Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida “Maromiylik” umummilliy harakati: konsept, amaliyot va targ‘ibot texnologiyalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada davlat idoralari rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rahbariyati, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, olimlar, tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston–2030 strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, jamiyatda me’yor, mas’uliyat va muvozanatga asoslangan hayot madaniyatini qaror toptirish, tejamkorlikni ommalashtirish hamda isrofgarchilik va dabdababozlikka qarshi zamonaviy ma’rifiy yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joiz, “Maromiylik” – cheklash emas, ongli tanlov madaniyati bo‘lib, bu harakatning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
jamiyatda me’yorni qadriyat darajasiga ko‘tarish;
resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish;
moliyaviy mas’uliyatni kuchaytirish;
isrofgarchilik va dabdababozlikning oldini olish;
yoshlarda ongli iste’mol va mas’uliyatli turmush tarzini qaror toptirish.
Loyihaning 1-bosqichida Respublika bo‘ylab 14 ta hududda seminar-treninglar tashkil etilib, unda 204 ta oliy ta’lim muassasasi qamrab olindi. Unda qariyb 2 ming nafar professor-o‘qituvchi, mutaxassis va talabalar ishtirok etdi. Shuningdek, mamlakat oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillardagi eng yirik mavzuli sosiologik tadqiqotlardan biri amalga oshirildi. Tadqiqotda 58 068 nafar talaba, professor-o‘qituvchi va xodim ishtirok etib, to‘y madaniyati, iqtisodiy omillar, ijtimoiy bosim va maromiylik qadriyatlari bo‘yicha fikrlari o‘rganildi.
Natijalar jamiyatda ixcham va mazmunli marosimlarga qiziqish ortib borayotganini, yoshlar ongli iste’mol va mas’uliyatli hayot tarziga intilayotganini ko‘rsatdi. Ayni vaqtda, "odamlar nima deydi?" degan ijtimoiy bosim ayrim qarorlarga hali ham ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Anjumanning eng muhim jihatlaridan biri – xalqaro tajribaning taqdim etilishidir.
Yaponiyaning The Nippon Foundation tashkiloti eksperti Michihiro Tanabe mamlakatda asrlar davomida shakllangan tamoyillarning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Shvesiyaning mashhur Lagom modeli va boshqa davlatlarning mas’uliyatli iste’mol hamda me’yor madaniyati bo‘yicha ilg‘or tajribalari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida “Maromiylik” umummilliy harakatining ilmiy-amaliy rivojlanish istiqbollari bo‘yicha rezolyusiya qabul qilinishi, davlat organlari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilshi ta’kidlandi. Shuningdek, mahalla, ta’lim, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish sohalarida maromiylik tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Otabek Hasanov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori:
– Bugun jamiyatda “Maromiylik” tushunchasiga tez-tez to‘qnash kelmoqdamiz. Maromiylikni ko‘pincha tejamkorlik deb tushunamiz. Bir yoqlama qarasak, bu to‘g‘ri. Ammo kengroq qarasak, bu – me’yor, marom, moʻtadillik, muvozanat, ya’ni ehtiyojlarimiz bilan imkoniyatlarimiz o‘rtasidagi muvozanatni saqlay olish, resurslarga oqilona munosabat, ortiqcha namoyishkorlik va isrofdan ongli ravishda voz kechishdir.
Yiliga aholisi qariyb 1 million nafarga ko‘payib borayotgan O‘zbekiston uchun bu masala alohida ahamiyatga ega. Chunki islohotlarimizning muvaffaqiyati faqat iqtisodiy resurslarga emas, balki jamiyat a’zolarining hayot tarzi va qadriyatlariga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda maromiylik maishiy tushuncha emas, u milliy taraqqiyot madaniyatining tarkibiy qismidir.
Ming afsuski, bu jarayon chegaralar bilan to‘xtamadi va bizning jamiyatimizga ham kirib keldi: dabdabali to‘ylar, qasrdek uylar, shov-shuvli marosimlar, isrofgarchilik sindromi. Yoshlar turmushga tayyorgarlikni bilim va kasb o‘rganishda emas, tezroq boyishda deb hisoblay boshladi.
Jaloliddin Rumiy aytgan: “Tanang otdir, ruhing uning suvoriysi, ot ozig‘i suvoriyga oziq bo‘lmas”. Yangi telefon, mashina, dabdabali to‘y – bular tananing ozig‘i; ruhning ozig‘i esa boshqa: ma’naviyat, qadriyat, mehr, ilm, mas’uliyat, elga xizmat.
Tariximiz ham saboq beradi. Bundan bir asr avval, 1926-yilgi ocharchilikda xalqimiz ochlik, iqtisodiy qiyinchilik va ijtimoiy tanazzulni boshdan kechirgan – o‘shanda bir burda non oltindan qimmat edi, millat o‘zini faqat sabr va birdamlik bilan saqlab qoldi.
