Atoqli davlat va jamoat arbobi Bobooxun Salimov faoliyatiga bir nazar.
Ismoil Gasprali g‘oyalari asosida jamiyatdagi barcha sohalar va davlat boshqaruvini isloh qilish, milliy uyg‘onishni yuzaga keltirish uchun kurash olib borgan “Yosh xivaliklar” harakatining eng faollaridan biri, bu boradagi maqsad-u intilishlaridan chekinmagan xorazmlik jadid – Bobooxun Salimov edi.
O‘z davrida, xususan xonlik paytida taniqli qozi askar, qozikalon yordamchisi, huquqshunos, parlament – “Idorai Marshrutiya” raisi, respublika vaqtida esa adliya noziri, diplomat hamda pedagog, eng asosiysi shoir sifatida tanilgan ushbu siymo Xorazmdagi jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi, yo‘lboshchilaridan biri bo‘lib, uning nomi shu bois ham XX asr birinchi choragi Xorazm tarixida muhim o‘rin tutadi.
Yapon faylasuf adibi Ryunoske Akutagava: “Tarix sahifalari yirtilgan kitobga o‘xshaydi”, deya yozganida ming bora haq edi. Qolaversa, Akutagavaning ushbu fikrlari aynan bizning tariximiz haqida aytilgandek go‘yo. Nazarimda, ana shunday yirtilgan sahifalardan biri Xorazmning XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida katta ta’sir, mavqe, nufuzga ega bo‘lgan Bobooxun Salimovning hayoti va faoliyati, adabiy merosidir.
Xiva xonligining qozi askari, qozikaloni yordamchisi, “Yosh xivaliklar” harakatining faollaridan, 1920-yilda xonlik tugatilgach barpo etilgan Xorazm Xalq Respublikasining adliya noziri vazifalarida ishlagan, XXR delegatsiyasiga bosh bo‘lib, 1920-yil iyun-sentyabr oylarida bolsheviklar rahbariyati bilan Moskvada teng huquqlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolatish darajasiga yetgan bu shaxsga, afsuski, 1929-yilda suiqasd uyushtiriladi va vafot etadi.
Aytish mumkinki, nafaqat Xorazm, balki turkiy jadid adabiyotida Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy singari ko‘plab iqtidorli ijodkorlar safida Bobooxunning ham o‘ziga yarasha o‘rni, nufuzi borligi uning she’rlari orqali ma’lum.
Shu boisdan ham, Bobooxun Salimov, Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov singari o‘z millati haq-huquqlari uchun kurashgan huquqshunos, shuningdek, strategik g‘oyalarni amaliyotga aylantirgan davlat arbobi, diplomat sifatida Xorazm, Turkiston tarixidan, qolaversa, jadid adabiyoti antologiyasidan muhim o‘rin olishga loyiq ijodkordir.
Ma’lumki, Xorazm tarixi, xususan, Xiva xonligida o‘zining ijtimoiy-siyosiy intilishlari bilan nafaqat xon va uning sulolasiga mansub shaxslar, balki hukmdor atrofidagi amaldorlar ham obro‘-e’tibori yuqori bo‘lib, ularning hukmdorlarga ta’siri katta bo‘lgan. Bunga Matmurod devonbegi, Rahmatillo Yasovulboshi, Komil Xorazmiy, Polvon Mirzaboshi, bosh vazir Ibrohimxo‘ja, Islomxo‘ja hamda aka-uka Baqqolovlar sulolasi va boshqalarni misol keltirish mumkin.
Qozikalon Salimoxun va uning sulolasi esa davlatchilik tarixida adolatparvarligi, jamiyatdagi insof-u diyonati, bunyodkorligi, barpo ettirgan, bugun ham Ichan qal’aga ko‘rk bag‘ishlab turgan “Qozikalon” madrasasi, Xorazm ta’limi taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari bilan tarixda qoldi.
1877-yilda Salimoxun umr yo‘ldoshi Soliyajonga farzandining ismini ajdodlaridan birining nomi bilan Muhammad Karim deb atamoqchi ekanligini aytadi. Shunda Soliyajon “Men o‘g‘limni chaqirganda yoki koyishga to‘g‘ri kelganda qanday qilib bobomning ismini aytib chaqiraman” deya e’tiroz bildiradi.
Ya’ni, Bobooxunning ismi ona tomonidan ajdodlaridan birining nomi bo‘lgan. Biroq Salimoxun o‘g‘lining ismini Muhammad Karim deb qo‘yishni ma’qul ko‘radi. Ammo oila davrasida onasi o‘g‘lini “buvamning ismi bilan chaqirmay” deya “Buvaoxun”, “Boboxun” deb atay boshlaydi. Bora-bora nafaqat oiladagilar, balki qo‘shnilar-u qarindoshlar, tengqurlariyam Muhammad Karimni “Bobooxun”, deb atashadi.
