Butun dunyo futbol bayrami – jahon chempionati shukuhi bilan yashayapti. Futbol shunchaki o‘yin emas, u xarakterlar sinaladigan, mahorat o‘z so‘zini aytadigan, milliy terma jamoalarning umumiy ruhi namoyon bo‘ladigan sport. O‘zbek milliy terma jamoasining mundial tarixidagi ilk ishtiroki esa futbol va Vatan so‘zlarini yonma-yon aytishga undaydi. Taniqli shoir og‘alarimizdan birining “millatning adabiyoti va futboli bir-biriga o‘xshash bo‘ladi” degan ifodasi sabab, bu ikki sohaning ko‘p umumiyliklarini izlaydigan bo‘lib qoldim. Ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov she’r va shaxmatni qiyoslab:
“Shaxmatni she’r bilan qiyos ayladim,
Bilimdon o‘quvchim, qilma e’tiroz.
She’r axir emasmi shaxmatdek qadim,
Shaxmatda yo‘qmi yo she’riy ehtiros…” deya lutf qilgan edi.
Biz esa bir muddat avval milliy she’riyatimizda charm to‘p ustalariga bag‘ishlangan she’rlarni tahlilga tortishga urindik. Dunyo futbol bilan nafas olayotgan shu kunlarda biriga muxlislik, biriga muhiblik iddaosi bilan yana bir bor futbol va adabiyot mavzusiga murojaat qilishga jur’at qildik.
Dunyo adabiyoti futbol maydoniga ko‘chsa… Xo‘sh, nima bo‘ladi? Futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar o‘z chempionatlarida o‘ynayotgan eng kuchli sportchilar bilan mundialga boradi. Tasavvurga erk beraylik, dunyoning kuchli adabiyotga ega mamlakatlari o‘z adabiy terma jamoalarini tuzsa, qanday bo‘ladi? Albatta, bunda maydondagi ampulalar – nomzodlarga jiddiy talablar bilan yondashish zarur. Masalan, darvozabon – yarim jamoa, deymiz. Demak, bu joyga milliy adabiyotning asosiy poydevorini qo‘ygan, butun millat adabiyoti u belgilab bergan estetik mezonlarga asoslanib rivojlanadigan adiblar qo‘yilishi kerak. Himoyada milliy adabiyotning tiklanishida muhim o‘rin tutgan, ijtimoiy zarbalarni o‘ziga olgan, adabiyotni bo‘hronli davrlardan olib chiqishda ishtirok etgan ijodkorlar o‘rin olishi mantiqan to‘g‘ri. Maydon markazida adabiyotga yangi eksperimentlar bilan kirgan, adabiy uslublarni yangilashga uringan “pleymeyker”lar joy oladi. Qanot yarim himoyasida esa ijodi bilan milliy tafakkurda adabiy rezonans yarata olgan va adabiy mezonlarni yangilashga uringan qalam sohiblari makon tutadi. Hujumda millat adabiyotining dunyoga chiqishida muhim rol o‘ynagan, o‘zidan keyingi avlodlarga ijodiy mayoq bo‘lib kelayotgan “markaziy hujumchilar” va bu yo‘lda o‘ziga xos tajribalarga ega “vinger”lar o‘ynaydi. Tasavvurga erk bering, futbol va adabiyot maydonlari o‘rtasidagi chegaralarni olib tashlang. Keling, futbol vatani Angliyadan boshlaymiz…
Angliya adabiyoti terma jamoasi
