Butun umr uchun garov – “qalin” so‘zi etimologiyasi


Saqlash
14:46 / 12.06.2026 220 0

“Qalin” so‘zi “Devonu lug‘otit-turk”da – “qaling” shaklida keltirilgan va shunday izohlangan: “قَلِنکْ qalïң – qalin, sep. Maqolda shunday kelgan: qalïң bӭrsä qïz alïr, kӭräk bolsa qïz alïr. Ma’nosi: qalin bersa, kelinlikka qiz oladi, agar kishi biror narsaga muhtoj bo‘lsa, qimmat (qïz) bo‘lsa ham o‘sha narsani olishga majbur bo‘ladi” (Bu yerda “qïz” so‘zi ikki ma’noda: dastlab – “qiz”, ikkinchi marta – “qimmatbaho” ma’nosida ishlatilgan. DLT. III. T. 1963. 382).

 

Bu so‘z deyarli barcha turkiy til va lahjalarida: “қалың”, “қалын” “қалым” kabi shakllarda mavjud bo‘lib, asosan to‘ydan oldin kelin uchun beriladigan muayyan miqdordagi mablag‘ni bildiradi. Ba’zi mutaxassislar qalin – kelinning tushgan xonadonida bir umrga qolishi uchun garov sifatida berilgan to‘lov, degan mantiqdan kelib chiqib, bu so‘z “qolmoq” fe’lidan yasalgan, farazini ilgari surishgan. Albatta, “qalin” so‘zi – “qal-” (“qolmoq”), “kelin” esa – “kel-” o‘zagidan yasalgan, degan qarash jozibali tuyuladi.

 

Ammo turkshunos olim G.Dyorferga ko‘ra, “qalin” so‘zining o‘zagi “qal-” emas, balki qadimda “soliq” ma’nosini bildirgan “qalan” so‘ziga bog‘lash haqiqatga yaqinroq. “Qalan” so‘zi “Qadimgi turk tili so‘zligi”da: “dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan aholidan davlat foydasiga (asosan pul emas, mahsulot shaklida) undiriladigan asosiy soliq”, deb izohlangan (DTS. L. 1969. 410). Uyg‘ur yozuvida bizgacha yetib kelgan qadimgi hujjatlardan birida shunday deyiladi: “Qalan kesip inchu bag‘chilarqa qalan kesmishi yoq”, – ma’nosi: “soliq solinganda merosxo‘r bog‘ egalaridan soliq olinmaydi”. Chingiziylar davrida hozirgi Eron hududida mavjud bo‘lgan uch soliq (qalan, qubchur, tamg‘a)dan biri ham qalan bo‘lgan (ESTY. V. 240). Xususan “Фарҳанги забони тоҷикӣ” lug‘atida bu so‘z “qalon” (“قَلان”) shaklida keltirilgan va: “tarixiy so‘z: Shirvon viloyatida mavjud bo‘lgan soliqlardan biri”, deb izohlangan (FZT. II. M. 1969. 671).

 

Sh.Rahmatullayev ham o‘zining “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da “qalin” so‘zining kelib chiqishi haqida: “qadimgi turkiy tilda mavjud bo‘lgan, lekin lug‘atlarda o‘z aksini topmagan “qal-” yoki “qali-” fe’lidan bo‘lsa kerak”, degan taxminiy xulosa bildiradi (O‘TEL.II.T.2000.517). Menimcha, bu farazni ham o‘rganib ko‘rish kerak, agar shunday bo‘lsa, “soliq” ma’nosidagi “qalan” va “qalin” so‘zlari o‘sha “qal-” o‘zagiga borib taqalishi mumkin. Xullas, “qalin” so‘zi etimologiyasi haqida hozircha aniq bir to‘xtamga kelinmagan.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//