Oʻzbek kitob dizayni imzosi yoʻlidagi 30 yil. Maestro Bahriddin Bozorov bilan suhbat


Saqlash
11:33 / 24.06.2026 1600 0

Oyina.uz bugungi oʻzbek zamonaviy sanʼati qanday yaratilayotganini ijodkorlarning oʻzi va ularning ish jarayonlari orqali koʻrsatishni maqsad qilgan “Ichkaridan” nomli maxsus suhbatlar loyihasini boshlamoqda. Uning ilk mehmoni — kitob dizayneri Bahriddin Bozorov.

 

Muqova qanday tugʻiladi? Dizayner muallif, nashriyot va bozor talablari oʻrtasida qanday muvozanat topadi? Oʻzbek kitobida milliy vizual uslub shakllanganmi? Bahriddin Bozorov bilan suhbatda shular haqida soʻz yuritamiz.

 

“Hali ham oʻquvchiman”

 

“Muqovangizga ishqim tushdi”, “Faqat shu muqova uchun ham kitobni olsa arziydi”, “Muqovalar qiroli”, “Rauf Parfining xos dizayner-rassomi”... Bahriddin Bozorovning yangi ishlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlishi bilan izohlar osti ana shunday eʼtiroflarga toʻlib ketadi. Nomsiz muqovalari talash boʻlib, baʼzan hali yozilmagan asarlar uchun ham muqovalar “band”lanadi.

 

Foto: Mumtozbegim

 

Uni taniganlar: “Sizning muqovalaringizga qarab odamlar kitob yozaman deydi, avval teskarisi boʻlgan”, desa, ishlarini ilk bor koʻrganlar: “Oʻzbekistonda bunaqa gʻoyali kitob rassomi boʻlmasa kerak, gʻoyani, ehtimol, shoirning oʻzi bergandir”, deb hayratlanadi. Uning ishlari Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Rossiya-yu, Buyuk Britaniyadagi kitoblarni ham bezab turadi. Biroq rassom bilan uchrashganimizda suhbat muqovalardan emas, uning ustozidan boshlandi.

 

“Agar shu yoshimgacha nimagadir erishgan boʻlsam, bunga sababchi, men umrimning oxiriga qadar minnatdor boʻladigan ustozim bor. Bu inson – Oʻzbekiston sanʼat arbobi, Milliy teatr bosh rassomi Baxtiyor Toʻrayev. Oʻzimning shogirdlarim boʻlishiga qaramay, hali ham Baxtiyor akaning oʻquvchisiman, undan maslahat soʻrayman va bir umr shunday boʻlib qoladi. Har bir ishda ularning duosi men uchun muhim. Bu intervyuni ham ustozimning oldidan oʻtmasdan bera olmayman”, – deydi rassom.

 

Bahriddin aka oʻzbek millatida azaldan boʻlgan ustoz-shogirdlik anʼanasining maʼnosi yoʻqolib borayotganidan xavotirda ekanini yashirmaydi. “Shogirdlar, o‘zlaricha ma’lum bir mahorat darajasini egallaganlaridan so‘ng, ustozidan uzoqlashib ketadi. Navoiy bobomiz: “Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila, aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila”, – deganlar. Bir ustozga shogird tushib kasb oʻrganish kishining butun hayot yo‘liga ta’sir qiladi. Demak, shogirdda ham shunga yarasha munosabat bo‘lishi kerak”, – deydi u.

 

Oq yo‘l umidida  teatrga, ustozning oldilariga otlandik. Shu orada Bahriddin akaning yoshligi bilan tanishamiz. 1974-yil Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanida tugʻilgan Bahriddin Bozorovning oilasida rassomlar boʻlmagan. Uning tasvir va shriftlarga qiziqishi maktab davridayoq sezila boshlagan.

 

“Har bir sinfning devoriy gazetasi boʻlardi. Biz fizika xonasida oʻtirganimiz uchun gazetamizga “Galaktika” deb nom bergandik. Uni maroq bilan oʻzim bezardim. Kitoblarni oʻqiganda ham koʻproq chizilgan qismlari eʼtiborimni tortardi. Gazeta-jurnallardagi chiroyli shriftlarning boʻlaklarini olib, daftarimga yopishtirib, yigʻib yurardim. Oʻshalardan ilhomlanib, gazetaga chizib ketaverardim. Maktabda hamma meni rassom deb atardi”, – deydi uning oʻzi.

