“Muruntov”, “Sarmish”, “Aqtov” – Navoiyda “Mustaqillik to‘yi” shukuhi


Saqlash
12:48 / 19.06.2026 176 0

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati hamda qator tashkilotlar hamkorligida “Mustaqillik to‘yi” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning 17-iyun kunidan boshlab taniqli adiblar, san’atkorlar, madaniyat arboblari va ziyolilardan iborat targ‘ibot guruhi Navoiy viloyatida o‘z faoliyatini boshladi.

 

Yagona Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz birdamligi va Yangi O‘zbekiston bunyodkorlik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan ushbu festival doirasida aholi bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, adabiy suhbatlar, madaniy tadbirlar va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.

 

Dastlab Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida festival doirasida “Kinokarvon” loyihasi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda aholi va yoshlar uchun milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va yurtga sadoqat g‘oyalarini targ‘ib etuvchi badiiy hamda hujjatli filmlar namoyish etildi.

 

 

 

Nurota tumanida davom etgan bayram tadbirlari doirasida aholi, ayniqsa yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy dasturlar, konsert chiqishlari va qiziqarli uchrashuvlar tashkil etilib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz birdamligini tarannum etuvchi bayramona muhit hukm surdi.

 

Festival doirasida Tomdi tumanidagi Tomdibuloq, Aqtov ovullarida “Yaxshilik karvoni” loyihasi amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur tumandagi “Aqtov”, “Sharq” OFY  aholisi ishtirokida “Shukronalik uchrashuvlari tashkil etildi. Unda uzoq yillar turli sohalarda faoliyat yuritgan faxriylar, shuningdek, e’tibor va mehrga muhtoj aholi holidan xabar olindi.

 

 

Bayram shukuhi Zarafshon shahridagi bolalar oromgohida davom etdi. “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi asosida 200 nafar oromgoh tarbiyalanuvchilari uchun qiziqarli chiqishlar, milliy qo‘shiqlar, raqslar hamda interaktiv sahna ko‘rinishlari taqdim etildi. Mazkur loyiha yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi, desak adashmaymiz.

 

Ta’kidlash joiz, festival ishtirokchilari Jahon chempionatida munosib qatnashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining dastlabki o‘yinini katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qilib, qo‘llab-quvvatlashdi. Futbol uchrashuvi jamoaviy tarzda tomosha qilinib, har bir muvaffaqiyatli harakat qizg‘in olqishlar bilan kutib olindi.

 

 

 

 

Festival ishtirokchilari, Nurota chashmasini ziyorat qilib, muqaddas qadamjoning tarixi va ma’naviy ahamiyati bilan tanishdilar.

 

Navbahor tumanidagi “Sarmish” oromgohida ham “Yangi О‘zbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi doirasida 300 nafar bola ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, “Beshrabot” va “Kelachi” mahallalarida “Yaxshilik karvoni” tadbirlari о‘tkazilib, nuroniylar holidan xabar olindi. Jumladan, tumanning “Qalqon ota” mahallasida istiqomat qiluvchi Shodi bobo Azimov xonadonida bo‘lishdi. Otaxon tumanning faxrli nuroniylaridan biri. U kishi uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib, tuman taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan.

 

Festival davomida tumandagi “24/7” maskanida 1500 nafar aholi ishtirokida gala-konsert tashkil etilib, san’atkorlarning chiqishlari namoyish etildi.

 

Navbatdagi lokatsiya Zarafshon shahridagi Mudofaa vazirligi qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism bo‘ldi. Ushbu maskanda festivalning o‘ziga xos loyihalaridan biri “Shijoat” vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

 

Davlat mudofaa qudratini namoyish etish va harbiylarning xalq bilan muloqotini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur, harbiy xizmatning sharafli burchi va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ma’rifiy muloqotlar o‘tkazildi.

 

 

Navoiy shahridagi Mashinasozlik zavodida ham ma’rifiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda yurtimizning taniqli san’atkorlari, shoir va shoiralar ishtirok etib, Vatanga muhabbat, tinchlik, birdamlik va mustaqillikning bebaho ne’matlari haqida samimiy fikr-mulohaza bildirdilar. Uchrashuv davomida she’rlar, kuy-qoʻshiqlar va ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

 

Festivalning “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida mahallalardagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila farzandlarini Samarqanddagi  Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasiga ziyorat va sayohatlari ham tashkil etildi.

 

 

Festival doirasida adiblar, san’atkorlar, madaniyat arboblari va ziyolilardan iborat targ‘ibotchilar guruhi “Muruntov” koniga tashrif buyurdi. Ular konda tog‘ jinslarini qazish va tashish, zamonaviy konchilik texnikalarining ishlashi bilan yaqindan tanishtirildi. Markaziy kon boshqarmasida esa festival targ‘ibotchilari ishtirokida ishchi-xodimlar bilan “Shukronalik” ma’rifiy uchrashuvi tashkil etildi.

 

Festival doirasida Zarafshon shahrida ham katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Shahar markazida tashkil etilgan gala-konsertda taniqli san’atkorlar, yosh ijodkorlar va havaskor jamoalar o‘zlarining betakror chiqishlari bilan ishtirok etib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Vatan madhini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda yurtga sadoqat, tinchlik va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

 

 

“Yagona Vatan, yagona xalq bо‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida о‘tkazilayotgan “Mustaqillik tо‘yi” festivali Navoiy viloyatining shahar va tumanlarida keng jamoatchilikni qamrab olgan holda, vatanparvarlik, milliy birlik va inson qadri g‘oyalarini targ‘ib etgan holda davom etmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//