Natijada XX asr boshlarida vohada yuzaga kelgan islohotchilik tashabbuskorlari bo‘lgan “Yosh xivaliklar” harakatining faollaridan, xonlik davrida qozikalon yordamchisi, Xorazm Xalq Respublikasi davrida esa adliya noziri bo‘lib ishlagan, bir qancha darslik, ko‘plab she’rlar muallifi, o‘ziga “Ojiz”, ”Bobo” taxalluslarini tanlagan, ammo tarixda o‘zining qat’iyati, siyosiy irodasi bilan qudratli bo‘lgan shaxs – Bobooxun Salimov nomi bilan dovruq qozondi.
Xiva xoni qozikaloni Salimoxunning eng katta farzandi bo‘lgan Muhammad Karim – ya’ni, Bobooxun Xorazm Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinganidan uch yil o‘tib, 1877-yilda tug‘ilgan. Sulolaga mansub tadqiqotchi Matyusuf Salimovning fikricha, Bobooxund Salimovning asl ismi Muhammad Karim bo‘lib, Bobooxund kunyasi hisoblanadi.
Bobooxund tug‘ilgan vaqtda oilasi Xiva shahridagi Nurillabek masjid qavmidan yer sotib olib imorat qurgan va shu hududda istiqomat qilardi. Otasi Muhammad Salim oxund u vaqtda madrasalarda mudarrislik qilish bilan birga xattotlik ham qilar edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Xiva shahrining raisi vazifasida ham faoliyat ko‘rsatgan. Shu bilan birga Gurlan bekligida o‘zining ota uyi, mulki ham bo‘lgan.
Bobooxunning muhtarama onalari Soliyajon (Solihajon), Muhammad Panoh so‘fining o‘g‘illari Jumaniyoz eshon qizlari bo‘lgan. Jumaniyoz eshon Xiva madrasalarida ta’lim olib, tasavvuf yo‘liga kirgan, o‘z davrining Naqshbandiya ta’limotining yirik namoyondalaridan biri va yuzlab shogird yetishtirib chiqargan ulamo bo‘lgan. Bobooxunning ona tomonidan bobolari Jumaniyoz eshon, hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidagi Jumuriovul mahallasida (oldingi Eshonqal’a qishlog‘ida) istiqomat qilgan. Har ikkala shajara tarafdan shu tarzda ilm-u ma’rifatli sulola vakili, izdoshi bo‘lgan Bobooxun bolaligidan ilm olishga ishtiyoq bo‘lib voyaga yetgan. Dastlabki saboqni esa otasidan olgan.
Avval oilada ota-onasi, keyin maktab tarbiyasini olgan Bobooxun Xivadagi Muhammad Yusuf yasovulboshi madrasasida tahsil oladi.
Tarixdan ma’lumki, uning yoshligi ijtimoiy-siyosiy harakatlar avj ola boshlagan XX asrning boshlariga to‘g‘ri kelganligi bois, azaldan shijoatli va jur’atlilik umr safardoshiga aylangan bu inson otasi hayot paytlarida madrasada mudarris, qozi askar, qozikalon yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zida nafaqat lavozimiga xos yuksak islomiy e’tiqod, balki oddiy insoniy g‘urur kuchli bo‘lgan Bobooxun fuqarolarning arz-dodini tinglash, turli janjal va shikoyatlarni adolatona yo‘l bilan yechishga harakat qiladi. Biroq, feodal-monorxiyaga asoslangan, buning ustiga mustamlaka davlatda ijtimoiy adolat borasida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi.
Qolaversa, ba’zi ruhoniylarning mutaassibligini, bir qator sharq tillarini bilgan, o‘z davrining ma’rifatparvar ilg‘or ziyolilari bilan yaqin maslakdosh bo‘lish Bobooxunni jamiyatda ilg‘or taraqqiyparvar kuchlar, ya’ni o‘zlarini “Yosh xivaliklar” deya nomlagan jadidlar bilan birlashib, islohotlar o‘tkazishga undadi.
Tarix fanlari nomzodi, dotsent Ne’matjon Polvonov tadqiqotlariga ko‘ra, “Yosh xivaliklar” harakati 1904-1905-yillarda hamfikr maslakdoshlar, 1910-yil boshlarida manfaatlar guruhi sifatida shakllangan bo‘lsa, 1917-yilda amaldorlar, ma’rifatli boylar, ziyolilarning Xiva xoniga muxolifat bo‘lgan siyosiy kuchi, 1918-yilda esa rasmiy siyosiy partiya sifatida namoyon bo‘ldi.