 

Foto: Akademnashr

 

Bahriddin aka maktabni bitirib, tumandagi rassomchilik ustaxonasida ishlay boshlaydi. Ana shu kezlarda koʻchalardagi shiorlar tasvirlangan plakatlarni koʻrib, ularni qoʻl mehnati bilan yaratadigan “xudojnik-oformitel”larga havaslanib yurganlarini yaxshi eslaydi.

 

Orada harbiy xizmatga borib kelgan yigitchaning oldida ikki yoʻl turardi – yo rassomchilik institutiga, yoki Benkov bilim yurtiga oʻqishga topshirish. “Benkovda oʻrgatadi, institutda talab qiladi”, deb eshitgach, oʻrganish yoʻlini tanlaydi va 20 yoshida Toshkentga keladi.

 

Harbiy xizmatdan qaytgan yigit ota-onasidan pul soʻrab oʻtirsa, gʻalati-ku deb, oʻqishdan boʻshagan vaqti uchun ish izlaydi. Koʻchalardagi vitrinalarga yangi yil tasvirlarini chizib, pul topgan vaqtlari ham boʻladi. Ana shunday kunlarda boʻlajak rassomning ustozlaridan biri Hamza teatrining bosh rassomiga uni tavsiya qiladi. “Doʻstim bilan teatrga ishlarimizni koʻtarib bordik. Oʻshanda ustozim bir ogʻiz “yoʻq” deb, qaytarib yuborganda Xudo biladi, kim boʻlib ketardim?!”, – deydi qahramonimiz.

 

Teatr rassomi sahna bezagi bilan shugʻullanadi, Bahriddin Bozorov kitob rassomi-ku dersiz. Gap shundaki, 1996-yilda uning ustozi Baxtiyor Toʻrayev “Yosh kuch” jurnalining bosh rassomi ham boʻlgan.

 

“Ustoz jurnal maketini qoʻlda qilardilar. Jarayonda grafika, illyustratsiya, shriftlarni oʻrganib borar, tayyor maketni kompyuterga koʻchiradigan dizaynerlarga eltardim. Lekin ular rassom boʻlamagani uchun ishlaridan u qadar koʻnglimiz toʻlmasdi. Oʻzimiz qilsak yaxshiroq boʻlar, degan xayol bilan kompyuterni oʻrgana boshladim”, – deb eslaydi u.

 

Teatrning moʻjazgina ustaxonasida bizni 60 yoshga sira oʻxshamaydigan Baxtiyor Toʻrayev qarshi oldi. “Bahriddin bilan mana shu yerning changini yutib katta boʻlganmiz. Oʻsha soddagina yosh yigitcha hozir Oʻzbekistonda oʻz sohasining birinchi raqamlisi”, – deya xonani samimiy kulguga toʻldirdi ustoz.

 

Baxtiyor aka shogirdi bilan boʻlgan ilk xotiralarini shunday eslaydi: “Rassomlar istarali odamni tez payqaydi. Ijodini koʻrdim – isteʼdodli, yuziga qarasam – nur bor. Ishlashni boshladik. Salobatli, vazmin bir yigitcha qachon qaramay boʻyoqlarning ichida kichik-kichik narsalar chizib oʻtirardi. Kamgap, shu bilan birga atrofiga oʻziga xos energiya tarqatadigan, eshita biladigan bola edi”.

 

“Shunday shogirdni kitob dizayniga berib yuborish oson boʻlmagandir?”, deb ustozni savolga tutaman. U esa ijodga tashna shogirdining salohiyatini teatrda emas, aynan kitob sanʼatida koʻrganini aytadi.

 

“Teatr biroz sershovqin joy. Bahriddin shartta-shartta gapirib tashlash, soʻzlari bilan chimchilab olishni bilmaydigan halim yigit edi. Boʻlmagʻur gaplar, baqir-chaqirlarning ichida yurish uning qalbini ogʻritib qoʻyishi mumkin edi. Qarasam, kitobga mehri ham, qobiliyati ham teatrdan balandroq. Sokin dunyoning odami shunday ruhiy muhitda boʻlishi kerak, deb uni tahririyatga oʻzim olib bordim. Xulosalarim pand bermadi, koʻp oʻtmay butun ishni oʻziga topshirdim”, – deydi Baxtiyor aka.

