar orasida ona Yerimiz chang zarrasi kabidir. Hozirgacha olislarda uchib yurgan mittigina kometa-yu asteroidlar ham unga jiddiy xavf tug‘dirishi, deylik, undagi hayot shamini o‘chirib qo‘yishi mumkin.
Shu bois olimlar ko‘p yillardan beri Yerga potensial xavf tug‘diruvchi asteroidlardan insoniyatni himoya qilish haqida o‘ylashadi. DART missiyasi Yer sharini fazoviy xurujlardan himoya qilishning real mexanizmlarini sinab ko‘rish yo‘lidagi ilk tajriba bo‘ldi. Bu tajribani dunyo bo‘ylab 28 ta observatoriya va yuzga yaqin olim kuzatib bordi. Ular orasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining yetakchi xodimlari Otabek Burhonov va Kamoliddin Ergashev ham bor edi.
Maydanak observatoriyasining noyob astroiqlim imkoniyatidan unumli foydalangan o‘zbek olimlari mehnati, olingan ilmiy ma’lumotlar va tahlillar NASA tomonidan yuqori baholanib, bu ikki olim nufuzli “Group Achievement Award” mukofotiga munosib ko‘rildi. Bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston astronomiyasining jahon faniga qo‘shgan ulkan hissasidir.
Otabek Burhonov – astronom olim, fizika-matematika fanlari nomzodi, O‘zFA Astronomiya instituti laboratoriya mudiri. 2012-yildan buyon institutning Maydanak rasadxonasida olib borilayotgan barcha mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalarni muvofiqlashtirishga rahbarlik qiladi. Uning ilmiy ishlari astronomik obyektlarni kuzatishning zamonaviy usullari, olingan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun matematik dasturlar tuzish va turli operatsion tizimlarda ishlash metodikasiga qaratilgan. “WoS” (Web of Science) va “Scopus” bazalarida indekslanuvchi xalqaro jurnallarda 55 ta ilmiy maqolasi chop etilgan. Yuqori ilmiy nufuz belgisi hisoblangan h-indeksi (Hirsh indeksi) 20 ga teng. Olim ishtirokida ikkita o‘quv qo‘llanmasi tayyorlangan. Ko‘plab davlat va xalqaro grantlarga ilmiy rahbarlik qilgan. Xalqaro TWAS grantida mas’ul ijrochi sifatida qatnashgan.
Otabek Burhonov Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Germaniya astronomlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi. U AQShning NASA tashkiloti hamda SVOM kabi yirik xalqaro kosmik missiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Kamoliddin Ergashev – fizika-matematika bo‘yicha falsafa doktori. Katta ilmiy xodim, astronomiya sohasidagi istiqbolli yosh olimlardan biri. Quyosh tizimidagi kichik jismlar – asteroidlarning fizik xususiyatlarini o‘rganadi. Astrofizika sohasida 50 dan ziyod ilmiy maqola va tezisi chop etilgan. Xalqaro ilmiy markazlar (Yaponiya, AQSh va Yevropa mamlakatlari) bilan hamkorlikda o‘nlab asteroidlarning yo‘ldoshlarini kashf etishda faol qatnashgan. Quyosh tizimidagi 30 ga yaqin kichik jismning aylanish va shakl xususiyatlarini aniqlagan. “NASA”ning sayyoraviy mudofaa maqsadidagi DART missiyasi doirasida optik kuzatuvlar olib borib, tajriba muvaffaqiyatini ilmiy tasdiqlashga katta hissa qo‘shgan.
– Bu loyihada ishlash imkoniyati qanday paydo bo‘ldi? Shu haqida gapirib bersangiz.
