Ilk milliarder yozuvchi


Saqlash
11:46 / 29.06.2026 500 0

XXI asrda insoniyat ko‘p azaliy qadriyatlardan uzoqlashib borayotganday. Bir paytlar odamlarning uyida oila tarixini hikoya qiluvchi albomlarga ko‘zingiz tushardi. Ko‘pchilik kundalik tutardi. Bir-biriga maktublar bitardi. Yangi chiqqan kitoblar esa qo‘lma-qo‘l o‘qilardi. Hozir kitob ko‘tarib yurgan kishilar barmoq bilan sanarli. Olim-u mutaxassislarning fikricha, bu holga zamonaviy texnologiyalar aybdor. Kompyuter, planshet va mobil telefonlar odamlarni dangasa qilib qo‘ygan emish. Demak, hammasiga zamonaviy texnologiyalar aybdor! Shundaymi? 

 

Keling, yigirma yilcha burungi kunlarni esga olamiz. O‘shanda ham odamlarning uyida kompyuter, qo‘lida mobil telefon bor edi. Ayniqsa, yoshlar zamonaviy texnologiyalarga mukkasidan ketgan, kun-u tun bosh ko‘tarmay kompyuterda o‘yin o‘ynardi. Kutilmaganda hammasi bir kunda o‘zgarib ketdi. Bunday bo‘lishini hech kim kutmagan, hatto xayoliga ham keltirmagandi. Xuddi ertaklarga o‘xshardi o‘ziyam. Bolalar birdaniga kitobni qo‘lidan qo‘ymay o‘qiy boshladi. Ularning ayrimlari hayotida ilk marta yangi kitob chop etilishini intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Kitob o‘qish bahonasida darslarga bormay, maktab kunlari atay “kasal” bo‘lib qolishni o‘ylab topishdi. Ota-onalar ham mutolaadan bosh ko‘tarmay qo‘yganiga nima deysiz? Qoyilmisiz?

 

London, Nyu-York, Sidney, Toronto va dunyoning boshqa yirik shaharlarida hali kitob do‘koni ochilishiga o‘n-o‘n ikki soat vaqt bo‘lishiga qaramay, odamlar navbatda turadigan bo‘ldi. Xaridorlar ko‘pligidan kitob do‘konlari faoliyatini o‘zgartirib, oqshomlari ham mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Masalan, Londondagi “Waterstones” hamda “WHSmith” kitob do‘koni oldida bir kunda besh ming kitobxon to‘planardi. Nyu-Yorkdagi “Barnes & Noble” kitob do‘koni oldidagi navbat esa bir nechta kvartalga cho‘zilib ketardi. Hali nomini faqat qarindosh-urug‘lari va tanish-bilishlari biladigan Joan Ketlin Rouling xonim bir kuni butun dunyoning adabiyot va kitobxonlikka munosabatini o‘zgartirib yuborishini o‘zi ham xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak.

 

 

Xo‘sh, Joan Ketlin Rouling kim o‘zi?

 

Joan Ketlin Rouling 1965-yilning 31-iyulida janubi-g‘arbiy Angliyaning Glostershir grafligidagi kichik shaharchada dunyoga keldi. Otasi “Rolls-Royce” kompaniyasida muhandis, onasi uy bekasi, so‘ngroq maktabda laborant bo‘lib ishlagan. U bolalik chog‘idayoq yozuvchi bo‘lishni istardi. Besh yoshida ertak to‘qib, singlisi Dayanga, keyinroq do‘stlariga aytib berardi. O‘smir chog‘i juda ko‘p kitob o‘qir edi.

 

Angliyaning janubi-g‘arbidagi Ekseter universitetiga o‘qishga kirib, klassik filologiya hamda fransuz tilini o‘rgandi. Fransiyada bir yil amaliyot ham o‘tab qaytdi. Universitetni tamomlagach, inson huquqlarini himoya qiluvchi “Xalqaro amnistiya” tashkilotida ikki yil tadqiqot olib bordi.

 

Oradan bir muncha vaqt o‘tib, Joan Rouling ingliz tilidan dars berish uchun Portugaliyaga keldi. U yerda mahalliy jurnalist bilan oila qurdi. Ko‘p o‘tmay qizi Jessika tug‘ildi. Biroq eri bilan kelisholmay oilasi buzildi. Joan qizalog‘i bilan Buyuk Britaniyaga – opasi yashayotgan Shotlandiya poytaxti Edinburgga ko‘chib o‘tdi.

 

Shundan so‘ng Joan Ketlin Rouling hayotini butunlay adabiyotga bag‘ishladi. Oxirgi bir necha yilda “Bloomsbury” nashriyoti tomonidan adibning yetti romani nashr etildi: “Harri Potter va hikmatlar toshi” (1997), “Harri Potter va maxfiy hujra” (1998), “Harri Potter va Azbakan asiri” (1999), “Harri Potter va alanga kubogi” (2000), “Harri Potter va Feniks jamiyati” (2003), “Harri Potter va tilsimot shahzodasi” (2005) va “Harri Potter va o‘lim tuhfalari” (2007).

 

 

Aslida hammasi 1990-yili Londondagi “Kings-Kross” vokzalida boshlangan edi. O‘sha kuni Manchesterdan poytaxtga qatnaydigan poyezdni kutib o‘tirgan yozuvchi ilk marta afsungar bola haqida yozishni xayol qiladi. So‘ng besh yil davomida yozilajak asarlari va ularning eskizini chizib yashaydi.

