Odamlarga nima boʻlyapti? Ijtimoiy tahlil


Saqlash
11:59 / 11.06.2026 264 0

Gollivud filmlarini koʻrgan boʻlsangiz, bu sahnani yaxshi eslaysiz: chakkasiga toʻpponcha tiralgan qahramon, tarashadek qotgan, nafas olishga ham qoʻrqadi, butun tanasini sovuq ter qoplagan, bir necha soniya uning hayotini hal qilishi mumkin... Bu sahna majoziy maʼnoda zamonaviy dunyodagi tarang munosabatlarni tasvirlab beradi. Mamlakatlar oʻrtasidagi tinimsiz nizolar, ob-havo ifloslanishi, sunʼiy intellekt tufayli ishsiz qolish qoʻrquvi – har kecha uxlashdan oldin barchasini birma-bir koʻz oldimizdan oʻtkazib, u yonboshdan bu yonboshga agʻdarilib, amallab tong ottiramiz-da, ertalab yana ming bir xayol bilan apil-tapil nonushta qilib, ishga joʻnaymiz. 

 

“Maʼnaviy charchoq” (“burn out”), ruhiy jarohat, xavotir soʻzlari lugʻat boyligimizga chuqur oʻrnashib ulgurgan. Bugun biz psixologlarga har doimgidan koʻra koʻproq ehtiyoj sezyapmiz. Soʻnggi paytlarda jamiyatimizda tajovuzkorlik, gʻazab va agressiya haddan tashqari kuchayib ketgandek. Kundalik hayotdagi arzimagan narsa jahlimizni chiqarib, janjalga sabab boʻlishi mumkin. Bu ham kamdek, ijtimoiy tarmoqda kunda-kunora bolalarni urayotgan bogʻcha tarbiyachilari, jonivorlarni qiynoqqa solayotgan vahshiylar, bir-birini samosud qilayotgan maktab oʻquvchilari haqida videolar chiqib turadi. Nega bunchalik agressivlashib ketdik. Odamlarga nima boʻlyapti?

 

Qondirilmagan ehtiyojlar badali

– Aslida agressiya insonning himoya mexanizmi hisoblanadi, deydi psixolog Gulshan Kattaxoʻjayeva. – Agar odam jizzaki va tajovuzga moyil boʻlsa, demak hayotining qaysidir jabhasida u oʻzini xavfsiz his qilmayapti. Shuningdek, agressiya bolalikdan shakllangan odat boʻlishi ham mumkin, yaʼni u azaldan shu yoʻl bilan oʻz maqsadlariga erishib kelgan. Jamiyatda agressiyaning ortib ketishiga qisman borliq haqidagi tasavvur va reallikning mos kelmasligi, moliyaviy qiyinchiliklar ham sabab boʻladi. Negaki, hozir pul munosib hayot kechirish, maʼlum doiralarda hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlish uchun har qachongidan ham muhim. Rahmdillik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, yordam berish kabi qadriyatlar urbanizatsiya tufayli asta-sekin yoʻq boʻlib bormoqda.

 

Ehtiyojlarimizning qondirilmasligi ham bevosita agressiyaga sabab boʻladi. Bu vaqtida uxlash, maʼnaviy hordiq chiqarish va ovqatlanish kabi fiziologik ehtiyojlar boʻlishi mumkin. Agar ular qondirilmasa, agressiya ortib boradi. Masalan, mening bir mijozim – ikki farzandli ona bolalarining koʻp janjallashishidan shikoyat qilardi. Keyinchalik uning oʻzi bolalariga koʻp baqirishi, urishishi maʼlum boʻldi. Buning sababi, u institutda 4-5 soat dars oʻtishi, uydan ertalab 6:00 da chiqib ketib, kechki 19:00-20:00 larda kirib kelishi, pulni tejash uchun baʼzan hatto tushlik qilmasligi ekan. Yaʼni, bu jarayonda uning toʻyib uxlash, vaqtida ovqatlanish, yaqin insoni tomonidan qoʻllab-quvvatlanish ehtiyojlari qondirilmayotgandi. Shu oʻrinda jamiyatda agressiya koʻpayishining oldini olishda davlatning muhim oʻrin tutishini ham aytib oʻtmoqchiman. Yosh bolali ayollarning ishlashi uchun maʼlum qoʻshimcha sharoitlar yaratilishi, deylik, Yevropa mamlakatlari tajribasiga muvofiq, 4 kunlik ish haftasini joriy etish foydali boʻlardi. Hozirgi sharoitda xodimlar haftada 5 kun 9-12 soatlab vaqtini ishda oʻtkazadi, uyga charchab keladi, u yerda esa maishiy yoki bola tarbiyasi bilan bogʻliq vazifalar kutib turgan boʻladi, oqibatda ularda shunchaki dam olishga sharoit boʻlmaydi. Ichidagi negativ energiya va jahlni bolalariga sochadi va bu zanjir jamiyatdagi umumiy agressivlikni kuchaytiraveradi. Qolaversa, uzoqqa qatnab ishlaydiganlarda yoʻl charchogʻi ham qoʻshiladi.