Jadidchilik g‘oyalari asosidagi Yosh xivaliklar harakati (partiyasi) saflarida Bobooxun Salimovning yana Husaynbek Matmurodov, Jumaniyoz Boboniyozov, Polvonniyozhoji Yusupov, Bobojonboy Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov, Muhammadyorxo‘ja Abdullayev, Otajon Abdolov, Safo Mug‘anniy, Avaz O‘tar, Bobojon Yoqubov, Hakimboy Jonmuhammedov, Muhammadyor hoji Abdullayev, Otajon Jumaniyozov, Rahmonbergan Yoqubov, Muhiddin Umarov, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov, Qurbonboy Jaloyir, Xudoyberganbek Matniyozov, Davlatnazar Qayroq, Murod Eltuzarov, Mulla Matmurod, Mulla Abdulla Berdimurodov, Avazxo‘ja, Isomiddin eshon, Nizomiddinoxun, Sobir Yoqubov, Bekjon Rahmon, Vais Rahimiy, Muhammad Yusuf Devonzoda singari turli yosh, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatgan safdoshlari bo‘lib, ular xonlikning turli hududlardagi faollari bo‘lishgan”1. Ularning soni dastlabki paytda 40 nafarni tashkil etgan. Keyinchalik esa Asfandiyorxon tomonidan tazyiq kuchaygach, faollar Toshkent, Chorjo‘y, To‘rtko‘lga muhojirlikka ketishga majbur bo‘lishadi va o‘sha hududdagi xorazmliklarni partiyaga a’zo qilish hisobiga tarafdorlar soni ko‘paya boshlaydi.
Dastlabki davrda har payshanba kunlari Xivadagi Qalandarxonada, gohida Qorako‘z masjidida, ko‘pincha esa Husaynbek Matmurodov uyida yig‘ilishlar o‘tkazib, dunyoda kechayotgan jarayonlar, xonlikdagi vaziyatni muhokama qilib turishgan.
“Yosh xivaliklar” dunyoqarashining shakllanishi va tadrijiy rivojlanishida xonlikdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum, Usmoniylar davlati, Eron, Rossiya va Turkistondagi siyosiy o‘zgarishlar obyektiv sharoit sifatida katta ta’sir qilgan. Shuningdek, Qirim va boshqa hududlarda nashr etilib turgan jadid gazetalari, xonlikdagi jadid maktablaridagi Ramazon Saydashev, Kabir Abdurashidov, David Bakirov, Muxtor Bakirov singari o‘qituvchilar, usmoniylar davlatidagi “Yosh turklar” Turkiston va Buxorodagi jadidlar, shuningdek, Xorazmga surgun qilingan rus inqilobchilari, soldat sho‘rolari ta’siri subyektiv omil sifatida katta rol o‘ynagan.
Jadidchilik g‘oyalari asosidagi “Yosh xivaliklar” harakati 1918-yil iyun oyida Xorazm aholisi manfaatlarini himoya qiluvchi, o‘z dasturi va tashkiliy tuzilmasiga ega bo‘lgan rasmiy siyosiy partiya sifatida to‘la shakllanadi.
O‘z davrining yetuk huquqshunosi Bobooxun Salimov jamiyatda kechayotgan jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida, Xorazm jadidlarining siyosiy liderlaridan biriga aylangandi.
Shuningdek, u jamiyatda ro‘y berayotgan salbiy munosabatlarni yo‘qotish uchun mudroq g‘ururni uyg‘otish lozimligini anglab yetgandi. Shu bois ham o‘sha davrdagi vaziyatni chuqur anglagan Bobooxun ushbu she’rini qog‘ozga tushirgandi:
Xazon faslida bulbuldek,
Dil afgor o‘lg‘on o‘xshaydur.
Jaholat dardiga barcha
Giriftor o‘lg‘on o‘xshaydur,
Sukut aylab demas bu kun
Rost so‘zni shayxulislomlar.
Xaloyiq ichra bid’atlar,
Baddiydor o‘lg‘on o‘xshaydur…
Qodirbergan hoji Nizomiddinoxun o‘g‘lining otasi xotiralarga tayanib aytishicha, “Bobooxun ikki yilcha qozikalon yordamchisi bo‘lib ishlab Asfandiyorxon bilan ish yuritish borasida ziddiyatlar kelib chiqqani uchun iste’foga chiqadi va Gurlanga kelib dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Bobooxunning aynan saroy amaldorlari oldida Asfandiyorxonga qozikalon yordamchisi mansabini tashlab iste’foga chiqib ketishini mutassib dindorlar va saroy amaldorlari “xonga qarshi chiqish” deya tushuntirishga urinishadi va uni jazolashni Asfandiyorxondan iltimos qilishadi.
