Turk ellari deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga ming-minglab otliq qo‘shinlarga ega, kundalik turmushi chorvachilikka asoslangan el-uluslar keladi. Xitoy, tibet, kavkazliklar kabi boshqa ko‘plab qo‘shnilaridan farqli o‘laroq turklar Yevrosiyo kengliklarida yashab, qo‘shni Yevropaning kunchiqar o‘lkalari, Yaqin Sharq, Fors va Hind, Uzoq Sharqda o‘zlarining o‘nlab sulolalari hukmronligini o‘rnatar ekan, ota-bobolaridan o‘zlashtirgan qurol-yarog‘lar, kiyim-kechaklar, yalpi olganda, mingyillarda qozonilgan urush san’ati ko‘nikmalari qo‘l keldi. Qadimgi turklarning boshqalardan ustun tomoni – jamiyatdagi har bir kishi, yigit-yalanglar, o‘rni kelganda, xotin-qizlar ham el-yurtni saqlash uchun yovga qarshi kurasha olganliklarida edi. Boshqa o‘lkalarnikiga o‘xshamaydigan iqlim: qishi qattiq sovuq, yozi esa jazirama bo‘lgan Markaziy Osiyo va unga tutash yerlarda yashab kelgan turk el-uluslari qiyinchiliklarga chidamli, turli ob-havoga moslashuvchan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, ona tabiat ularni shu yo‘sinda tarbiyaladi.
Turkistonliklar to‘rt tomondan turli tillarda so‘zlashuvchi elatlar bilan ming yillar bo‘yi qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yasharkanlar kimlardandir yangi yutuqlarni o‘zlashtirdi, kimlargadir o‘z ko‘nikmalarini o‘rgatdi. Bu ularning tilida ham aks etdi – ular bir-biridan yangi so‘zlar o‘zlashtirdi. Bugungi turkiy tillarda minglab arabcha, forscha so‘zlar uchrashi, fors va slavyan tillarida esa ko‘plab turkcha so‘zlar borligi gapimizning dalili. Harbiylikda yetakchi bo‘lgan turkiylardan slavyan tillariga, ayniqsa, rus tiliga “полк” (bo‘luk, harbiy bo‘linma), “фуражка” (bo‘rk, harbiy bosh kiyim), “атаман” va yana o‘nlab so‘zlar o‘tgan. Ko‘chmanchi chorvachi bo‘lgani uchun chorvachilik bilan birga ekin-tikinchilikka tegishli so‘zlar-da ko‘p uchrashi eski turklar dehqonchilikda ham ilg‘or bo‘lganini ko‘rsatadi. Mo‘g‘ul va venger (mojor) tillaridagi o‘nlab dehqonchilik bilan bog‘liq atamalarning negizi eski turkchaga borib taqaladi: mo‘g‘. “tarialan”, veng. “tarlo” (eski turkcha “tariqlig‘ – ekinli dala”); veng. “arok” (eski turkcha “arig‘ – ariq”). Shuningdek, ushbu tillardagi “alma” (olma), “arpa”, mo‘g‘. “buuday”, veng. “buza” (bug‘doy) so‘zlari ham eski turkchadan o‘zlashgandir. Shunga o‘xshash suv tarmoqlari, dengiz bilan bog‘liq so‘zlarning ko‘pi vengercha va mo‘g‘ulchaga turkchadan o‘tgan deb qaraladi. Boshqa tomondan esa bu o‘xshashlik har uchala tilning kelib chiqishi, negizi bir deyishga undaydi. Har uchala tilda “dengiz” – tengiz (turk.), tenger (veng.); “ko‘l” – nuur, gol (mo‘g‘.)...
Qizig‘i shundaki, turkiy elatlar yashagan ilk yurtlar – Oltoy, Sibir, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Amudaryo – Sirdaryo oralig‘i, Volga – Uralbo‘yi, Qoradengiz va Shimoliy Kavkaz tegralari sersuv bo‘lib, bu yerlar yirik irmoqlarga, dengiz-u ko‘llarga boy edi. Uzoq ota-bobolarimiz o‘zlari va mollarining ehtiyoji uchun oqar suv manbalari bo‘yida o‘tov tikkan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “suv yo‘li turkiy elatlarga yana nima uchun kerak bo‘lgan, ular dengiz-u daryolar orqali uzoq yurtlarga yo‘l olishmaganmi, ko‘l va irmoqlardagi baliqlar ularga yegulik bo‘lmaganmi, ko‘prik va boshqa suv usti qurilmalar bormidi, ota-bobolarimiz urush va savashlarda kemalardan foydalanmaganmi?”. Bu kabi so‘roqlarga javobni yozma manbalardan izlasak, eski turkchada suv va suv tarmoqlari, suv usti qurilmalari, dengiz bilan bog‘liq o‘nlab so‘z va atamalar uchrashiga guvoh bo‘lamiz. Quvonarlisi, bunday so‘zlarning ko‘pchiligi tub turkcha so‘zlar. Demak, ota-bobolarimiz uzoq chog‘lardan beri dengizlar osha yo‘lga chiqqanlar, dunyo kezganlar, o‘zlari uchun yangi-yangi o‘lkalarni ochgan.