Ingliz adabiyoti darvozasini Shekspir qo‘riqlashi shubhasiz. U adabiy maydonda jasorat va ulug‘vorlikni kuylaydi. Insonning yuksak axloqi va tuban istaklari ziddiyatga kirishadi uning fojialarida. Uning adabiy “seyv”lari bugunga qadar dunyoni hayratga solib kelmoqda. Himoyaning o‘ng qanotida Oskar Uayld “Dorian Greyning portreti” bilan joy oladi, uning go‘zallik asosiga qurilgan himoyaviy o‘yini ingliz estetik tafakkurini himoya qiladi. Markaziy himoyadan o‘rin olgan Jon Milton nafaqat himoyachi, jamoaning Shekspirdan keyingi tayanchi ham. Milton “Areopagitika” kabi asarlari bilan jamoaning nafaqat maydondagi, balki “razdevalka” (ijtimoiy hayot)dagi ruhiyatiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Uning yonida o‘ynaydigan Charlz Dikkens jamoani ruhlantirishda muhim o‘ringa ega. U o‘zi yashagan Viktoriya davridagi o‘ta og‘ir ijtimoiy holatlarni qalamga olib ham, umid va ezgulik haqida kuylay oladi. “Oliver Tvistning sarguzashtlari” bunga misol bo‘la oladi. Chap qanot himoyasida Angliya adabiyoti sharafini betakror Jeyn Ostin himoya qiladi. U o‘zining jozibali estetik uslubi bilan ingliz adabiyotini dunyoga ko‘z-ko‘z qilib kelmoqda. “Andisha va g‘urur” romani o‘zbek kitobxonlari uchun sevimli asarga aylangani hech kimga sir emas.
Yarim himoyada maydon markazini Bernard Shou egallagan. Uning raqibni istehzo bilan aldashi, o‘ta qat’iy fintlari, hujumni markazdanoq zararsizlantira olishi bilan jamoaga barqarorlik bag‘ishlaydi. “Pleymeyker” sifatida ingliz adabiyotiga intellektual drama janrini rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Uning uslubi romatikaga va so‘z o‘yinlariga asoslanmaydi, u aql va tafakkurni tan oladi. Shu ma’noda uni dunyo adabiyotining eng yaxshi markaziy yarim himoyachilaridan biri desa arziydi. Uning bir tomonida yana bir “nobelchi” Tomas Eliot o‘zining o‘tkir modernizmi bilan o‘rin olgan bo‘lsa, boshqa tomonida nafis, shu bilan birga bo‘ysunmas, xuddi o‘z qahramoni Jeyn Eyr kabi jasur Sharlotte Bronte Angliya adabiyoti yarim himoyasini tashkil qiladi.
Ingliz adabiyoti hujumi uch bosqichda rivojlanadi. Markazda Jon Tolkin muhtasham “Uzuklar hukmdori” kabi asarlari bilan fentezi uslubida hujum qilsa, qanot “vinger”lari bo‘lmish Agata Kristi detektiv yo‘nalishda, Jorj Oruel antiutopik yo‘nalishda hujumni rovijlantiradi. Ingliz adabiyoti hujum chizig‘i dunyo adabiyotining eng ilg‘or janrlariga asoslangani bilan yaqqol zamonaviy jahon “adabiy futbol”ida yaqqol “favorit” desak adashmaymiz.
Fransiya adabiyoti terma jamoasi
Dunyo adabiyotining eng ulkan klassitsizm oqimi asoschilaridan va nazariyotchilaridan biri Nikola Bualo fransuz adabiyotining darvozasiga qo‘ysak, adabiyot muxlislari qarshi bo‘lmasa kerak. Uning “She’r san’ati” manifesti dunyo klassikasi qonunlarining “yo‘l xaritasi”ni chizib bergan. Himoya markazining “temir qalqoni” Aleksandr Dyuma asarlari nomiyoq har qanday hujumchini sarosimaga solishga qodir. “Uch mushketyor”, “Graf Monte Kristo”, “Askanio”, “Ikki Diana” kabi asarlari o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Dyumadek qiziqqon adabiy futbolchi bilan yonma-yon “esse otasi” sanalgan Mishel de Monten kabi sovuqqon va donishmand ijodkor turishi fransuz adabiy futbolining tizimli himoyasini mustahkamlaydi. Himoyaning bir qanotini Gustav Flober band qiladi. Uning “Bovari xonim”idagi beshafqat psixologizmi himoyaga kuch bag‘ishlaydi. Ikkinchi tomonda Floberning izdoshi Gi de Mopassan sovuqqon uslubi bilan o‘zining fosh etuvchi qudratini namoyon qiladi.