Natijada kunlardan birida Asfandiyorning navkarlari Gurlan bekligiga kelib, uni otmoqchi bo‘lganida qochishga muvaffaq bo‘ladi. Yana bir safar navkarlar uni ushlab Xivaga olib borishayotganda hozirgi Qo‘shko‘pir hududidan qochib Gurlanga keladi. Uchinchi marotaba yana xon navkarlari uni ushlab to Xivagacha olib boradilar. Bobooxun endi yaxshi insonlar madadi bilan Ichanqal’adan qochib Amudaryo sohiliga yaqin, Xivadan ancha olis-turkmanlar va qoraqalpoqlarga yaqin mavze – Jumurtog‘dagi Eshonyop qishlog‘iga boradi va o‘sha hududda tirikchiligini qilib yuradi. Do‘stlari yordamida oilasini, ukalarini ham Eshonyop qishlog‘iga olib boradi”.
Bu vaqtda Bobooxunning ukalaridan Nizomiddinoxun Gurlandagi uylarini yovmudlar talaganini eshitib, Junaidxon oldiga boradi. Negaki, Nizomiddinoxunga odamlar “uylaringni Junaidxonning navkarlari taladi” deb aytishgandi. O‘sha bosqin paytida yovmudlar Gurlandagi Ibrohim eshonning ham uyini talon-toroj qilishgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Junaidxon bu vaqtda Taxta hududida qarorgoh barpo qilgan edi. Tabiiyki, Gurlandan otda Taxtagacha borish Nizomiddinoxunga oson bo‘lmaydi. Yo‘lda Junaidxonning pistirmalari bo‘lib, u Junaidxon oldiga ketayotganini aytib, tekshiruvlardan o‘tgach, Taxtadagi qarorgohga yetib boradi.
Chodirda o‘tirgan Junaidxon Salimoxunning o‘g‘li kelganini unga aytishgandayoq tezda Nizomiddinoxunni qabul qiladi. Voqeani eshitib: “Siz nimaga kelganingizni bilaman. Gurlandagi uylaringni Ushoqbekka talatgan. Dunyoxo‘r dunyoxo‘rni topadi”, degan. Negaki, Ushoqbek ham turkman sardorlaridan bo‘lib, Asfandiyorxon bilan hamkorlik qilardi. U Junaidxon bilan muxolifatda edi.
“– Otamning aytishicha, – deydi Qodirbergan Nizomiddinoxun o‘g‘li, – Junaidxonning maxsisi yaltiroq bo‘lib, uzun chakmon kiygan, yelkasi keng, baquvvat odam bo‘lgan”.
Bu paytda Junaidxon yonida Gurlanning Bekovulidan Yusuf eshon ham faoliyat ko‘rsatayotganiga olti oycha bo‘lgandi. Yusuf eshon Junaidxonga o‘zidan ko‘ra Nizomiddinoxunning ilmiy salohiyati yuqoriligini aytadi. Natijada Yusuf eshon Bekovulga qaytgach, sha’riy, fiqhiy masalalar bo‘yicha Junaidxon Nizomiddinoxunga murojaat qilib turgan.
Shu tariqa Bobooxun 1917-yilda “Yosh xivaliklar” Asfandiyorxonga nisbatan Xivada namoyish o‘tkazguncha Eshonyop qishlog‘ida dehqonchilik qilib yashaydi. O‘sha yili u Xivadagi davlat va jamiyatda islohotlar o‘tkazish orqali o‘zgarish yasashga intilayotgan Polvonniyozhoji Yusupov, Husainbek Matmurodovlar safiga qaytadan kelib qo‘shiladi.
Bu paytga kelib 1917-yildagi chorizm poytaxtidagi fevral inqilobidan so‘ng Asfandiyorxonning mustabidona siyosati ta’siri pasaygandi. Bahrom Irzayevning ta’kidlashicha, “Bobooxun ummat va millatni jaholatdan, ma’rifatsizlikdan farovonlik va taraqqiyot sari eltishga bel bog‘laydi. Garchi, jadidchilik harakatiga xon, uning tayangan amaldorlari va aksar mutaasib dindorlarning qarshiligini bilgani holda ularni qo‘llab-quvvatladi. Boisi Bobooxun Salimovga o‘rta asrcha odatlar ustuvor Xorazm xonligi emas, taraqqiy topgan Vatan kerak edi. Shu maqsadda o‘z davrining ma’rifatparvar ziyolilari bilan yaqin aloqada bo‘ldi. Jamiyatdagi ilg‘or taraqqiyparvar kuchlar bilan birlashib, xonni islohot o‘tkazishga undadi”.