Otabek Burhonov:
– Biz asosan Maydanak rasadxonasida ishlaymiz. Yulduzlar, asteroidlar va boshqa osmon jismlarini muntazam kuzatib, ma’lumot to‘playmiz. Albatta, bu ishni yolg‘iz o‘zimiz bajarmaymiz. Chunki osmonga bir o‘zing tikilsang, ko‘p narsani ko‘rolmaysan. Dunyo rasadxonalari, olimlari hamkorlik qilsagina biron arzirli natijaga erishish mumkin. Biz ham dunyoning astronomiya markazlari, yetuk olimlari bilan hamkorlik qilamiz. Doimiy muloqotdamiz. Bir kuni chexiyalik hamkorlarimiz “Yangi, qiziq va mas’uliyatli loyiha bor, qatnashasizlarmi?” deya taklif qilishdi.
Albatta, ular bizning texnik va ilmiy imkoniyatimizni yaxshi bilgani, salohiyatimizga ishongani uchun taklif qilishdi. Maydanak rasadxonasi juda qulay joylashgan, uning astroiqlimi – tog‘dagi yuqori shaffoflik, past atmosfera to‘sig‘i va yorug‘likning minimal ifloslanishi jahon darajasidagi kuzatuvlarni amalga oshirishga imkon beradi. Qolaversa, bu asteroidni biz anchadan buyon muntazam kuzatib kelayotgan edik.
Shu bois DART missiyasining strategiyasi, ilmiy maqsadlari va vazifalarini batafsil o‘rgandik. Unda qatnashish, yangi ilmiy yutuqlarga erishish o‘z yo‘liga. Biroq yana bir foyda – O‘zbekiston nomini jahon maydonida yana bir pog‘ona ko‘tarish imkoniyati bor edi. Shuning uchun darhol rozi bo‘ldik. Eng sifatli, ishonchli va ilmiy jihatdan qimmatli ma’lumotlar olayotganimizni hamma ko‘rib turdi.
Kamoliddin Ergashev:
– Otabek aka aytganidek, biz bu obyektni DART eksperimenti boshlanishidan ancha oldin kuzata boshlagan edik. Chexiyalik hamkorlarimiz buni bilishardi. Rasmiy taklif tushgach, allaqachon to‘plagan ma’lumotlarni taqdim etdik. Samodagi mitti yulduzcha – asteroid orbitasini o‘zgartirish yo‘lidagi tajribaga qo‘shilishga ilmiy imkoniyatimiz yetishini isbotladik. Ya’ni, dunyo bo‘ylab DART missiyasini kuzatadigan xalqaro jamoaga qo‘shilishimiz tasodif emas, balki salohiyatimizning tan olinishi bo‘ldi.
Jami 28 ta observatoriya va yuzga yaqin olim ishtirok etgan bu yirik xalqaro loyihada O‘zbekistondan ikkovimiz qatnashdik. Bu katta mas’uliyat va ayni vaqtda sharaf ham edi. Bir yarim yil davomida ma’lumot to‘pladik. Ularni qayta ishlab, chuqur tahlil qilib, asteroid tizimidagi o‘zgarishlarni aniqlab, ilmiy jamoatchilikka taqdim etib bordik.
– Ushbu loyiha fanga nima berdi? Oddiy odamlar uchun ham biron nafi bormi?
Otabek Burhonov:
– Bu juda muhim savol. Fizika va kimyo fanlari laboratoriyada tajriba o‘tkazishi, g‘oya va nazariyalarini tekshirib ko‘rishi mumkin. Ammo astronomiyada bu ilojsiz ish. Asosiy qiyinchilik shundaki, osmondagi voqealarni Yerda qayta yaratish imkoni yo‘q. DART missiyasi esa insoniyat tarixida ilk bor tabiiy yo‘ldosh orbitasini sun’iy tarzda o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu faqat ilmiy yutuq emas, balki insoniyatning koinotga nisbatan o‘z kuchi va imkoniyatini namoyish etishidir.
