XIII–XV asrlarda “maxsus gvardiya” vazifasi nimalardan iborat edi?


Saqlash
12:53 / 18.06.2026 486 0

XIII–XV asrlar harbiy-siyosiy jarayonlarida hokimiyat jilovini ushlab turish, markaziy irodani mustahkamlash, ichki va tashqi tahdidlarni bartaraf etishda hukmdorlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlovchi imtiyozli gvardiya “xos soqchilar” (moʻgʻulcha keshikten”, temuriylar davri forsiy manbalarida “hazorayi xossa”) faoliyati muhim tayanch boʻgʻin vazifasini oʻtadi. “Xos soqchilar” faoliyati faqatgina hukmdorni jismoniy himoya qilish asosi boʻlib qolmay, davlat boshqaruv muassasalarini shakllantiruvchi, boshqaruv amaldorlarini tayyorlovchi va tobelikni nazorat qiluvchi oliy harbiy-ma’muriy tizimga aylandi. Mazkur davrni aks ettiruvchi birlamchi yozma yodgorliklarda, xususan, “Mangol-un Niucha Tobchian”, Alouddin Atomalik Juvayniy, Rashiduddin Fazlulloh kabi moʻgʻullar davri muarrixlarining asarlarida, shuningdek, Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” solnomalarida “xos soqchilar” (“keshik”) tizimi va ularning siyosiy jarayonlardagi oʻrni tahlil qilib berilgan. Mazkur elita jangchilarining, xususan, qavchin harbiy-gvardiya uyushmasining turgʻun koʻchmanchi andozadan harbiylashgan yirik qabilaga aylanish bosqichlarini qiyosiy, tanqidiy tahlil qilish mazkur davr tarixini chuqur o’rganishda muhim ahamiyatga ega.

 

“Keshik” atamasi qadimgi turkiy va moʻgʻul tillarining lugʻaviy tuzilishida “navbat”, “navbatdagi vazifa”, “majburiy navbatchilik” kabi ma’nolarni anglatib, qoon gvardiyasining har kungi va tungi qoʻriqlash tizimini ifodalash uchun qoʻllanilgan. Birlamchi manbalarning, jumladan, “Mangol-un Niucha Tobchian”, Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy” va Rashiduddinning “Jome’ ut-tavorix” asarlari qiyosiy tahlili shuni koʻrsatadiki, Chingizxon 1206-yilda hokimiyat poydevorini qurishning dastlabki bosqichlaridanoq oʻziga eng sodiq boʻlgan jangchilar orasidan maxsus gvardiya jamoasini tashkil etishga harakat qilgan. Maxsus gvardiyaning tashkil etilishidan asosiy maqsad nafaqat hukmdor va uning oilasini himoya qilish, shu bilan birga koʻchmanchi qabilalar oʻrtasidagi an’anaviy tarqoqlik va urugʻ-aymoqchilik munosabatlarini parchalash, oʻzaro nizoda boʻlgan koʻchmanchi jamiyatni markaziy hokimiyatga boʻysundirish bilan ham bogʻliq edi. Chingizxon an’anaviy qarindoshlik tamoyiliga asoslangan harbiy tuzilmalar oʻrniga shaxsiy sadoqatga tayanuvchi, har tomonlama mukammal tashkil qilingan yangi xos soqchilar tizimini joriy etadi. Bu tizim keyinchalik madaniy oʻzgarishlar jarayonida ham Chigʻatoy ulusi, Amir Temur va Temuriylar kabi yirik davlatlarning boshqaruvida asos boʻlib xizmat qildi.

 

Chingizxon hokimiyatining ilk shakllanish yillarida, ya’ni 1206-yilga qadar hali butun Moʻgʻuliston dashtlaridagi barcha qabilalarni yagona bayroq ostiga birlashtirmasdan avval, uning shaxsiy xavfsizligini ta’minlovchi gvardiya miqdoriy jihatdan ancha kam sonli, ammo juda jips va saralangan guruhdan iborat edi. “Mangol-un Niucha Tobchian” ma’lumotlariga koʻra, dastlabki yillarda muhofizlar qoʻshini tarkibiy jihatdan ikki asosiy qismga ajratilgan edi:

 

