Adabiyot
Bir qarashda Vaqt tushunchasi oddiy, uni izohlab tushuntirib o‘tirishga hojat yo‘qdek tuyuladi. Lekin bu shunday murakkab tushunchaki, ming yillardan buyon olimlar vaqt masalasida bir to‘xtamga kelishmagan. Bahs-munozaralar hali ham to‘xtagan emas. Holbuki, vaqt Allohning eng buyuk va eng asliy ne’matlaridan biridir. Vaqt bu inson uchun uning borliqda mavjudlik davri, o‘z hayotidan oladigan foydasi yoki zarari “joylashgan” muddatdir. Hayotidan foyda topmoqlik vaqtning qadriga yetmoqlikdan. Aksincha, vaqtning qadriga yetmaslik, uni yo‘qotmoq, insonning Alloh bergan umr ne’mati imkonlariga befarqligi uning zararda qolmog‘idir. Zero, o‘tkazib yuborilgan vaqtni qaytarib bo‘lmaydi. Chunki vaqt o‘tib turguvchi, boshi va adog‘i hech kimga ma’lum bo‘lmagan va o‘zicha aslo tugamaydigan, ammo inson uchun tugaydigan ne’matdirki, uning qadrini qilmoq oqil kishining ishidir. Qur’oni karim suralarida va Hadislarda vaqt va uning qadri haqida ko‘p qimmatli fikrlar kelgan.
Vaqt – nuqsonsiz va xolis ne’mat bo‘lganligi sababli makondan ko‘ra sharaflidir. Har qanday makon mutlaq xolis vaqt ichida mavjuddir. Ammo Allohning aql bilan ne’matlantirilgan bandasi olamga ko‘z ochibdiki, nimaningdir boshlanishini va tugashini, tug‘ilishini va favt-u mavtini kuzatish bilan barobar o‘sha voqelikning qandaydir o‘lchamini ilg‘ab turgan. Gul bahorda ochilib yozda xazon bo‘ladi. Cho‘llarda bahor yam-yashilb yozda – sap-sariq somon. Daraxt gullaydi, meva tugadi, pishib yetiladi, ammo oxiri bor... Hammasining o‘lchamida insonning vaqt tasavvurlari intuitiv (tuyg‘u orqali) hisoblash tajribasiga aylanib boraveradi. Bular hozircha inson uchun kundalik va davriy kuzatuv, xolos. Lekin bu kuzatuv kundan kunga, oydan oyga, yildan yilga takroriy namoyon bo‘la borishi albatta ulkan empirik (tajribaviy) bilim ko‘lamiga aylanadi. Endi vaqtni idrok etish mavhum tafakkur imkoniyatlaridan foydalanishga qarab tadrij topa boshlaydi. Inson ko‘kka boqar ekan, unda avvalo quyosh va oyni ko‘radi, tunda esa yulduzlar uning aqlini shoshiradi. Quyoshning yil davomidagi harakati yildan yilga bir xilda takrorlanishi, oyning hilol holatdan to‘lishgunicha va asta kamayib “ko‘rinmay qolishi”, so‘ngra shom ufqi ustida yangidan hilol paydo bo‘lishi bular inson ongida vaqt tushunchasini mavhumlikdan hayotiy voqeliklar o‘lchovi sifatida reallashtirgandek bo‘ladi. Balki inson o‘sha holatda vaqt haqida falsafiy mushohadalarga borib ulgurmagandir. Lekin “yil-oy-kun” tushunchalarining hayotiy o‘lchamlarida endi odam ahli aniq bilimlarga ega bo‘la boshlaydi.
