Echki va bo‘ri o‘rtasidagi “jang”, xo‘roz urishtirish ortidagi bashorat – Folklor qatidagi ramzlar


Saqlash
17:23 / 16.06.2026 233 0

Folklorshunos olim Shomirza Turdimov bilan suhbat

 

– Navro‘z  bayramining yoshi hammani qiziqtiradi. Olimlar orasida Navro‘z uch ming-besh ming yillik tarixga ega deb, isbotiga qoyatoshlardagi suratlarni misol keltiradigan tadqiqotchilar ham bor. Yozma manbalarda ham uning qachon paydo bo‘lgani to‘g‘risida turli fikrlar uchraydi. Bu haqda siz nima deysiz?..

 

– Navro‘zni Odam ota va momo Havo haqidagi tasavvurlar singari qadimiy desak to‘g‘riroq bo‘lardi. Inson avval kuzatgan, anglagan – quyosh qachon chiqadi, qay payt botadi; kun-tun qanday uzayib, qisqaradi. Bu anglamdan tashqari, qon xotirasida saqlanadigan bilim-ko‘nikmalar ham bor. Ya’ni, inson ilhom orqali oladigan ulkan bilimga tegishli yaxlit xulosalar ham mavjud. Navro‘z insonning o‘zi anglab yetgan va unga anglatilgan bilimlar xulosasi, xotiralar majmuidir.

 

Tabiatda kun va tun teng keladigan paytlar bor. Ular yilda ikki marta takrorlanadi: biri ko‘klamdagi, ikkinchisi kuzdagi tengkunlik, kunturar. Har kunturardan so‘ng tabiat o‘zgaradi: ko‘klamda uyg‘onib, kuzda uyquga ketadi. Rumiy hazratlari qishni yig‘ilish fasli, ko‘klam va yozni sarf qilish davri degan. Bular bir-biri bilan bog‘liq va biri ikkinchisini to‘ldiradi. Masalan: “bolasin ichida yotur onasi, tarbiya qilsa bo‘lar bobolasi”[1] degani kabi bir-biridan tug‘iladigan tabiat hodisasi bular. Inson tabiatni shunday anglagan, ko‘rgan, kuzatgan.

 

– Qadimda yil fasllari astronomik kuzatuvlar, tabiat belgilariga asoslanib ajratilgan. Quyoshning hamal burjiga kirishi, kun uzayib, nurning ko‘payishi, tabiatning jonlanishi kabi hodisalar Navro‘zning koinot va tabiat qonuniyatlariga hamohang joriy etilganidan darak beradi. Qish va yozni aniq belgilashda quyosh taqvimi qanchalik muhim o‘rin tutgan?

 

– Qadimgilarning hisobida yil ikkiga – yoz va qishga ajratilgan. Olti oy yoz, olti oy qish. Qish va yoz so‘zlari mohiyatida ham bor bu tushunchalar: quyoshli kunning uzayib, yoyilishi – YOZ atalgan. Aksincha, tunning cho‘zilib, yorug‘ kunlar qisqarishi (qisilishi) – QISh deb bilingan. Odatda 22-martdan kun, 22-sentyabrdan boshlab tun uzayib boradi. Bularning orasida eng uzun kun va eng uzun tun bor. Quyoshdan kelayotgan nurning ko‘payishi e’tiborga olinadigan uchta manzil: 22-dekabr, 21-mart va 22-iyun kunlari kunning chiqish nuqtalari – qo‘ro‘tlari deyilgan. Quyosh chiquvchi va botuvchi manzillarning har birida quyoshga atalgan ibodatxonalar tiklangan.

 

Nurning kamayishi jihatidan hisoblanadigan vaqt nuqtalari qish hisobidagi manzillar deyilgan. Yurtimizda langar degan joylar bor – Langar ota, Nurota langari, Turkiston langari. Bu langarlar quyosh botadigan joy, ya’ni quyosh langar soladigan – quyosh to‘xtaydigan manzillar hisoblangan.

