Davlat xizmatchisi deganda koʻz oldimizga oq koʻylak, qora shimda salqin kabinetda kompyuter klaviaturasini tiqillatib oʻtirgan xodim keladi. Lekin har kuni soat 9 da kelib, baʼzan 12 soatlab ishda qoladigan, rahbar majlis qilsa, bir qoʻlida bloknot, boshqasi koʻksida, tabassum bilan kirib keladigan xodimning xayolida nimalar bor, u har kuni qanday oʻylar bilan uygʻonadi, shaxsiy hayotida nima gap, bular koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi.
Vaholanki, dunyo boʻyicha davlat xizmatchilari maʼnaviy charchoq reytinglari boshida turadi. Nega zamonaviy texnologiyalar hayotimizni yengillashtirish oʻrniga, “olmaxon poygasi”ni avvalgidan ham tezlashtirib yubordi? Nima uchun millionlab odamlar jamiyatga real foyda keltirmagan holda ofislarda kechgacha qolib ketmoqda? Tez-tez qulogʻimizga chalinib turadigan “work-life balance” (ish va hayot oʻrtasidagi muvozanat)ga qanday erishsa boʻladi? Maqolamizda shu mavzular haqida soʻz yuritamiz.
Stressning uch asosiy omili
Kennedi Garvard maktabi (The People Lab) va xalqaro mehnat tashkiloti tadqiqotlari maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har uchinchi davlat xizmatchisi chuqur psixologik charchoq holatini boshidan kechiradi. Ulardagi hafsala soʻnishi biznes muhitnikidan farqli oʻziga xos tabiatga ega.
Xodimning 80% vaqti real oʻzgarishlar emas, oxiri yoʻq majlislar, rahbar maʼqullovini kutish, hisobotlar va tekshiruvlarga tayyorlanishga ketadi. Qilayotgan ishining mazmunsizligi qisqa vaqt ichida odamni maʼnaviy horgʻinlikka yetaklaydi. Mansabdorning xatosi, odatda huquqiy javobgarlik, misqollab yigʻilgan obroʻni yoʻqotish, omma oldida “sharmanda boʻlish” kabi oqibatlarga olib keladi.
Mana shu kabi omillarni hisobga olgan holda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining loyihalar ofisi tomonidan 2025-yil sentyabr oyida vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan 30 858 nafar davlat xizmatchisi ishtirokida onlayn ijtimoiy-psixologik tadqiqot oʻtkazildi. Unda davlat xizmatchilarining ish yuklamasi, ruhiy charchoq, vazifalarning tartibsiz taqsimlanishi va meʼyorlashmagan ish jadvalining ijtimoiy hamda psixologik taʼsiri, mehnatdan qoniqish darajasi, shuningdek, qabul qilingan tashkiliy qoidalarning shaxsiy hayotga taʼsiri kabi omillar tahliliga eʼtibor qaratildi.
Soʻrovnomada ishtirok etganlarning asosiy qismini 25-44 yoshdagi faol mehnat davridagi shaxslar qamrab oldi. Undagi ayollar ulushi 57% ni, erkaklar ulushi 43 % ni tashkil etdi. Respondentlarning 86% oila qurgan, shundan 81,2%i farzandli boʻlib, shaxsiy hayot deganda, koʻpchilik uchun oila bilan vaqt oʻtkazishni tushunishi (67,1%) maʼlum boʻldi.
Soʻrovnomada qatnashganlarning 40,9%i ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi muvozanat buzilishi koʻpincha emotsional charchoq orqali namoyon boʻlishini bildirgan. Asosiy stress manbalari – moliyaviy muammolar (55,6%) va oiladagi salbiy muhit (24,3%).
Ortiqcha ishlash va “prezenteizm” fenomeni
Aksariyat davlat xizmatchilari 9 soatlab ishda oʻtirishi, baʼzida dam olish kunlari ham ishxonadan chaqirib olishlari, mehnat kodeksi amalda ishlamasligidan noliydi. Vaholanki, xususiy kompaniya va firmalarning koʻpida xodimning qiymati uning ishda oʻtkazgan vaqti emas, koʻrsatayotgan natijasi bilan baholana boshlagan. Onlayn va gibrid ish formatlarida baxtiyor yashayotgan, sport bilan shugʻullanishi, shifokor koʻrigi yoki bolalarining musobaqasiga borib kelish uchun rahbardan ruxsat olishi shart boʻlmagan insonlarni shaxsan taniyman.