VII–VIII yuzyilliklarga tegishli O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida “taluy” so‘zi uchrab, ma’nosi “dengiz” yo bo‘lmasa “okean” bo‘lgan [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 89, 92]. Bu so‘z ota-bobolarimiz tushunchasida eng yirik suv manbasi “taluy ~ talay” deb nomlanganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda u o‘zbek, qozoq va yana bir necha qardosh tillarda “ko‘p”, “o‘ta ko‘p” anglamlarida “talay” ko‘rinishida saqlanib qolgan. Bitiktoshlarda “ko‘l” deb keltirilgan so‘z esa deyarli barcha tillarda, shuningdek, qo‘shnimiz tojiklarda ko‘p uchrashini bu yerdagi suv tarmoqlari bilan bog‘liq o‘nlab atamalar – gidronimlar ko‘rsatib turibdi. O‘rnak keltiradigan bo‘lsak, Tojikistonda Qora-ko‘l, Iskandar-ko‘l, Zo‘r-ko‘l, Ko‘li-kalon, Rang-ko‘l o‘lkadagi eng yirik ko‘llardir.
Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”ida dengiz, ko‘l va daryolardan foydalanish bilan bog‘liq quyidagi so‘zlar uchraydi:
1. “kemi – kema. O‘g‘uzlardan boshqa turk qabilalarida qo‘llanadi. She’rda shunday kelgan:
“Kemi ichra o‘ldurup,
Ila suvin kechtimiz.
Uyg‘ur taba bashlanip,
Minglaq elin achtimiz.”
Kemaga o‘tirib, Ila suvidan kechdik (Ila katta bir anhordir). So‘ng uyg‘urlar tomonga boshlab, Minglaq elini ochdik” [Koshg‘ariy 1963, III: 253; DLT 2014]. Koshg‘ariy “o‘g‘uzlardan” – bugungi Onado‘li va Ozarboyjon turklari, turkmanlarning ota-bobolaridan tashqari qarluq, qipchoq va boshqalar “kemi” so‘zini qo‘llaganlar. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda bu so‘z har uchala o‘g‘uz turklarida “gemi”, “gämi” ko‘rinishida uchrab, o‘zbekcha va boshqa qardosh tillarda “kema”, “keme” – turkcha variantiga yaqin ko‘rinishda saqlanib qolgan. Koshg‘ariy keltirib o‘tgan Ila daryosi esa bugungi kunda ham shunga yaqin – Ili deb yuritilib, turkiy ellarning qadim yurti Sharqiy Turkistonning shimolidan oqib o‘tadi. Uning qirg‘oqlarida uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz qardoshlarimiz yashab keladi.
2. “sal (sol) – novda yoki meshlardan yasalgan yengil qayiqcha, sol. Tar (tor) so‘zi ham shu ma’nodadir” [Koshg‘ariy 1963, III: 171]. Bugungi turkiy tillarning ko‘pchiligida “sal” (qattiq “a” bilan), o‘zbek tili va shevalarida “sol” va “sal” ko‘rinishlarida saqlangan bu so‘z Koshg‘ariy zamonidagi ma’nosida qo‘llanilmoqda.
