“Arkanaqun” – turkiy dostonchilikning ilk kurtaklaridan biri


Saqlash
17:14 / 10.06.2026 420 0

“Arkanaqun” dostoni turkiy xalqlar ogʻzaki ijodiga mansub boʻlib, u oʻzidan oldingi “Boʻzqurt” (Koʻk boʻri) mifologik syujetining ijtimoiy-tarixiy jihatdan kengaygan variantidir.

 

Etimologik jihatdan yondashilganda, “Arkanaqun” atamasi moʻgʻul tilida “oshish qiyin boʻlgan togʻli dovon, tik choʻqqi” maʼnosini anglatsa, qadimgi turkiy manbalarda “boshpana topilgan, oʻrnashilgan xavfsiz makon” mazmunini ifodalaydi. Mirzo Ulug‘bek qalamiga mansub “To‘rt ulus tarixi” asarida esa, bu nom “Tund kamar” (ya’ni tik, o‘tkir, baland tog‘ tizmasi/qiri) deb izohlanadi. Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk”ida “Arkananing ma’nosi tog‘ kamari, qunning ma’nosi tez va o‘tkir demakdir”, deya qayd etiladi. Mifologik geografiyaga koʻra, bu hudud toʻrt tarafi baland togʻ tizmalari bilan oʻralgan, ichki qismida dehqonchilik, chorvachilik va metallurgiya (maʼdan eritish) bilan shugʻullanish uchun tabiiy resurslarga ega boʻlgan yopiq makon sifatida tasvirlanadi.

 

Dostonning bizgacha yetib kelishida ikki yirik tarixiy manba muhim poydevor hisoblanadi:

 

1) “Jomeʼ ut-tavorix (XIII asr): Elxonlar (Erondagi mo‘g‘ullar) davlatining vaziri, qomusiy olim va tarixchi Rashididdin Fazlulloh oʻzining fors tilidagi ushbu asarida doston elementlarini ilk bor tizimli ravishda yozib qoldirgan. Muallif mazkur dostonni dasht koʻchmanchilari va turk-moʻgʻul urugʻlari orasidagi ogʻizdan-ogʻizga oʻtib yurgan ogʻzaki rivoyatlarga tayanib qayd etganini taʼkidlaydi.

 

2) “Shajarayi turk” (XVII asr): Xiva xoni va tarixchi Abulgʻozi Bahodirxon ushbu doston variantini turkiy til muhitiga moslashtirib, tarixiy solnomalarga kiritgan.

 

Shuningdek, mazkur doston Xondamirning “Xulosat ul-axbor”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Sharafnomayi shohiy” hamda Munis va Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs ul-iqbol” asarlarida ham aks etib, Turon tarixchilik maktabining doimiy e’tiborida bo‘lgan.

 

Mifologik xronologiyaga koʻra, turklarning Arkanaqun hududidan keng dunyoga chiqqan vaqti astronomik quyosh taqvimiga binoan 21-mart kun va tun tenglashgan, quyosh Baliq burjidan Qoʻy burjiga oʻtgan kunga toʻgʻri keladi. Bu sana mintaqa xalqlari madaniyatida tabiatning yangilanish fasli Navroʻz bilan uygʻunlashgan.

 

Turkiy xalqlar dunyoqarashida togʻ va gʻor simvollari ilohiy panoh hamda hayotning boshlanish nuqtasi sifatida qaralgan. Xitoy yilnomalarida (masalan, “Suyshu” hamda “Tangshu” manbalarida) qadimgi hunlar va koʻkturklarning muqaddas gʻorga ega boʻlgani, Turk xoqoni har yili ushbu gʻor oldida ota-bobolar ruhi uchun qurbonlik keltirish marosimlariga shaxsan rahbarlik qilgani haqida aniq faktlar mavjud.

 

“Dada Qoʻrqut” eposida: Qahramon Basat elga xavf tugʻdirgan Tepako‘zni togʻ gʻorida mahv etadi.

 

Eron va kurd mifologiyasida: Temirchi Kova zolim Zahhokni togʻ tepasidagi gʻorida oʻldirib, bu haqda xalqqa olov yoqish orqali xabar beradi.

 

Bu qiyosiy oʻxshashliklar qadimgi Turonu Eron xalqlari mifologiyasida togʻ, gʻor, olov va temir tushunchalarining mushtarak semantik vazifaga ega boʻlganini isbotlaydi.

 

Qadimgi davrda turkiy qavmlar va qoʻshni qabilalar oʻrtasida hududiy hamda siyosiy hukmronlik uchun uzluksiz urushlar olib borilgan. Qoʻshni qavmlarning harbiy ittifoqi natijasida turkiy qabilalar mudofaaga oʻtishga majbur boʻladi. Oʻn kunlik shiddatli janglardan soʻng, dushman tomoni harbiy hiylaga qoʻl uradi.

