Kundoshlar adovati, ovga “ixlos”, “yumshoq” shafqatsizlik – Qo‘qon xonlari fojeasi


Saqlash
12:40 / 17.06.2026 334 0

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasining tarixi, madaniyati, geografiyasi va etnografiyasiga oid eng nodir ma’lumotlarni o‘zida jamlagan ulkan qomusiy manba shubhasiz “Turkiston to‘plami” (Turkestanskiy sbornik) hisoblanadi. Rossiya imperiyasining mustamlakachilik va ilmiy maqsadlari asosida mashhur bibliograf V.I. Mejov tomonidan tuzilgan ushbu to‘plam 594 jilddan iborat bo‘lib, o‘sha davr matbuoti, arxiv hujjatlari va jonli guvohliklarini o‘z ichiga olgan. To‘plamning 423-jildida (97-106 sahifalar) joy olgan va eski o‘zbek  tilida bitilgan Qo‘qon xonlari hayotidan (“Из жизни Кокандских ханов”) nomli maqola xonlikning eng murakkab davrlari – Sheralixon va Xudoyorxon hukmronligi yillarining sirli voqealarini ochib beruvchi tarixiy manbadir.

 

Qo‘qon xonligining taxtiga o‘tirishidan avval Sheralixon Namangan tog‘larida, qirg‘izlar orasida oddiy, dabdabalardan uzoq hayot kechirar edi. U dastlab Suna oyim, keyinchalik esa Jarqun oyim ismli qirg‘iz ayollariga uylanib, tog‘ an’analari bo‘yicha umrguzaronlik qilgan. Sheralixon o‘ta taqvodor, so‘fiy tabiatli va odamlar bilan yumshoq muomalada bo‘lgani, eng muhimi – hokimiyat ishlariga mutlaqo qiziqmagani o‘sha paytdagi Qo‘qon hukmdori Muhammadalixonga juda ma’qul keladi. Shuning uchun Muhammadalixon unga tez-tez in’om-ehsonlar yuborib turardi. Qirg‘iz boylari esa “bir kun kelib Sheralixonni taxtga o‘tqazamiz” degan maqsadda unga yashirincha mablag‘ yig‘ib, moddiy ko‘mak berib kelishgan.

 

Sheralixonning birinchi xotinidan farzand bo‘lmagach, u Umar ismli qirg‘iz bolasini asrab oladi. Keyinchalik suyukli xotini Jarqun oyimdan to‘ng‘ich o‘g‘li Sarimsoq, qizi Norchuchuk hamda Xudoyorxon va Sulton Murodlar tug‘iladi. Ikkinchi xotini Suna oyimdan esa Mallaxon, So‘fixon, Oftob hamda Mohlar ismli qizlar dunyoga keladi.

 

Xon xonadonidagi eng katta baxtsizlik o‘chog‘i ikki xotin o‘rtasidagi ashaddiy kundoshlik edi. Suna oyim va Jarqun oyim o‘rtasidagi dushmanlik shu darajaga yеtgan-ki, Jarqun oyim o‘g‘li Xudoyorxonni kundoshidan o‘ta qattiq ehtiyot qilgan. Hatto o‘choq boshida qozonni tushurayotgan mahalda ham kichkina Xudoyorxonni etagiga solib, kiyimining chetini tishlab turib ish qilgan. Onalar o‘rtasidagi bu g‘arazgo‘ylik va sovuqchilik vaqt o‘tib ulg‘aygan farzandlar qalbiga ham ko‘chdi va aka-ukalarning bir-biri bilan dushman bo‘lib o‘sishiga asosiy sabab edi.

 

Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonni bosib olib, Muhammadalixonni o‘ldirgandan so‘ng, yurt parokanda bo‘lib qoladi. Qo‘qon xalqi Buxoro tayinlagan noib Ibrohim xayoldan qutulish va taxtni egallash uchun elchilar vositasida tog‘dagi Sheralixonga xat yo‘llaydi. Ibrohim xayol Buxoroga qochib ketgach, keksa Sheralixon tinchlik bilan taxtga o‘tiradi.

 

Sheralixon o‘zidan keyin taxt mustahkam bo‘lishini o‘ylab, katta o‘g‘li Sarimsoqni o‘ziga voris qilib, barcha askarlarni unga bo‘ysundiradi. Biroq siyosiy o‘yinlar qurboni bo‘lgan Sarimsoqni qipchoqlar shafqatsizlarcha o‘ldirishadi. Shundan so‘ng xon boshqa o‘g‘illarini turli shaharlarga hokim qilib, endigina to‘qqiz yoshga to‘lgan Xudoyorxonni To‘raqo‘rg‘on va Namangan beki qilib tayinlaydi, yoniga esa eng ishonchli, ishbilarmon odamlarni qo‘yadi. Sheralixon o‘z xavfsizligini o‘ylab, o‘rda atrofini baland loy devor bilan o‘rab olgan bo‘lsa-da, bu uni qutqarib qololmaydi. Shahrisabzlik qarindoshi Murodxon ozgina askar bilan xufyona o‘rdaga kirib, Sheralixonni qatl etadi.