 

Bahriddin Bozorov 2000-yillarda “Yangi asr avlodi” nashriyotining bosh rassomi boʻlgach, teatrdagi faoliyatini yakunlab, toʻliq kitob olamiga oʻtib ketadi. 2014-yildan buyon esa “Akademnashr” nashriyoti bosh rassomi.

 

Baxtiyor aka bir paytlar oʻzining kitobi chiqqanida ustozidan eshitgan gapini eslaydi. “Agar shogirdlarimdan zinapoya qilinsa, eng yuqoridagi pog‘onaga Baxtiyorni oʻtkazaman, degandilar. Bugun esa men bu joyga Bahriddinni qoʻyaman. Ustozimning rasmlari va kitoblari xonamning toʻridan joy olgan. Bir kun kelib, Bahriddin ham mening kitoblarimni tokchasiga qoʻyar. Shogirdlari esa Bahriddinnikini. Shunday qilib, ustoz-shogirdlik zanjiri davom etadi”, – deydi u.

 

Muqova qanday “tugʻiladi”?

 

Ustozdan duo olib, ortga qaytdik. Bahriddin aka esa muqova yaratish jarayoni haqida soʻzlardi. Rassomning ishi qoʻlyozmani oʻqib chiqishdan boshlanadi. Baʼzan gʻoya kitobni oʻqib turgan paytning oʻzida, baʼzan esa tugatgandan keyin keladi. Asarning ruhiyatini his qilmay turib, unga mos vizual yechim topish qiyin.

 

Ayrim hollarda kitobni toʻliq oʻqib chiqish ham yetarli boʻlmaydi. Masalan, rassom bir safar xonanda Mahmud Namozov haqidagi kitobni tayyorlashdan oldin mualliflardan ijodkorning barcha qoʻshiqlarini olib kelishni soʻragan. Musiqalarni obdon tinglab, ijodkorning ovozi, dardlari-yu ruhiyatini toʻla his qilgachgina dizayniga shoʻngʻigan.

 

Foto: Akademnashr

 

Har bir dizayn tasvir qonunlari haqidagi bilimlar, xususan, “oltin kesim” tamoyiliga tayanadi. Bu tamoyil tasvirdagi elementlarni inson koʻziga eng tabiiy va muvozanatli koʻrinadigan nisbatlarda joylashtirishga yordam beradi. “Kitob muqovasida shrift, tasvir va boshqa elementlarning joylashuvi aniq qonuniyatlarga tayanadi. Gʻoyaning oʻzi shunchaki chizib qoʻyilmaydi”, – deydi Bahriddin aka.

 

Rassom taʼkidlashicha, yaxshi dizayn uch soniya ichida oʻquvchiga kitob janri haqida ma’lumot berib, ichki sahifalarga qiziqish uyg‘otadi. Uning falsafasiga koʻra, anor yoki olmani chizib qoʻyish, hali dizayn degani emas. Muqova odamlarga bilmagan narsasini koʻrsatishi kerak. Shunindek, u kitob nomini ham takrorlamasin – “Moviy osmon uzra” degan kitob uchun osmonning oʻzini chizishdan maʼno yoʻq. Muqova asarning ichidagi boshqa bir qatlamni ochishi kerak.

 

Rassom qanchalik iqtidorli va tajribali boʻlmasin, ilhom kelmaguncha muqova “tugʻilmaydi”. “Shunaqa kitoblar boʻladi ikki oylab qilolmayman. Oxiri “boʻldi-da endi” deb oʻtiraman-u, bir necha soatda tugatib tashlayman. Shunchalik tez qilarkansan, nega ikki oy oʻylading, deb oʻzimni savolga ham tutaman. Bunga haligacha javobim yoʻq. Bu hamma narsa insonning oʻz qoʻlida emasligiga bir isbot boʻlsa kerak”, – deydi ijodkor.

 

Muqovadagi boʻrtma yozuvlar, yaltiroq elementlar, kitobning format va oʻlchami ham tasodifan paydo boʻlmaydi. Dizayner asarning janri, mazmuni va hajmidan kelib chiqib qaysi yechim kitobga koʻproq mos kelishi haqida muallif va nashriyotga tavsiya bera olishi kerak. Buning uchun bosma texnologiyalarini ham bilish zarur. Qogʻoz bichimi va kitob formatlari oʻrtasidagi nisbatlar maxsus formulalarga tayanadi. Dizayner millimetrlarga adashsa ham, butun hisob-kitob buzilib ketadi. Shuning uchun Bahriddin Bozorov yangi shogirdlariga ana shu formulani karra jadvalidek yodlatadi.

