Qozilar mahkamasidan Sudyalar oliy kengashigacha: Oʻzbekiston sud tizimi evolyutsiyasi


Saqlash
13:31 / 18.06.2026 1421 0

Insoniyat taraqqiyoti undagi adolat tizimi rivoji bilan birga kechgan. Har bir jamiyat tenglik va adolatni taʼminlashga harakat qilar ekan, odil sudlov va uni amalga oshiruvchi insonlarga katta ehtiyoj sezgan. Ular odamlar orasidagi turli bahslarni hal qilishi, adolat tantanasiga hissa qoʻshishi lozim edi.

 

Asta-sekin davlatchilik instituti rivojlanishi bilan sud tizimi ham takomillashib borgan. Oʻzbekiston tarixida ham sud tizimi evolyutsiyasi bir necha bosqichni bosib oʻtgandi. Turk xoqonligining “biylar sudi”dan boshlangan tizim hozirda Oʻzbekiston Sudyalar oliy kengashi koʻrinishida davom etmoqda.

 

“Biylar sudi”

 

Buyuk Turk xoqonligi juda ulkan hududlarni egallagan, koʻplab xalqlarni birlashtirgan imperiya edi. Uning tarkibidagi aholini boshqarish, ular oʻrtasida kelishmovchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, saltanat mustahkamligini oshirishda sud tizimi nihoyatda muhim oʻrin tutardi.

 

Turk xoqonligida sudlov ishlarini olib boruvchi insonlar “yorgʻu” deb atalgan. Yorgʻular odil sudlovni amalga oshirishda umumiy qonunlar toʻplami hisoblangan “Toʻra”ga tayangan.

 

Oʻz navbatida “Toʻra”dagi qoidalar xalq odatlari, qurultoy qarorlari va xoqon buyruqlaridan tashkil topgan. Ulugʻ xoqon mamlakatning Oliy sudyasi vazifasini bajargan hamda davlat darajasidagi sud ishlarini koʻrib chiqqan. Ayni paytda, u amaldorlari maslahati asosida yorgʻularni ham tayinlagan.

 

Sud jarayoni. XIX asr, Turkiston

 

Yorgʻular oʻrta va quyi darajadagi, mamlakat hayotiga taʼsir koʻrsatuvchi sud jarayonlari bilan shugʻullangan. Shuningdek, Turk xoqonligining koʻchmanchi qabilalarida “biylar sudi” ham faoliyat yuritgan.

 

Ushbu sud institutlarining deyarli bari milliy odatlar va anʼanalarga asoslanib, faoliyat olib borgan.

 

Shariat sudlari va anʼanaviy sudlar

 

IX asrda Turonda hukmronlikni qoʻlga olgan Qoraxoniylar davlatining sud-huquq tizimi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo sud tizimining muhim bosqichlaridan biri sanaladi.

 

Ushbu saltanat sud-huquq tizimi Islom huquqi (fiqh), mahalliy turkiy anʼanalar va davlat boshqaruviga xos siyosiy tamoyillar asosida shakllangan. Sud ishlari asosan qozilar tomonidan olib borilgan va shariat asosida ish yuritilgan. Shuningdek, amaldorlar, beklar va xonlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ham huquqiy tizimning muhim qismi boʻlib xizmat qilgan.

 

Qoraxoniylar davrida noiblar orqali ham adolat taʼminlangan. Yaʼni, oddiy aholi qozi ustidan noibga shikoyat qilishi mumkin edi. Noiblar joylarda Oliy sudya, yaʼni sultonning vakili sifatida sud qarorlari chiqargan.

 

Qozilar, noiblar va beklar kabi odil sudlovni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan amaldorlar shaxsan hukmdor tomonidan tayinlangan.

 

Ushbu sulola zamonida eski turkiy anʼanalar va islom huquqi asosida yer mulkdorligi, meros huquqi hamda tijorat masalalariga oid qonunlar ishlab chiqilgan.

 

Qozilar mahkamasi. XIX asr, Buxoro amirligi

 

Umuman olganda, Qoraxoniylar davlatining huquqiy tizimi anʼanaviy turkiy boshqaruv uslubi va islom huquqini uygʻunlashtirgan holda ishlagan. Bu tizim keyingi asrlardagi Markaziy Osiyo davlatlarining sud-huquq tizimiga katta taʼsir koʻrsatgan.