 

Birinchi kitobini Joan Rouling Portugaliyada yozishni boshlagan edi, biroq ayrim sabablarga ko‘ra davomini Shotlandiyada – Edinburgdagi pochchasiga tegishli “Nickolson's” yemakxonasida qizalog‘ini uxlatib qo‘yib yozishiga to‘g‘ri keldi. Hozirgacha ushbu yemakxonaning egasi bir necha marta o‘zgargan bo‘lsa ham mazkur bino devorida osig‘liq turgan portreti yozuvchiga va uning muxlislariga sinovli, og‘ir o‘tgan o‘sha kunlarni eslatib turadi.

 

Shu tariqa 1995-yilda birinchi kitob bitdi. Muallif asarning dastlabki uch bobini qator adabiy agentlarga yuborib ko‘rdi. Ulardan faqat bittasi – Kristofer Littl unga javob xati yo‘llab, asarning davomini ham yuborishini so‘radi.Hayotimda olgan eng yaxshi maktubim edi bu”, – deb xotirlaydi yozuvchi.

 

 

Nihoyat “Bloomsbury Children’s Books” nashriyoti 1997-yilda afsungar bola haqidagi ilk kitob – “Harri Potter va hikmatlar toshi”ni chop etishni boshlaydi (bu vaqtgacha o‘ndan ortiq nashriyot asarni bosishdan bosh tortgan edi). Faqat nashriyot adibga bir shart qo‘ydi. Nima emish, yozuvchi kitob muqovasida to‘liq ismini emas, balki uning bosh harfi va familiyasini ko‘rsatishi lozim. Noshirning fikricha, kitob muqovasida ayol yozuvchining nomi turishi o‘g‘il bolalar auditoriyasida qiziqish uyg‘otmaskan. Shu bois adib kitoblariga J.K.Rowling deb imzo chekishga majbur bo‘ldi (bu yerda K harfi Ketlin nomidan olingan bo‘lib, yozuvchining ota tomonidan buvisining ismi).

 

Oradan besh yil o‘tib, kitob o‘zining ilk mukofoti – “Nestlé Smarties Book Prize”ni qo‘lga kiritdi. Keyinchalik asar “British Book Award”, sal vaqt o‘tib “Children’s Book Award” – yilning eng yaxshi bolalar kitobi deb e’tirof etildi.

 

Oradan bir yil o‘tib asar AQShda ham chop etildi. “Scholastic” nashriyoti asar nomini “Harri Potter va sehrli tosh” deb o‘zgartirgan edi.

 

Adibning ilk romani muvaffaqqiyat qozonganidan so‘ng uning keyingi kitoblari o‘quvchilar orasida talash bo‘ldi. Kitob savdosi bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Masalan, 2008-yilda dunyo bo‘yicha Harri Potter seriyasidagi kitoblar 500 mln (ba’zi manbalarga ko‘ra 600 mln) nusxada sotilib, 7 mlrd AQSh dollari miqdorida daromad keltirdi. Bu kitob savdosi bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu romanlar dunyoning 80 dan ortiq tiliga tarjima qilindi.

 

Har safar yozuvchiga yangi asarlari katta shuhrat olib keldi. Harri Potter seriyasidagi ikkinchi va uchinchi jildlar nashr etilganidan bir oy o‘tib-o‘tmay ular Britaniya bestsellerlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. To‘rtinchi jild esa Buyuk Britaniya uchun rekord hisoblangan bir million nusxada chop etildi. Sotuvga chiqqan birinchi kunda eng ko‘p sotilgan kitobga aylandi. Qizig‘i, kitobning beshinchi, oltinchi va yettinchi jildlarida bu rekord yangilanib bordi (eng oxirgi jild birinchi savdo kunida 8,3 mln nusxada sotilgan).

 

Yozuvchining xotirlashicha, Harri Potter haqidagi so‘nggi romanni mehmonxonada yozib tugatganidan so‘ng yig‘idan o‘zini to‘xtata olmagan. “Bor ovozda baqirib yig‘ladim, – deydi adib. – Uyga bir ahvolda kirib kelgandim. Ha, bu men uchun juda og‘ir edi”.

 

 

Ma’lumki, 1990-yillarda bolalarga bag‘ishlangan ko‘p kitoblar kichkina va realistik ruhda bo‘lib, fantastik asarlarni asosan katta yoshdagi o‘quvchilar o‘qirdi. Joan Rouling esa “semiz” hamda og‘ir asarlarga ham bolalarning tishi o‘tishini isbotladi. Harri Potter seriyasi atigi to‘rt yilda bolalar kitob bozorining 28 foiz ulushiga ega chiqdi. Yana bir muhim jihat – yosh afsungar bolaning sarguzashtlari katta avlod vakillarini ham hayratga sola oldi. Istasak-istamasak-da bu jarayon hamon davom etmoqda.

 

Harri Potter seriyasi faqat kitoblarda qolib ketmadi. Asarlar asosida bir qator filmlar suratga olindi, endi seriallarga qo‘l urilmoqda. Tovarlarning brendiga nomi qo‘yilmoqda. Turli mamlakatlardagi istirohat bog‘lari uning nomi bilan atalayapti.

 

Odatda o‘smirlik chog‘larida odam kitob mutolaasidan ancha uzoqlashadi deb hisoblanadi. Ammo bu borada barchaning fikri har xil. Kitobxonlikning o‘sishida Joan Ruoling asarlarining hissasi katta deb biladiganlar ham talaygina. Xususan, ko‘pgina o‘qituvchilar, ota-onalar va albatta o‘quvchilar bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. “Yankelovich and Scholastic” nashriyoti tomonidan 260 nafar ota-ona o‘rtasida bu borada so‘rov o‘tkazilgan: ishtirokchilarning 85 foizi Harri Potter sababli farzandlarining kitob o‘qishga qiziqishi ortganini bildirgan bo‘lsa, 76 foizi aynan Joan Ruoling asarlari o‘quvchilarga maktabda yaxshi natijaga erishishda yordam berganini ta’kidlagan.