 

Ammo Murodxonning davri ham uzoqqa cho‘zilmadi. Atigi ikki haftadan so‘ng, ayyor va qudratli qipchoq beki Musulmonqulning harakati bilan Murodxon o‘ldiriladi va 1845-yilda taxtga to‘qqiz yoshli sag‘ir (kichik) Xudoyorxon o‘tqiziladi. Taxtga aslida ulug‘ yoshli, qat’iyatli Mallaxon o‘tirishi kerak edi. Ammo xalq va amaldorlar Mallaxonning o‘ta zolim va shafqatsiz siyosatidan qo‘rqib, uni yomon ko‘rishardi. Musulmonqulning asl maqsadi esa mutlaqo boshqa edi: u yosh Xudoyorxonni qo‘g‘irchoq qilib, butun davlat boshqaruvini o‘z qo‘lida ushlab turishni maqsad qilgandi.

 

Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Musulmonqul xon nomidan ish yuritib, amalda mutloq hukmdorga aylandi. Xudoyorxon esa ko‘chmanchi qirg‘izlar muhitida o‘sgani bois mutlaqo savodsiz, o‘qish-yozishni bilmas edi. U taxtga o‘tirgachgina zo‘r berib o‘qishni va savod chiqarishni boshladi. Biroq Musulmonqulning faqat o‘z urug‘-aymoqlariga yon bosishi va o‘zboshimchaligi xalqning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Oxir-oqibat g‘alayon ko‘targan xalq xondan Musulmonqulni o‘zlariga topshirishni talab qildi. Xudoyorxon o‘z jonini asrash uchun chorasiz qolib, bu talabni bajardi va Musulmonqul qatl etildi.

 

“Turkiston to‘plami”dagi maqolada qayd etilishicha, Xudoyorxon tabiatan tinchlikni xohlaydigan, davlat ishlariga unchalik ham ishtiyoqi bo‘lmagan shaxs edi. Biroq u uzoq yillar akasi Mallaxonning dahshatli zulmidan (Mallaxon kichik bir gunoh uchun odamlarning boshiga qaynoq suv quydirib jazolardi) yuragi bezillab, doim vahima va xavfda yashadi. U atrofidagilarga ishonmas, faqat o‘z otasidek hurmat qiladigan, dono va aqlli vaziri Otabek noibga qattiq ishonar hamda hamma narsani unga ishonib topshirardi. Xon ovga yoki bog‘larga ketganda, davlat boshqaruvi butunlay Otabek noib qo‘lida qolar edi.

 

O‘rda ichidagi eng obro‘li ayol esa xonning otasi tomondan qarindoshi, qirg‘iz qabilasidan bo‘lgan “Ziyoda dodxoh” laqabli Qarboq xotin edi. U saroydagi barcha ayollarning boshlig‘i (muboshiri) bo‘lib, ularning dard-u iltimoslarini xonga yеtkazuvchi asosiy shaxs bo‘lgan. Undan nafaqat ayollar, balki erkak amaldorlar ham qattiq hayiqishgan. Xonning eng suyukli xotini esa Darboz xoni Ismoilxonning qizi Shoh oyim bo‘lib, undan to‘ng‘ich o‘g‘li O‘rmonbek tug‘ilgan edi. Xudoyorxon uylanish masalasiga ham siyosiy ittifoq deb qaragan: ta’sirini kuchaytirish uchun doim nufuzli, obro‘li beklarning qizlariga uylangan. Agar to‘rttadan oshib ketsa, shariat qoidasiga ko‘ra, xotinlaridan birining nomini rasman “sufiya” (ya’ni ruhan ajralgan) qilib qo‘yib, keyin beshinchisiga uylangan.

 

Saroyda farzandlarning xatna to‘ylari bir necha oylab davom etadigan ulkan dabdabaga aylanardi. Karnay-surnaylar sadolari ostida dorbozlik, tuya urushtirish, uloq ko‘pkarilar va albatta, masxarabozlik tomoshalari o‘tkazilgan. Matnda keltirilgan qiziqarli epizodlardan biri – xalq masxarabozlari yetakchisi Zokir Eshon va boshqa qiziqchilarning sahna ko‘rinishlaridir. Ular o‘z o‘yinlarida xalq hayoti, sodda cho‘ponlar, poraxo‘r raislar va tarozidan uradigan qassoblarni hajv ostiga olishgan. Masalan, poraxo‘r rais tunda uning uyiga go‘sht bilan kelishini tayinlagan qassobni fosh qiluvchi qiziqarli xalqona teatr sahnalari xon huzurida ijro etilgan.