Maydon markazini “Zavol topgan vaqt izidan” epopeyasi bilan Marsel Prust band qiladi. Nazar Eshonqul ta’biri bilan aytganda, psixologik roman janrini boshlab bergan, ong oqimi uslubini adabiyotga dadil olib kirgan Prustdek “pleymeyker” fransuz adabiyotini g‘alabaga boshlaydi. Uning ikki yonida esa dunyo she’riyatini romantikadan ajratib olgan daho Sharl Bodler va unga nisbatan mutlaqo teskari uslubdagi prozaik Stendal “Qizil va qora”si bilan qur to‘kib turadi.
Fransiya adabiyoti hujum chizig‘i haqiqiy futbolda bo‘lgani kabi dunyoning eng dahshatli figuralaridan tashkil topgan. Ulardan biri adabiyot tarixidagi eng mehnatkash adiblardan biri Balzak bo‘lsa, ikkinchisi Nikola Bualo o‘rnatgan klassitsizm qoliplarini parchalab romaniy tafakkurda romantizm hukmronligini o‘rnatgan Viktor Gyugo, boshqasi jahon nasrida absurd falsafasi va modernizm davriga asos solgan Alber Kamyu bo‘ladi. Bu uch gigant bilan o‘z uslublarida dunyo adabiyotining “oltin to‘p”iga ega, desak adashmaymiz.
Germaniya adabiyoti terma jamoasi
Nemis futboli o‘zining intizomli va sovuqqon o‘yinlari bilan tanilgan. Germaniya futbolida go‘zallikdan ko‘ra aniqlik ustun. “Nemis mashinasi” – bu terma jamoasi uchun topib aytilgan ta’rif. Fransuz adabiyotidan kirgan Bualo klassitsizm falsafasiga qarama-qarshi ravishda nemis adabiyotining mustaqil yo‘lini belgilab bergan san’at nazariyotchisi, nemis milliy dramaturgiyasi asoschisi Gotxold Efraim Lessing Germaniya adabiyoti darvozasini mustahkam qo‘riqlaydi.
Markaziy himoyada G‘arb adabiyotida magik realizm va bugun urfga kirga horror janrlarining tamal toshini qo‘ygan Hofman (Ernst Teodor Amadey Hofman) va buyuk nemis dramaturgi Fridrix Shiller bor ekan, “nemis adabiy mashinasi” mustahkam turadi. Bu himoyaga chap qanotda romantik va ayni paytda o‘tkir satirik ohanglar ustasi Haynrix Hayne o‘z she’riyati bilan, o‘ng qanotda Nobel mukofoti sohibi Tomas Mann o‘zining intellektual nasri, “Sehrli tog‘”, “Doktor Faustus” kabi asarlari bilan himoyani mustahkamlaydi.
Nemis adabiy taktikasi boshqa adabiy terma jamoalardan biroz farq qiladi. Nemis adabiyoti ancha markazlashgan futbol namoyish qiladi. Shu sabab ham maydon markazini eng kuchli adabiy futbolchilar to‘ldirgan. Yarim himoyani egallagan 5 nafar ijodkorning ikki nafari markaziy yarim himoyachi: Remark va Hesse. Erix Mariya Remarkning mustahkam pozitsion adabiy taktikasi uning ikki qanot va hujumkor yarim himoyani egallagan “Uch og‘ayni”ga “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”ligini bildirib tursa, Herman Hesse “Cho‘l bo‘risi”dek raqib hujumchilariga tashlanib, maydon markazini xavfsizlantiradi. Ikki qanotda tezkor va adabiy IQ darajasi yuqori “vinger”lar – she’riyatda Bertold Brext va nasrda Stefan Sveyg harakat qiladi. Maydon markazidan hujumga otilib chiqishda tengi yo‘q yozuvchi, asli avstriyalik Frans Kafka ham “Jarayon”ni to‘liq nazorat qilib, yarim himoya “Qo‘rg‘on”ini o‘zining adabiy “pleymeyker”lik tajribasi bilan to‘ldiradi.