1.                 Kunduzgi soqchilar (turvaut yoki torvaut) birinchi guruh boʻlib, 70 nafar eng sara va jismonan baquvvat jangchidan tashkil topgan. Ularning zimmasiga oliy qarorgoh hisoblangan oʻrda xavfsizligini kun davomida ta’minlash va barcha marosimiy jarayonlarni qatʼiy belgilangan normalar doirasida nazorat qilish vazifasi yuklatilgan edi. Kunduzgi soqchilar boshqaruviga Chingizxon oʻzining eng ishonchli, sadoqatli safdoshlaridan biri boʻlmish Chigilay (Chigʻil – U.S.) noʻyonni mas’ul etib tayinlagan.

 

2.                 Kechki muhofizlar (kebteut yoki kebtevul) ikkinchi guruh boʻlib, 80 nafar maxsus jangchidan tashkil topgan. Ularning vazifasi hukmdor va uning oila a’zolari uyquga ketgan paytda oʻrda atrofini toʻlaligicha himoya qilish, har qanday yashirin suiqasd yoki kutilmagan tashqi hujum xavfini batamom yoʻq qilishdan iborat edi. Kechki muhofizlarning bosh qoʻmondonligi Chingizxonning ilk faoliyatidanoq unga juda koʻp marotaba sadoqat koʻrsatgan amir Oʻgʻele Cherbiga topshirilgandi.

 

Shunday qilib, boshlangʻich keshikten tizimining umumiy salmogʻi 150 nafar oliy toifali jangchini tashkil etgan. Biroq mazkur oz sonli gvardiyaning har bir a’zosi oddiy qoʻshin askarlariga qaraganda juda yuqori imtiyozli huquqiy maqomga ega edi. Chingizxon joriy etgan dastlabki qoidalarga koʻra, keshikchining huquqiy maqomi imperiya qoʻshinidagi mingboshi yoki tumanbegi, ya’ni oʻn mingboshi unvoniga ega boʻlgan noʻyonlarning mavqeyidan ham yuqori qilib belgilanadi. Agar imperiya qoʻshinining biron-bir qoʻmondoni muhofizlar gvardiyasi a’zosi bilan oʻzaro munosabatda normalarni buzsa yoki uning ma’muriy buyrugʻiga boʻysunishdan bosh tortsa, u davlat qonun “Yasa” qoidalariga koʻra, eng ogʻir oliy jazoga hukm qilingan. Bu holat keshikten boshqaruvining imperiya shakllanishi bosqichidayoq davlatning eng asosiy kuchi boʻlganligidan dalolat beradi. Bu haqda “Mangol-un Niucha Tobchian”da shunday deyiladi: “Mening [Chingizxon] muhofizlarim xorijdagi mingboshilarga nisbatan ustun hisoblanadi. Ularning amrida boʻlganlar (Kitochin), xorijdagi yuzboshi va oʻnboshilarga nisbatan ustun hisoblanadi. Agar xorijdagi minglik boshliqlar oʻzlarini mening muhofizlarim bilan bir darajaga qoʻyishsa va ular bilan janjal qilishsa, mingliklardan boʻlgan bu odamlar jazolansin”.

 

1206-yil Onon daryosi boʻyida boʻlib oʻtgan va imperiya tarixida tub burilish yasagan qurultoyda Temuchin rasman butun imperiyaning oliy hukmdori – Chingizxon deb e’lon qilingach, davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish bosqichi boshlanadi. Chingizxon imperiyasi hududlarining kengayishi va xalqaro maydondagi nufuzning ortishi, oliy hukmdor shaxsiy gvardiyasining ham miqdoriy, ham sifat jihatidan yangicha keng miqyosli tuzilmaga oʻtkazilishini taqozo etadi. Juvayniy va Rashiduddin asarlaridagi ma’lumotlarning qiyosiy tahlili shuni koʻrsatadiki, Chingizxon mazkur qurultoyda maxsus farmon chiqarib, keshikten (muhofizlar) gvardiyasining umumiy sonini 10000 nafarga, ya’ni toʻliq harbiy tuman shakliga yetkazishni buyuradi.