Davlat mukofoti laureati, naqqosh usta Abdulla Boltayev o‘z esdaliklarida yozishicha: “Bobooxun Salimov 1917-yil 5-apreldagi Ko‘hna Ark oldidagi namoyishda Polvonniyozhoji Yusupov, Nazir Sholikorov, Husainbek Matmurodov, Jumaniyoz Sultonmurodovlar bilan birga ishtirok qiladi”.
1917-yil fevral oyida imperiya markazida yuz bergan burjua inqilobining ta’siri o‘laroq Xivada sodir bo‘lgan bu hodisada “Yosh xivaliklar” Asfandiyorxonga o‘zlarining qarashlari aks etgan manifestni topshiradilar. Manifestdan feodal monarxiyaga asoslangan xonlikni “Idorai marshrutiya” orqali boshqarish kabi demokratik islohotlar o‘rin egallagandi.
Manifest e’lon qilingan 5-aprel kuni Husainbek Matmurodovning uyida “Yosh xivaliklar” harakatining majlisi – davlatni boshqarishning yangi usuli – “Idorai marshrutiya” tuzildi. Nozirlar Kengashi boshlig‘i qilib Husainbek Matmurodov, Majlis (parlament) raisi qilib esa Bobooxun Salimov saylanadi. Birinchi davrada “Idorai marshrutiya” – vakillar Kengashidagi a’zolar soni 17 nafar edi. Keyinchalik a’zolar soni 23 kishiga yetdi. Bobooxun Salimov vohadagi real vaziyat bilan yaxshi tanish bo‘lganligidan, uning maslahati asosida turkman, qoraqalpoq va qozoqlarning vakillari kiritilishi natijasida a’zolar 49 kishini tashkil etdi.
Polvonniyozhoji Yusupovning “Xotiralari”ga ko‘ra, aprel oyidagi hurriyatparvarlik harakatida Bobooxunning roli katta bo‘lgan. U “Yosh xivaliklar”dan iborat “Idorai marshrutiya” – parlament faoliyatini tashkil qilish, fuqarolar erkinligiga oid islohotlar o‘tkazish tashabbuslari bilan chiqadi. Bobooxun yetuk huquqshunos bo‘lganligidan Xivadagi chor armiyasi komandirlari, mutaassib dindorlar bilan muzokara, munozaralarda ularni mantiqli, diniy va dunyoviy asosdagi savol-javoblar bilan yengib chiqadi.
1917-yil sentyabrida Xivaga kelgan Orenburg kazak qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik I.M.Zaysev ko‘magida Asfandiyorxon yana demokratik islohotlarni cheklashga muvaffaq bo‘ladi. 1917-yil 21-noyabrda Muhammad Rahimxon madrasasida “Yosh xivaliklar”ni butunlay yo‘q qilishga hukm qilinadi.
Natijada “Yosh xivaliklar” harakati a’zolari To‘rtko‘lga qocha boshlashadi. Harakat yetakchilaridan Pahlavonniyozhoji Yusupov, Nazir Sholikorovlar Toshkentga kelib, 1917-yil 30-dekabrda Asfandiyorxon tomonidan hibsga olingan do‘stlarini ozod qilishda yordam so‘rab Turkiston XKSga, so‘ng Turkiston MIKga murojaat etadi. “Yosh xivaliklar” harakati rahbarlari Polvonniyozhoji Yusupov va Nazir Sholikorovlar 1918-yil 10-yanvarda Qo‘qonga borib, Turkiston muxtoriyati hukumatidan ham yordam so‘raydi. Biroq bu paytda Turkiston Muxtoriyatining ham faoliyati bolsheviklar tahdidi tufayli xavf ostida edi. Shu bois Turkiston Muxtoriyati hukumati ham hibsdagi “Yosh xivaliklar”ni ozod etishini so‘rab Asfandiyorxon nomiga telegramma yo‘llaydi, xolos...
Shu tarzda demokratiyaga asoslangan “Idorai marshrutiya” – parlamentning faoliyati, afsuski, uzoq davom etmadi. Muvaqqat hukumatning Xivadagi vakili general Mirbadalov va mutaassib ruhoniylarning, Asfandiyorxonning talabi bilan “Idorai marshrutiya” faoliyati to‘xtatiladi. Ko‘pchilik esa Chorjo‘y, Mari, Toshkent va To‘rtko‘lga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi”1.