Nemis terma jamoasi hujumida mutlaq markaziy hujumchi, jamoaning “10” raqamli sardori Ioann Volfgang Gyote harakatlanadi. Mustahkam markaziy yarim himoya va betimsol iste’dod uni Germaniya adabiy terma jamoasi qiroliga aylantiradi. Futbolda ham shunday shaxslar bor-ku, ularning shuhrati futbol darajasidan ham oshib ketadi. Iste’dodning quvvati ularni koinot darajasidagi mashhurlikka olib chiqadi. Gyote ana shunday adabiy “futbolchi”.
AQSH adabiyoti terma jamoasi
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati mezbonlaridan biri AQSh ham o‘zining adabiy terma jamoasi bilan faxrlansa bo‘ladi. Darvozada beshafqat kapitalizmga qarshi “Amerika fojiasi” bilan maydonga chiqqan Teodor Drayzer turgan bo‘lsa, markaziy himoyada irqchilikning ashaddiy dushmani bo‘lgan Garriet Bicher-Stou “Tom tog‘aning kulbasi” bilan va oddiy mehnatkashlar himoyachisi Jon Steynbek “G‘azab shingillari” bilan harakat qiladi. Ularga himoyaning ikki qanotida detektiv janri asoschilaridab biri Edgar Allan Po va amerikancha erk kuychisi, demokratik lirika vakili Uolt Uitmen yordam beradi.
Maydon markazini Frensis Skot Fitsjerald o‘zining “Buyuk Getsbi”si bilan egallagan bo‘lsa, uning yonida Uilyam Folkner “Shovqin va g‘azab”i bilan jamoa hujumlarini o‘zining ong oqimi va polifonik uslubi asosida boshlab beradi. Hujumkor yarim himoyada Amerika adabiyotining haqiqiy vakili Mark Tven bor ekan, jamoa “hujumlari” o‘tkir satira va quvnoq yumorga boy bo‘ladi. Hujum markazida o‘zining sodda, shu bilan birga shiddatli uslubidagi “Alvido, qurol” hamda “Chol va dengiz”i bilan Ernest Heminguey har qanday raqibga xavf sola oladi. Uning hayotda ham haqiqiy jangchi hayotini yashab ko‘rganini hisobga olsak, bunday hujumchi bilan hazillashmagan ma’qul. “Insonni yo‘q qilish mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi” degan shior bilan maydonga tushgan adib sardorlik qiladigan Amerika adabiy terma jamoasi bemalol chempionlik kurashiga kira oladi. Uning bir qanotida ilmiy-fantastika janri dahosi Rey Bredberi joy olgan. Maydondagi kurash “Farengeyt boʻyicha 451 daraja”ga chiqqanda “Marsga hujum” boshlangandek kosmik tezlikda Bredberining fantastik olami jangga kirishadi. Rey Bredberi – kelajak adabiy futbolining haqiqiy Maradonasi.
Bu jamoaning shiddatli hujumiga go‘zallik bag‘ishlash yana bir qanot hujumchisi Emili Dikkinsonning zimmasiga tushadi. Dikkinson lirik uslubiga ko‘ra, argentinalik Messi yoki o‘zimizning Abbos Fayzullayevga o‘xshaydi: nozik, aniq va zargarona.