 

Farmonga koʻra, mazkur 10000 kishilik yirik imtiyozli gvardiyaning ichki tarkibiy qismlari miqdoriy koʻrsatkichlar jihatidan aniq qoidalar asosida quyidagicha taqsimlandi:

 

Keshikten (muhofizlar) gvardiyasi (10000 nafar)

Kebteut (Kechki muhofiz) – 1000 nafar

Turvaut (Kunduzgi soqchilar) – 8000 nafar

Xorchin (Maxsus kamonchilar) – 1000 nafar

 

Kebteut (kechki muhofizlar guruhi) dastlabki miqdori 80 nafardan toʻgʻridan-toʻgʻri 1000 nafarga yetkazildi. Ular hukmdor oliy qarorgohining tungi xavfsizligiga mas’ul boʻlishni davom ettiradilar va ulugʻ qoon chodiri atrofida qurolli navbatchilikni amalga oshiradilar.

 

Xorchin (maxsus kamonchilar boʻlinmasi) tashkil qilinib, unga 1000 nafar eng mohir, koʻplab sinovlardan oʻtgan mergan jangchilar kiritiladi. Ularning zimmasiga masofaviy himoyani ta’minlash, oliy marosimlar paytida hukmdor atrofida qurolli qalqon hosil qilish kabi vazifalar yuklatiladi. Mazkur nufuzli boʻlinma qoʻmondonligi barlos qabilasiga mansub mashhur Qubilay (Xubalay yoki Hubilay) noʻyon va uning ishonchli safdoshlariga topshiriladi.

 

Turvaut yoki Torvaut (kunduzgi soqchilar guruhi) boʻlinmasi soni umumiy 8000 nafarga yetkazilib, gvardiyaning eng katta va asosiy qismiga aylantiriladi. Kunduzgi soqchilar tarkibiy jihatdan bir qancha ichki guruhlarga ajratilgan. Ularning tarkibida bevosita ulugʻ qoonning ovqatlanishi va taomlari xavfsizligiga javobgar “bavurchilar” (“oshpazlar”), hukmdorning otlarini parvarishlovchi va podalarga mas’ul “axtachilar” (“otboqarlar”) va hukmdor, uning oila a’zolari uchun tayyorlanadigan sharbatlarni tayyorlovchi yoki nazorat qilivchi sharbatdorlar – “shurchilar” kabi oʻnlab maxsus ma’muriy amaldorlar faoliyat koʻrsatgan.

 

Chingizxon mazkur 10000 kishilik tuman tarkibini shakllantirishda oʻziga xos saralash tamoyilini qoʻllaydi. Chiqarilgan maxsus qonunlariga koʻra, “keshikten”lar safiga oddiy aholi vakillari mutloqo qabul qilinmagan. “Keshikten”lar gvardiyasi a’zoligiga faqatgina butun imperiya hududidagi mingboshilar, yuzboshilar, oʻnboshilar va nufuzli zodagonlarning, jumladan, tarxonlar va noʻyonlarning eng iste’dodli, jismonan sogʻlom va ma’rifatli farzandlari yoki ularning yaqin qarindoshlarigina maxsus tanlov asosida oʻtishlari mumkin edi. Shu bilan birga, har bir nomzod oʻzi bilan birga shaxsiy qurol-aslahasini, otlarini va davlat xizmatini oʻtash davrida oʻzini moddiy jihatdan ta’minlashga qodir boʻlgan ma’lum miqdordagi xizmatkorlarini ham “keshikten”lar gvardiyasi ixtiyoriga olib kelishi shart qilib belgilanadi. Bu haqda “Mangol-un Niucha Tobchian”da shunday deyiladi: “Chingizxon: muhofizlar uchun odam joʻnatayotgan tumanboshi, mingboshi, yuzboshi, oʻnboshilar bizga oʻgʻillaringizni ham yuborsangiz boʻladi. Faqat ular bizga yaxshi xizmat qilishlari kerak. Mingboshilarning oʻgʻillari yonida kichik ukasi va ularning mulozimlaridan ham 10 odam, Yuzboshilarning oʻgʻillari kichik ukasi bilan 3 odamini olib kelsinlar. Bular hayvonlarini oʻz hisobidan ta’minlasinlar. Bizga xizmat qiladiganlar yaxshi tarbiya qilinishi kerak. Mingboshilarning oʻgʻillariga minglik va yuzliklardan oʻn kishi tanlab berilsin. Ularga otalari tomonidan berilgan moldan oʻzlari tomonidan toʻplangan odam va otlardan, ya’ni oʻzlariga oid bu miqdordan boshqa ham qonunga koʻra, yordam etilsin. Yuzboshilarning oʻgʻillariga beshta, oʻnboshilarning oʻgʻillariga uchta kishi berilsin, faqat bu yerda ham ayni shaklda xizmat qilganlaridan boshqa oʻzlariga tushgan hissalar ayrilsin. Minglik, yuzlik, oʻnlik boshliqlari bu amrning bildirishidan soʻngra itoatsizlik koʻrsatsa, jazolansin. Yonimizda muhofizlik qilgan askarlarning ichidan vazifasidan qochgan, itoatsizlik qilgan yoki ortiq vazifa koʻrmagan vaziyatga tushganlar boʻlsa, bularning oʻrniga boshqalari tayinlansin, faqat aybdorlari jazolantirilib, uzoq mamlakatga yuborilsin. Oʻz hoxishi bilan bizga xizmat qilishni istaganlarga gʻov boʻlinmasin”. Bu qoida keshikten tuzilmasi keyinchalik butun imperiyadagi barcha nufuzli urugʻ-qabilalar elitasining farzandlarini bitta markazda – ulugʻ qoon saroyida garov tariqasida, siyosiy muvozanat vositasi sifatida ushlab turuvchi mukammal tizimga aylanadi.