Demak, gap shunchaki ish koʻpligida emas. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan ijtimoiy-psixologik soʻrovnoma natijalari muammoning tub ildizi boshqaruv madaniyati va vazifalar taqsimotidagi tizimli nuqsonlarga borib taqalishini koʻrsatdi.
Tadqiqot davomida respondentlar jamoadagi muvozanatni buzuvchi asosiy omillar sifatida intizom va adolat yetishmasligi (33,8%) hamda vazifalarning notoʻgʻri taqsimlanishini (20,1%) qayd etishgan. Bu natijalarni tushunish uchun zamonaviy menejmentning ikkita muhim konsepsiyasiga murojaat qilish lozim.
Adolatsizlik va namoyishkorona overtaym (33,8%)
Ilmiy tilda “prezenteizm” (inglizcha presenteeism — “ishda boʻlish effekti”) deb ataladigan bu fenomen ish joyida namoyishkorona, keragidan ortiq oʻtirish madaniyatini anglatadi. Britaniyaning IPPR tadqiqot instituti va Xizmatchilar rivojlanishi instituti (CIPD) davlat idoralaridagi ushbu inqirozni quyidagicha tushuntiradi:
Davlat sektorida intellektual mehnatning real samaradorligini oʻlchash mezonlari koʻpincha mavhum boʻlgani sababli, rahbariyat xodimlar sodiqligini klassik usul – ish joyida oʻtkazgan soatlari miqdoriga qarab baholaydi. Soat 18:00 boʻlishi bilan uyiga ketadigan xodim, garchi oʻz vazifalarini sifatli bajargan boʻlsa-da, “tizimga begona” yoki “masʼuliyatsiz” deb qabul qilinishi mumkin. Shu sababli, lavozimi yoki maoshi oshishini kutayotgan xodimlar “rahbar ketgunicha” kabinetda bemaqsad oʻtirishga majbur boʻlishadi.
Tashkiliy adolat nazariyasi (J. Grinberg) boʻyicha, agar jamoada qoidalar hamma uchun birdek ishlamasa (intizom defitsiti) va mehnatni baholashda shaffoflik boʻlmasa, xodim uchun ortiqcha ishlash oʻzini himoya qilishning yagona quroliga aylanadi. Jiddiy topshiriq kutilganidek bajarilmay qolgan taqdirda ham, tungi soat 22:00 gacha ofisda oʻtirgan xodim rahbarga: “Axir men deyarli ishxonada yotib qolib ishlayapman, qoʻlimdan kelganini qildim!” deya oʻzini hayfsan yoki ishdan boʻshatilishdan asrab qoladi.
Soʻrovnomada qayd etilgan vazifalarning notoʻgʻri taqsimlanishi koʻrsatkichi (20,1%) dunyoga mashhur “Ishga boʻlgan talablar va resurslar modeli” (Job Demands-Resources model, mualliflar Bakker va Demerouti) orqali mukammal tavsiflanadi.
Ushbu modelga koʻra, stress va surunkali charchoq ish hajmining koʻpligidan emas, balki talablar (ish yuklamasi) va resurslar (vaqt, vakolat, vazifalarning aniqligi) oʻrtasidagi nomutanosiblikdan kelib chiqadi. Bu yerda ikkita asosiy muammo namoyon boʻladi:
Kognitiv tuzoq
Eng xavfli jihati shundaki, bu jarayon tizimli inqirozni keltirib chiqaradi. Haftasiga 50 soatdan ortiq ishlaydigan odamning miyasi qatʼiy energiya tejash rejimiga oʻtadi. Diqqat tarqaladi, qaror qabul qilish tezligi keskin pasayadi. Oqibatda, ruhiy va jismoniy jihatdan dam olgan xodim 1,5 soatda osongina hal qiladigan masalaga, kunduzi bemaqsad vazifalar bilan charchagan va tungacha ofisda qolib ketgan xodim 5 soatlab ham toʻgʻri yechim topa olmaydi.
Shu tariqa, jamoadagi adolatsiz muhit va xaotik boshqaruv xodimlarni ofisga zanjirlab qoʻyadi, ammo bundan davlat boshqaruvi tizimi uchun hech qanday real naf va samaradorlik yuzaga kelmaydi.