Kamoliddin Ergashev:
– Hozirgacha Quyosh tizimida bir yarim millionga yaqin asteroid aniqlangan. Ularning qirq mingdan ortig‘i vaqti-vaqti bilan Yerga yaqinlashib turadi. Ba’zilari global xavf tug‘dirsa, ayrimlari ma’lum hududlar uchun jiddiy xatar. Agar shunday xavfli obyekt Yer bilan to‘qnashishi aniq bo‘lib qolsa, insoniyat nima qila oladi?
DART eksperimenti mana shu savolga javob topish uchun o‘tkazildi. Nazariy takliflar ko‘p edi: asteroidni bo‘yash, portlatish, tortib ketish va hokazo. Lekin nazariyani amalda sinab ko‘rmasangiz, u faqat g‘oya bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun asteroidning o‘ziga emas, uning xavfsiz yo‘ldoshiga zarba berildi. Maqsad – orbita o‘zgaradimi-yo‘qmi, shuni tekshirish edi. Natijada asteroid yo‘ldoshining tezligi 33 daqiqaga o‘zgardi. Bu insoniyatning osmon jismlari orbitasini boshqara olishining ilk ishonchli isboti bo‘ldi. Kelajakda bunday eksperimentlar ko‘payishi mumkin.
– Bu o‘zbek astronomiyasi uchun ham katta yutuqmi?
Kamoliddin Ergashev:
– Albatta. Bu shunchaki mukofot emas, balki uzoq yillik mehnat, professionallik va jamoaviy ishning samarasi. Hozir fan juda tez rivojlanmoqda. Agar orqada qolib ketishni istamasak, yirik xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmog‘imiz shart. Bizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Ayrim tabiiy va sun’iy to‘siqlarga qaramay, bunday loyihalarda qatnashishning o‘zi katta yutuq va kelajak uchun muhim qadam.
– Nega bizda fan kutilgan darajada rivojlanmayapti deb o‘ylaysiz?
Otabek Burhonov:
– Bizning xalqda ilmga qobiliyat va iste’dod azaldan yetarli – buni tariximiz ham yaqqol isbotlaydi. Lekin keyingi o‘n yilliklarda ayrim omillar ta’sirida tashabbuskorlik va mustaqil fikrlash kamayib ketdi. Chunki sovet davridagi markazlashgan tizim ko‘pchilikni “tayyor ko‘rsatma” bilan ishlashga o‘rgatib qo‘ygan. Holbuki, haqiqiy ilm aynan mustaqil tafakkur, tavakkal qilish va yangi yo‘llar izlashni talab etadi. Bizda haligacha sobiq tuzumdan qolgan davlat rejalashtirish tizimi hukmronlik qilmoqda. Afsuski, bu kasallik fan sohasini ham chetlab o‘tmadi. “Bir yilda falonta maqola chiqarishing kerak”, “Planni to‘ldirishing shart” degan majburiyatlar ilm ahlining tinkasini quritmoqda. Kechirasiz-u, bu zavod emas, bu – ilm! Tajriba va tadqiqotlar qanday yakun topishini hech kim bashorat qila olmaydi. Hech kim! Bir yilda falonta maqola yozish majburiyati ostida ishlayotgan olimdan sifat kutsa bo‘ladimi? Bunday sun’iy tizimda ko‘zbo‘yamachilik ko‘payadi, haqiqiy ilm esa o‘ladi.
Eng achinarlisi, olimlarimizni baholashda milliy mezonlarimiz yo‘q. Chet elning “Web of Science” yoki “Scopus” degan tizimlariga ko‘r-ko‘rona ergashib yuribmiz. Vaholanki, davlatimiz tomonidan Alisher Navoiy nomidagi muhtasham kutubxona barpo etilgan. Nima uchun bu imkoniyatdan unumli foydalanmayapmiz? Grantlarni shu kutubxonaga yo‘naltirib, mahalliy olimlarimizning milliy reyting tizimini yaratish fursati yetmadimi? To‘g‘ri, xorijning texnologiyasini o‘zlashtirish kerak, ammo yondashuvni o‘zimiz tashkil etsak bo‘ladi-ku!