 

“Dizaynerning asosiy vazifalaridan yana biri – butun kitob uchun toʻgʻri shrift tanlash. Kitobni ochganda ravon oʻqilsa, harflar orasi zich, yozuvlari kichkina, xira boʻlmasa, koʻz chalg’imasa – bu eng ideal sahifalash boʻladi. Chiroyli qilaman deb kitobxonga noqulaylik tugʻdirmaslik kerak”, – deydi rassom.

 

Foto: Mumtozbegim

 

Ayrim kitoblarda tasvir boʻlmasligi dizaynerning ishi kamayishini anglatmaydi. Ularda asosiy maʼnoni shrift tashiydi, demakki, eng koʻp vaqt ham shunga ketadi. Dizayner yuzlab variantlarni bittalab solishtirib, asar ruhiyatiga mos, oʻqishga qulay va muqovadagi boshqa elementlar bilan uygʻun yechimni izlaydi.

 

Mualliflar bilan muloqot, bozor qonuni

 

Jarayonda bosmaxona imkoniyatlari, qogʻoz taʼminoti va nashriyot byudjeti ham hisobga olinadi. “Agar kerakli qogʻozni topa olmasak, xohlagan gʻoyamizni ham amalga oshirolmaymiz”, – deydi rassom.

 

Baʼzan muallif va rassomning tasavvuri qovushmasligi mumkin. Bahriddin aka odatda oʻz fikrlarini asoslab tushuntirib berganda masala yechiladi.

 

Kitob muqovasiga bozor talablari ham taʼsir qiladi. Ayrim nashriyotlar va kitob doʻkonlarida maxsus marketologlar ishlaydi. Ular bozori chaqqon kitoblarning janri, muallifi, dizayni, hatto muqovasining qattiq-yumshoqligi-yu rangigacha o‘rganib tahlil qiladi.

 

“Qizil rangli kitoblar yaxshi sotilyapti degan xulosa chiqsa, yangi kitoblarni shu rangda qilishni soʻraydiganlar ham yoʻq emas. Mumtoz milliy shoirimiz boʻladimi yoki jahon modern adabiyotidan tarjimami, ularga farqi yoʻq. Lekin 30 yillik tajriba bilan ham qaysi kitob sotilishini oldindan aytib berolmayman. Baʼzan oʻzimiz juda bozorgir deb hisoblagan kitoblarimiz qolib ketadi, uncha umid qilmaganlarimiz esa tez sotiladi”, – deydi Bozorov.

Rauf Parfining xos rassomi

 

Bahriddin Bozorovni koʻpchilik hazil aralash “Rauf Parfining shaxsiy rassomi” deydi. Qizigʻi, shoir va rassom hech qachon uchrashmagan. Rassom Rauf Parfining mashhur “Saylanma”si ustida jurnalist va tarjimon Karim Bahriyev bilan ishlaganini yodga oladi.

 

Aytishicha, bu kitobning ichi-yu tashqarisidagi bezakni topishning oʻziga ikki oy vaqti ketgan. Ichki sahifalarini tayyorlashda ham sheʼrlarning uzun-qisqaligi, mazmuniga qarab alohida ishlashga toʻgʻri kelgan.

 

Foto: Akademnashr

 

“Rahmatli Karim aka oʻshanda ikkita kitobni birdan olib kelgandilar, biri oʻzlarining “Tomchidil” toʻplamlari edi. Har kuni kelib xabar olib turardilar. Katta-yu kichikka ustoz deb murojaat qilardilar. Bir kuni: “Ustoz, nechanchi betga keldingiz?” – deb soʻradilar. “64-betga”, desam, “Ha, yaxshi, tezlating endi. Muqovasiga jon berib yotmang, shunday qalam bilan “Rauf Parfi” deb yozsangiz ham, odamlar darrov olib ketaveradi. Lekin biz bechoralarni hech kim tanimaydi, bor kuchingizni biznikiga bering”, deb hangoma qilib ketgandilar”, – deya xotirlaydi rassom.