3. “tar (tor) – kichik suvlarda qo‘llanadigan oddiy qayiq. Bu shundayki, biri necha meshlar damlanib shishiriladi. So‘ng og‘zi bog‘lanib, bir nechasi bir-biriga birlashtiriladi. Suv ustida tomga o‘xshash bir narsa hosil qilinadi. So‘ng uning ustiga o‘tirib, suvdan o‘tiladi. Shuningdek, qamish va shoxlardan ham shunday narsa yasaladi (yaboqu va tatarlar so‘zi)” [Koshg‘ariy 1963, III: 362]. Bugungi turkiy tillarda deyarli uchramaydigan “tar” (qattiq “a” bilan) so‘ziga Koshg‘ariy “kichik suvlarda qo‘llanadigan oddiy qayiq” deb ochiqlama berishi qiziq. Demak, o‘sha kezlarda turkiy elatlar yirik va kichik suv tarmoqlaridan unumli foydalanishgan. “Devonu lug‘atit turk”dan anglashinicha, har ikkala elatdan farqli o‘laroq boshqa turk elatlari bunday qayiq turini “sal” (sol) deb ataganlar. Yana qiziq jihati shundaki, Koshg‘ariy “tar”ni “yaboqular va tatarlar so‘zi” deb urg‘u berishi bu so‘zning doirasi tor bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘sha kezlarda yaboqu, tatar elatlari Turon o‘lkasining kunchiqar tomonlarida – Sharqiy Turkiston va bugungi Mo‘g‘uliston tomonlarda yashab, turk tilida so‘zlashganlar. Bu esa bugun turkiylarning bir tarmog‘i bo‘lmish tatarlarni “ular eski chog‘larda Mo‘g‘ulistonda ham kunchiqarda yashab, mo‘g‘ul tilida so‘zlashgan, XIII yuzyillikda Chingiziylar bilan Volgabo‘yiga kelgach, turklashib ketgan” degan qarashni yo‘qqa chiqaradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, tatarlar bilan qo‘shni yashagan yaboqu urug‘ining izlari bir necha turkiy ellarda uchrab, o‘zbek urug‘lari orasida “javog‘i” ko‘rinishida saqlanib qolgan [Nafasov 2009: 103].
4. “o‘chan – ikki yelkanli qayiq (qipchoqcha)” [Koshg‘ariy 1960: 144]. Bu so‘z turk ellari orasida birgina qipchoqlarda uchrab, ikki yelkanligi bilan ayricha ajralib turgan. O‘sha kezlarda qipchoqlar bulg‘or, suvor, bajanak kabi Volgabo‘yidan kunbotarga – Sharqiy Yevropa o‘lkalariga tutashgan yerlarda yashab, ular yirik suv tarmoqlari – Don, Dnepr daryolari, Kaspiy va Qora dengiz bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Ular bilan qo‘shni bo‘lgan slavyan, rumin, german elatlari esa yaxshigina dengizchi ellar bo‘lib, yirik daryolar orqali turklar bilan savdo-sotiq qilishgan.
Koshg‘ariy “o‘chan”ning qipchoqcha so‘z ekaniga urg‘u berishi bunday moslamaning boshqa turklarda bo‘lmagani yoki ular uni boshqacha nomlagani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
5. “ko‘rgak – kemachilarning eshkaklari va har bir narsaga qo‘llanadigan belkurak” [Koshg‘ariy 1963, II: 335]. Bugungi kunda ko‘plab turkiy ellarda “kurak”, “kurek” deb aytiladigan mazkur so‘z bundan ming yilcha ilgari ham turk el-uluslarining kemachilikni yaxshi bilganliklarini ko‘rsatadi. O‘zbekchada “eshkak” so‘zi bilan teng qo‘llaniladigan “kurak” so‘zi Onaduli turklari, qozoq va yana bir necha turklarda shunga yaqin – “kurek” ko‘rinishida uchraydi. Boshqa tomondan esa Koshg‘ariy bu so‘zni “va har bir narsaga qo‘llanadigan belkurak” deb ochiqlashi o‘sha kezlarda ushbu moslama yer chopish, qor kurash kabi yumushlarda ham qo‘llanilgan degan xulosaga undaydi.
Ushbu o‘rnaklardan ko‘rinadiki, turkiylarning ota-bobolari ming yillar bo‘yi yirik suv manbalaridan foydalanar ekan, ham yirik qurilmalar (kema), ham kichik moslamalar (sol), tar yasashni yaxshi bilishgan. Kemi, sol, tar (tor), ko‘rgak (kurak) kabilar tub turkchadan yasalgani esa eski turklar bunday so‘zlarni boshqalardan, aniqrog‘i, xitoy, fors, slavyanlardan o‘zlashtirmaganini ko‘rsatadi.
Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, bugungi turkiy tillarning ko‘pchiligida bo‘lganidek, eski turkchada ham “qayiq” degan so‘z uchrashi kutilgan edi. Biroq negizida “qay – toymoq, suzmoq, siyrilmoq” anglami yotadigan bu so‘z na “Devonu lug‘atit turk”da va na boshqa eski so‘zliklarda uchraydi. To‘g‘ri, Koshg‘ariy “қаδық – yog‘och idish (arg‘ucha)” degan so‘zni keltirib o‘tadi, biroq uning o‘sha kezlarda bugungi kundagi “qayiq” bilan bitta negizdan yasalgani yoki boshqacha ekani aniqlanmagan [Koshg‘ariy 1960: 356]. Eski turkcha “yog‘och idish” keyinchalik ko‘l va irmoqlarda suzishga asqota boshlagach, “qayiq” deb atalgan, chamasi. Boshqa tomondan esa Koshg‘ariy “arg‘ucha” deb ochiqlagan mazkur so‘z bundan ming yilcha ilgari iste’molga kirgan, ko‘p o‘tmay turkiylarning Kichik Osiyo va tegralariga, shuningdek, Sharqiy Yevropa tomonlarga borib o‘rnashuvidan keyin “qayiq”, “kayik”, “gayiq”, “kaek” ko‘rinishlarida ishlatila boshlagan bo‘lsa kerak.