***
Bunday tarkiblarni yana davom ettirish mumkin. Deylik bu yilgi mundialda ishtirok etmaydigan Rossiya, Italiya kabi davlatlar adabiyotida jahoniy ijodkorlar bor. Yoki Lotin Amerikasi adabiyoti terma jamoasini tuzish, hatto O‘zbekiston MTJ bilan bir guruhdan o‘rin olgan Kolumbiya adabiyotidan Gabriel Garsiya Markes boshchiligida alohida jamoa tuzish mumkin, ehtimol. Bu yoqda Murakami boshchiligidagi yapon terma jamoasi, Servantes sardorligidagi ispan terma jamoasi, Hofiz Sheroziy yetakchiligidagi Eron adabiyoti jamoasi ham bor.
Mundialda ishtirok etayotgan yana bir turkiy davlat Turkiya adabiyoti jamoasida Mehmet Akif Ersoy, Husayn Nihol Otsiz, Nozim Hikmat, Sabohiddin Ali, O‘rxon Pomuq, O‘guz Atay kabi buyuk adiblar o‘rin olgan. Xullas, dunyoning har bir millat adabiyotining futbol maydonidagi terma jamoasini tuzish imkoni bor ekan.
O‘zbekiston-chi?
Ana shunday buyuk jamoalar bilan bir qatorda o‘zbek adabiyoti jamoalari bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat bir muammo bor: ming yillardan uzoq ildizga ega yozma adabiyotimizdan faqat 11 ijodkorni tanlab olishning imkoni bormi? Albatta yo‘q. Shu sabab ham boshqacharoq tanlov taklif qilamiz. O‘zbek mumtoz adabiyoti terma jamoasi, zamonaviy o‘zbek nasri va she’riyati terma jamoalarini alohida qilish mumkin-ku. Bu o‘yinning qoidalarining o‘zimiz yaratish va tasavvurdagi adabiy futbol jamoasini mukammalroq tuzish o‘z qo‘limizda. Demak, davom etamiz.
O‘zbek mumtoz adabiyoti terma jamoasi
O‘zbek, umuman barcha turkiy tillarga oid eng fundamental asar “Devon-u lug‘atit-turk” muallifi Mahmud Koshg‘ariy millat adabiyoti darvozasida turishga munosib. Himoyada eng qadimgi yozma adabiy asarlar mualliflari Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”, Yassaviy “Devoni hikmat”, Yugnakiy “Hibat-ul haqoyiq”, Rabg‘uziy “Qissasi Rabg‘uziy” bilan qo‘r to‘kib turibdi.
Yarim himoyada mumtoz adabiyotimizda til sofligi jihatdan yuqori o‘ringa ega Mavlono Lutfiy, xalqonalikda tengi yo‘q Boborahim Mashrab, Alisher Navoiydan keyingi davrda eng katta adabiy muhit yaratgan, ham adabiy meros jihatdan, ham adabiy tashkilotchilik jihatdan muhim shaxs Umarxon – Amiriy nomzodlarini taklif qildik.
Hujum chizig‘i markazida o‘zbek adabiyotining “Pele”si – Amir Alisher Navoiy yarim ming yildan buyon asosiy “to‘purar” bo‘lib kelmoqda. Uning ikki yonida “Boburnoma” mahobati bilan Zahiriddin Muhammad Bobur” va Alisher Navoiydan keyin adabiyotimiz tarixida eng ko‘p adabiy meros qoldirgan, devonida mumtoz adabiyotning barcha lirik janrlariga murojaat qilgan Muhammadrizo Ogahiy o‘rin olishini munosib ko‘rdik.
Feruz, Ubaydiy, Munis, Furqat, Nodira, Muqimiy kabi ijodkorlar qolib ketdi, deb e’tiroz bildirish ham mumkin. Na qilaylik, maydonda 11 futbolchi o‘ynaydi. Kamina vaqtincha adabiy futbol jamoalari bo‘yicha mutaxassis vazifasini bajaruvchi xodimingiz TOP-11 ro‘yxatni o‘z fikri ojiziga tayanib tuzishga jur’at qilgan, xolos.
O‘zbek nasri terma jamoasi