Dastlab soddagina odam har bir kunni qoya toshlar sirtiga, daraxt tanasiga va hokazo, bitta chiziq qilib belgilab bordi. Qarasa, quyoshning bir yillik og‘ish nuqtalari orasidagi chiziqlar, ya’ni kunlar soni 365 taga to‘g‘ri kelibdi. Quyoshning osmondagi har yilgi harakat uzunligi bir xilda 365 kunni tashkil qilishi ma’lum bo‘lgach, bunga turli xalqlar turlicha nom berdilar, lekin barchasining ma’nosi o‘zbekcha “yil” so‘zi bilan aynan bir bo‘ldi. Shunday qilib, yil vaqtning bir o‘lchamiga aylandi. Bir yil ichida oyning o‘n ikkki marta yangilanishi, oyning hilolidan yangi hiloligacha o‘ttiz va yigirma to‘qqiz kun ekanligi yana bir kashfiyot bo‘ldi. Oy fazalari (hiloldan oy barkashining choragigacha, undan to‘lin oygacha, kamayish davomida uchinchi chorakkacha va, nihoyat yangi hilolgacha) orasi yetti kundan ekani ham vaqt o‘lchamining muhim qismiga aylandi. Bu o‘lcham hafta nomini oldi. Odamlar yetti kunlik haftaning yig‘indisi yigirma sakkiz kundan yangi hilol ko‘ringuncha yana bir kecha-kunduzdan ortiqroq vaqt ortishini ham farqladilar. Natijada bir oy hrakati davrasi 29 kun va bir necha soatdan iborat hisoblandi. Bu esa quyosh yilidan 11 kun va bir necha soatga kam edi. Shunday qilib oy harakati bo‘yicha bir yil 354 kun va bir necha soatdan iborat bo‘ldi. Ushbu bir necha soat qo‘shimcha tufayli oy hisobidagi yilning bir oyini 29, ikkinchi oyini 30 kundan hisoblash qabul qilindi. Xuddi shu kabi quyosh yilining 365 kunidan ham bir necha soat, minut va sekundlar qoldiq chiqadi. Bu farqni joyiga keltirib aniq vaqtni belgilash uchun taqvimga har bir to‘rt yilda bir kun (fevral oyining oxirida) qo‘shib hisoblash joriy etilgan. Bu bir kunlik qo‘shimchasi bor oy mazkur to‘rtinchi yilni kabisa yil deb atalishiga sabab bo‘ldi. Darvoqe, biz hozir beixtiyor “taqvim” so‘zini ishlatib o‘tdik. Xo‘sh, taqvim o‘zi nima? Taqvim paydo bo‘lmasidan avval odamlar vaqtni qanday hisoblashgan? Insoniyat tarixida taqvim paydo bo‘lishining sabablari bormi? Ilk taqvimlar qachon va qayerlarda paydo bo‘lgan? Taqvim tuzishda nimalarga asoslanilgan?
Qadimgi taqvimlar tarixi arxeologik kuzatuvlar asosida ibtioiy davrlar sari yetaklaydi. Ibtidoiy davrlar taqvimlari ham quyosh, oy harakatlari, kecha-kunduz almashuviga asoslangan. Ilk taqvimlar hali yozuv yo‘q vaqtlar bilan bog‘liq tosh qurilmalarda aks etgan. G‘arbiy Afrikada yashovchi qadimiy davrlardan ma’lum yorub xalqi yaratgan taqvim jahonda eng qadimiy taqvim hisoblanadi. Yorub madaniyatining tan olingan 10 000 yillik uzluksizligi taqvimda aks etgan ilk madaniy hodisa sifatida yuksak ilmiy ma’no kasb etgan. Xususan, yorub taqvimi bo‘yicha bizning hisobdagi 2026-yilni 10 068-yil deb kutib olindi. Bu sanadan bizning 2026 ni ayirsak, yorublar 8042 yil avval o‘z taqvimlarni joriy etishgan ekan. Angliyada arxeologlar va astronomlar tekshirishlari natijasida salkam 5000 yillik Stounxenj tosh qurilma ko‘rinishidagi inshoot ham quyosh taqvimi deb tasdiqlanmoqda. Hozirda 17 dona mengir (tik o‘rnatilgan tosh ustunlar) saqlangan. Olimlarning fikricha ularning asli soni 30 dona bo‘lgan. Ularning ba’zilari ustiga to‘sin qilib qo‘yilgan tosh bilan birlashtilgan. Mengirlarning joylashuvi quyosh, oy va yulduzlar aylanishini kuzatishga mo‘ljallangan.
Insoniyat tarixida yozuv paydo bo‘lishi, uning tiplaridan qat’i nazar, Yaqin Sharq va Uzoq Sharq hamda Janubiy O‘siyoda ilk aniq tizimlashtirilgan va yozma ravishda qayd etilgan taqvimlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Qadimgi oy-quyosh tizim asosida yaratilgan Shumer taqvimi shularning birinchisi edi. Bu taqvim yilning ikki davrini hisoblashga asoslangan. Birinchi qismi sovuq va namlik, ikkinchi qismi quruq va issiq davri. Yil 12 oydan iborat bo‘lgan. To‘rt fasllik tizim ishlatilmagan. Oy va quyosh yili hisobi orasida to‘plangan farqni to‘g‘rilash uchun bir necha yilda bir marta yarim yillik orasiga bir oy (o‘n uchinchi oy) qo‘shimcha kiritilgan. Shumerlarning yil boshi Dajla va Frot daryolari toshqinidan keyingi birinchi yangi oydan hisoblangan. Bahor mavsumi boshoqli ekinlarga o‘roq tushganida bayram qilingan. Qadimgi Shumerning Nippur, Ur, Lagash, Umma, Uruk kabi bir qator shaharlarida olib borilgan arxeologik qazishmalarda taqvim bilan bog‘liq xo‘jalik va ma’muriy mixxat hujjatlar ko‘plab topilgan. Shumer taqvimida oy nomlari ba’zan siyosiy, diniy, ko‘proq xo‘jalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan. Masalan, ibodatxona taxti(kursisi)ga, Ho‘kizni omochga qo‘shish, g‘isht quyish, urug‘ ekish, olov yoqish, Inanna ma’budasiga bag‘ishlangan oy, muqaddas tepalik oyi, omochni yerdan olish oyi, o‘rim oyi va boshqalar.