Bugungi tahdid esa buning tamoman aksi: ochlik emas, haddan oshish. Biz bir kunlik to‘yga yillab yiqqanimizni sarflayapmiz. Ajdodlarimiz tanqislik imtihonidan sabr bilan o‘tgan bo‘lsa, bizning imtihonimiz undan-da nozik, chunki farovonlik xavfdek ko‘rinmaydi. Holbuki, bu haddan oshish avval sog‘lig‘imizni, keyin iqtisodimizni, oxirida milliy qiyofamizni yemirishi mumkin.
Shuni ta’kidlash kerakki, bu muammo faqat bizga xos emas – u global xususiyatga ega, va har bir xalq o‘z javobini izlagan.
Ushbu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi: to‘y va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha 2019-yilgi parlament palatalarining qo‘shma qarori, 2025-yilgi Vazirlar Mahkamasining isrofgarchilikning oldini olish to‘g‘risidagi 589-son qarori – bularning bari yagona maqsadga xizmat qiladi.
Shu zamin asosida o‘tgan yili 24-oktyabr kuni olti tashkilot o‘rtasida 42 banddan iborat 90 kunlik qo‘shma chora-tadbirlar dasturi imzolanib, “Maromiylik” loyihasiga rasman start berildi.
Natijada barcha hududlarda 2,5 ming nafarlik targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, ular uchun seminar-treninglar o‘tkazildi. Qisqa davr ichida bu guruhlar 5 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri, 3 mingdan ortiq ma’rifiy suhbat o‘tkazdi, eng muhimi – 168 ta namunali ixcham to‘y marosimi tashkil etildi. Media maydonida ham maromiylikka oid kontentlar 50 million martadan ortiq ko‘rildi.
Maromiylik taqiq emas. U erkin, oqilona va mas’uliyatli tanlov madaniyati. Uni targ‘ib qilish birgina Markaz yoki biror vazirlikning ishi ham emas. Bu harakat ma’rifatparvar bobolarimiz ta’biri bilan aytganda, tilda, fikrda va amalda birlashishimizni talab qiladi. Va bu ishni biz kimdandir emas, avvalo o‘zimizdan boshlashimiz kerak.
Dilnoza Jamolova,
O‘zR FA Tarix instituti direktori o‘rinbosari, tarix fanlari doktori:
– Turkiston jadidlarining yo‘lboshchilaridan biri Abdurauf Fitrat bundan 125 yil oldin o‘zining “Najot yo‘li” asarida “Dunyo xalqlarining nobud bo‘lishi sabablaridan biri isrofgarchilikdir”, deganida haq edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston aholisi oilada farzand tug‘ilgan kunidan boshlab to‘y uchun mablag‘ yig‘ishni boshlashi, buning uchun haftada yetti kun 18–20 soatlab ishlashi “qonun”ga aylanib qolganini afsus bilan tilga olgan: “Bechora kosibni a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzni 18, balki 20 soatni mehnatga o‘tkaraturgon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom”.
Abdurauf Fitrat Mahmudxo‘ja Behbudiy fikrini to‘ldirar ekan, uch kunlab to‘y qilish isrofdan boshqa narsa emasligini ta’kidlagan. Jadid hukumat rahbarlari, amaldorlar va ulamolar isrofsiz to‘ylar o‘tkazib, xalqqa namuna bo‘lishlari kerakligini uqtirgan. O‘z manfaatlari yo‘lida bema’ni urf-odatlar, marosimlarning rivojlanib ketishiga yo‘l qo‘yib bermasliklariga da’vat qilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘g‘lining sunnat to‘yi xalq orasida muhokama bo‘lgani haqida yozar ekan, ayrimlarga o‘rnak bo‘la olganini, ba’zilar boyligi va obro‘sini hisobga olib, to‘y qilishi, to‘yga 2000–3000 so‘m sarflashi kerak edi, deya tanqid qilganlarini qayd etgan. Shu o‘rinda aytish joiz-ki, Mahmudxo‘ja Behbudiydan o‘rnak olib, ayrim boylar dabdabali to‘ylar qilishdan voz kechgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning eng yaqin va sodiq shogirdi, jadidchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyandasi Hoji Muin ham Turkistondagi isrofli to‘ylarni ko‘p marta tanqid qilgan: “Biz Turkiston xalqi ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g‘oyat ko‘b zararlar ko‘rmakda bo‘lg‘an bir millatmiz”. Taraqqiyparvar sunnat, nikoh to‘ylari va aza marosimlarini eng zararli urf-odatlar deb atagan.