 

Chegaralar buzilganda

Yana bir jihat – xodimlarda agressiv hamkasb, rahbar ustidan shikoyat qilish imkoniyati boʻlishi zarurati. Hozirgi paytda odamlarning aksariyatida kreditlar borligi uchun ishni yoʻqotish boshi berk koʻchaga kirish bilan barobar. Shu sabab ular qoʻpol haqoratlardan tortib, ishdagi toksik muhitgacha – hammasiga chidab, moslashib ishlashga majbur boʻladi. Oqibatda ichga yutilgan agressiya qandaydir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ishda xodimlarni himoya qiladigan mexanizmlar boʻlishi shart.

 

– Vaziyatni taroziga qoʻyish kerak, siz uchun nima muhimroq, ruhiy xotirjamlikmi yoki ish? Agar agressor oila aʼzosi boʻlsa, bu endi murakkabroq vaziyat. Psixologiyada “yuqoridan qarash” degan tushuncha bor. Masalan, qaynonangiz sizga doimiy agressiv munosabat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa, siz uning nega bunday qilayotganini tushunishga harakat qilasiz. Yaʼni voqealarga uning nazari bilan qaraysiz. Balki uning oilasida agressiya normal qabul qilingan yoki u qachonlardir agressiya qurboni boʻlgandir. Shunda vaziyat birmuncha yumshaydi, deydi Gulshan Kattaxoʻjayeva.

 

Agressiya qayerda tugʻiladi?

May oyi boshida Toshkent shahridagi maktablardan birida roʻy bergan voqea – oʻqituvchi tomonidan oʻquvchining kaltaklanishi atrofidagi muhokamalar hanuzgacha tingani yoʻq. Bir tomon oʻqituvchini ayblasa, boshqa tomon maktab oʻquvchilarining haddan tashqari tajovuzkor boʻlib ketayotganini aytmoqda.

 

– Avvallari maktab axloqiy qarashlar va insoniy qadriyatlar shakllanishida muhim oʻrin tutardi. Hozir u mana shu taʼsirini yoʻqotgan, deydi Gulshan Kattaxoʻjayeva. Shaxsiy kuzatuvlarim boʻyicha, ota-onalar “bolamni maktabga topshirdim, endi qolgani bilan oʻqituvchi shugʻullanishi kerak”, deb hisoblasa, oʻqituvchilar tarbiya masalasida bola bilan uning ota-onasi shugʻullanishi kerak, degan fikrda boʻladi. Oqibatda oʻsib kelayotgan avlod tarbiyasi boy beriladi. Maktablar bulling, raqobat va ijtimoiy tengsizlik urchigan joyga aylanmoqda. Past maoshlar, byurokratik bosim va ota-onalar tomonidan koʻrsatiladigan doimiy tajovuzkorlik sharoitida ishlab kelayotgan oʻqituvchilarda ham, tabiiyki, bolalarga sifatli taʼlim berishga resurs boʻlmaydi. AQSH iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi aniqlashicha, maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlari taʼtil va lokdaunda onlayn shaklga oʻtilgan paytda kamaygani va maktabga qaytish davrida yana ortgan. Sabab – bolalarning bullingga duch kelishi. Bundan chiqarishimiz kerak boʻlgan xulosa shuki, jamiyatdagi agressivlik ildizlarini oiladan, maktablardan, kerak boʻlsa bogʻchalardan izlash lozim.