Davlat ishida eng himoyasiz boʻgʻin – ayollar
Ish va shaxsiy hayot muvozanati haqida gap ketganda, gender omilini chetlab oʻtishning aslo iloji yoʻq. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan davlat xizmatchilarining ish va hayot oʻrtasidagi muvozanatiga doir tadqiqotda ishtirok etganlarning 57 foizini ayollar tashkil etgan – aynan ular tizimdagi muammolar va bosimni kuchliroq va ogʻriqliroq his qilmoqda. McKinsey & Co. (“Women in the Workplace”) va Deloitte kompaniyalarining global hisobotlariga koʻra, ayollar erkaklarga nisbatan vork-layf balansi buzilishidan ancha koʻp aziyat chekadi va rahbarlik lavozimlarida bu farq 10 foizgacha yetadi (maʼnaviy horgʻinlikni boshidan kechirayotgan ayollar – 60%, erkaklar esa 50%).
Bu tafovutning bosh sababi – sotsiologlar “Ikkinchi smena” deb ataydigan fenomendir. Xalqaro mehnat tashkiloti statistikasiga koʻra, ayol kishi davlat xizmatida toʻliq ish kunini tamomlab uyga qaytgach, uy-roʻzgʻor va farzandlar parvarishi boʻyicha ikkinchi, haq toʻlanmaydigan smenaga kirishadi. Dunyo boʻyicha ayollar maishiy yumushlarga kuniga oʻrtacha 4 soat 25 daqiqa, erkaklar bor-yoʻgʻi 1 soat 23 daqiqa sarflashadi.
Oʻzbekistondagi soʻrovnoma natijalari bu maishiy yuklarni yaqqol koʻrsatib berdi: taʼtil davrida respondentlarning 62 foizi uyda maishiy ishlar bilan band boʻlishini bayon qilgan. Yaʼni, rasmiy dam olish vaqti ham ayollar uchun uy-roʻzgʻor majburiyatlarini bajarish pallasiga aylanadi.
“Anʼanaviy model” tuzogʻi va yolgʻiz onalar muammosi
Davlat xizmatidagi mavjud mehnat madaniyati va qatʼiy ish jadvali tarixan bir qolip asosida shakllangan: davlat xizmatchisi – bu uyida maishiy yumushlarni toʻliq zimmasiga olgan ayoli (rafiqasi) boʻlgan erkak. Uyda farzandlar taʼlimi, shifokor koʻrigi va roʻzgʻordagi yumushlarni eplab oʻtirgan ayoli bor erkak ofisda soatlab ushlanib qolishi mumkin, ammo, ayol-chi?
Bolasini bogʻchadan olishi, dars tayyorlatishi yoki kasal boʻlganda parvarishlashi kerak boʻlgan yolgʻiz onalar tizimdagi namoyishkorona overtaym (prezenteizm) talablariga jismonan moslasha olmaydilar. Natijada ularning zimmasidagi ruhiy va jismoniy yuklama karrasiga ortib ketadi, karyeradagi oʻsish imkoniyatlari esa adolatsiz ravishda cheklanadi.
Bundan tashqari, ayollar oʻta yuqori “kognitiv soliq” toʻlaydilar. Monitor qarshisida oʻtirganda ham ayolning miyasida oʻnlab maishiy vazifalar (bolani shifokorga yozdirish, kechki ovqatga masalliqlar yetarli ekani, maktab tadbirlari) aylanaveradi. Bu uzluksiz “shovqin” miyani psixologik jihatdan qayta tiklanish (detachment) imkoniyatidan mahrum qiladi.
Shaxsiy hayot “istilosi” va uyquga toʻymaslik
Raqamli texnologiyalar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda: ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar ish bilan bogʻliq munosabatlarning shaxsiy hayot bilan aralashib ketishiga sabab boʻlyapti. Soʻrovnoma natijalariga koʻra, bu koʻrsatkich 74,7 foizni tashkil etdi. Messenjerlardagi cheksiz ishchi chatlar va tungi topshiriqlar xodimlarni uyda ham doimiy stressda ushlab turadi.
Davlat xizmatida ommaviy uyqu inqirozi yuzaga kelishida bu omilning taʼsiri bor, albatta: xodimlarning deyarli yarmi, yaʼni 43 foizi toʻyib uxlamaslikdan aziyat chekishini bildirgan. Respondentlarning faqat 50 foizi tunda toʻliq tiklana olishini aytgan. 21 foiz xodimda esa doimiy charchoq holati surunkali tus olgan.