Hoji Muin “To‘y – ta’ziya isroflari” maqolasida turkistonliklarning isrofgarchiliklarini cheklashga asosiy masala sifatida qaragan va doimiy targ‘ibot ishlari olib borish kerak, deb ta’kidlagan: “Xalqni o‘z holiga qo‘ysa, o‘zining foyda-zararini o‘ylamay, har bir to‘g‘ri kelgan ishni qilaveradi, o‘lganicha foydasiz urf-odatlarning asoratidan chiqa olmaydi. Shuning uchun xalqni o‘z holiga qo‘yish tuzuk emas. Mas’ul kishilar va yoshlarimiz bu muammolarni hal qilishda, to‘xtatishda xalqqa yo‘lboshchi va ta’minotchi bo‘lib turishlari kerak”.
Michihiro Tanabe,
Yaponiyaning “The Nippon Foundation” jamg‘armasi vakili:
– Bugun men Yaponiya tajribasidan ba’zi fikrlarni baham ko‘rmoqchiman, bunda ikkita mashhur tushunchaga e’tibor qaratmoqchiman: hara hachi bu va mottainai.
Birinchi konsepsiya, hara hachi bu, o‘z xalqining uzoq umr ko‘rishi bilan mashhur bo‘lgan Okinava mintaqasidan kelib chiqqan. Bu “sakson foizga to‘lguncha ovqatlaning” degan ma‘noni anglatadi.
Bir qarashda, bu oddiy ovqatlanish odatiga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Biroq, u chuqurroq falsafani aks ettiradi: Bu qachon yetarli ekanligini bilishdir.
Bugungi kunda ko‘plab jamiyatlarda, shu jumladan Yaponiyada, mo‘l-ko‘llik osongina ortiqcha iste'molga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, hara hachi bu mo‘tadillik, ehtiyotkorlik va o‘z-o‘zini anglashni rag‘batlantiradi. Biror kishi ortiqcha ovqatlanishdan ko‘ra, ortiqcha ovqatdan oldin to‘xtashni o‘rganadilar.
Qizig‘i shundaki, zamonaviy sog‘liqni saqlash tadqiqotlari ushbu yondashuvni tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlamoqda. Muvozanatli ovqatlanish odatlari sog‘liqning yaxshi natijalari va umr ko‘rish davomiyligi bilan bog‘liq.
Shu ma’noda an’anaviy madaniy qadriyat zamonaviy muammolarga juda mos kelishini isbotladi.
Ikkinchi tushuncha – mottainai.
Bu so‘zni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingliz tiliga tarjima qilish qiyin. Qimmatbaho narsa behuda ketganda afsuslanish hissini ifodalaydi. Uning mohiyatida u resurslar, obyektlar, oziq-ovqat, suv, vaqt va hatto boshqa odamlarning sa’y-harakatlariga hurmatni aks ettiradi.
Ko‘plab yapon bolalari ovqatni likopchaga qo‘yish yoki suvni isrof qilishda aynan “Mottainai” iborasini eshitib o‘sadilar. U resurslarni oddiy narsa sifatida qabul qilmaslik kerakligini o‘rgatadi.
Bugungi kunda dunyo ekologik bosim va resurslar cheklovlariga duch kelganda, bu fikrlash har qachongidan ham muhimroq bo‘lib qoldi. Madaniy odat sifatida boshlangan narsa barqarorlik va mas’uliyatli iste’molga hissa qo‘shishi mumkin.
Shu bilan birga, Yaponiya tajribasi ham moderatsiyani saqlab qolish har doim ham oson emasligini o‘rgatadi.
Ko‘p yillar davomida Yaponiya ortiqcha ish madaniyati bilan kurashdi. Uzoq ish soatlari ko‘pincha majburiyat va mas’uliyat belgisi sifatida qaraldi. Haddan tashqari holatlarda bu jiddiy ijtimoiy muammolarga olib keldi, jumladan stress, oilaviy vaqtning qisqarishi va sog‘liq muammolari.
Yaponcha “karoshi” atamasi, ya’ni ortiqcha mehnatdan o‘lim, xalqaro miqyosda mashhur bo‘ldi. Bu biz faxrlanadigan yutuq emas.
Biroq, so‘nggi yillarda Yaponiya o‘zgarishga harakat qilmoqda. Hukumat islohotlari, ish joyidagi siyosat va ijtimoiy munosabatlarning o‘zgarishi ish va hayot o‘rtasidagi maromiylik, moslashuvchan mehnat tartiblari va shaxsiy farovonlikka ko‘proq e’tibor berishga yordam berdi.
Ushbu tajriba bizga moderatsiya nafaqat iste’molga, balki ish, vaqt va e’tiborga ham tegishli bo‘lishi kerakligini eslatadi.
Konferensiya yakunida “Maromiylik” umummilliy harakatining ilmiy-amaliy rivojlanish istiqbollari bo‘yicha rezolyusiya qabul qilinishi, davlat organlari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilshi ta’kidlandi. Shuningdek, mahalla, ta’lim, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish sohalarida maromiylik tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Dilfuza MAHKAMOVA,
Oyina.uz
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q