Ijtimoiy tarmoq algoritmlari shunchaki tovar sotuvchi mexanizmgina emas. Ular bugungi kunda madaniyat, yangi gʻoya va ijtimoiy normalarni bevosita shakllantiruvchi, baʼzida esa majburlab singdiruvchi asosiy vositaga aylanib ulgurgan. Algoritmlar bizga butunlay notanish boʻlgan yangi madaniyat va qadriyatlarni misli koʻrilmagan tezlikda olib kiradi. Yaponiyaning anime estetikasi, Koreya pop madaniyati yoki maʼlum bir chekka hududdagi turmush tarzi bir zumda global trendga aylanishi aynan shu shaxsiylashtirilgan tizimlarning xizmatidir. Qaysidir mavzudagi video koʻproq foydalanuvchilarni eʼtiborini tortgani uchun, algoritm bu videolarni boshqa foydalanuvchilar lentasiga ham tiqishtira boshlaydi. Yaʼni inson va mashina oʻrtasidagi bu tinimsiz muloqot jarayonida algoritmlar nima muhim, nima “trend”da ekanini hal qilib beruvchi eng qudratli axborot darvozaboni vazifasini oʻtaydi.
Doʻstingiz bilan qaysidir brendning yangi mahsuloti, qiziqarli bir kitob yoki yaqinda boʻlib oʻtadigan xalqaro siyosiy forum haqida shunchaki suhbatlashdingiz. Bir necha daqiqa oʻtib, smartfoningizni qoʻlga olasiz-u, Instagram, TikTok yoki YouTube lentangizni ochganingizda aynan oʻsha mahsulot, oʻsha davlat yoki oʻsha mavzuga oid video, reklama va postlar qarshingizdan chiqa boshlaydi. Vaholanki, siz u sahifalarga aʼzo emassiz, u insonlarni tanimaysiz va qidiruv tizimiga hech narsa yozganingiz ham yoʻq.
Tanish holat, shunday emasmi?! Bugungi kunda millionlab odamlarni bir xil savol oʻylantirmoqda: “Ijtimoiy tarmoqlar bizni eshitadimi? Men oʻzim xohlagan videolarni koʻryapmanmi yoki tizim men uchun qaror beryaptimi?”.
Aslida esa gap ancha chuqurroq va mukammalroq tizim — Algoritm kuchi haqida bormoqda. Biz har kuni foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlar shunchaki kontent jamlangan oddiy platformalar emas. Bugun har bir insonning ijtimoiy tarmoq lentasi xuddi barmoq izi kabi oʻziga xos. Sizning smartfoningizdagi kontentlar tartibi va tarkibi dunyodagi boshqa hech bir insonning telefonida aynan shu koʻrinishda takrorlanmaydi. Har bir sahifa, har bir feyd shaxsiylashtirilgan. Xoʻsh, tizim biz nimani xohlayotganimizni, nima haqida oʻylayotganimizni qayerdan biladi? Umuman, bizning maʼlumotlarimizdan qanday foydalanilmoqda?
Keling, raqamli dunyoning parda ortiga nazar tashlaymiz: algoritmlarning ishlash mexanizmi, ular biz qoldirayotgan koʻrinmas raqamli izlarni qanday tahlil qilishi va bu “shaxsiylashtirilgan dunyo” bizning fikrlashimiz va qaror qabul qilish jarayonlarimizni qanday shakllantirayotganini tahlil qilamiz.
Algoritm nima? U qanday ishlaydi?
Algoritm – aniq bir maqsadga erishish yoki maʼlum bir muammoni hal qilish uchun bajarilishi kerak boʻlgan koʻrsatmalar (qadamlar) ketma-ketligidir. Algoritmlar faqat kompyuterlarga tegishli tushuncha emas. Biz ulardan kundalik hayotimizda ham foydalanamiz. Masalan, oshxonada taom tayyorlash retsepti insonlar uchun yozilgan algoritmdir: unda qaysi mahsulotni birinchi solish, qancha vaqt qaynatish va necha gradusda pishirish qadam-baqadam koʻrsatiladi. Agar ketma-ketlik buzilsa, taom oʻxshamasligi mumkin.