 

Bilamizki, oy taqvimi ham mavjud. Bu taqvim Qambar va Hulkar yulduzlari oy bilan to‘qinadigan vaqtlarga qarab tuzilgan. To‘g‘al deb yuritiluvchi bu hisobga ko‘ra, Qambar to‘g‘al – yozgi olti oylikda o‘tgan, Hulkar to‘g‘al qishki olti oylikda kechgan. Birinchisida nishonlanuvchi bayram yozning boshlanishi – Navro‘z bo‘lsa, ikkinchisi qishning boshi – 22-sentyabr kuniga to‘g‘ri kelgan. Ilgari vaqtlarda uni somon bayram – somonto‘y deb atalgan.

 

Keyingi vaqtlarda uni nimagadir Mehrjon deb yuritishdi, ammo ommalashmadi. Xalq olqishlarida aytiladiki: “omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik”. Omonlik – tug‘ilish bilan bog‘liq, somonlik-chi? Bu qishning kelishi somon – pishiqchilik, hosillarning yetilishi davri bilan belgilangan atama hisoblanadi. Xalq tasavvurida ekilgan urug‘ hamaldan keyin ko‘karsa, gullab, meva berib, kuzga yetib yana urug‘ga aylangan. Shu tushunchalar ta’sirida yilboshi va somonto‘y timsollari paydo bo‘lgan.

 

Yilboshi – Navro‘zning timsoli avvalo gul, ba’zan maysa. Maysa o‘sadi va kuzga borib donga aylanadi. Maysaning muqobilida kuz/qishning timsoli don turadi. Qo‘shiqda aytiladi:

 

Yomg‘ir yog‘aloq,

Echki chaqaloq,

Boyning qizining

Qorni yumaloq.

 

Bu yerda boyning qizi kim? Echki nima? Aslida echki ko‘klamning timsoli, uning muqobilida qishning timsoli bo‘ri turadi. Ko‘kbo‘ri degan o‘yin bor, ko‘pkari ham deyiladi. U qish mavsumida tashkil etiladi. Ko‘pkari yozda o‘ynalmaydi. Qo‘shiqda aytilgan boyning qizi – yer timsoli. Yerga urug‘ ekildi, lekin yomg‘ir yog‘mayapti, chunki hali ko‘klam yosh – echkining chaqaloqligi shundan. Ko‘klam to‘liq amalga kirmadi. Yog‘ingarchilik boshlanmayapti, agar yog‘ingarchilik bo‘lsa, urug‘ unadi, o‘simlik o‘sadi va xalqning murodi hosil bo‘ladi deyilmoqda. Bu qo‘shiq ko‘klamni ulug‘lovchi qo‘shiqdir.

 

Masalan, boychechak haqidagi qo‘shiqni ko‘klamning madhi, madhiyasi deyish mumkin:

 

Boychechegim boylandi,

Qozon to‘la ayrondi,

Ayroningdan bermasang,

Qozon-tovog‘ing vayrondi.

Boychechakni tutdilar,

Tut yog‘ochga osdilar,

Qilich bilan chopdilar,

Baxmal bilan yopdilar.

 

Kim u – qilich bilan chopiladigan, baxmal bilan yopiladigan qahramon? Bular bari ko‘klamda o‘tadigan marosimning ta’rifi, tavsifi. Boychechakning ta’rifi. Ko‘klam kelganda, Navro‘z paytida, boychechak marosimi o‘tkazilgan. Bu marosimda har bir xonadonga boychechak ko‘rsatilgan. Qo‘shiqda aytiladi:

 

Bota-bota boychechak,

Uyingizga chosh tilla,

Xudoyim o‘g‘il bersin,

Otginasi Rahmatilla.

O‘tirib chiqing, o‘tirib chiqing,

Qozon-tovoqni to‘ldirib chiqing.