Respondentlarning 59 foizida hozircha ruhiy barqarorlik saqlanib qolayotgan va sogʻliq hamda oila ustuvorligi (62,2%) fonida vaqtni toʻgʻri rejalashtirishga (57,4% reja asosida ishlaydi) harakat qilishayotgan boʻlsa-da, shaxsiy vaqtidan atigi 45 foiz xodim mamnun, xolos. Eng xavotirli signal kelajak bilan bogʻliq rejalarda aks etgan: davlat xizmatchilarining 61 foizi kelgusida oʻz sohasidan ketib, koʻproq daromad va erkinlik beradigan yoʻnalishlarni izlamoqda.
Strategik manifest: davlat xizmatida inson qadrini oshirish yoʻnalishidagi 5 qadam
Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarining ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi muvozanati borasidagi tadqiqot tahlillari vaziyatga aniq va tizimli yondashuv zarurligini koʻrsatadi. Mehnat madaniyatini tubdan oʻzgartirishga ehtiyoj mavjud. Dunyodagi eng samarali amaliyot va milliy oʻziga xosliklarni inobatga olgan holda, loyiha ofisi tomonidan quyidagi tavsiyalar taklif etiladi:
1. “Ishdan uzilish” huquqini (Right to Disconnect) joriy etish
Fransiyaning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib, “oflayn vaqt” siyosatini qonun darajasida mustahkamlash zarur. Rahbarlar ishdan tashqari vaqtlarda ishchi chatlar va elektron pochta orqali xodimlardan javob talab qilish huquqini yoʻqotishi kerak. Belgilangan “core hours”dan tashqari har qanday ish xodim roziligi bilan qilinishi va moliyaviy hamda qoʻshimcha dam olish kunlari bilan qatʼiy kompensatsiya qilinishi lozim.
2. Moslashuvchan formatlar va “aqlli” taqvimga oʻtish
Singapur va Buyuk Britaniya tajribasidan foydalangan holda, milliy qonunchilikka xodimning moslashuvchan grafik yoki masofaviy ish formatini talab qilish huquqini kiritish zarur. Surunkali charchoqning oldini olishda yaponlarning “Premium Friday” modeli ish berishi mumkin. Bunda xodimlarga oyning dam olish kunlaridan birida ishdan ertaroq ketib, oilasi bilan vaqt oʻtkazishga sharoit yaratiladi.
3. HR'ni avtomatlashtirish va yuklamalarning mustaqil auditi
Ofisda besamar oʻtirish va prezenteizm madaniyatiga chek qoʻyish uchun KPI (asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari) baholashni avtomatlashtirish hamda real ish yuklamasini muntazam ravishda mustaqil auditdan oʻtkazish zarur. Xodimlar samaradorligi ularning ish kursisida necha soat oʻtirganiga qarab emas, balki shaffof, raqamlashtirilgan natijalar asosida baholanishi shart. Jamoalar ichida anonim qayta aloqa (fidbek) kanallari faol joriy etilishi lozim.
4. Korporativ farovonlik dasturlarini (Workplace Wellbeing) joriy qilish
Davlat oʻzining eng asosiy resursini asrab qolish uchun investitsiya kiritishi shart. Idora va vazirliklarda ixtisoslashtirilgan psixologik qoʻllab-quvvatlash markazlari va stressni boshqarish dasturlari (Stress Management Programs) yoʻlga qoʻyilishi zarur. Ish kuni davomida xodimlarning psixologik dam olishi va miyaning kognitiv funksiyalarini qayta tiklashi uchun qisqa tanaffuslar (micro-breaks) rasman qonuniylashtirilishi kerak.
5. Institutsional islohot va adolat kodeksi
Yangi korporativ madaniyatni mustahkamlash uchun “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunni modernizatsiya qilish va unga vork-layf balansining zamonaviy standartlarini singdirish lozim. Ichki “Adolat va shaffoflik kodeksi”ning ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi har bir xizmatchining shaxsiy chegaralariga boʻlgan hurmatni kafolatlagan holda, jamoalardagi mikroiqlimni sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.
Haqiqiy muvozanat qatʼiy nazorat oʻrnatilgan joyda emas, balki oʻzaro ishonch paydo boʻlgan yerda boshlanadi. Baxtli, uyquga toʻygan va kuch-quvvatga toʻla xodim davlatga ham, fuqarolarga ham, tun yarmida koʻzlarini ishqalab, monitorga tikilib oʻtirgan xodimga qaraganda bir necha barobar koʻproq foyda keltiradi.
Visola QARSHIBOYEVA,
jurnalist
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q