Bu orada, aniqrog‘i, 1919-yilning dekabr oyida Turkiston sovet qo‘shinlarining janubiy otryadi I.Uryadov qo‘mondonligida, shimoliy otryad esa N.Shaydakov boshchiligida Amudaryoning chap sohiliga o‘tib, Xiva xonligiga bostirib kiradilar. Ko‘rsatilgan qarshiliklarga qaramasdan, bolsheviklar 1920-yilning 1-fevralida Xiva xoni Said Abdullaxonni taxtdan tushiradilar. Junaidxon esa kuchlar nisbati teng bo‘lmagani sababli chekinishga majbur bo‘ladi.
1920-yil 1-fevralda Xiva xonligi qo‘shinlari sovetlarning qurolli zarbalariga dosh berolmagach, xonlik tuzumi ag‘dariladi va muvaqqat inqilobiy qo‘mita tuziladi. Muvaqqat hukumat a’zolari muhojirlikdagi jadidlar – “Yosh xivaliklar”dan iborat edi.
Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov muvaqqat hukumat raisligiga tayinlangach, davlat boshqaruvida xonlik davrida tajribaga ega bo‘lgan huquqshunos Bobooxun Salimovni ham hukumat a’zosi va nozirlikka taklif qiladi.
Biroq Bobooxun Salimov maslakdosh do‘sti Polvonniyozhoji Yusupov bu paytda Toshkentda bo‘lgani bois, u bilan maslahatlashmagani uchun bunday yuqori lavozimni rad qiladi. O‘shanda Polvonniyozhoji Toshkentdan Xivaga – Bobooxunga maktub yo‘llab, hukumat a’zosi bo‘lsa xalq uchun foydali ishlar qilish lozimligini ta’kidlab, bu “Yosh xivaliklar” uchun ham ayni muddao ekanligini aytgach, Bobooxun Salimov taklifga rozi bo‘ladi.
Natijada “kundalik masalalarni hal qilishda tashkil qilingan hay’at 3 kishidan iborat bo‘lib, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov Rais, Polvonniyozhoji Yusupov va Bobooxun Salimovlar uning muovinlari edilar”2.
Shuningdek, adliya nozirligi qoshida xalq sudi tashkil qilinib, uning raisi Olimjon Aqchurin edi, Ko‘chmamadxon Sapayev va Bobooxun Salimovlar sudning a’zolari bo‘lishgan. Xalq sudiga katta vakolat – oliy jazoga hukm qilish ham berilgandi. Xalq sudi fuqarolarning arz-dodlarini tinglash kabi qozikalonning ishlarini davom ettirardi. Oradan ikki oy o‘tib, 27–30-aprel kunlari xalq qurultoyi bo‘lib o‘tadi va hukumat tarkibi saylanadi.
Polvonniyozhoji Yusupovning xotiralariga ko‘ra, qurultoy o‘tkazilayotgan vaqtda quyidagi voqea sodir bo‘lgan: “Maxfiy qolmasinkim, har qal’a va vakil saylash uchun ketgan odamlar xalqqa voqeani tushuntirib, xalqni o‘z ixtiyori birlan birinchi Qurultoyga vakillar saylab keldilar. Qurultoyga kelgan vakillarni kutib olib ziyofat qilmoq ixtiyorini birodar Jumaniyoz Ollaquliyevga topshirdilar. Bir necha kunda tamomi vakillar kelib bo‘ldilar. Andin so‘ng 22 lanchi aprelda 1-Qurultoy majlisi ochilib, vakillar mani bir ovozdin prezidiumga rais qilib sayladilar. Man turib vakil birodarlarga rahmatlar aytib, iltimos qildim:
Prezidium raisligiga bizlar birlan Toshkentdin Xiva ekspeditsiyasida chlen komissiya bo‘lib Turkiston hukumatidin kelgan no‘g‘ay birodar Rizoaddin Shokirovni saylab, mani shunga muovin qilsangizlar erkan, – deb. – Nechunkim, ushbu birodarimiz Toshkentlik musulmon birodarlari tarafidan kelgan, ham shuningdek ko‘p katta Qurultoylarni o‘tkazgan, ham bizlarga kelgan mehmon turur. Ham menim roziligim shunda turur, – dedim.