 

Temuriylar davridagi odil sudlov

 

Amir Temur saltanati Oʻzbekiston tarixidagi eng muhim davrlardan biridir. Temuriylar oʻzidan oldingi sulolalar sud-huquq tizimini isloh qilib, uni yangi qoidalar bilan boyitgan.

 

Temuriylar shahanshohligida sud ishlari bir nechta yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilgan:

 

Qozi ul-quzzot – oliy qozi sifatida diniy va huquqiy masalalarda eng yuqori sudlov vakolatiga ega boʻlib, ayrim hollarda amaldorlar ishini ham koʻrib chiqqan.

 

Sipoh qozisi esa, harbiylar oʻrtasidagi nizo va intizom masalalarini hal etgan.

 

Qozi raiyat – oddiy fuqarolar oʻrtasidagi mulkiy va ijtimoiy nizolarni koʻrib chiqqan.

 

Turkiston qozilari. XX asr boshlari

 

Shuningdek, Qoraxoniylardagi kabi Temuriylarda ham hukmdor va uning beklari oʻz qarorlari orqali sud tizimida ishtirok etgan. Fuqarolar arz va shikoyatlari bilan bevosita hukmdor dargohiga murojaat qilish imkoniga ega boʻlgan, qolaversa, arzbegilar orqali murojaatlar qabul qilinib, oliy hukmdorga yetkazilgan, aminlar joylarga borib, muammolarni oʻrganib, adolatni tiklagan.

 

Mamlakatdagi yuqori darajadagi qozilar hukmdor tomonidan, beklik va boshqa quyi darajadagi qozilar Qozi ul-quzzot tomonidan tayinlangan.

 

Temuriylar davrida ham barcha sud faoliyati uchun shariat qoidalari muhim huquqiy manba sifatida xizmat qilgan.

 

Buxoro, Xiva va Qoʻqon davlatlarida sud tizimi

 

Oʻzbek xonliklari sudlov ishida oʻzidan oldingi saltanatlar: Qoraxoniylar va Temuriylar merosidan keng foydalangan. Biroq ushbu xonliklardagi sud-huquq tizimi baʼzi farqlarga ega boʻlgan.

 

Oʻzbek xonliklarida odil sudlovni qozilar va aʼlamlar amalga oshirgan. Ular qozikalon – yaʼni bosh qozi tomonidan imtihon asosida saralanib, lavozimiga tayinlangan. Qozilarning faoliyati qozikalon tarafdan boshqarilgan. Qozikalonning oʻzi esa xon yoxud amir tarafdan tayin etilib, hukmdor oldida hisobdor boʻlgan.

 

Xonliklarda sud tizimi davlatning maʼmuriy apparati qoʻlida boʻlsa-da, fiqh ilmi (asosiy huquqiy manba) ulamolar nazorati ostida edi.

 

Buxoro va Xivada mustaqil qozilar mahkamasi mavjud boʻlib, u Qozi ul-quzzot tomonidan boshqarilgan. Mahkamada mirzalar va mulozimlar xizmat qilgan. Mirzalar mahkama ishlarini yuritgan, mulozimlar esa surishtiruv ishlari bilan shugʻullangan.

 

Qozi sudi. Buxoro amirligi, XX asr boshlari

 

Buxoro amirligida Qozi ul-qazzot ayni paytda poytaxt qozisi vazifasini ham bajargan va amir tomonidan tayinlangan.

 

Shuningdek, qozilik faoliyatiga koʻmaklashuvchi va maslahat beruvchi Devoni ulamo ham mavjud boʻlgan. Ushbu devonda 12 muftiydan iborat kengash faoliyat yuritgan.

 

Bekliklarda – mahalliy qozi idoralari odil sudlovni amalga oshirgan. Qozilar mahkamasidan farqli oʻlaroq, bekliklardagi qozi idoralarida qozilarning hukm va qarorlari ijrosini taʼminlovchi mulozimlar mavjud boʻlgan. Bundan tashqari, beklikdagi qozilar shaxsan amir/xon tomonidan tayinlanib, mahalliy bek (hokim)dan mutlaq mustaqil faoliyat yuritgan va muayyan darajada beklik ustidan nazoratni amalga oshirgan.