 

Chingizxon vafot etgach, ulugʻ qoonlik taxtiga oʻtirgan uning uchinchi oʻgʻli Oʻqtoy qoon (1229–1241-yillar) davrida davlat boshqaruv tuzilmalarini yanada markazlashtirish va boshqaruv apparatini shakllantirish jarayoni yuqori darajaga koʻtariladi. Oʻqtoy qoon otasi Chingizxon tashkil etgan keshikten tuzilmasining miqdoriy koʻrsatkichini, ya’ni 10000 nafarlik muhofizlarni toʻliq saqlab qoladi. Oʻqtoy qoon keshiktenlarning ichki tuzilmasini va huquqiy maqomini yanada takomillashtiradi va yana yangi qoidalar joriy etadi. Shu tariqa, Oʻqtoy qoon davrida keshikten gvardiyasining ichki boshqaruv tuzilishida quyidagi tuzilmaviy islohotlar amalga oshiriladi:

 

Birinchidan, avvalgi ichki boʻlinishdan farqli ravishda toʻrt navbatli tizim joriy etiladi. Bunda kunduzgi va kechki soqchilarning har kungi navbatchilik tartibi aniq vaqt miqyosiga keltirilib, ular har biri 2500 nafardan iborat boʻlgan toʻrtta yirik mustaqil navbatchilik tizimiga asoslangan “keshik”ka ajratildi. Har bir keshik guruhiga “Oltin urugʻ”ga sodiq boʻlgan barlos, sulduz, jaloyir va qoʻngʻirot kabi qabilalarning yirik amirlari va noʻyonlari rahbar “keshik-turul” qilib tayinlanadi.

 

Yangi tartibga koʻra, keshikten a’zolari daxlsizlik huquqidan keng foydalanishgan. Oʻqtoy qoon chiqargan yangi huquqiy qoidalarga koʻra, keshikchilar ustidan sud ishlarini yuritish yoki ularni ma’lum bir jinoyatlarda ayblash huquqi odatiy imperiya qozilari “yarquchi”lardan olib qoʻyilgan. Gvardiya a’zolarining har qanday huquqbuzarligi shaxsan ulugʻ qoon yoki keshiktenning oliy bosh qoʻmondoni tomonidan tuziladigan maxsus harbiy yigʻinda, yopiq shaklda koʻrib chiqiladigan boʻladi. “Mangol-un Niucha Tobchian”da  bu haqda shunday deyiladi: “Muhofiz yoʻqlamaga 1 marta yoʻq boʻlsa 3, 2-marta 7, 3-marta 37 marta urilib jazolangan. 4-marta u ishdan chetlatilib, uzoq oʻlkalarga surgun qilingan. Boʻlinma boshliqlari har uch kunda bir navbat oʻzgarishi asosida muhofizlarga bildirilishi kerak. Tushuntirish bermagan boshliqlar ham jazolansin”.

