Jahon adabiyoti va oʻzbek xalq og‘zaki ijodi namunalarida ayol obrazlari sadoqati, sabr-toqati va ma’naviy kuchi bilan umumiy tipologik xususiyatga ega. Qadimgi yunon adabiyotining mashhur qahramoni Penelopa hamda o‘zbek xalq dostoni “Alpomish”ning Barchini ana shunday timsollardan hisoblanadi. Ular turli davr va madaniy muhit mahsuli bo‘lishiga qaramay, o‘z yoriga bo‘lgan sadoqat, mardlik, iroda va aql-zakovat kabi fazilatlari bilan bir-biriga yaqin turadi. Mazkur maqolada Penelopa va Barchin obrazlarining tipologik o‘xshash jihatlari qiyosiy tahlil qilinadi hamda ularning milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ifodalashdagi o‘rni yoritiladi.
“Tun poyini bosgan kunduzdek sadoqat” – Penelopa sodiq ayol timsoli
Penelopa yunon eposi “Odissey”dagi ayol qahramonlardan biri. “Odissey” urush sarguzashtlari asosiga qurilgan jahon adabiyotidagi qadimiy va mashhur epik asar. Penelopa bosh qahramon Odisseyning rafiqasi va Telemaxning onasi. U adabiyotda sadoqatli ayol obrazi sifatida tanilgan. Asardagi voqea syujetiga koʻra, Odissey Troya urushiga ketadi. Shundan so‘ng u uyiga qaytguncha oradan yillar oʻtadi. Bu davr ichida ko‘plab sovchilar uning rafiqasiga uylanishni taklif qiladi, ammo Penelopa eriga bo‘lgan sadoqatini saqlab qoladi. Ushbu sadoqatga bogʻlangan syujet detallari Penelopani takrorlanmas ayol qahramonlardan biriga aylantiradi.
Shuningdek, sabr-toqat, aql-zakovat, oilaparvarlik kabi xislatlar Penelopaning xarakterini mustahkamlaydi. Adabiyotshunoslikda Penelopa obrazi ko‘pincha sodiq yor, oqila ayol, ma’naviy kuch egasi sifatida talqin qilinadi. Dostonda bir vaqtning oʻzida u ona sifatida ham gavdalangan. Bu uni turli ayol pozitsiyalarida koʻrish imkonini bergan.
Barchin – kuchli, qatʼiyatli obraz
Garchi, Barchin obrazini tanishtirishga hojat yoʻq. Penelopa bilan oʻxshash jihatlarini ko‘rsatish maqsadida qisqa ma’lumot keltiramiz. Barchin o‘zbek xalq qahramonlik dostoni “Alpomish”ning bosh qahramonlaridan biri. U Alpomishning qalligʻi, keyinchalik esa turmush oʻrtogʻi sifatida tasvirlanadi.
Adabiyotshunoslikda Barchin go‘zal, aqlli, sadoqatli va mard ayol timsoli. U sevgilisini kutib o‘tirmaydi, voqealar rivojiga faol ta’sir ko‘rsatadigan, taqdiri uchun kurashadigan obrazdir. Barchinning asosiy fazilatlari qatʼiyat, zakovat, odillik.
Yordan ayrolik qismati
Ayriliq motivi adabiyotdagi qadimiy va universal mavzulardan biri hisoblanadi. U insonning muhabbat, sadoqat va sabr kabi ma’naviy fazilatlarini sinovdan o‘tkazuvchi badiiy vosita. Penelopa va Barchin obrazlarida ayriliq shunchaki makoniy uzoqlashuv emas, ruhiy matonat, umid va muhabbatni imtihon qiladigan hayotiy jarayon.
Ikki qahramon ham uzoq davom etgan ayriliqda o‘z sevgisi va oilasiga sodiq qoladi. Shu jihatdan ayriliq motivi mazkur obrazlarning ichki dunyosini ochib beruvchi, ularning ma’naviy kuchini namoyon etuvchi muhim poetik unsur. Penelopa urush sababli turmush oʻrtogʻidan uzoqda yashashga mahkum boʻlsa, Barchin ogʻa-inilar orasidagi kelishmovchiliklar tufayli boʻlajak turmush oʻrtogʻidan yiroqda qolishga majbur boʻladi. Mana shu chiziqda ikki qahramon taqdiridagi umumiyliklarni ko‘ramiz.