 

Oʻzbek xonliklarida ham Temuriylardagi kabi harbiy ishlar bilan maxsus qozilar shugʻullangan. Bunday qozilar “qozi askar” deb atalib, qozilar mahkamasiga bevosita boʻysungan.

 

Xonliklarda qozi qarori ustidan qozikalonga, qozikalon ustidan xon yoki amirga shikoyat qilish mumkin edi. Qozilar mahkamasi har yili qozilarning ishlarini taftish qilib, ularning qanday ishlayotganini aniqlagan.

 

Bu davrda oʻzbek davlatlaridagi koʻchmanchi aholi orasida “biy sudlari” saqlanib qolgan.

 

Oʻzbekiston SSRda sudlov tizimi

 

Rossiya imperiyasi bosqinidan keyin oʻlkada yangi sudlov tizimi joriy qilinadi. Biroq anʼanaviy qozilik sudlari ham faoliyatini davom ettiradi.

 

1919-yilda sovetlar eski qozi va biy sudlarini toʻliq tugatish haqida qaror chiqaradi. Biroq bu qadam muvaffaqiyatsiz yakunlanadi, chunki aholi yangi sudlarga ishonmaydi. Natijada 1922-yilda qozilik sudlari faoliyati qayta tiklanadi.

 

O‘zbekiston SSRdagi favqulodda sud

 

Ammo bu vaqtda qozilik sudlari bir qancha cheklovlar bilan ishlagan. Masalan, ular 1-yildan koʻproq ozodlikdan mahrum qiluvchi jazo tayinlay olmagan, qozilar ustidan apellatsiya faqat sovet sudlariga berilishi mumkin edi. Bosqichma-bosqich cheklovlardan soʻng, 1928-yilga kelib qozi sudlari butunlay tugatiladi.

 

Shundan soʻng Oʻzbekistonda zamonaviy koʻrinishdagi sud tizimi tashkil etiladi. Biroq bu mustaqil sud instituti emasdi. Sudlar deyarli toʻliq ijro hokimiyati va partiya tashkilotlari nazorati ostida edi. Buni 1937-1938-yillardagi qatagʻonlar ham tasdiqlaydi.

 

1950-yillardan ahvol biroz yaxshilangan boʻlsa ham kommunistik partiyaning sud hokimiyati ustidan hukmronligi davom etadi. Oliy sud alohida tashkil etilgan boʻlsa-da, avval boshdanoq mustaqil faoliyat olib bormagan. U Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi qoshida tuzilgan va unga boʻysungan. Oʻzbekistondagi sudyalar nomzodi markaz tomonidan tasdiqlanishi kerak boʻlgan.

 

Oliy malaka komissiyasi

 

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, sud tizimida ham jiddiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud instituti qayta tashkil etilib, uning sudyalari respublika Oliy Majlisi tomonidan tayinlanishi belgilanadi.

 

Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek, tumanlararo hamda tuman sudlari joriy qilinib, ularning raislari va sudyalari dastlab saylov asosida, keyinroq Prezident tomonidan tayinlanishi joriy etiladi.

 

2000-yilda “Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinadi. Ushbu komissiyaning asosiy vazifalari etib, sudyalik lavozimlariga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishning demokratik asoslarini takomillashtirish, sudyalarni lavozimlarga tayinlash masalalarini hal etish chogʻida qonunchilik va ijtimoiy adolat kafolatlarini, shuningdek sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash qayd etiladi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorovning axborotini tinglamoqda

 

Bu komissiya tuzilishidan maqsad Oʻzbekistonda sudyalarni tayinlash jarayonini shaffoflashtirish va adolatli tarzda yoʻlga qoʻyish edi. Bu orqali esa sud hokimiyatining mustaqilligini oshirish koʻzda tutilgandi.

 

Biroq Oliy malaka komissiyasi Prezident huzuridagi tashkilot boʻldi va sudyalarni tayinlash boʻyicha mustaqillikka ega boʻlmadi. U faqat sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish vazifasini bajardi.