Vakil birodarlar manim iltimosimni qabul qilib prezidium raisligiga birodar Shokirovni, birinchi muovinligiga mani, ikkinchi muovinligiga Bobooxunni saylab qo‘ydilar. A’zolar Qo‘shmamatxon, Shomurod baxshi, G‘ulomali va boshqalarni saylab tamom qildilar ham ishga tutindilar. Birodar Sholikarov turib:
Bul vaqtgacha zulm istibdodga ezilib xonlardin, ham olarning quyruqi bo‘lgan zolim sipohi-to‘ralardin ham Junayidxon, ham onga quyruq bo‘lgan bir qaroqchi turkmanlardin ko‘rgan xo‘rlik-zo‘rliklaringizdan, Sizlarning ichlaringizdan xonning xalqqa qilib turgan zulm, jabr-u sitamlariga toqat qila bilmay hijrat qilib qochib, Toshkentga borib, Russiya sho‘rolar hukumatiga zori-tavallo qilib, mundagi faqir kambag‘al xalqqa bo‘lib turgan zulm-jabrlarni anglatib, sho‘rolar hukumatidan yordam olib zolimlarni yo‘q qilib, Sizlar uchun ushbu hech tamom bo‘lmayturgan ozodlikni olib bermakka sabab bo‘ldilar. Albatta Siz muhtaram vakillar bu muhojirlarning qilgan xizmatini taqdir qilsangizlar kerak, – dedi.
Tamomi vakillar qo‘l chopib qarshi oldilar. Ham e’lon qildi:
Ushbu birinchi qurultoylaringizni Turkiston hukumatida o‘tirgan musulmonlar tarafidan muborakbodlik qilurman, – dedi Sholikarov. Yana qo‘l chopib qarshi oldilar.
Ham ko‘p Qurultoylarni farog‘atchilik, osoyishlik o‘tkazmaklaringizni tilab so‘zimni tamom qilib ayturman. Yashasin Xorazmning birinchi Qurultoyi! – deb so‘zini tamom qildi yana Sholikarov.
Vakillar ko‘p uzoq qo‘l chopib qabul qilib, rahmatlar o‘qib minnatdorlik e’lon qildilar. Andin so‘ng Olimjon Aqchurin so‘zladi, hukumatning tutgan yo‘llarini xalqqa anglatdi. Andin so‘ng har kimlar so‘zladilar. Shuning birlan birinchi majlis yopildi. Vakillar o‘z manzillariga borib, nohari qilib istirohat qildilar. Kechada ham majlis bo‘ldi. Anda ham ba’zi masalalar qaralib hal bo‘ldi. Ushbu tartib Qurultoy to‘rt kun davom qildi. Tovarish Izmaylov har majlisda bo‘lur erdi. Shokirov, Aqchurin, ham Obidovlar Xorazm uchun qonun asosini hozir qildilar. Qonun asosi shundan iborat turur: Xorazm Russiya sho‘rolariga monand bir xalq jumhuriyati turur deb o‘rta yo‘l birlan mamlakatning ahvoli ruhiyasiga muvofiq qilib qonun asosini tartib qilgan erkanlar. Shul qonun asosini o‘qib xalqqa tushuntirdilar. Vakillar butun qabul qildilar. Qonun asosida 15 adad nozir bo‘lmog‘i kerak erkan. Shunga nomzod ko‘rsatib ovozga qo‘ydilar. Nozirlar sho‘rosining raisligiga uch kishini ko‘rsatdilar: biri faqir turur, biri Bobooxun, biri Mulla Jumaniyoz.
Maxfiy qolmasinkim, partiyaning maqsadi Mulla Jumaniyozni raislikka o‘tkazmak turur, xalq vakillarining maqsadi yo faqir yo Bobooxunni o‘tkazmak turur. Shuning birlan bizlarning uchalamizni ham majlisdan chiqarib yubordilar. Qurultoy vakillari muzokara qilib qoldilar. Bizlar zalga kirib o‘tirdik. Bir necha so‘z so‘ylashib o‘tirgan hamon birodar Mulla Jumaniyoz aytdi:
– Taqsir, manim ko‘nglimga bir so‘z kelur, agar ma’qul bo‘lsa aytur erdim, – dedi.
Bobooxun eshon:
– Xo‘p, ayting, – dedi.
Mulla Jumaniyoz aytdi:
– Bizlar xalq uchun muzokara qilib turmoqi hojat ermas turur. Man taklif qilurman, avvaldin inqilobchilarning boshliqi Hoji afandi erdi. Ham Markaziy inqilob qo‘mitasida rais erdi. Bul kishi yana nozirlar sho‘rosiga rais bo‘lsin, man muovin bo‘lurman, siz adliya noziri bo‘ling.
Bobooxun aytdi:
– Man avvaldin ayturman, xo‘p yaxshi, – deb qabul qildi.
Man aytdum:
– Bobooxun eshon rais bo‘lsinlar, bizlar muovin bo‘lib xizmat qilurmiz, – dedim.
Bobooxun Eshon aytdilar:
– Man ruscha bilmasman, faqat Hoji bobo bo‘lsin, manim adliya nozirligim bo‘lur, – dedi...”