Raqamli dunyodagi algoritmlar ham kompyuter, dastur va ijtimoiy tarmoqlar uchun xuddi shunday yoʻriqnoma vazifasini bajaradi. Ular oʻz-oʻzidan mavjud boʻlolmaydi, balki maxsus tarzda kompyuter, ijtimoiy tarmoq va dasturlar uchun ishlab chiqiladi.
Algoritmlar ijtimoiy tarmoq (Instagram, TikTok, YouTube) va qidiruv tizimlari toʻrt asosiy bosqichda ishlaydi:
Birinchi bosqich – maʼlumotlarni yigʻish. Siz tizimga kirganingizdan boshlab, algoritm siz haqingizdagi har bir kichik detalni kuzatadi va yozib boradi. Bu maʼlumotlar ikki turga boʻlinadi: birinchisi – ochiq signallar: bunda siz “layk” bosgan kontent, yozgan izoh, qidiruvga kiritgan soʻzlaringiz va obuna boʻlgan sahifalaringiz inobatga olinadi. Ikkinchisi esa yashirin signallar boʻlib, siz biror videoni toʻxtatib, oxirigacha koʻrdingizmi yoki shunchaki oʻtkazib yubordingizmi? Ekraningiz aynan qaysi post ustida bir necha soniya toʻxtab turdi? Mana shu yashirin signallar sizning haqiqiy qiziqishlaringizni ochib beradi.
Ikkinchi bosqich esa filtrlash va tahlil qilish jarayonidir. Algoritm yigʻilgan trillionlab maʼlumotlar ichidan aynan sizga mos keladiganlarini ajratib olish uchun maxsus filtrlardan foydalanadi. Buning ham ikki asosiy usuli bor. Birinchisi, agar siz avval mashinalar haqida videolarni koʻrgan boʻlsangiz, tizim sizga yana mashinalarga oid boshqa video va postlarni tavsiya qilishni boshlaydi. Ikkinchi usulda esa algoritm siz va boshqa bir foydalanuvchining qiziqishlari oʻxshashligini aniqlaydi. Agar oʻsha foydalanuvchi yangi bir videoni qiziqib koʻrgan boʻlsa, algoritm: “Bu video falonchiga yoqdi, demak, Leylaga ham yoqishi mumkin” deb, uni sizning lentangizga ham olib kiradi.
Uchinchi bosqichda esa tizim murakkab hisob-kitobni amalga oshiradi, videolarni saralaydi va sizga eng mos boʻlgan kontentni taxminiy baholaydi. Ushbu bosqichda Sunʼiy Intellekt (SI) va Mashina oʻrganuvi modellari ishga tushadi. Algoritm minglab kontentlar ichidan qaysi biri sizga eng koʻp yoqishi mumkinligini foizlarda hisoblab chiqadi. Masalan: “Ushbu videoni Leyla oxirigacha koʻrish ehtimoli 92%, unga “layk” bosish ehtimoli 78%”.
Yakuniy bosqich – natija. Eng yuqori ball yoki foiz toʻplagan video, reklama yoki postlar sizning shaxsiy lentangizda birinchi oʻrinlarga joylashtiriladi. Tizim sizga tavsiya qilayotgan videolarga siz tarafingizdan qaratilgan eʼtibor va yuqorida taʼkidlangan ochiq va yashirin signallar asosida sizning shaxsiylashtirilgan lentangiz doimiy ravishda shakllanib boradi. Bu jarayon esa uzluksiz ravishda davom etadi.
Nima uchun tizim bizni “eshitayotgandek” tuyiladi?
Siz muhokama qilgan narsa telefonda chiqib qolsa, “tarmoqlar meni yashirincha eshitmoqda” deb oʻylashingiz tabiiy. Aslida, zamonaviy algoritmlar shunchalik aqlliki, ularga sizni tinglashning keragi ham yoʻq.