Xamurappi davrida Bobilning o‘z taqvimi bo‘lgan. Bir kecha-kunduz uti deyilgan, kun urru, Sutka 12 qismga bo‘lingan va har bir bo‘limi beru deb atalgan. Birinchi bo‘lak Varxu, 7-bo‘lak sebutu deyilgan. Oy to‘lgan kun shabattuning ertasiga qurbonliklar qilingan. Yil boshi kuzgi teng kunlikdan boshlangan. Yilning birinchi yarmi Shabattum mahritu, ikkinchi yarmi esa arkitishabattum, ya’ni “keyingi yarim yil” deb atalgan.
Qadimgi Xitoy madaniyatida ham taqvim alohida rol o‘ynagan. Xitoy taqvimining yoshi 3000 yildan ortiq deyiladi. Mil.avv. XVI–XI asrlarda amal qilgan Shan davri bilan bog‘liq hisoblanadi. Taqvim asosida oy-quyosh aralash hisob yotadi. Shuningdek, dehqonchilik mavsumlari, diniy marosimlar vaqtini belgilash, fol ochib bashorat qilish amaliyoti va boshqalarda taqvim, astronomik hamda ob-havo holatini kuzatish orqali vaqtni hisoblash ehtiyoji kabilar tavimni muqim qilish zaruriyatini belgilagan.
Shan davridan keyin Szin (mil.avv.221 yilda), keyinroq Xan imperiyasi davrida (mil.avv. III-II asrda) qadimgi xitoy taqvimi yangidan isloh qilingan. Xan davri 60 kunlik taqvimni joriy qilgan. Bunda o‘n, yigirma emas, 20, 40, 60 kunlik tizim orqali hisob yuritilgan.
Xitoy taqvimida yilda o‘n ikki oyning har birini alohida jonivorlar yoki hayvonlar nomi bilan atash amaliyoti qadimdan mavjud. Bu an’ana keyinchalik jahon bo‘ylab tarqaldi. Qadimgi Nefrit podsholigi nomi bilan ataluvchi roviy Nefrit podsho yillarning ketma-ketligini tartibga solish uchun jonivorlar va hayvonlar poygasini o‘ylab topgan emish. Qaysi jonivor yoki hayvon uning saroyiga birinchi bo‘lib yetib kelsa, o‘shaning nomi birinchi oyga qo‘yilgan emish. Saroyga birinchi bo‘lib yetib kelgan kalamush nomi birinchi yil nomiga aylangan emish. Ikkinchi nom sigir, uchinchi nom yo‘lbars, to‘rtinchi – quyon, beshinchi ajdaho, oltinchi – ilon, yettinchi – ot, sakkizinchi – echki, to‘qqizinchi – maymun, o‘ninchi – xo‘roz, o‘n birinchi – it, o‘n ikkinchi – cho‘chqa nomlarini olibdi. Har bir hayvon yiliga xos belgilar asosida fol ochish, yilning kelishini bashorat qilish kabi obdatlar ham keng tarqalgan.
Mazkur hayvon yil hisobi an’anasining tarixiy ildizini turkiy xalqlar bilan bog‘liq talqini ham mavjud. Bunda kalamush o‘rnida sichqon, ajdaho o‘rnida baliq, echki o‘rnida qo‘y, cho‘chqa o‘rnida ho‘k, ya’ni halol etli qabon nomlari amal qilgan. Hayvon siklining o‘zagi asli turkiy bo‘lsa ajab emas. O‘zlashtirish jarayonida turkiylar alol hisoblagan hayvonlar nomlarini xitoylar qisman o‘zlari kundalik iste’mol qiladigan, lekin turkiylar harom hisoblaydigan hayvon nomlari bilan (baliq o‘rniga ajdaho, qabon o‘rniga cho‘chqa) almashtirgan bo‘lsalar kerak.