Ilmiy ishlar sifati masalasi ham dolzarb. Ko‘p dissertatsiyalar formal himoya qilinmoqda, ularning amaliy ahamiyati va joriy etilish darajasi deyarli so‘ralmaydi. Chet elda ilmiy ishning natijasi real hayotga tatbiq etilsa, davlat yoki xususiy sektor tomonidan qo‘llanadi. Bizda esa olim ko‘p hollarda nafaqat o‘z muammosi, balki yutuqlari bilan ham yolg‘iz qoladi. Dissertatsiya yozibsan, ilmiy ishingni yoqlabsan, natijasi qani deb so‘rovchi yo‘q. Chunki ilmiy natijaga qiziqadigan muhit, tizim yo‘q. Ilmiy yutuqlarni hayotga joriy qilishning mexanizmi ishlamaydi.
Dissertatsiyalar saviyasi pastligi masalasiga qaytsak. Rivojlangan davlatlarda STEM (fan, texnologiya, injeneriya va matematika) yo‘nalishi bo‘yicha qat’iy talablar bor. Ishonchim komilki, pedagogika sohasidagi soxta olimlarimizning birortasi STEM talablariga javob bermaydi. Ishlarning soni ko‘p, ammo sifati past. Pedagogika yo‘nalishida qator dissertatsiyalar yoqlanayapti, biroq ularning aksariyati o‘ta past saviyada. Buning ikkita asosiy sababi bor: birinchisi – o‘sha ilmiy ishlarning haqiqiy qiymatini xolis baholaydigan mukammal tizim yo‘qligi. Ikkinchisi – amaliy natijalarning nazorat qilinmasligi. Hech kim tadqiqotchidan “Mana, dissertatsiya yozibsan, qanday natija olding? Uni qayerda qo‘llading?” deb so‘ramaydi. Natijada saviyasiz, hech kimga keragi yo‘q kitoblar chop etilaveradi. Vaziyatni yaxshilash uchun milliy ilmiy reyting tizimini yaratish va ilmiy ishlarning amaliy samarasini baholash mexanizmlarini joriy etish shart.
Ta’lim zanjiridagi yana bir og‘riqli nuqta – maktablardagi ahvol. Ko‘pincha “nega yurtimizdan yaxshi muhandislar yetishib chiqmayapti?” deb bong uramiz. Sababi oddiy: zamin bo‘sh. Maktablarda ayniqsa fizika o‘qituvchilari yetishmaydi, vaholanki, aniq fanlarning asosini fizika tashkil etadi.
O‘qituvchi obro‘si pasaygani, ota-onalar bilan munosabatning o‘zgarishi ham ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xorijda vaziyat butunlay boshqacha. Bir misol: Germaniyada boshqa soha vakillari o‘qituvchilar bilan teng maosh va imtiyozlar talab qilganida o‘sha paytdagi kansler Angela Merkel OAV orqali keskin javob bergan edi: “Uyalmaysizlarmi? Sizlar qo‘llaringizdagi oddiy ruchkani tutishni o‘rganib, shu darajaga yetguningizcha mana shu o‘qituvchilarning qo‘lida tarbiya topgansiz-ku!”. Mana shu birgina jumla bilan o‘qituvchilarning maqomi va maoshi atrofidagi bahslarga chek qo‘yilgan.
Bizda esa muallimlarning qadri tushib ketgan. Ko‘cha-ko‘yda “o‘qituvchi bo‘lib baraka toparmiding?” degan sovuq gaplar hali ham quloqqa chalinadi. To‘g‘ri, ozmi-ko‘pmi o‘zgarishlar bo‘layapti, lekin hali tizim tubdan sog‘lomlashgani yo‘q. Vaholanki, tez orada o‘qituvchining qadri oltinga teng bo‘ladi. Chunki zamonaviy texnologiyalar kirib kelgani sayin baribir haqiqiy bilimdon, fidoyi ustozlarga ehtiyoj ortib boraveradi. Muallimni hurmat qilmasak, jamiyatda bilim darajasi pasayib ketishi muqarrar.