Shunday boʻlsa-da, agar siz ilova oʻrnatayotganda mikrofondan foydalanish uchun ruxsat bergan boʻlsangiz, tizim sizni eshitadi va maʼlumotlarni eslab qoladi. Algoritm esa yana qoʻshimcha omillar orqali “bashorat” qiladi.
Masalan, biror manzilni geolokatsiya orqali qidirganingizda, “siz turgan manzilni aniqlash uchun ruxsat” soʻraladi. Natijada, tizim foydalanuvchi qayerda ekanini aniqlaydi va shu asosda uning ijtimoiy tarmoqlari yoki google reklamalari orqali qidirilgan obyektning yaqin atrofdagi variantlarini tavsiya qiladi. Bundan tashqari, cookie fayllari (cookies), reklama identifikatorlari va berilgan rozilik orqali ham reklama asosida maʼlumot almashinuvi sodir boʻladi.
Foydalanish shartlariga berilgan rozilik va Wi-Fi tarmoqlari yigʻadigan maʼlumotlar
Koʻpincha saytlar tezroq ochilishi uchun shartlarni oʻqib ham oʻtirmasdan “hammasiga rozilik berish” tugmasini bosib yuboramiz. Natijada, maʼlumotlarimiz yigʻilib, tahlil qilinadi va ular ham algoritmlar uchun yaxshi poydevor boʻladi.
Bundan tashqari, WiFi tarmoqlaridan foydalanilganida ham foydalanuvchi maʼlumotlari serverga uzatib turiladi. Yevropada shaxsiy internetning oylik toʻlovi qanchalik qimmat boʻlmasin, bundan xabardor insonlar Wi-Fi tarmogʻidan foydalanmay, shaxsiy trafik ishlatishni maʼqul koʻradi.
Shuningdek, algoritmlar foydalanuvchining yoshi, jinsi, yashash joyi va oʻtgan haftadagi kayfiyati asosida bugun nima haqida oʻylayotgan boʻlishi mumkinligini ham matematik aniqlikda topa oladi.
Foydalanuvchi diqqati – yirik sarmoya
Ijtimoiy tarmoqlarda vaqt qanday oʻtib ketganini mutlaqo sezmay qolamiz. Bu shunchaki tasodif emas, iroda yetishmasligidan ham dalolat bermaydi. Shunchaki, ekranda chiqayotgan har bir kontent aynan oʻsha foydalanuvchi uchun, uning his-tuygʻulariyu yashirin xohishlariga mos keladi. Yuqorida sanalgan barcha detallar chuqur tahlil qilinib, maʼlumotlashtirish tizimining bir qismiga aylanadi.
Platformalarning yagona maqsadi – foydalanuvchi miyasida dofamin garmonini ishlab chiqarishdan toʻxtamaslik sanaladi. Bizga tinimsiz zavq beradigan yoki qiziqishimizni oshiradigan video va postlar sababli, sahifani skrolling qilish(varaqlash)da davom etamiz. Ilovada qancha uzoq qolsak, eʼtiborni xarid qilishni istagan raqamli marketing olami va yirik brendlar uchun shunchalik qimmatli sarmoyaga aylanamiz.
Dunyo mamlakatlari aholisi ijtimoiy tarmoqlarda qancha vaqt oʻtkazadi?
Qizigʻi shundaki, insonlarning ijtimoiy tarmoqlarga boʻlgan munosabati va ajratadigan vaqti dunyoning qaysi nuqtasida yashashiga qarab keskin farq qiladi. Xalqaro raqamlarga yuzlansak, farqli manzaraga guvoh boʻlamiz. Masalan, Janubi-Sharqiy Osiyo, xususan Filippin va Indoneziya aholisi kuniga oʻrtacha 3,5–4 soatgacha vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazadi va bu mutlaq jahon rekordi sanaladi. Lotin Amerikasi mamlakatlarida bu koʻrsatkich 3–3,5 soatgacha yetsa, Yaqin Sharq davlatlarida oʻrtacha 3 soatni tashkil etadi. Bizning tasavvurimizda texnologiya eng koʻp rivojlangan AQShda boʻlsa foydalanuvchilar kuniga 2 soat-u 20 daqiqa, Gʻarbiy Yevropada yashovchilar taxminan 2 soat atrofida vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi. Eng qisqa vaqt sarflanishi yaponlarga xos boʻlib, ular ijtimoiy platformalarga kuniga bor-yoʻgʻi oʻrtacha 55 daqiqa ajratadi.