Xitoyning qadimiy madaniyatiga xos 24 mavsumlik yana bir taqvim amal qilgan. Bu taqvim asosan qishloq xo‘jaligi ishlarini boshqarishga qaratilgan bo‘lib, yilni har biri 15 kundan 72 mavsumga bo‘lgan. 24 mavsum taqvimi asosan Xuanxe daryosi havzasida shakllanib, Xitoyning sharqiy qirg‘oq bo‘ylarigacha tarqalgan. Imperator U-di (mil.avv. 141–87-yillar) 24 mavsum taqvimini “Taychuli” taqvimiga mil. avv. 104-yilda qo‘shimcha sifatida kiritgan. Bu taqvim osmon gumbazining shimoliy markaziy nuqtasi (Qutb yulduzi – turkiy tilda “Oltin qoziq”) atrofida aylanuvchi cho‘mich ko‘rinishidagi “Katta ayiq” yulduz turkumining dastasi bahorda sharqqa, yozda janubga, kuzda g‘arbga, qishda shimolga qarab turishidan kelib chiqib, uning aylana bo‘ylab harakatini 15 graduslab bo‘lib chiqish hisobidan yilni 24 mavsumga taqsimlagan. Har bir 15o gradus og‘ishda tabiatda takrorlanuvchi muayyan o‘zgarishlar kuzatilishi dehqonchilik ishlarini vaqtida bajarishga asos bo‘lgan. Masalan, quyoshning yillik harakatidagi 315o gradus xitoycha Lichun – “bahor”ni nishonlash kuni bo‘lib, grigorian taqvimining 4-5-fevraliga to‘g‘ri keladi. Bu sana 24 fasllikda 12 hayvon turkumining ham boshi hisoblanadi.
Xitoy taqvimining yana ba’zi o‘ziga xos jihatlari bo‘lgan. Masalan, yil boshini ular qish fasli ikkinchi oy boshidan o‘n kun o‘tkazib nishonlashgan. Bu odat zamonaviy xitoylarda hozir ham saqlangan. Bundan tashqari xitoylarda yil oylarini besh xil tabiat unsuri – daraxt, olov, tuproq, metal va suv bilan bog‘lab tasavvur qilishganki, bu an’ana xitoy falsafasida insonning tabiat bilan birligini ifodalagan.
Hindiston ham taqvimlar tarixi masalasida boy an’anlarga ega. Avvalo, hind xalqi oy va quyosh yiliga asoslangan Panchanga nomli taqvim asosida yashaganlar. Biroq quyosh harakatiga asoslangan Saka taqvimi qadimdan hindlarning milliy taqvimiga aylangan. Bundan tashqari oy fazalari asosida amal qiluvchi Vikram Samvat taqvim ham mavjudki, bu asosda diniy marosimlar va an’anaviy Divali, Holi kabi bayramlar vaqti aniqlangan.
Umuman Hindistonda tarixan ma’lum taqvimlar son 30-40 taga boradi. Ularning aksariyati mahalliy va tarixan ma’lum davrda amal qilib, keyin unutilgan. Ulardan tashqari milliy taqvim maqomiga ko‘tarilib hozirgacha ishlatilayotganlari ham bor. Jahon miqyosida amal qilayotgan grigorian taqvimi rasmiy holatlarda qo‘llanadi. Zero, Hindiston ham global munosabatlarning faol ishtirokchisi.