 

Boychechakni olib kelganlarga uy egasi hadya bergan. Bu hadyalar yig‘ilib, bitta qozonga solingan va “qozon to‘ldi” marosimi o‘tkazilgan. Bu marosim ko‘klamda yig‘ilgan hadyalarning bitta qozonga tushganini bildiradi. Go‘yoki, xalqning yil avvalida keladigan rizq-nasibasi bir joyga yig‘ilgan. Barcha hadyalar jamlanib, o‘yin-kulgu boshlangan. Xalq ikki guruhga – Yoz timsoli bo‘lgan boychechaklar va Qish ramzi – bo‘rilarga ajralgan. Boychechakchilar gullar bilan bezansa, bo‘rilar telpaklariga quloq o‘rnatib qish kiyimini kiyib, o‘zaro ramziy jang qilgan. O‘yin oxirida boychechaklar to‘pi – yoz to‘pi g‘alaba qilgan, bo‘rilar – qish yengilgan.

 

Yana bir “Kichkina” nomli qo‘shiq bor: biyadanam kichkina, tuyadanam kichkina, oxirida tariqdanam kichkina deyiladi. Bu qishning yo‘q bo‘lib ketishini, urug‘ga aylanib, yerga kirishi va qayta uyg‘onishga hozirlik ko‘rishini ifodalaydi.

 

Keltirilgan qo‘shiqlar va marosim aytimlari mag‘zida xalqimizning Yilboshi – Navro‘z haqidagi qadim qarashlari, odat va marosimlar tizimini ko‘ramiz. Unutilgan uzuvlarini qayta tiklash imkoni tug‘iladi. Ushbu qatorda syujeti bevosita o‘lib tiriluvchi tabiat haqidagi mifga tegishli “Go‘ro‘g‘li” eposini keltirish lozim. Go‘ro‘g‘li obrazi quyosh o‘g‘li sifatida yoz timsoli, uning muqobilida turgan Rayhon podsho esa qish timsoli bo‘lib keladi. Bu avvalo qahramonlarning makoni tasvirida oydinlashadi.

 

Go‘ro‘g‘li va Rayhon yashovchi hududlarni daryo ajratib turadi. Ularning makoni o‘z va o‘zga dunyo sifatida aniq belgilari bilan ko‘rsatiladi. G‘ayritabiiy kuch vakillari daryoning narigi tomonida yashaydi. O‘zga olam fuqarolari ayri tuyoqli deyiladi, yovvoyi sifatida baho oladi. Dostonda qahramonlar tasviri va kurashi mag‘zida ham yoz bilan qish munosabatining izohi turibdi.

 

Modomiki, dostonda Go‘ro‘g‘li va Rayhon yoz va qish timsoli bo‘lib kelar ekan, unda ko‘klamga xos hovli-joylarni tozalash, mavsumiy sarishtalik marosimlari ham aks etganmi?

 

– Qadimda yiliga ikki marta marosimiy kir yuvilgan. Marosimni yurt hukmdorining oilasi boshlab bergan. Xuddi o‘lim marosimida mayitga tegishli narsalarning ommaviy yuvilgani kabi. Xalq yoz va qish mavsumiga ham jisman va ruhan tozarib o‘tishi lozim deb anglangan. Bu inson hayoti boshlanishi va tugashiga uyqash keladi. O‘lib-tirilish nafaqat tabiatda, balki har bir insonda, jamiyatning barcha bosqichlarida ham ro‘y beradi. Ommaviy kir yuvish marosimi sakral ma’no tashigan.

 

Navro‘z qaysi paytdan boshlab bayram sifatida nishonlana boshlangan?

 

Navro‘zni har xil davrlarga bog‘lashadi, uni ma’lum yil va davr bilan chegaralash mushkul. Bayram sifatida qachondan nishonlanganini taxmin qilish mumkin, xolos. Manbalarga murojaat qilsak, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Rabg‘uziy, Beruniy va Alisher Navoiy asarlarida u haqda ma’lumotlar keltirilgan. Eng asosiysi, Koshg‘ariy asarida “Qish bilan Yoz munozarasi” turibdi. Bu xalq marosimining she’riy shakli, qish bilan yozning badiiy ko‘rinishda kelgan varianti. “Qish va Yoz munozarasi”da ikki so‘zamol, iste’dodli ijrochi bir-biriga zid timsollarda gavdalanadi.