 

Biz atrofdagilarning hissiyotlarini “koʻchiramiz”

– Odamlarning hayot haqidagi tasavvurlari, kutilmalari va odatiy turmush tarzi keskin oʻzgarib ketdi. Koʻpchilik noaniqlikdan qoʻrqadi, vaziyat nazoratdan chiqib ketgandek tuyuladi. Ayrimlarda esa hech narsani oʻzgartira olmayotganidan aybdorlik hissi paydo boʻladi, Gulshan Kattaxoʻjayeva

 

Mutaxassisning taʼkidlashicha, xavotir va doimiy ichki taranglik insonning atrofdagilarga ham dushmandek qarash hissini kuchaytirishi mumkin. Bunday holatlarga, ayniqsa, bolalar juda sezgir boʻladi. Ular kattalarning hissiyotlarini oʻziga singdirib, goʻyo koʻzgu kabi aks ettiradi.

 

Psixolog yana bir muhim jihatga – ommaviy hissiyotlarning “yuqishi” hodisasiga eʼtibor qaratadi. Psixologiyada odamning guruh ichida oʻzini qanday tutishi uzoq yillardan beri oʻrganib kelinadi. Odam koʻpchilik ichida shaxsiy masʼuliyat hissini qisman yoʻqotadi, boshqalarning hissiyotlariga taqlid qiladi va omma orasida baʼzan yakka holatdagidan koʻra kuchliroq agressiya namoyon qilishi mumkin.

 

Ijtimoiy tarmoqlar ham bu jarayonni kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas. Layklar, eʼtirof va adolat hissiga boʻlgan ehtiyoj qondirilmaganida insonda frustratsiya — yaʼni ichki norozilik va agressiya paydo boʻladi.

 

Hafsala pir boʻlishi va agressiya oʻrtasidagi bogʻliqlikni mashhur psixologlar Rojer Barker, Tamara Dembo va Kurt Levin oʻtkazgan tajriba ham tasdiqlaydi. Tadqiqot davomida bolalarga xilma-xil oʻyinchoqlarga toʻla xona koʻrsatilgan, ammo maʼlum vaqt davomida oʻynashga ruxsat berilmagan. Keyin esa oʻyinchoqlardan foydalanish imkoniyati berilgan. Natijada avval kutish va tushkunlikni boshdan kechirgan bolalar oʻyinchoqlarni sindirish, devorga otish kabi harakatlarni koʻproq namoyon qilgan. Darhol oʻynash imkoniga ega boʻlgan bolalar esa xotirjam oʻynagan. Bu tajriba qondirilmagan ehtiyojlar va yigʻilib qolgan norozilik agressiyani kuchaytirishi mumkinligini koʻrsatadi.

 

Soatlab navbat kutayotgan kattalar orasida tajovuzkorlikning ortishi ham bunga yaqqol misol: odamda “men qolib ketaman”, “menga yetmaydi” degan xavotir kuchaya boshlaydi. Ammo 1.5 mlrd aholiga ega Xitoyda bu masalaga oddiy matematika yechim boʻlgan. Yaqinda Shanxayga borganimda muzqaymoqqa toʻlov qildim va navbatga turdim, mendan oldinga mijoz muzqaymogʻini olib ketgach, chekdagi raqamni muzqaymoqchiga koʻrsatsam, “yoʻq” deya ishora qildi. Tablodagi tartib raqami boʻyicha mendan oldin yana bitta buyurtma bor ekan! Yaʼni hatto muzqaymoq olishda ham tartib oʻrnatilgan va bu mijozlarga nisbatan adolatning kichik bir koʻrinishi.

 

Xavotir qurshovidagi dunyo

Odamlarning ruhiy holatiga bugungi global vaziyatning taʼsiri ham katta boʻlyapti. Internet va smartfonlar xotirjam uxlashga qoʻyarmidi. Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics and Peace) tomonidan tayyorlangan Global Peace Index 2025 hisobotiga koʻra, dunyoda tinchlik darajasi indeks tarixidagi eng past koʻrsatkichlardan biriga tushgan. Mutaxassislar bu davrni “Buyuk parchalanish” deb atashmoqda. Hisobotga koʻra, 2024–2025-yillarda 87 ta mamlakatda vaziyat yomonlashgan, 74 ta davlatda esa yaxshilanish qayd etilgan. Qurolli mojarolarning aksariyati yillar davomida hal qilinmay, choʻzilmoqda. Urushlar davom etgani sari jamiyatlarda qoʻrquv, charchoq va ichki taranglik kuchayib borishi, tabiiy.