Yahudiylik taqvimi hozirgi Isroil davlatining rasmiy taqvimi. Shuningdek, isroilda grigorian taqvimi ham faol amal qildadi. Yahudiylik tarixiy taqvimi ham oy sikli va quyosh harakati asosigaqurilgan bo‘lib haftada tafovut vaqti-vaqti bilan isloh qilib boriladi. Yahudiylikda yil hiobining boshi milodiy 359-yilda bo‘lib o‘tgan xalq majlisi Ikkinchi Gilelya qaroriga ko‘ra mil.avv. 3761-yilning 7-oktyabri etib tayinlangan. Hozirgi yahudiy an’anaviy taqvimi oy harakatiga asoslangan 12 oy bo‘lib, shana pshuta deyiladi. Kabisa oyi shana meuberet yil hisobiga qo‘shimcha oy demakdir. Yil oylari 29-30 lik galma-gal almashuvchi tarzda hisoblanadi. Shunda farqni to‘g‘rilash uchun 29 kunlik Xeshvan oyiga bir kun qo‘shilgan yoki 30 kunlik kislev oyidan bir kun kamaytirilgan. Shunday qilib yilning to‘g‘rilangan oylari kunlar hisobida 354, kabisada esa 384 kun, bir kun to‘ldirilgan yil kunlari 355–385 kun, kislevdan olib tashlagan kun hisbidan esa 353–383 kun. Shunday qilib bahorgi (niysan) oyining 15-kuni nishonlanadigan Pesah diniy bayramning vaqti aniq bir nuqtaga keltirib turilgan. Bundan tashqari oy yili va quyosh yilini muvofiqqa keltirib turish uchun yahudiylikda 19 yillik sikl ham amal qiladi. 19 yilning 7 yili kabisa, bular – 3-, 6-, 8-, 11-, 14-, 19-yillardir. Har qanday hisobdan qat’i nazar yahudiy yilining birinchi kuni Tishrey oyining birinchi kuniga kelishi shart hisoblanadi. Xullas, yahudiy taqvim asosida, yuqorida qayd etganimiz, olamning yaralish tarixining boshi mil. avv. 3761-yil bo‘lib, uning hatto soat, minut-daqiqa va sekundlari ham hisoblangan. Bu 5 soat-u 11 minut, 204 sekund tushdan keyinga, ya’ni 17 soat 11 minut 20 sekundga teng bo‘ladi. Bir soat esa 1080 lahza hisolanib 7 dan boshqa sonlarga qoldiqsiz bo‘linishi e’tiborga olingan. Yil oylarining yulduz turkumlariga mosligi ham alohida hisobda turgan: Nisan-oven, Iyar-Buzoq boshi, Sivan-Egizaklao, Tammuz-Qisqichbaqa, Av-Arslon, Elul-Sumbula, Tishrey-Tarozu, Xeshvan-Kamonchi, Tebet-Echki, Shvat-Qovg‘a, Adar-Baliq (faqft kabisa yilida qo‘shilgan). Bu yil yahudiy yil hisobida 5787-yil kiradi.
Zardushtiylik taqvimi Turon-Turkiston va Eron madaniy-ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan. Bu quyosh taqvimi bo‘lib, 12 oy, har bir oyda 30 kundan, bir yil esa 360 kunga teng hisoblangan. Tropik yilning uzunligi 365, 2542 ekanligidan kelib chiqib, zardushtiylar (Eronda va Hindistonning Gujarot viloyati hamda Mumbay zardushtiy jamoalarida) Navro‘z arafasidagi 5 kunni Gohanbar kunlari deya, hozirgacha jamoaviy bayram qiladilar. Bu qo‘shimcha kunlarning alohida nomi Andargoh, ya’ni “kiritilgan vaqt” deb ataladi. Andargohning oxirgi kuni Navruz – bizning taqvimdagi 21-22-mart kuniga to‘g‘ri keladi. Zardushtiylik taqvimining aniqlik darajasi shundayki, 365 kundan ortgan minut sekundlar hisobiga 120 yilda bir qo‘shimcha oy kiritib, undan keyin vaqt hisobini to‘xtatilgan joyidan davom ettirilgan. Qo‘shimcha kirgan oy hisobidan esa soliqlar olinmagan.
Yil davomida olti bayram, ularning har biri fasllar almashuvi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Zardushtiylik taqvimi olti bayram tizimi rātu (tartib) deb atalib, ularga bayramlar biriktirilgan: madyuzarema, madyuyishma, payitishahya, ayasrima, mashdiyarya, namaspatmaeda bayramlari. Zardushtiylar oy nomlarini Ahura Mazda yaratgan samoviy ma’bud zotlar, hamisha barhayot farishtalar, tabiatning muhim unsurlari nomlari bilan ataganlar. Shuningdek, oy ichida har bir kun ham shu tartibda atalgan. Mana kun nomlarining qaratqich kelishigi shaklidagi ro‘yxati: 1. Ahurahe Mazda; 2. Vang‘heush manang‘ho‘(Vahumana); 3. Ashahe vahishtahe; 4. Xshatrahe vayrehe; 5. Spentaya armato‘ish; 6. Haurvatato‘; 7. Ameretatao‘; 8. Datusho‘; 9. Atro‘; 10. Apam vang‘uhinam; 11. Hvarexshaetahe; 12. Mang‘hahe; 13. Tishtrehe; 14. Geush urvane; 15. Datusho‘; 16. Mitrahe, 17. Srao‘shahe; 18. Rashnao‘sh; 19. Fravashinam; 20. Veretragnahe; 21. Ramano‘; 22. Vatahe; 23. Datusho‘; 24. Daenaya; 25. Asho‘ish vang‘hua; 26. Arshtato‘; 27. Atsho‘; 28. Zemo‘; 29. Mang‘trahe Spentahe; 30. Anang‘hranam rao‘chang‘ham.