 

Qish bilan yoz to‘qnashdi,

Qing‘ir (yomon) ko‘z bilan bir-biriga qarashdi.

(Bir-birini) tutib olishga intilishdi,

(Bir-biridan) g‘olib kelishga tirishdi.

Yoz bilan qish qarama-qarshi bo‘lishdi,

(Ularning har biri) maqtanish yoyini qurishdi.

Qo‘shin tuzib, (bir-birini) ta’qib qilishdi,

O‘q otish uchun (bir-biriga) yaqinlashishdi.

(Natan Mallayev. O‘zbek adabiyoti tarixi. T. 1993. 64-bet.)

 

Demak, odamlar orasida shunday marosim doimo bo‘lgan va uning yozma shakli shuni ko‘rsatadi. Og‘zaki manbadan yozma manbaga keyinroq o‘tilishini hisobga olsak, bu marosim gen xotirada doimo yashab kelganligiga, Navro‘z bizning qon xotiramizda kelayotgan juda qadimiy bayram ekaniga amin bo‘lamiz.

 

Qadimda ajdodlarimiz yilning qanday kelishini Navro‘z kuni kechadigan holatlar, belgilarni kuzatib bilish mumkin deb ishonishgan, irim qilib, e’tibor qilishgan. Bizda hozir ham qo‘chqor, xo‘roz urishtiriladi. Bugun bu kurashlarning faqat shakli qoldi. Aslida bular qadimda Navro‘z marosimida yilning qanday kelishini fol ko‘rish uchun qilingan amallar bo‘lgan. Xitoy manbalarida Farg‘onaning odamlari qiziq ekan, ikkiga bo‘linib olib, urishar ekan, keyin tuya, qo‘chqor, xo‘roz urishtirar ekan. Ularning urishganiga qarab, yilning qanday kelishini fol qilishar ekan deb yozib qoldirilgan.

 

Xitoy sayyohlari qadimda kechgan boychechak marosimini kuzatishgan. Xalq ikkiga bo‘linib, bir tomon yoz, ikkinchi tomon qish bo‘lib, go‘yoki ramziy jang qilganini ko‘rishgan. Ammo uning mohiyatini tushunmasdan, shaklini qabul qilishgan va boricha yozib qoldirgan. Demak, bu xitoy manbasi uch yarim ming yillik tarixdan so‘zlayotgan bo‘lsa, shuning o‘zini ham Navro‘zning qadimdan kelayotganini bildiruvchi dalil sifatida olsa bo‘ladi.

 

Yana bir muhim fakt Samarqandda o‘tadigan Navro‘z haqida. U yerda oltin qobiq o‘yinining tavsifi bor. Bunda xalq yupqa oltin tangani baland shox yoki yog‘ochga ilib, o‘q uzishgan. Qaysi kishi oltin tangani ura olsa, g‘olib bo‘lgan va bir kunlik Navro‘zning podshosi etib tayinlangan. Qobiq yupqa degani bo‘lib, keyinchalik qovoq, qoboq shakliga o‘zgargan. Xalq baxshilari repertuarida “Oltin qoboq” degan doston ham bor. Go‘ro‘g‘li turkumiga kiruvchi bu dostonda ham Navro‘zdagi kabi bellashuv uyushtiriladi. Albatta, shart doston mazmuniga uyg‘un. Ammo Navro‘zdagi shartga ko‘ra, saylangan podsho bayramni tashkil qilishga mas’ul bo‘lgan. Qadimda Samarqandda o‘tkazilgan Navro‘z bayramida Navro‘z kirib kelishiga olti kun qolganda xalq ramziy ravishda “podsho”ning halok bo‘lgan o‘g‘lining jasadini daladan izlashgan, ya’ni yer haydashgan va yettinchi kun uni topib, taxtga o‘tqazishgan. Bularning bari ramziy, albatta.