 

Keshiktenlarning bir qismi keyinchalik boshqaruv apparatining ma’lum bir vazifalariga ham mas’ul qilib qoʻyila boshlanadi. Bu holat Oʻqtoy qoon davridan boshlab keshikchilarning vazifasi faqat harbiy xizmat bilan cheklanmasdan, qoonlikning soliq-moliya tizimini nazorat qiluvchi “baxshilar” (“kotiblar”), moʻgʻullar tomonidan bosib olingan hududlardagi “davorlar” (“dorugʻachilar”) va xalqaro diplomatik elchilar vazifasini ham tashkil eta boshlaydi. Ya’ni, keshikten tuzilmasi oʻzining tarixiy taraqqiyot yoʻlida harbiy shaxsiy gvardiya – “xos soqchi”likdan davlat boshqaruv xizmatiga ham aylanib boradi.

 

Oʻqtoy qoon joriy etgan mazkur mukammal tartiblar sababli, keshikten a’zolari oʻzlari biriktirilgan “Oltin urugʻ” xonadonining harbiy qalqonidan tashqari ularning boshqaruvi bosib olingan oʻlkalarda, jumladan Movarounnahr va Xorazm hududlarida ham ijro etuvchi asosiy maʼmurlarga aylanadi. Mazkur tizim keyinchalik Chigʻatoy ulusi davlat boshqaruv tizimining shakllanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri nazariy va amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Chingizxon va Oʻqtoy qoon davridagi imtiyozli keshikten gvardiyasining ichki tarkibiy guruhlari, ularning miqdoriy koʻrsatkichlari va davlat boshqaruvidagi oʻziga xos vazifalari quyidagi jadvalda ham oʻz aksini topgan.

 

Gvardiya boʻlinmasining nomi

Miqdoriy koʻrsatkichi

Moʻgʻul jamiyatidagi ijtimoiy-huquqiy nufuzi

Imperiya boshqaruvidagi bosh vazifasi

Kebteut
(Kechki muhofizlar)

1000 nafar

Yuqori toifali imtiyozli qatlam, daxlsizlik huquqiga ega.

Oliy qarorgoh va sulton xonadonining tungi xavfsizligini ta’minlash, tunda oʻrda hududida nazorat oʻrnatish.

Xorchin
(Maxsus kamonchilar)

1000 nafar

Harbiy elita vakillari, saralangan mergan noiyonlar farzandlari.

Oliy marosimlar va safarlar paytida hukmdor atrofida masofaviy qurolli mudofaa qalqonini hosil qilish.

Turvaut (Torvaut)
(Kunduzgi soqchilar)

8000 nafar

Davlat boshqaruv amaldorlarining asosiy zaxirasi.

Kun davomida oʻrda xavfsizligini ta’minlash, saroy logistikasi, ma’muriy va soliq ishlarni yuritish.

Bavurchilar
(Maxsus oshpazlar)

Tuman tarkibidagi maxsus boʻlinma

Oliy ishonchga erishgan ma’muriy amaldorlar.

Hukmdor va uning oilasi iste’mol qiladigan taomlarning toʻliq xavfsizligini ta’minlash, zaharlash xavfining oldini olish.

Axtachilar
(Maxsus otboqarlar)

Tuman tarkibidagi maxsus boʻlinma

Strategik transport va logistika muhandislari.

Qoon podalari, xos otlar zaxirasi va harbiy harakatlar paytidagi logistikani boshqarish.

Baxshilar (Kotiblar)
(Uygʻur/Kidan ma’murlari)

Keshikten idoraviy boʻlimi

Yuqori savodxonlikka ega boʻlgan ma’muriy elita.

Davlat hujjatlarini, xon yorliqlarini yozish, soliq tushumlari hisobotlarini yuritish va solnoma bitish.