Oy ichida nomi keltirilgan kunlardan o‘n uch kun (1-, 3-, 13-, 14-, 15-, 16-, 17-, 18-, 19-, 20-, 21-, 25-, 26-)ni Ahura Mazda “o‘zim yaratganman ularni ham”, deya Zardushtga tushuntirgan (Mehr Yasht 1-band) va ular ham e’tiqod, namoz va ehsonlar qilishni halol qilgan ma’bud va ma’budalar nomlari bilan atalgan. 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-kunlarga Ahura Mazdaning emanatsiyalari (tajallilari) nomi berilgan. 11-, 12-, 27-kunlar osmon yoritqichlari nomlarida kelgan. 9-, 10-, 22-kunlar tabiat hodisalari nomlarini ulug‘lagan. 19-kun iymonli bandalarning ruhlariga bag‘ishlangan. 24-kun din-diyonat nomi bilan daena deb atalgan. 28-kun Yerni ulug‘lab zam deyilgan. 29-kun muqaddas so‘z “mantra” deb atalgan. Bu so‘z har bir kishi qalbida jo va hech kimga oshkor etilmaydi va so‘z egasini harqanday balo-qazo, ofatlardan saqlashiga ishonilgan. Nihoyat, 30-kun nomi bitmas-tuganmas yolqin, nurafshonlik deb atalgan.
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida zardushtiylik taqvimining tafsilotlarini bayon etgan va bu taqvimning xorazmcha, sug‘dcha shakllarini ham keltirgan.
Qadimgi turkiy taqvim Buyuk turk xoqonligi davriga oid bitiklarda yodga olingan. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘ot at-turk” asarida bu taqvim paydo bo‘lishi haqida ma’lumot keltiradi. Jumladan u yozadi: “Turklar o‘n ikki hayvonni tanlab, ularning otlari bilan oylarni atadilar. Shu o‘rinda Mahmud Koshg‘ariy bir hikoya keltiradi: “Turk xoqonlaridan biri o‘zi taxtga kelmasidan burun bo‘lib o‘tgan urush haqida ma’lumot olish istagi bilan surishtirib ko‘rsa, yillar chalkashib, aniq ma’lumot yuzaga chiqmabdi. Shunda u kengash chaqirib, “bizlarki urush vaqtida adashdik, bizdan keyingilar ham yanglishadilar. Shunday ekan, kelinglar yillarni 12 lik takrorlanuvchi qilib, ularga ot qo‘yib chiqamiz. Shu o‘n ikki oyning aylanib qaytishidan voqealarning vaqtini aniqlab boramiz va biz uchun ular unutilmas eslatma bo‘lib qoladi”, debdi. Shundan keyin xoqon ovga chiqibdi. Buyuribdiki, odamlari hayvonlarni Ili daryosi bo‘yiga to‘plashsin. Qaysi hayvon daryodan birinchi bo‘lib o‘tsa, o‘shaning oti birinchi oyga qo‘yilsin. Bu poygada sichqon birinchi bo‘lib daryodan o‘tibdi. Sigir ikkinchi, bars uchinchi, tovishqon to‘rtinchi, nek (timsox, yoki nahang – katta baliq) beshinchi, ilon oltinchi, ot yettinchi, qo‘y sakkizinchi, bejin (maymun) to‘qqizinchi, taqog‘u (tovuq) o‘ninchi, it o‘n birinchi, to‘ng‘iz o‘n ikkinchi yil nomiga aylanibdi.
Qadimgi turkiy ajdodlarimiz har bir yilga uning nomidan kelib chiquvchi inonchlarni, irim-sirimlarni ham qo‘shganlar. Shu bilan birga 12 yillik davriy yil aylanishini muchal deya, alohida hisob yuritganlar. 12 yosh – umrning bir muchali. Bunga bag‘ishlab ehsonlar, xayr-u xudoyi o‘tkazilgan. Bola yoki qizning kiyimlarini muhtojlarga berib, yangi sidra kiyimlar kiydirilgan. 24 – ikkinchi, 36 yosh – uchinchi muchal va hokazo. Muchal bilan bog‘liq marosimlar shakllangan.
Turkiy ajdodlarimiz yil boshini ko‘klamning birinchi kunidan, ya’ni 21-22-martdan boshlashgan. Taqvim, yuqorida aytilganidek, 12 yillik hayvon nomlari bilan atalgan oylar tizimi asosiga qurilgan. Bu taqvim ekin-tikinchilik uchun ham, chorvani yaylovga olib chiqish uchun ham ishonchli bo‘lgan.