Shu tariqa davlat boshqaruv tizimida katta tajribaga ega bo‘lgan huquqshunos Bobooxun Salimov kamtarlik qiladi va 1920-yil 30-apreldagi 1-Butun Xorazm xalq vakillarining qurultoyida Xorazm Xalq Respublikasi raisi bo‘lib saylanish imkoniyatidan o‘z ixtiyori bilan voz kechadi. Biroq uning davlatchilikdagi tajribasi va huquqshunosligi e’tiborga olinadi va hukumatning adliya noziri qilib saylanadi.
Ma’lumki, xorazmlik jadidlar xonlik davridagi istibdod va chor amaldorlarining zulmi tufayli, to 1920-yilgacha Asfandiyorxon, Said Abdullaxon va chor istibdodiga qarshi faqat siyosiy kurash olib borishgandi. Ya’ni, boy mulkdor, savdogarlar toifasidan chiqqan “Yosh xivaliklar”ning faoliyati asosan siyosiy kurashlarda kechgandi.
Faqatgina 1910–1913-yillarda islohotchi bosh vazir Islomxo‘janing tashabbusi va sa’y-harakati bilan Kabir Abdurashidov, David Bakirov, Muxtor Bakirov singari o‘qituvchilar Xo‘jayli, Xonqa, Gurlan bekliklarida yangi usul – jadid maktablari tashkil etishgandi. Shuningdek, Xivada Ramazon Saydashev, Ahmadjon Akayev singari tatar o‘qituvchilari ham faoliyat ko‘rsatishardi.
Farg‘ona vodiysi va Turkistonning boshqa hududlaridagi kabi xonlik davrida bironta jadid matbuoti nashr etilmagani ham tarixiy haqiqat. To‘g‘ri, ular dunyo matbuotidan xabardor bo‘lishgan. Tarixchi Bahrom Irzayev ta’kidlaganidek, “Yosh xivaliklar” faqat Rossiya matbuoti, “Tarjimon”, “Vaqt”, “Ittifoq”, “Taraqqiy”, “Yulduz” gazetalari, “Sho‘ro” jurnallari bilangina cheklangan emas. Ular Eron, Afg‘oniston, Misr, shuningdek, Istanbulda turk tilida nashr etilgan “Vahdat”, Hindistonning Kalkutta shahrida chop etilgan “Habl ul-matn” va boshqa nashrlar orqali ham jahonda yuz berayotgan o‘zgarishlardan boxabar bo‘layotgan edilar”. Ya’ni, feodal monarxiyaga asoslangan xonlik istibdodi, mustamlakachilar zulmi sharoitida, eng chekkadagi, temir yo‘l yetib kelmagan, ishlab chiqarish korxonalari deyarlik bo‘lmagan (XIX asr oxiri va XX asr boshlarida aka-uka Kraftlarning Yangi Urganchda yog‘, Xonqa, Xiva, Gurlanda ayrim boylarning kichik hajmli paxta korxonasigina faoliyat ko‘rsatardi), shu tufayli iqtisod tanazzulga yuz tutgan Xiva xonligida, jadid matbuoti, demakki, teatrning faoliyat ko‘rsatishi uchun vaziyat yetilmagandi.
Bosh vazir Islomxo‘janing boshqaruv tuzilmasi, hisobsiz yerlarni isloh qilish, xonlikka temir yo‘l keltirish, umuman davlatchilik borasidagi jadallik bilan ketayotgan islohotlari, afsuski, 1913-yil avgustdagi suiqasddan keyin umuman to‘xtab qoladi. Ana shu jarayonlar bevosita ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov va boshqa “Yosh xivaliklar” xonlik davridagi siyosiy kurashlarda toblanib borishdi. Garchi ular Husayinbek Matmurodov hamda boshqa safdoshlarini yo‘qotishsa-da, xonlik istibodi va mustamlakachilikka qarshi kurashda chekinishmadi. Shu tariqa “Yosh xivaliklar” faqat xonlik tugatilib, Xorazm Xalq Respublikasi faoliyatini boshlagachgina katta imkoniyatga ega bo‘lishdi. Natijada ana shu imkoniyatdan foydalangan holdagina Xorazmda maktablarni tashkil qilish, ular uchun ham darsliklar yaratish borasida sa’y-harakat boshlashdi. Shu bilan birga aynan boy berilgan imkoniyat – o‘z g‘oyalarini xalq ommasiga yetkazishda muhim vosita vazifasini bajaradigan matbuot, teatr ham vujudga keldi.
Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2026-yil 5-son.
“Xorazm jadidlari sardori” maqolasi
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q