 

Chingizxon asos solgan va Oʻqtoy qoon davrida qatʼiy tizimli qolipga solingan keshikten boshqaruvi oʻzining ichki tarkibiy tuzilishi, koʻp pogʻonali boʻysunish tartiblari va yuqori intizom qoidalari bilan keyingi asrlarda Yevrosiyo hududida vujudga kelgan aksariyat yirik davlatlar uchun tayyor andoza vazifasini oʻtaydi. Mazkur tizim Chigʻatoy ulusi boshqaruvi orqali Movarounnahr hududiga ham chuqur singib ketadi.

 

1224-yilda Chingizxon saltanatni oʻzaro uluslarga taqsimlab bergan pallada, oʻgʻillarining har biriga shaxsiy gvardiya vazifasini oʻtovchi ushbu muhofizlar qoʻshinidan ham maxsus qismlar ajratib berdi. Muhofizlarning ma’lum bir salmoqli qismi esa markaziy imperiya hukumatida qoldirildi. Moʻgʻul xonlari bilan bir safda Movarounnahr hududiga kelib oʻrnashgan muhofizlar guruhlari dastlab Fargʻona vodiysining unumdor yerlarida va Gʻuzor (Qashqadaryo) atroflarida joylashdilar. Muhofizlar guruhlarining ichki harbiy salohiyati va jangovar quvvati yuqori boʻlib, ular Chingiziylar davrida ham, keyingi Amir Temur va Temuriylar saltanati davrida ham imperiyaning eng sodiq, ishonchli va imtiyozli harbiylar elitasi (guruhi)ni tashkil etgan.

 

XIV asrning oʻrtalariga kelib turli qabilalar vakillaridan tashkil topgan muhofizlar guruhi yagona etnik uyushmaga aylanib, “qavchin”lar deb atala boshlandi. Qavchinlar mustaqil qabila sifatida ilk bor Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si muqaddima qismida zikr etilgan. Unda keltirilishicha, Chingizxonning birinchi va ulugʻ xotini boʻlmish Boʻrte (Barta) xotun asli qavchin qabilasiga mansub boʻlgan. Vaholanki, bu davrning eng ishonchli yozma manbalari hisoblangan “Mangol-un Niucha Tobchian”, Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixi jahonkushoy”, Rashididdin Fazlullohning “Jome’ at-tavorix” asarlaridagi ma’lumotlar qiyosiy-tanqidiy tahlil qilinganda, Boʻrte fujin (ujin, kujin) aslida qoʻngʻirot (Unggirat) qabilasining yetakchisi boʻlmish Day sechenning qizi ekanligi aniq dalillar bilan isbotlangan. Rashididdin ism bilan birga kelgan fujin, ujin, kujin kabi qoʻshimchalar bu davrdagi oliymaqom turk-moʻgʻul ayollari ismiga qoʻshilgan xitoycha soʻz boʻlib, turkiy “xatun”, “xotun” atamalari bilan aynan, deydi. Xususan, Chingizxonning onasi “Mangol-un Niucha Tobchian”da Hoelun-ujin, Juvayniyda Yesujin, Rashididdinda Oelun-fujin shakllarida uchraydi.

 

Yana bir ma’lumot “Tarixi Rashidiy”ga tegishli. Unda quyidagicha yozilgan: “Qoshgʻar va Xoʻtan aholisi “toʻrt qism”ga boʻlinadi. Birinchisi “tuman”, raiyatni anglatgan. Ular xonga tobe’ boʻlib, har yili soliq toʻlab turgan. Ikkinchisi “qavchin” – ularni ota-bobolarim boshqarib kelishgan (Bu yerda qavchin harbiy gvardiya uchun umumiy nom shaklida qoʻllangan. Agar bu etnonim tarzida qoʻllanganda edi qolgan 3 guruhda ham etnonimlar keltirilgan boʻlar edi. Dugʻlotlar Moʻgʻulistonning ulusbegisi boʻlgani uchun harbiy qoʻshin ham toʻgʻridan toʻgʻri ularga boʻysungan). Keyingisi “aymoq” deyiladi, ulardan har biri don, mato va boshqa narsalar koʻrinishida daromad olishgan, ota-bobolarim ham shu qismga tegishli boʻlgan. Toʻrtinchisi – shariat mansabdorlari, masjid, madrasa, vaqf yerlarining mutasaddilari boʻlgan, ularning koʻpchiligi ota-bobolarimga tobe’ boʻlishgan”.