Aytilganlardan tashqari xalqona vaqt hisoblarining turli xillari ham amaliyotda keng qo‘llanilgan. Masalan, qaldirg‘och kelishi bahor o‘z hukmini o‘tkazib sovuq kunlar ortda qolganidan nishona, endi toklarni bemalol ochib ishkom-so‘rilarga tarash mumkin. “Sariq sumalak” qishning og‘ir kunlari tugab, iliqlik boshlanganidan dalolatki, qalin qorlar asta erib, qamish bordon bilan yopilgan tomdan silqigan eruvgarlik suvi kechasi sovuqda muzlab bo‘g‘otlarda sarg‘ayib osilib turadi. Laylak, jiblajibon, ko‘kqarg‘a, popishak kabi qushlarning qaytishi ham bahorning ishonchli pallaga kirganini, ekin-tikinlar ekishni boshlash kerakligidan darak beradi. Quyosh baliq yulduz turkumiga kirgan payt hut oyi dehqonchilik ishlarining taraddudi boshlanadigan, ariq-zovurlarni o‘tgan yilgi loyqa, sug‘utilardan tozalash ishlari bajarilgan. Hut oyidan chiqish bahor boshlanishi bo‘lib, dala ishlari avj olgan. Turnalarning past uchishiga qarab dehqonlar yilning farovon kelishiga ishonganlar. Baland uchgan turnalar issiq kunlarga ishorat qilgan. Olma gullaganda anhor va ariqlarda toshqin kutilgan va oldindan ehtiyot choralari ko‘rilgan. May-iyun boshlari javzo deyilib, don ekinlari pishgan va o‘roqqa tushilgani demak. Chillaki chumak ursa, uzum pishig‘i boshlanadi. Qovun po‘chog‘i yerga tushdimi, kuzdan darak hisoblangan. Mezon iplari uchsa rosmana kuz pallasi bo‘lib, hosil yig‘ini boshlangan. Qavs oyida turup sersuv bo‘lib yetilgan va hokazo. Bularning bari xalqona taqvim bo‘lib, mehnatkash xalq donoligining dalolati bo‘lib kelgan.
Darvoqe, taqvim so‘zini ko‘p ishlatdik. Shu haqida bir necha so‘z aytsak. Bu so‘z arabcha “hisoblash”, vaqt bilan bog‘liq ma’nosi esa, biror hodisani “belgilab qo‘yish”, vaqtga nisbatan rejalashtirib (niyat qilib) vaqtini tayin qilish kabi ma’nolarni anglatadi. Qadimda turkiy xalqlar orasida “yil-oy-kun” iborasi mashhur bo‘lgan. Umuman taqvim tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, neolit davrida insoniyat hayotida inqilobiy holat yuzaga kelgan. Tabiat ne’matlarini terib topib, tirikchilik qilib kelgan odamlar ilk bora yerga urug‘ qadab hosil olish mumkinligini anglaganlar. Bu yemish zahirasini barqaror qilgan. Yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, chorva xo‘jaligini tashkil qilganlar. Ekinni vaqtida ekish, chorvani tabiatning qulay pallalarida yaylovga olib chiqish singarilar vaqtni aniq hisoblash zaruriyatini keltirib chiqargan.
Asrlar davomida inson tabiat hodisalarini kuzatib to‘plagan bilimlari endi asqotib qolgan. Ayni shu tajribalar asosida Qadimgi Misr jahonda birinchilardan bo‘lib Quyoshning yillik harakati hamda Katta it yulduz turkumining alfa, ya’ni eng yorqin Tir (Sirius) yulduzining avj nuqtasiga kelishidan hisob olishgan. Chunki har yili Tir yulduzi apogey (yuqori nuqtaga) yetgan kunlari Nil daryosining toshqin pallasi boshlangan. Toshqin esa Misr tuprog‘ini minerallarga to‘yintirib, yangi yil hosilining yuqori bo‘lishiga xizmat qilgan. Misrliklar quyoshning yillik ekliptik harakati 365 kunga tengligini hisobga olib, eng qadimgi quyosh taqvimiga asos solganlar. Misr quyosh taqvimini Rim imperatori (o‘sha vaqtda Misr Rimga bo‘ysinar edi) Yuliy sezar mil. avv. 45 yilda isloh qilib, ya’ni 365 kundan ortib qoluvchi 0,2425 sutkani ham hisoblagan holda yulian taqvimini joriy qilgan. Ushbu taqvim 1582-yilgacha Yevropada amal qilgan va, nihoyat taqvimda kichik xatolik hisobidan yig‘ilib qolgan vaqt astronomik aniq vaqtdan orqada qolgani, natijada cherkov faoliyatida marsoimlarni belgilash qiyinlashgani, xo‘jalikda vaqt chalkashliklari paydo bo‘lgani, soliq to‘lovlari vaqtida bahslar ko‘paygani va boshqa sabablarga ko‘ra Rim papasi (oliy xristian dini peshvosi) Grigoriy XIII tashabbusi va rahbarligida taqvim islohoti o‘tkazilib, vaqt hisobi quyosh harakati bilan moslashtirilgan. Ammo bu hisobda ham kamchilik yuzaga chiqib, nihoyat 1918-yilda sovet hukumatining “Vaqt haqida dekret”i bilan grigorian taqvimidagi yil boshi 12 kunga orqaga surilgan. Natijada yangi yil 1-yanvarda nishonlanadigan kun grigorian taqvimining 13-kuniga to‘g‘ri keladigan bo‘lgan. Bugungi katta avlod xotirasidagi “yangicha yangi yil” va “eskicha yangi yil” degan tushunchalar mazkur islohot natijasi edi.