Qizig‘i shundaki, bugun deyarli butun dunyo tillarida uchraydigan suv sporti turlaridan biri – “kayak” ham aytilishi va yozilishi, ma’nosi bo‘yicha turkiy tillardagi “qayiq” so‘ziga yaqin. Amerikaning tub aholisi – aleutlar va alyaskalik yupiklarga tegishli deb qaraladigan bu so‘zning turkiy tillarda ham shu ko‘rinishda uchrashi va har ikkala til oilasida uning negizi “qay-” fe’liga borib taqalishini shunchaki o‘xshashlik deb qarash qanchalik to‘g‘ri. Aleut va alyaskaliklarda bu fe’l “sirt, yuza; yuqori”ni bildirsa, eski turklar va ularning bugungi izdoshlarida “toymoq, suzmoq” anglamida qo‘llaniladi. Qolaversa, eski turkchadagi fe’ldan ot yasovchi qo‘shimcha “-ak; -aq” uzoq Amerika yerlilariga qanday borib qoldi ekan?
Yana bir qiziq o‘rnak, suv usti qurilmasi bo‘lmish “ko‘prik”ning eski turkchadayoq keng qo‘llanilganidir. Ilk eski uyg‘ur Turfon bitiklarida (IX–XI yuzyilliklar) va “Devonu lug‘atit turk”da “ko‘prug” deb tilga olingan bu so‘z [Koshg‘ariy 1960: 443] bugungi kunda ham turkiy tillarda shu va shunga yaqin ko‘rinishda saqlanib qolgan. O‘zbekchada “ko‘prik”, uyg‘urchada “ko‘pruk”, qozoq va qoraqalpoqchada “ko‘pir”, Onado‘li va Ozarboyjon turklarida “ko‘pru” (ozarb. “ko‘rpu”), turkmancha “ko‘pri”, tatarcha-boshqirdchada “kuper” (ko‘pir) o‘laroq qo‘llaniladigan bu so‘zning etimologiyasini ko‘pchilik izlanuvchilar eski turkcha “ko‘pur- – shishmoq, qavarmoq” fe’li bilan bog‘lab tushuntiradilar. Ayrim izlanuvchilar esa uni shu anglamdagi yunoncha “gefira” so‘zi bilan ochiqlashga urinishgan. Biroq “ko‘prik” so‘zining mo‘g‘ul tilida “ko‘gerge – 1. ko‘prik; 2. shishirilgan teri, tulum” deb qo‘llanilgani ko‘zda tutilsa, bu ochiqlama ishonchsiz bo‘lib chiqadi. Demak, turklar va mo‘g‘ullar irmoq va daryolardan kechib o‘tish uchun shishirilgan terilar – tulumdan foydalangan bo‘lib, keyinchalik shu negizda “ko‘prug ~ ko‘gerge” deb ataladigan suv usti qurilmasi yasalgan. Har ikkala tilning qarindoshligini ko‘rsatadigan ko‘plab fe’l va otlar bor bo‘lib, eski turkcha “qapug‘” (eshik, darvoza) so‘zining mo‘g‘ulchada “qag‘alg‘a” deb atalgani ham bunga o‘rnak bo‘la oladi: ko‘prug ~ ko‘gerge; qapug‘ ~ qag‘alg‘a.
Eski turklarda kemachilik, suv usti o‘tkazgichlari qanday atalgani-yu, bu bilan bog‘liq so‘z va atamalarning kelib chiqishiga ko‘z tashlash shuni ko‘rsatdiki, ota-bobolarimiz qadimdan bu sohani yaxshi bilgan, turli moslama va qurilmalarni o‘zlari yasab, ularni o‘z tilidagi so‘zlar bilan atagan.
G‘aybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor
Qo‘llanilgan adabiyotlar
1. Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. – Toshkent: O‘qituvchi, 1982.
2. Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu lug‘otit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M. Mutallibov. 3 tomlik. – Toshkent: Fan, 1960–1963.
3. Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. Toshkent: Muharrir, 2009.
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Jarayon
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q