 

Dushman lashkari chekinayotgandek koʻrsatib, turklarni pistirmaga yetaklaydi. Tartibsiz quvib kelgan turk qoʻshini ogʻir magʻlubiyatga uchraydi, ularning o‘tovlari talon-toroj qilinadi.

 

Ushbu urushda turklar hukmdori Elxoqon va uning deyarli butun oilasi halok boʻladi. Faqat uning kenja oʻgʻli Qayi (Qayod) hamda jiyani Toʻqqiz Oʻgʻuz asirlikdan qochishga muvaffaq boʻladilar. Ular oʻz oilalari va omon qolgan bir oz chorvalari bilan dushman yetib bora olmaydigan xavfsiz hudud izlab, xavfli togʻ dovonlari osha ichkariga yoʻl oladilar.

 

Togʻlar orasida yovvoyi tabiat resurslariga boy, yopiq ekotizimli vodiyga duch kelgach, shu yerda o‘troq hayot tarziga oʻtadilar va bu makonni Arkanaqun deb nomlaydilar.

 

Oradan roppa-rosa 400 (ba’zi manbalarda 450) yil vaqt oʻtadi. Bu davr mobaynida Qayi (avlodlari Qiyotlar) va Toʻqqiz Oʻgʻuz (avlodlari Toʻqqizlar va Turulkenlar) nasli koʻpayib, vodiyning iqtisodiy ahvoli yaxshilanadi va aholisi soni ortib ketadi. Natijada, jamoa boshliqlari tashqi dunyoga chiqish va qadimgi yaylovlarni qayta egallash masalasida Oliy Kengash (Qurultoy) chaqiradilar.

 

Tashqi dunyoga olib chiquvchi tabiiy yoʻl topilmagach, guruh tarkibidagi maʼdan ustasi (temirchi) togʻ qatlamlarida temir moddasi yuqori ekanini aniqlaydi. Togʻning oʻsha qismiga oʻtin va koʻmir toʻplanib, buqa terisidan yasalgan yetmishta ulkan koʻrik (dam) yordamida yuqori harorat hosil qilinadi. Temir konining erishi natijasida togʻda yukli tuya oʻtishi uchun sunʼiy yoʻlak ochiladi.

 

Anʼanaviy totemistik qarashlarga koʻra, guruh yoʻl yoʻqotib turgan paytda, ularning oldida yoʻl koʻrsatuvchi sifatida Moviy yolli Boʻzqurt (Koʻk boʻri) paydo boʻladi. Jamoa ushbu totem ortidan ergashib, muqaddas hisoblangan kunda Arkanaqun hududini tark etadi.

 

Arkanaqundan chiqish davrida jamoaga Qayixon sulolasidan boʻlgan harbiy yetakchi Boʻrtachina boshchilik qiladi. Tashqi muhitga chiqqan turkiy qabilalar oʻzlarining harbiy va demografik salohiyati yordamida qoʻshni hududlar bilan qaytadan siyosiy aloqalar oʻrnatadilar hamda tez fursatda mintaqadagi qadimgi davlatchilik tizimini (Buyuk Turk xoqonligini) va geosiyosiy ta’sirini qayta tiklaydilar.

 

Dostondagi asosiy kultlardan biri – temirchilik va sandon ramzidir. Togʻni eritib, tashqi dunyo bilan aloqa oʻrnatilgan kunning xotirasi sifatida keyingi davr turkiy davlatchilik anʼanalarida ramziy marosim shakllangan. Unga koʻra, hukmdor (xoqon) qizdirilgan temirni sandonda qisqich va bosqon yordamida urib, marosimni boshlab bergan. Bu anʼana jamiyatda metallurgiya hunarining ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi naqadar yuqori boʻlganini va sandonning daxlsiz tabu (taqiq) hisoblanganini koʻrsatadi. Tarixchi d’Ossonning yozishicha, Chingizxon avlodlari ham ushbu ozodlik sharafiga har yilning birinchi kunida eritilgan temirni bolg‘alashgan.

 

“Arkanaqun” dostoni – asrlar davomida urug‘lar to‘qnashuvi, og‘ir siyosiy inqirozlar va sinovlarni boshidan kechirib, o‘zligini yo‘qotmay qayta qad rostlagan turkiy xalqlarning tarixiy xotirasidir. Ushbu durdona asar qadimgi ajdodlarimizning metallurgiya sirlarini mukammal egallaganliklarini, tabiat qonuniyatlari va davlatchilik an’analarini nechog‘lik yuksak darajada rivojlantirganliklarini isbotlovchi jonli badiiy va ilmiy ko‘zgudir.

 

Zafar SHAMSIDDINOV,

tadqiqotchi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:07 / 17.07.2026 0 71
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Ma’naviyat

18:07 / 16.07.2026 0 116
O‘zbek nega to‘yga to‘ymaydi? Ijtimoiy tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//