Yaxshi o‘qituvchi tayyorlash bilan ish bitmaydi, unga yetarli sharoit yaratish va uni huquqiy jihatdan himoya qilish shart. Bugun maktablarda o‘qituvchilarni haqorat qilish, hatto ularga qo‘l ko‘tarish holatlari haqida tez-tez eshitayapmiz. Yaqinlarim, qarindoshlarim orasida ham pedagoglar bor. Yaqinda ulardan biri maktabdan ketib qolibdi. Sababini so‘rasam, “Tarbiyasiz bir o‘quvchiga qattiqroq gapirgan edim, ustimdan shikoyat qilishibdi. Oyligimdan o‘n foiz jarima to‘ladim. Bunaqa sharoitda qanday ishlayman?” deydi.
Eng katta xato – hali sohada kadrlar miqdorini ta’minlamay turib, ulardan yuqori sifat talab qilayotganimiz. Masalan, maktablarda oddiy fizika yoki boshqa aniq fan o‘qituvchilari yetishmaydi. Bori ham zo‘rg‘a dars o‘tayapti. Biz esa o‘sha o‘qituvchiga “Milliy sertifikat olib kel, maqola chiqar, u qil, bu qil” deb shart qo‘yamiz. Avval sohani tirik kadrlar bilan to‘ldirib olaylik. Ishlayotgan qatlamdan tashqari, kamida o‘n foiz zaxira kadrlar shakllansin. Shundan keyingina talabni bosqichma-bosqich kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bu muammolarni nega ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqib, bong urilmaydi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Biroq “Aytilmagan joyga borma, aytilgan joydan qolma” degan naql bor. Ta’lim menejmenti bo‘yicha katta loyiha va takliflar bor, ammo vaqtni faqat virtual dunyodagi bahslarga sarflasak, asl ilmiy faoliyatdan, mukofot va natijalardan mahrum bo‘lamiz. Olim odam vaqtini yo unga, yo bunga ajratishi kerak.
Kamoliddin Ergashev:
– Meningcha, eng katta to‘siqlardan biri – sohada aniq davlat buyurtmasi va strategik yo‘nalishning yetishmasligi. Masalan, biz teleskoplarni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha taqdim etganmiz. Yangi, qimmat teleskop so‘ramadik. Borining samaradorligini oshirish, zamonaviy sensorlar va boshqaruv tizimlari bilan jihozlashni taklif qildik. Bu orqali kuzatuvlar sifatini ancha yaxshilash mumkin edi. Ammo... Kengash loyihamizni rad etdi.
Muammo nimada? Muammo – ilmiy-texnik kengashlarda sohani chuqur tushunadigan mutaxassislar kamligi. Davlatdan taxminan bir-ikki mlrd so‘mcha mablag‘ so‘ragandik. Maqsadimiz – shu mablag‘ evaziga uchta yirik teleskopni modernizatsiya qilish edi. Aslida biz so‘ragan pulga bitta ham yangi teleskop sotib olib bo‘lmaydi, lekin bor uskunalarni yangilab, fan xizmatiga shaylasa bo‘lardi.
Eng qizig‘i, Ilmiy-texnik kengash tarkibida xorijda – hashamatli rasadxonalarda ishlaydigan asli o‘zbekistonlik bir olim bor ekan. U sof nazariyotchi. Kengashda turib “Bu loyiha hozirgi o‘zbek faniga kerak emas. Mana, Chilidagi eng zamonaviy teleskopga 10 mlrd dollar ajratildi. Chilida hamma teleskoplar avtomatlashtirilgan, u yerga borib o‘tirishning ham hojati yo‘q” deb da’vo qildi.