 

Ehtimol, Boychechak qo‘shig‘ida kuylangan sahna: “Boychechakni tutdilar, Tut yog‘ochga osdilar, Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yopdilar. Qattiq yerdan qatalab chiqqan Boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan Boychechak” aynan ana shu tafsilotni aytayotgan bo‘lishi ham mumkin.

 

Turkiy xalqlarda quyosh va oy taqvimidan boshqa taqvimlar bo‘lganmi?

 

– Xalqimiz orasida hozirgacha saqlanib qolgan dehqon va chorva hisobi deb yuritiluvchi ikki tartibdagi taqvim ham mavjud. Ular o‘zaro bir hafta yo sakkiz kunlik tafovutga ega bo‘lib, biri dehqonlar orasida, ikkinchisi charvadorlar o‘rtasida amal qilgan. Yana “To‘qson og‘di” va “Qantar og‘di” degan kun o‘lchamlari ham bo‘lgan. Xalq qantar og‘ganda yerdan hovur ko‘tariladi deb aytadi. “Qantar og‘sa, qor turmas” degan maqol shundan. “To‘qson og‘ganda to‘rg‘ay qadam kun uzayadi, qantar og‘ganda qarg‘a qadam kun uzayadi” deyiladi matalda. Qarg‘a qadam to‘rg‘ay odimdan ancha katta bo‘lgani sabab kunlar ancha uzayib, xiyla isib qolgan. Shu paytdan dalaga qo‘sh chiqqan. Navro‘z arafasidagi birinchi ramziy qo‘shda “shox moylar” marosimi o‘tgan.

 

Yilning kelishi, nishonlanishi muqaddas taomlari bilan qadrli va totli kechadi. Yilboshida Navro‘z taomi – sumalak pishirilsa, Somonto‘y taomi halim yoki yorma. Sumalak undirilgan bug‘doy maysasining shirasidan tayyorlanuvchi taom. Uning muqobilida qishning taomi – yorma yoki halimda urug‘ yanchilib, et bilan qo‘shib pishiriladi. Bu taomlar aynan ikki davrdagi ilik uzildi vaqtida inson taniga quvvat bo‘lishi, darmondori vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatlidir.

 

Aslida tabiat va inson uyg‘un yashagan. O‘simliklar gullaydi, meva tugadi, hosil pishib yetiladi va yana daraxt barg tashlab, qish uyqusiga ketadi. Bu tabiatning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi, shu kabi inson ham fasllarga uyg‘un yashagan. Lekin bugungi kunda shu muvozanat buzilmoqda, hamma narsa aralashib ketdi. Muqaddas taomlar odatiy taomga aylanmoqda. Hozir sumalak yozda ham, qishda ham yeyilayapti, halim, osh deyarli har kunlik oddiy yemak o‘rnida.

 

O‘lchamlar o‘zgarib ketdi, avvallar inson hammasini o‘rni-o‘rniga, joy-joyiga qo‘ygan va tabiatga mos yashagan, ekologik buzilishlar bo‘lmagan. Shu uchun ham Navro‘zning bizga o‘rgatadigan dastlabki sabog‘i insonni o‘zligiga qaytarishida bilinadi.

 

Agar inson o‘ziga qaytmasa, tabiat ham, jamiyat ham izdan chiqib ketadi. “Neki ko‘ngilda kechar, tabiatga ham ko‘char” deyilgani kabi. Bu Yilboshi va Somonto‘yning bizga uqtiradigan eng katta sabog‘idir.

 

Jamila ASQAROVA suhbatlashdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Neki ko‘ngilda kechar, tabiatga ham ko‘char” maqolasi



[1] Боболаси яна боласи дегани.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//