Sovchilarga qoʻyilgan shartlar misolida oʻxshashlik
Penelopa sovchilarga shunday shart qoʻyadi: U turmushga chiqishi uchun oʻzi toʻqiyotgan mato yakuniga yetishi kerak edi. Asarni o‘qimagan o‘quvchi mato to‘qish bir kuni oxiriga yetishi, Penelopa qanaqasiga sadoqat timsoli boʻlishi mumkinligini oʻylashi tabiiy. Gap shundaki, u oqila matoning kunduzi toʻqilgan joyini kechasi soʻkib tashlardi. Shu tariqa “ish” yakuniga yetmasdi.
Barchin “Birimizga tegasanmi, barimizga tegasanmi?” deb qarshisida turgan yigitlarga sinov boʻlishini aytib, gʻolibga turmushga chiqishini bildiradi. Shu joyi muhimki, Barchin bu yoʻlda Alpomishni ham ayab oʻtirmaydi. U ham boshqalar qatori oʻz yori uchun kurashishi, yengsagina unga ega chiqishi mumkin edi. Bu yerda o‘quvchi Barchinning odilligi-yu oʻz qadrini balandga qoʻyishini ham koʻrishi mumkin.
Ushbu shartlar misolida ayol obrazlarning voqealar rivojiga taʼsiri yaqqol koʻrinadi. Penelopa ham, Barchin ham voqealarning passiv ishtirokchisi emas. Ularning qarorlari syujet rivojiga bevosita taʼsir qiladi. Penelopa sovchilardan birini tanlaganida, Odisseyning qaytishi maʼnosiz bo‘lib qolardi. Barchin shartlar qo‘ymaganida, Alpomishning qahramonlik sifatlari to‘liq namoyon bo‘lmasdi.
Telemax va Yodgor – onalik aspekti
Telemax Odissey va Penelopaning, Yodgor esa Alpomish va Barchinning jigarbandi edi. Shu yerda Penelopa va Barchinni oʻgʻil oʻstirgan onalar sifatida ham koʻrishimiz mumkin. Qolaversa, ikki qahramon farzandning-da oʻzaro oʻxshash tomonlari bor. Ikkisi ham qahramon otaning vorislari hisoblanadi. Telemax urush sababli otasidan uzoqda yashab, tarbiyalanadi, Yodgorning qismati ham shunga yaqin. Telemax va Yodgor qahramonlik an’analarining davomchi avlodi obrazlarini namoyon etadi. Har ikkisi orqali oilaviy qadriyatlar, nasl davomiyligi va qahramonlik merosining avlodlarga o‘tishi g‘oyasi yoritiladi.
Shunday qilib, Penelopa Itaka xonadonining barqarorligini saqlab qoladi. Barchin esa qo‘ng‘irot urug‘ining shaʼni va davomiyligini ta’minlaydi. Ular faqat oila emas, jamiyatning maʼnaviy tayanchi sifatida tasvirlanadi. Penelopa qadimgi yunonlarning ideal ayol borasidagi qarashlarini ko‘rsatsa, Barchin o‘zbek xalqining estetik va axloqiy qarashlarini aks ettiradi.
Penelopa va Barchin obrazlari turli makon va zamonlarda yaratilgan bo‘lishiga qaramay, insoniyat tafakkurida shakllangan ayol idealining mushtarak namunalari. Bu obrazlarning qimmati faqat sadoqat yoki sabr timsoliligida emas. Ular eposlarda qahramonlikning yashab qolishini ta’minlovchi ma’naviy tayanch ham. Agar Odissey va Alpomish jismoniy qudrat hamda jasorat timsoli bo‘lsa, Penelopa va Barchin ushbu qahramonlikning ma’naviy asosini yaratadi.
Eposlarda haqiqiy g‘alaba jang maydonida emas, insonning o‘z qadriyatlariga sodiq qolishida namoyon bo‘ladi. Penelopa va Barchin yorini kutuvchi ayollarmas, qahramonlik g‘oyasining uzluksizligini saqlab qoluvchi ma’naviy kuchlardir. Bu esa ayol obrazlarining milliy chegaralardan chiqib, umuminsoniy badiiy qadriyat darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Mohidil ABDULLAYEVA tayyorladi.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q