Biz esa sho‘ro davridan qolgan uchta eski teleskopni asrab qolish va modernizatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i bir mlrd so‘m so‘rayapmiz! Xorijda tayyor sharoitda, katta maosh bilan maza qilib o‘tirgan o‘sha olimga bizning muammolar begona. Bu xuddi Mariya-Antuanetta “Xalq non so‘rayapti” degan gapga javoban “Non bo‘lmasa, tort yeya qolishsin” degan mashhur latifaga o‘xshaydi. Yana biri chiqib “Bunaqa narsalarga Innovatsiya vazirligidan pul so‘ramanglar” deydi. Innovatsiya pul bermasa, ilmiy uskunani yangilashga kim pul beradi?
Eng katta fojiamiz – Ilmiy-texnik kengashlarda aynan shu sohaning issiq-sovug‘ini ko‘rgan, kuzatuv va tajriba qilgan haqiqiy amaliyotchi mutaxassislarning yo‘qligida! Kengashda o‘tirganlarning aksariyati matematik, mexanik yoki sof nazariyotchi. Ular umrida biror marta rasadxonada tunab, kuzatmagan, eksperiment nimaligini bilmaydi. Eksperiment quroli, uskunasi qanday ishlashi haqida tasavvurga ham ega emas. Biz “yoshlarni chet elga yuborib o‘qitib kelamiz” deymiz-u, lekin u yerga borganlar ham faqat nazariya bilan shug‘ullanib, kuzatuv mashaqqatini ko‘rmay, pul topish ilinjida o‘sha yoqlarda qolib ketayapti.
Bizdan esa doim “jahon darajasidagi ilm” talab qilishadi. Mayli, so‘rashsin, lekin avval o‘sha darajadagi sharoit va mablag‘ni berib qo‘yishsin!
Bugun fanni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda tadqiqot institutlarida texnik-muhandis (injener) lavozimini joriy etishimiz shart. Chunki yoshlarni uchinchi-to‘rtinchi kursda o‘qiyotgandayoq shu lavozimga ishga olib, tarbiyalash kerak. Hozir grantlar hisobidan zo‘rg‘a jon saqlab turibmiz. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, talabani kichik ilmiy xodim qilib ishga ololmaymiz – buning uchun kamida magistrlik diplomi kerak. Ular bakalavr darajasi bilan bir yil oldimizda boshi qotib, sarson bo‘lib yurishadi.
Qolaversa, bakalavr bosqichini bitirgan yoshlarning deyarli hammasi oila qurgan bo‘ladi. Ayniqsa, ilm yo‘lidan ketishni tanlagani. Chunki ilm ruhiy sokinlikni ham talab qiladi. Endi ular oila boqishi kerak. “Kichik ilmiy xodim bo‘lolmasa, laborant qilib ishga ol” deyishingiz mumkin. Lekin institutda bor-yo‘g‘i besh-oltita laborant shtati bor, uning oyligi esa atigi bir million ikki yuz ming so‘m atrofida! Bu pulga oila boqib bo‘ladimi? Bu maoshga faqat uyda o‘tirib zerikkan, ro‘zg‘or tashvishi bo‘lmagan yoki yoshi katta insonlar kelishi mumkin, xolos.
Holbuki, hozirgi texnika zamonida bizga yangi texnologiyalarni suvdek ichib yuborgan yoshlar kerak. Yoshi katta xodimlar tajribali bo‘lishi mumkin, lekin ularga “Kompyuterda mana bu matnni terib bering” yoki “Word” dasturida tezgina hujjat tayyorlab bering” desangiz, klaviaturadan harf qidirib soatlab o‘tirishadi. Fanga zamonaviy fikrlaydigan, uskuna tilini tushunadigan yosh kuchlar va ularni ushlab turish uchun munosib sharoit kerak.
– Ilmga qadam qo‘yishingiz taqdir taqozosimi yoki qat’iy tanlov? Aynan sirli astronomiya sohasini tanlashingiz zamirida yoshlik romantikasi yotadimi yoki aniq maqsad?