 

Yuqorida bayon etilganidek, ushbu davrning yozma manbalarida (Alouddin Atomalik Juvayniy, Rashididdin Fazlulloh va boshqalar asarlarida) “qavchin” atamasi etnonim sifatida umuman tilga olinmagan. Faqatgina qadimgi “Mangol-un Niucha Tobchian” bitigida mazkur guruhning bevosita oliy hukmdor hayotini qoʻriqlovchi shaxsiy gvardiya uyushmasi (muhofiz qoʻshini) ekanligi, Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida esa sof moʻgʻulcha an’anaga xos boʻlgan harbiy gvardiya tizimi rasman “qavchin” deya nomlanishi xususida qimmatli qaydlar keltirilgan. Shuningdek, koʻplab Temuriylar davri manbalarida qavchin guruhlarining moʻgʻul xonlari va Temuriy hukmdorlarning eng ishonchli shaxsiy qoʻshini – “hazorayi xossasi” (maxsus gvardiya) sifatida faoliyat yuritgani haqidagi faktlar, ularning dastlab alohida urugʻ-qabila boʻlmaganini tasdiqlaydi. Bu ma’lumotlar bizning “qavchinlar moʻgʻullar boshqaruvi davrida ma’lum bir etnik qavm boʻlmay, aksincha, turli jangovar qabilalarning eng sara vakillaridan saralab olingan muhofiz qoʻshini edi” degan nazariy ilmiy mulohazalarimizga asos boʻlib xizmat qiladi. Qavchin guruhlari faqat XIV asrning oʻrtalariga kelibgina amaldagi ijtimoiy-siyosiy omillar ta’sirida harbiylashgan yirik va mustaqil etnik qabila qiyofasiga ega boʻldilar. Ular ham Chingiziylar, ham Temuriylar qoʻshinining oliy tuzilmasida alohida harbiy-siyosiy nufuz va yuqori mavqega ega edilar. Chunonchi, Mirzo Ulugʻbek safarbar etgan qoʻshinning asosi ham bevosita mana shu qavchin jangchilaridan iborat edi.

 

XIII–XV asrlarda hukmdorlarning shaxsiy gvardiyasi – “xos soqchilar” (“keshikten” ва “hazorayi xossa”) tuzilmasi mazkur tizim faqatgina jismoniy himoya vositasi boʻlibgina qolmay, qoonlikning eng yuqori maxsus maʼmuriy-boshqaruv amaldorlarini yetishtirib beruvchi oliy maktab vazifasini ham oʻtagan. Uning tarkibida shakllangan guruhlar va maʼmurlar keyinchalik Movarounnahr, Xuroson va unga tutash mintaqalarda soliq-moliya tizimini nazorat qiluvchi dorugʻachilar va devonboshilar boshqaruvining asosi boʻlib xizmat qiladi. Bu esa anʼanaviy koʻchmanchi tuzilmalarning vaqt oʻtishi bilan muntazam davlat xizmati tizimiga oʻtish qonuniyatlarini yaqqol koʻrsatadi.

 

Manbalar tahlili shuni koʻrsatadiki, mazkur tuzilma keyinchalik “qavchin” atamasi bilan ataluvchi etnik guruhga (etnonim) aylangan. XIV asr oʻrtalariga kelib, Chigʻatoy ulusining parokandalikka yuz tutishi va aholining erkin va majburiy migratsiyasi oqibatida, qavchinlar ijtimoiy-siyosiy jihatdan harbiylashgan yirik va mustaqil qabilaviy birlashmaga aylanadi. Amir Temur va keyinchalik Mirzo Ulugʻbek qoʻshini tarkibida barlos, sulduz va jaloyir kabi elitaviy qabilalar bilan bir qatorda, mazkur “xos soqchilar” boʻlinmalarining turli hududlarga topografik yoyilishi, ularning tub oʻtroq aholi bilan tez fursatda qorishib, til va madaniyat jihatidan qaytadan turklashish jarayonini tezlashtiradi va oʻzbek xalqining etnogenezi uchun muhim etnoslardan biriga aylanadi.  

 

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//