Taqvim tarixiga yana qaytib, ba’zi qiziq tafsilotlarga to‘xtalsak. Qadim zamonlarda oy fazalaridan kelib chiquvchi vaqt hisobi keng tarqalgan edi. Buning asosida avvalo “bir kun” – kunning yoruq va qorong‘i qismining birligi alohida rol o‘ynagan. Ana shu kunning boshlanishini qaysidir xalq sahar palladan olsa, boshqasi kunning quyosh tik kelgan pallasidan olgan va yarim tunni (bizningcha tungi soat 12 ni) keyingi kun boshi hisoblagan. Oyning to‘rt fazasi yetti kundan bir xilda takrorlanishi yetti kunlik vaqt birligiga, ya’ni hafta hisobiga sabab bo‘lgan. Ammo qizig‘i shundaki, oy hamma vaqt ham yetti kunliklarga bo‘linmagan. Masalan, qadimgi Misr oyni uchta o‘n kunlikka ajratgan. Qadimgi Rimda oyni 8 kunliklarga bo‘lishgan. Bu hisob noqulaylikka sabab bo‘lgan. Chunki 8 kunlik hisob 30 kunlik oy ichida butun taqsimlanmagan. Buni oy hisobini 30-31 kunlik qilish orqali to‘g‘rilashga ham harakat qilingan.
Taqvimning quyosh harakatiga asoslangan variantida sayyoramiz Yerning quyosh atrofida aylanib chiqish vaqti – tropik yil va uning oylarga hamda kunlarga bo‘linishi hisobga olinadi. Biroq taqvim kunlar va oylar butun sonda bo‘lishini talab qiladi. Tropik yil esa bunga mos kelmaydi. Chunki tropik yilda taqvimga nisbatan ortiqcha soat, minut, hatto sekundlarning minglardan bir hissalarigacha borki, bu holat taqvimni vaqti-vaqti bilan tropik yilga moslashtirib turishga to‘g‘ri keladi. Oy taqvimida bu tafovut yanada katta. Chunki bir oy 29, 53 kunga teng. Islom dunyosi foydalanib kelayotgan oy taqvimining 29 va 30 kunlik qilib butunlab hisoblanishi shundan kelib chiqqan.
Musulmon olami taqvimi oy fazalari asosida shakllangan. Bu taqvim Hijriy-qamariy taqvim deb ataladi. Uning joriy qilinish tarixi xalifa Umar (r.a.) davri bilan bog‘liq. Milodiy 638-yilda, Rasululloh Muhammad (s.a.v.)ning Makkadan Yasribga (Madinaga) hijratlaridan 17 yil o‘tib, musulmon erasi boshi milodiy 622-yilning 17-iyul kuni deb belgilangan. 12 oyning islomiy taqvimdagi muborak nomlari quyidagicha: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabius soniy, Jumodul avval, Jumodus soniy, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja. Islomiy oylarda o‘ziga xos an’anaviy munosabat tarixi ham bor. Masalan, Muharram, Rajab, Zul qa’da, Zul hijja oylarida urush qilish man’ etilgan.
So‘zimizni muxtasar qilib, taqvim haqida aytganlarimiz to‘liq emasligini ta’kidlashni istadik. Zero, taqvim mavzusining chek-u chegarasini aniqlashning o‘zi ham oson emas. Tarixda va hozir amalda yuzlab taqvimlar bor. Taqvim haqida ko‘plab kitoblar ham yaratilgan. Biz esa muhtaram jurnalxonga shu masalada ayrim muhim va qiziqarli ma’lumotlarni taqdim qildik.
Mirsodiq ISOQOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2026-yil 4-son.
“Vaqt falsafasi” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Falsafa
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q