Bu raqamlar yirik brendlar, global PR kampaniyalar va inflyuenserlar nega oʻz harakatlarini birinchi navbatda aynan shu mintaqaga qaratishlarini yaqqol tushuntiradi. U yerda auditoriyaning kontent isteʼmol qilish chegarasi Gʻarb bozorlaridagidan ancha baland va moslashuvchan sanaladi.
Algoritmlar shunchaki hammaga bir xil “toʻr” tashlamaydi, balki har bir mintaqaning ijtimoiy xulq-atvori va psixologik tabiatiga aniq moslashadi. Filippinlik foydalanuvchini toʻrt soat davomida zeriktirmay ekranga “mixlab” qoʻyadigan dinamik strategiya, yaponiyalik foydalanuvchi 55 daqiqa sarflaganida ham xuddi shunday ishlashi kerak. Ammo bu safar tizim qisqa vaqt ichida asosiy reklamalarni koʻrsatish va foydalanuvchi ongiga singdirish uchun ishlaydi. Oqibatda, goʻyoki oʻzimiz tanlagan qiziqishlarimiz asosida qurilgan bu yoqimli raqamli reallik, aslida koʻrinmas iplar orqali hammamizni yirik korporatsiyalarga milliardlab dollar foyda keltiruvchi ulkan ekotizimning markaziga joylashtirib qoʻyadi.
Algoritmlar bizning dunyoqarashimizni qanday shakllantiradi?
Masalaning ancha ogʻriqli tomoni shundaki, maʼlumotlashtirish jarayoni orqali hayotimizning har bir jihati raqamli koʻrsatkichlarga aylanadi. Algoritmlar bizni chalgʻitmaslik yoki zeriktirmaslik uchun koʻpincha faqat oʻzimizning qiziqishlarimizga “mos” keladigan gʻoyalarni koʻrsatadi. Bu esa bizni oʻziga xos “filtr pufakchalari” va “aks-sado xonalari”ga qamab qoʻyadi. Platformalar bizga faqat biz eshitishni xohlagan fikrlar va bizning dunyoqarashimizni tasdiqlovchi maʼlumotlarni qayta-qayta taqdim qiladi. Yangi, ammo bizning avvalgi qidiruv tariximizga zid boʻlgan teranroq gʻoyalar, muqobil madaniyatlar esa shunchaki tasmamizdan tushib qoladi. Xuddiki, dunyoni “oʻz filtrlashimiz” bilan koʻrishni boshlaymiz.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalar, chindan ham shaxsiy istak va qiziqishlarga moslashgan. Ular dunyoqarash va qadriyatlarimizni asta-sekinlik bilan oʻz qoliplariga soluvchi koʻrinmas va murakkab tizimdir. Biz har safar ekranga termilib, uzluksiz tasmaga shoʻngʻir ekanmiz, “oʻzim tanlayapman” degan illyuziya ichida yashaymiz. Masalaning asl mohiyati ham shu yerda koʻrinadi.
Navbatdagi qisqa videoni koʻrish uchun sahifani aylantirayotganingizda, bir on toʻxtab, oʻzingizga savol bering: siz koʻrayotgan videolar va ulardagi maʼlumotlarni rostdan ham oʻzingiz xohlab tanladingizmi yoki algoritm sizning psixologik zaif nuqtalaringizni topib, kontentni mohirlik bilan “sotdimi”? Aslida ijtimoiy tarmoqlar sizga xizmat qilyaptimi yoki siz ularga? Foydalanish “bepul” boʻlgan bu ijtimoiy tarmoqlarga foydalanuvchi sifatida nima bilan toʻlov qilyapsiz? Vaqtingiz, eʼtiboringiz yoki madaniy va gʻoyaviy qadriyatlar oʻzgarishi bilanmi?
Mashhura RAHMONOVA,
Tarix
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q