 

Xudoyorxonning eng katta ermagi va xobbisi ov edi. U ov uchun juda ko‘p mablag‘ va vaqt sarflardi. Saroyda burgut, qarchig‘ay, lochin kabi yirtqich qushlar boqilgan. Har yili kuz (mezon) fasli kelishi bilan xon saroy a’yonlari, sarkardalar va merganlar hamrohligida ulkan karvon bo‘lib ovga chiqib ketardi. Hatto ovga ixlosi yo‘q ba’zi amaldorlar ham xon bilan ov bahonasida yеb-ichish, safoga berilish uchun bu safarlarga qo‘shilishgan. Ular Shohimardon, Uchqo‘rg‘on, Rovash, Taxti Sulaymon, Hazrati Ayub, Andijon, Eski Shahrixon va Marg‘ilonda kunlab to‘xtab, kayf-u safo qilishgan. Ayniqsa, Qozog‘iston hududidagi Chimkent ov uchun eng qulay joy bo‘lgan, chunki u yеrda qirg‘ovul (tustovuq) va kakliklar benihoya ko‘p edi.

 

Hazrati Ayub atrofidagi to‘qaylarda parranda ovidan boshqa tamosho uchun to‘ng‘uz ovini ham qilar edilar. Oyim qishloq bilan Suzoq o‘rtasida har xil parranda va hayvonlar ko‘p bo‘lar edi. Chunonchi, g‘oz, o‘rdak, tustovuq, tulki, bo‘ri, quyon va shunga o‘xshash parranda va hayvonlarning ko‘pligiga xon qiziqib, u hatto qilich bilan ham ov qilardi. Xudoyorxon ovni shunchalik yaxshi ko‘rganidan ko‘plab mirishikor va  merganlardan soliq olmay, balki in’omlar berar edi.

 

Xon qushlar va ov itlarining orqasidan quvib, o‘zi shaxsan ov qilishni xush ko‘rgan. Hatto qushlar och qolmasin deb, ma’lum hududlarga in’om sifatida don tushirtirgan. Masalan, Oyim qishlog‘i atrofidagi qirg‘ovullar uchun 1000 pud don sochilgani qayd qilingan. Ov safari paytida xon ko‘chalardan o‘tayotganda, qizlar va ayollar tomlarga chiqib uni tomosha qilishgan. Agar xonga u yеrdagi qizlardan birontasi ma’qul kelib qolsa, darhol o‘sha joyning o‘zida nikohlab, o‘rdaga olib ketavergan.

 

Xon o‘z onasi, millati qirg‘iz bo‘lgan Hokim oyimni nihoyatda yaxshi ko‘rgan va e’zozlagan. Hokim oyim o‘rda ichida bo‘lsa ham o‘zining ko‘chmanchilik an’analarini tark etmay, saroy o‘rtasiga qozoqcha o‘tov tiktirib, o‘sha yеrda yashagan va bir necha yildan keyin vafot etgan. Xon uni dabdabali marosim bilan dafn etgan. Shuningdek, o‘g‘li O‘rmonbekni shunchalik yaxshi ko‘rgan-ki, zindonda yotgan aybdorlarni O‘rmonbek o‘rtaga tushib ozod qilishni so‘rasa, xon darhol ularni ozod qilgan.

 

Biroq, bu yumshoqlik ortida mudhish shafqatsizlik ham yashirin edi. Xudoyorxon voqeanavislar va chaqimchilarning so‘ziga tez ishonib, aybsiz odamlarning quloq, burun va qo‘llarini kesishga buyruq berar, og‘ir jinoyat sodir etganlarni shahar o‘rtasida xalq ko‘z o‘ngida vahshiylarcha qatl ettirardi. Tergov ostidagi gumondorlarni oyoqlariga qoziq qoqib, muzdek suvga tushirib qo‘yishar va oyoqqa qoqilgan qoziq suvda shishib, gumondorga ko‘p azob bergan. Bundan tashqari, oyoq ostiga mix qoqib qiynash usuli ham bo‘lgan. Shuningdek, Xudoyorxon o‘ta irimchi bo‘lib, folbinlarning so‘ziga ishonar va o‘zi ham qo‘yning kurak suyagiga qarab rom ochishni yaxshi ko‘rardi.

 

Tarix charxi tez aylanib, 1876-yilga kelib Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini batamom tugatdi va o‘z tasarrufiga kiritdi. Xudoyorxon taxtdan ayrilgach, dastlab Toshkentga keldi, u yеrdan Orenburgga surgun qilindi. Keyinchalik haj ziyorati bahonasida Makka va Madinaga qochib ketdi. Umrining oxirida musofirlik va darbadarlik iskanjasida qolib, Hirot yaqinidagi Karux qishlog‘ida vafot etdi.

 

“Turkiston to‘plami”dagi ushbu qisqa maqola orqali biz Qo‘qon xonligining ichki inqirozi, xotinlar o‘rtasidagi adovatning davlat taqdiriga ta’siri, shu bilan birga fojiaviy yakunini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

 

 

Abdullajon USMONOV,
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//