Otabek Burhonov:
– Bolalikdagi orzularim meni ko‘kka – uchuvchilikka yetaklardi. Uchuvchi amakimga havas qilib ulg‘aydim. Hatto samoviy parvozlar uchun maxsus jismoniy tayyorgarlikdan ham o‘tdim. Biroq taqdir ekan, tibbiy ko‘rsatkichlarim to‘g‘ri kelmagach, oila kattalari “Mayli, hozircha matematika sohasida o‘qib tur-chi” deya maslahat berishdi. Shu tariqa Andijon davlat universitetining matematika fakultetiga yo‘l oldim.
Astronomiyaga bog‘lanib qolishim – bolalikdan samoga intilishim va hayotimda uchragan buyuk ustozlarning tuhfasi deb o‘ylayman. Zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi, ammo ilmga sodiqlik ketmadi. Iqtidorlarni taniy oladigan noyob qalb egasi – ustozim Muydin Mo‘minov hayotim charog‘boni bo‘ldi. U kishi meni kompyuter texnologiyalari olamiga olib kirdi, so‘ng Astronomiya institutiga yo‘naltirdi. U yerda esa yana bir ustozim Salohiddin Nuriddinov meni ilmning chinakam zahmatli va sharafli yo‘liga boshlab ketdi.
Kamoliddin Ergashev:
– Mening bolalikdagi orzularim esa butunlay boshqacha edi – jurnalist bo‘lmoqchi edim. Gapga chechanligimdan buni sezish qiyin emas (kuladi). Qishloqda o‘sgan oddiy bir bola sifatida qiziqishlarimning cheki yo‘q edi. Bir parcha taxtaga mix qoqib, o‘zimcha quyosh soati yasaganim haligacha yodimda. Radiotexnikaga ishtiyoqim baland edi, tinimsiz nimalarnidir kashf qilishga urinardim. U davrlarda hozirgidek sharoit, robototexnika yoki dasturlash to‘garaklari qayda deysiz?! Bor-yo‘g‘i ichki bir intilish bor edi, xolos.
Qishloq kutubxonasidan “Yosh radiotexnik” kitoblarini topib o‘qirdim. Rus tilini mukammal bilmasam-da, undagi murakkab sxemalarni bir ko‘rishdayoq anglardim. Ehtimol, Xudo bergan iqtidor shudir. O‘zimcha mitti radiouzatkichlar yasardim. Mana shu bolalik otashi meni O‘zbekiston milliy universitetining fizika fakultetiga yetaklab keldi. Keyinchalik taqdirim astronomiya bilan tutashdi. Bugun ham qalbimdagi ikki ishqni ayro qilganim yo‘q: elektronika va astronomiyani birdek olib borayapman.
– Ilm yo‘lining eng mashaqqatli, eng og‘ir nuqtasi nimada deb o‘ylaysiz?
Kamoliddin Ergashev:
– Bilasizmi, ilmning o‘zi murakkab emas. Eng qiyini – uning atrofidagi ijtimoiy va maishiy muammolar. Bugungi kunda asl mutaxassislarni, yosh iste’dodlarni sohada ushlab qolish eng og‘riqli nuqtamizga aylandi. Yosh olimlar tirikchilik vajidan yoki kattaroq imkoniyat izlab chet elga ketmoqda. Ba’zilari esa ilmdan butunlay sovib, sohani tashlab ketayapti. Inkor etib bo‘lmaydi: olimga faqatgina parvoz qiluvchi yuksak g‘oyalar emas, balki yerdagi oddiy sharoit ham kerak. Sharoit bo‘lmagan joyda eng iste’dodli odamni ham tutib turolmaysiz. Shu bois bizning bugungi bosh maqsadimiz faqatgina maqola yozish emas, balki o‘zimizdan keyin yoshlar faxr bilan ishlay oladigan mustahkam, sog‘lom bir tizim qoldirishdir.
– Astronomiyada sizningcha hali javobi topilmagan eng katta savol nima?