 

Tadqiqot mualliflari yana bir xavotirli tendensiyani qayd etadi. Soʻnggi yillarda zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlar, aholi orasidagi xavfsizlikka oid qoʻrquvlar va ijtimoiy keskinlik ortib bormoqda. Bugun dunyo boʻylab 110 milliondan ortiq inson urush va zoʻravonlik sababli oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgan. Bu esa koʻplab mamlakatlarda ijtimoiy taranglik va ksenofobiyaning kuchayishiga olib kelmoqda.

Shu maʼnoda, agressiyani faqat insonning shaxsiy xususiyati sifatida baholash toʻgʻri emas. Koʻp hollarda u jamiyatdagi noaniqlik, qoʻrquv, charchoq, iqtisodiy bosim va qondirilmagan ehtiyojlarning tashqi ifodasidir. Qonunlar hamma uchun birdek ishlamaydigan, ijtimoiy maqomi va moddiy holatidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning haq-huquqi kafolatlanmaydigan muhitda ijtimoiy shartnoma inqirozga yuz tutadi. Aksar masalalar tanish-bilishchilik orqali hal qilinadigan, “ogʻzi qiyshiq boʻlsa ham, boyning oʻgʻli gapiradigan” jamiyatlarda inson qadri faqatgina uning moddiy imkoniyatlari bilan oʻlchana boshlaydi. Mablagʻingizga qarab sifatli tibbiy yordam yoki munosib taʼlim oladigan, aks holda tizimdan siqib chiqariladigan muhitda insonlar oʻrtasida yashab qolish uchun kurash keskinlashib ketadi.

 

Bunday jamiyat tinchlik, murosa va madaniyat ustuvor boʻlgan ijtimoiy makon maqomini yoʻqotib, instinktlar boshqaradigan yovvoyi tizimga aylanishga mahkum. Taniqli fransuz faylasufi Jan-Jak Russo aytganidek, “agar qonunlar faqat boylar va kuchlilarni himoya qilib, kambagʻallarni jazolash uchun xizmat qilsa, unda jamiyat qonuniylikni emas, balki tizimli zoʻravonlikni boshdan kechirayotgan boʻladi”. Tizimli zoʻravonlik va adolatsizlik sharoitida insoniylikka xos eng oliy qadriyatlar – oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va madaniyat oʻz-oʻzidan yoʻqqa chiqadi. Qonunga va davlat adolatiga ishonchi qolmagan odamlar oʻz muammolarini oʻzlari, koʻpincha zoʻravonlik va kuch ishlatish yoʻli bilan hal qilishga oʻtadi. Natijada, jamiyat “jungli qonunlari” boshqaradigan tartibsizlik girdobiga gʻarq boʻladi.

 

Ingliz mutafakkiri Tomas Gobbs oʻzining “Leviafan” asarida bunday ayanchli holatni “hammaning hammaga qarshi urushi” (Bellum omnium contra omnes) deb atagan. Uning fikricha, umumiy va adolatli qonunlar kuchini yoʻqotgan taqdirda, jamiyat oʻzining tabiiy, yovvoyi holatiga qaytadi. Bunday muhitda esa, Gobbs taʼkidlaganidek: “Inson umri yolgʻizlik va qashshoqlik ichida, shafqatsizlik va xavflarga toʻla hamda qisqa boʻlib qoladi”.

 

Zamonaviy sotsiologik tadqiqotlar, xususan, professor Richard Uilkinson va Keyt Pikettning “The Spirit Level” nomli izlanishlari ham bu fikrni ilmiy jihatdan isbotlamoqda. Taʼlim, tibbiyot va qonun oldidagi tenglik buzilgan jamiyatlarda ijtimoiy ishonch darajasi minimal nuqtaga tushadi. Insonlar bir-biriga jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida emas, balki resurslar va yashab qolish uchun kurashayotgan raqib, xavf tugʻdiruvchi dushman sifatida qaray boshlaydi.

 

Qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolat shunchaki balandparvoz siyosiy shiorlar emas. Ular jamiyatni yovvoyilikdan, “jungli tartiblari”dan asrab turuvchi eng ishonchli qalqondir. Ana shu qalqonning zaiflashishi qanday oqibatlarga olib kelishini anglab yetish uchun hali kechmas. Farzandlarimizga nafrat va adolatsizlikdan xoli, ularning iqtidori va huquqlari qadrlanadigan xavfsiz hamda porloq kelajakni qoldirish uchun har birimiz va hoziroq harakat qilishimiz kerak.

 

Visola QARSHIBOYEVA,

jurnalist

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 72
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//