 

Sudyalar oliy kengashi

 

2017-yil Oʻzbekistonda sud hokimiyatini yanada mustahkamlash, uning mustaqilligini oshirish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi tuzildi.

 

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha Oliy malaka komissiyasi aniq huquqiy maqomga ega emasligi, oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi va cheklangan vakolatlarga egaligi bu sohada yangi institut tuzilishiga turtki boʻldi.

 

Sudyalar oliy kengashi konstitutsiyaviy maqomga ega, mustaqil, hech qaysi davlat organi tarkibida yoki huzurida boʻlmagan institut oʻlaroq tuzilib, uning vakolatlari Konstitutsiya qayd etildi.

 

Xususan, Konstitutsiyaning 135-moddasi Sudyalar oliy kengashiga bagʻishlandi.

 

Kengash oʻtmishdosh tuzilmalaridan farqli oʻlaroq, sudyalarni Prezident bilan kelishgan holda mustaqil lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatiga ega boʻldi. Oldin bu Prezidentning mutlaq vakolatiga kirardi.

 

Sudyalar oliy kengashi yig‘ilishi

 

Sudyalar oliy kengashi odil sudlov sohasida jiddiy oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Kengash taklifiga asosan, 2021-yil 1-fevraldan ilk bor sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlari internet tarmogʻi orqali onlayn tarzda yoritila boshlandi.

 

S️udyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, joriy etildi.

 

Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tuzildi.

 

2020-yil ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanish uchun ochiq tanlov oʻtkazilib, unda 172 nafar nomzod ishtirok etdi. Sudyalar oliy kengashi birgina 2020-yilda 835 nafar nomzodni sudyalikning navbatdagi vakolat muddatiga, muddatsiz davrga va vakolat muddati davriga qayta tayinlash masalalari koʻrib chiqdi.

 

Sudyalar oliy kengashi sudyalarning halol va adolatli ishlashini nazorat qilish sohasida ham jiddiy qadamlar qoʻydi. Xususan, 2021-yilda kengash tomonidan 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi, yana 220 nafar sudya kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun intizomiy javobgarlikka tortildi.

 

Shu yili odil sudlovga aralashish bilan bogʻliq 4 ta holat boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, aniqlangan holatlar boʻyicha Sudyalar oliy kengashi raisi Bosh prokurorga taqdimnomalar kiritdi.

 

Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi sudyalarning sovgʻa olishini tartibga soluvchi nizomni tasdiqladi. Unga koʻra, sudyalar va ularning oila aʼzolariga tekin xizmatlar yoki mol-mulkdan bepul foydalanish, qimmatbaho sovgʻalar olish taqiqlandi.

 

Ushbu oʻzgarishlar natijasi oʻlaroq, World Justice Project tashkilotining 2021-yilgi Huquq ustuvorligi indeksida Oʻzbekistonga berilgan baholar 4,1 foizga oshdi hamda mamlakatimiz 139 ta davlat orasida 85 oʻrinni egalladi.

 

Kengash tekshiruvlaridan keyin, 2024-yili 40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. 19 nafari oʻz arizasiga koʻra, 11 nafari sudyalik qasamyodini, 10 nafari esa Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun ishdan olindi.

 

Hozirda ham Sudyalar oliy kengashi sudyalarning mustaqilligini va halolligini oshirish yoʻlida turli tashabbuslar koʻrsatmoqda.

 

Shunday qilib, Buyuk Turk xoqonligidan boshlangan oʻzbek sudlov tizimi hozirgi kunda oʻzining eng yaxshi bosqichlarining biridan oʻtmoqda. Azaldan murakkab va masʼuliyatli boʻlib kelgan ushbu tizimni boshqarish va tartibga solish doim qiyin vazifa boʻlib kelgan.

 

Har bir davrda qonunni buzishga urinuvchilar ham, ularni himoya qiluvchi sudyalar ham topilgan. Bunday holatlarning oldini olish va bartaraf qilishda Sudyalar oliy kengashi kabi tashkilotlar oʻrni katta. Shu sabab tashkilot oʻz yelkasidagi masʼuliyatni toʻla anglashi va chin dildan bajarishi davlat uchun ham, aholi uchun ham juda muhimdir.

 

Muhammadqodir Sobirov

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//