Otabek Burhonov:
– Har bir sohaning o‘ziga yarasha yechilmagan tugunlari, yillar davomida javob izlanayotgan muammolari bor. Agar barcha jumboqlar yechilib bo‘lganda edi, fanning rivoji to‘xtab qolgan bo‘lardi. Bugungi kunda astronomiya va astrofizika sohasida ham bizni o‘ylantirayotgan eng katta masalalardan biri – masofani o‘lchash aniqligi muammosi.
Kamoliddin Ergashev:
– Astronomiya – o‘ziga xos murakkab soha. Biz o‘rganayotgan obyektlarimizni ushlab ko‘ra olmaymiz, ularning hidini tuyish yoki bevosita laboratoriya sharoitida tajriba o‘tkazish imkoni yo‘q. Biz faqat uzoqdan kuzatamiz va matematik modellar tuzamiz. Ammo eng qizig‘i shundaki, ko‘p hollarda biz tuzgan modellar real kuzatuv natijalariga mos kelmaydi. Shunday paytda olimlar tenglamani to‘g‘rilash uchun unga biron-bir “noma’lum funksiya”ni qo‘shishga majbur bo‘lishadi. Masalan, galaktikalarning harakat tezligi va ularni ushlab turuvchi energiya hisob-kitob qilinganda, ko‘zga ko‘rinadigan materiyaning kuchi yetishmasligi ayon bo‘ladi. Matematik jihatdan yetishmayotgan bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun fanga “qorong‘i energiya” va “qorong‘i materiya” tushunchalari olib kirildi. Aslida “qorong‘i” deb nomlanishining boisi ham uning nimaligini bilmasligimizda. Bu insoniyat o‘zi tushunmagan, tabiatini anglab yetmagan narsaga bergan shartli nom, xolos. Tasavvur qiling, biz koinotning bor-yo‘g‘i besh foizini ko‘ra olamiz, qolgan 95 foizi esa biz uchun hali ham sirli va qorong‘iligicha qolmoqda. Bu hali hech kim ichiga kirib ko‘rmagan, tajribada to‘liq isbotlanmagan katta bir muammo.
– Yana o‘n-yigirma yildan keyin ilm dunyosida qanday inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutayapsiz?
Kamoliddin Ergashev:
– Bugungi kunda fan shiddat bilan rivojlanmoqda. Yaqin o‘n-yigirma yillikda astronomiya va kosmik tadqiqotlar sohasida inqilobiy o‘zgarishlar yuz berishi muqarrar. Xususan, 2029-yilda Yer sayyorasiga juda yaqin masofadan o‘tib ketishi kutilayotgan Apofis asteroidi insoniyat uchun katta sinov bo‘ladi. Diametri 370 metrcha bo‘lgan bu ulkan osmon jismining Yer bilan to‘qnashish ehtimoli olimlarni jiddiy o‘ylantirayapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra bu kabi obyektlarning ta’siri juda ulkan hududlarni yakson qilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, yaqin o‘n yillikda insoniyatning “Sayyoraviy mudofaa tizimi” jiddiy sinovdan o‘tadi.
Otabek Burhonov:
– Kelajakda tadqiqot uslublarimiz ham tubdan o‘zgaradi: ma’lumotlarni tahlil qilishda sun’iy ong asosiy o‘ringa chiqadi. Kuzatuvlarimiz Yerdan kosmosga, ya’ni atmosferadan tashqariga ko‘chadi. Hozir rejalashtirilayotgan ikki va besh metrlik yangi avlod teleskoplari koinot sirlarini ochishda yangi ufqlarni belgilab beradi. Endilikda ilmiy natijalarni birgina muassasa yoki birgina olim qo‘lga kiritishi qiyinlashib bormoqda. Fan endi global hamkorlik maydoniga aylanadi. Butun sivilizatsiya, turli millat va davlatlar birlashib, koinot sirlarini birgalikda o‘rganadigan davr keldi.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Ilm va koinot chorrahasida” suhbati
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
San’at
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q