Dehlaviymi yoki Ganjaviy? – Mirzo Ulug‘bek va shahzodalar munozarasi


Saqlash
10:57 / 23.06.2026 459 0

Mirzo Ulug‘bekning shahzodalar bilan o‘zaro yozishmalari bahsli va tadqiq etilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri. Ulug‘bekning rasmiy maktublari nisbatan kam saqlangan. Biroq, tarixiy manbalar orqali uning siyosiy, ilmiy va oilaviy aloqalarining mazmuni va ahamiyati haqida tasavvur hosil bo‘ladi.


Ulug‘bekning siyosiy yozishmalari (hududiy boshqaruv, diplomatik aloqalarga tegishli bo‘lgan), ilmiy-ma’rifiy yozishmalar (shahzodalar bilan ilmiy-adabiy, fanlar bo‘yicha, ularda astronomiya, matematika, adabiyot, tabiatshunoslik), axloqiy-tarbiyaviy mazmundagi (davlatni boshqarish g‘oyalari, oilaviy munosabatlar)ga ajratish mumkin.


Mirzo Ulug‘bek Samarqanddagi madrasaning moddiy ta’minoti uchun yiliga 30 ming kepakiy dinor ajratgan. Bu davrda matematikaga ixtisoslashgan 12 ta maktabda 500 nafar talaba o‘qigan. Harvard universiteti professori Elaheh Xeirandish esa o‘sha davr ta’lim tizimi, madrasalarning moddiy ta’minoti va talabalarning kundalik hayoti xususida to‘xtalib o‘tgan. Elaheh Xeirandish G‘iyosiddin Koshiyning otasiga yuborgan maktubiga tayanib yozishicha, Samarqand madrasasining yillik ta’minoti uchun 30 ming kepakiy dinor ajratilgan, shundan 10 ming kepakiy dinor esa talabalarning stipendiyalari va oziq-ovqati uchun berilgan. U haftada bir necha bor Samarqand madrasasiga tashrif buyurib, dars mashg‘ulotlarini kuzatishni odat qilgan. Unda uchragan masalalarni olimlari bilan muhokama qilgan. Ulug‘bek kitob mutolaa qilishni ham yaxshi ko‘rgan. U nafaqat astronomiya, matematikani balki, adabiyot, jumladan, arab va fors adabiyoti, musiqa tarixidan ham xabardor bo‘lgan.


Jamshid Koshoniyning ta’kidlashicha, uning xotirasi juda kuchli bo‘lgan. Masalan, Sultoniyada o‘tgan bolaligi, haftasi, kunigacha, peshin namozini qayerda o‘qiganligi, tunlari qaysi yo‘l bilan yurganligini aniq aytib bera olgan. Ulug‘bekning mulozimlari uning tarixi yozilgan qaydnomalarni olib kelar, olimlar huzurida o‘qib berganda Ulug‘bek aytib bergani bilan bir xil chiqqan.


Mirzo Ulug‘bek, Boysung‘ur mirzo va Muhammad Jo‘ki mirzolar o‘rtasida g‘azaliyot, falsafa va mantiq fanlari bo‘yicha munozarali yozishmalar bo‘lib turgan, ba’zi vaqtlarda esa ular ilmiy majlislarda o‘zaro fikr-mulohazalar almashishgan. Shu bilan birga Samarqandda yetuk olim va shoir Muhammad Olim hamda shahzodalar ishtirokida mumtoz adabiyot xususida munozara o‘tkazilgan. 1424-yilning bahorida Samarqandda Navro‘z bayrami munosabati bilan katta tantanalar bo‘lib o‘tgan. Unda Sakkokiy, mavlono Badaxshiy va Xoja Abdulmo‘min ishtirokida Navro‘z mavzusida mushoira bo‘lgan. Unda ishtirok etayotgan xoja Fazliddin Keshiy va mavlono Isomiddin Navro‘zni kelib chiqishini muhokama qilishgan. Ular bu masalani Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi ma’lumotlar asosida tahlil qilishgan. Ushbu ma’lumotlar yirik amaldorlar ham tarixiy asarlarni mutolaa qilishgani va ular asosida bahslasha olganliklari haqida tasavvur beradi.


 
Undan tashqari, shahzodalar o‘rtasida tabiatshunoslik fani bo‘yicha ham munozaralar bo‘lib turgan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek ushbu sohada chuqur bilimga ega bo‘lgan. U ovga chiqqan vaqtida qanday hayvonlarni ovlagani, ularni mamlakatning qaysi qismida ko‘proq bo‘lishi, o‘sha hududning joylashuvi, tabiati, o‘simlik dunyosi to‘g‘risida bilganlarini qayd qilib borgan. Mirzo Ulug‘bekning shu kabi ma’lumotlar qayd etilgan daftari yo‘qolib qoladi. U kotiblarga daftarda yozilgan ma’lumotlarni barchasini aytib beradi. Keyinroq topilgan nusxasi bilan solishtirilganda, ikkisi ham bir xil bo‘lgan. Bu ma’lumot orqali uning xotirasi naqadar kuchli bo‘lganligini taxmin qilish mumkin.

 

Boysung‘ur mirzo asarlarni mutolaa qilish bilan birga ularni chuqur o‘rganishga ham harakat qilgan. Xususan, shahzoda ikki “Xamsa”ni ilmiy jihatdan tahlil qila olgan. Hattoki, bu mavzu bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek bilan ko‘p bora bahs-munozaralarga kirishgan va maktublar almashishgan. Ushbu ma’lumotni asoslash uchun ayrim manba va tadqiqotlarni tahlil qilsak: Davlatshoh Samarqandiy o‘z asarida shahzodalarning adabiy tortishuvlari haqida “Amirzoda Boysung‘ur Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”sini Shayx Nizomiyning “Xamsa”siga tarjih qilur erdi va Ulug‘bek bahodir bu ma’nini qabul qilmas erdi va Shayx Nizomiyg‘a mu’taqid erdi va bu ikki podshohning orasida karrotu marrot taassub hosil bo‘lg‘on, har birlari bir shoirga himoyat bo‘lg‘on erdi”, deb yozadi.


Bundan kelib chiqadi-ki, Boysung‘ur mirzo Xusrav Dehlaviy ijodini afzal ko‘rgan, Mirzo Ulug‘bek esa Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”siga yuqori baho bergan. Ularni baytma-bayt qiyoslab chiqishgan, Samarqand va Hirot saroyida o‘tkazilgan adabiy kechalarda ham yirik adabiyotshunos olimlar ishtirokida muhokama qilingan. Aslida, mazkur tortishuvlar ularning shaxsiy qiziqishlari asosida yuzaga kelgan. Nizomiy Ganjaviyda astronomiya fani va osmon jismlariga doir, Xusrav Dehlaviy asarida tasviriy san’at sohasiga oid ma’lumotlarning berilishi shahzodalar e’tirofiga sazovor bo‘lgani, shubhasiz.
 
               

Ozodaxon ABDUNOSIROVA,


Farg‘ona davlat universiteti katta o‘qituvchisi, PhD

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 10.11.2026 0 238
Gʻelon qishlogʻida kuz manzaralari (Fotojamlanma)





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//