XX asr boshlaridagi o‘zbek milliy matbuotida Julqunboy imzosi bilan bosilgan maqolalarni o‘qigan kishi muallifini darrov anglaydi. Abdulla Qodiriy XX asr yangi o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi, 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisidir.
Bugungi kungacha adabiyotshunoslikda Abdulla Qodiriyga oid tadqiqotlar juda ko‘p qilindi. Uning faoliyati hamda asarlari ko‘plab olimlar tomonidan o‘rganilgan. Hozirgacha Qodiriyga atab qator biografik asarlar va ko‘plab maqolalar mavjud bo‘lsa-da, u haqidagi izlanishlar to‘xtagani yo‘q. Topilgan yangi manbalar Abdulla Qodiriyga oid ma’lumotlarni to‘ldirish bilan birga mavjudlarini asoslab kelmoqda.
Bu jihatdan Abdulla Qodiriy ta’lim olgan muassasalar haqida ma’lumot beruvchi tarixiy manbalar alohida ahamiyatga ega. Adabiyotshunos olimlar Naim Karimov va Bahodir Karimovlar shu mavzuda izlanish olib borib, adibning 1924-1925-yillardagi Moskva ta’limi haqida bir qancha faktlar asosida xulosalarini beradi.
Qodiriyning yaqinlari va zamondoshlari xotiralariga asoslanib yozilishicha, u dastlabki ta’limni mulla Olim, mulla Ziya, Yusufxon kabi domlalardan eski usul maktabida olgan[1]. Eski usulda 2-3 yil ta’lim olgach, oiladagi sharoit bois otasi uni bir boyga yiliga 50 so‘m maosh evaziga xizmatga beradi. Bu boy savdogarning rus tilida yozishni biladigan kishiga ehtiyoji bor edi. Shu sababli u Qodiriyni rus maktabiga yuboradi. Bu esa Abdulla Qodiriyga rus tilini chuqur bilish imkoniyatini yaratdi. Habibulla Qodiriy kitobida bu rus-tuzem maktabi “Samarqand darvoza mahallasida Akrom savdogarning tashqi hovlisida joylashgan bo‘lib, 7-sonli rus-tuzem maktabi” deb atalganligini yozadi [1]. Maktab to‘rt yillik bo‘lgan. U maktabga 1908-yilda kirib, 1912-yilda bitirgan. O‘qish bilan birga boyning uyida xizmatini ham davom ettirdi. Abdulla Qodiriyning keyingi tahsili 1915-yil qish oylarida Beshyog‘ochdagi Abulqosim Shayx madrasasida davom etadi[2]. Darxon mahallasidan bo‘lgan Usmonqori domladan arab tili sarf nahvi va fors tillaridan dars oladi[3]. 1917-1918-yillardagi siyosiy jarayonlar uning hayotiga ham ta’sir ko‘rsatadi[4].
XX asrning 20-yillarida turkistonlik bir guruh iqtidorli yoshlar mamlakatdagi fan, madaniyat, qishloq xo‘jaligi va texnika kabi sohalarning taraqqiy etishi va ushbu sohalarga malakali kadrlar tayyorlash uchun xorij mamlakatlariga yuborila boshlandi. Bu harakat dastlab iqtidorli mahalliy yoshlar tashabbusi bilan tuzilgan “Ko‘mak” nomli jamiyat doirasida amalga oshirildi[5]. Jamiyatning keyingi faoliyati Turkiston Respublikasining Xalq Maorif Komissarligi qoshidagi “Bilim hay’ati” tarkibida davom etib, Turkiston yoshlarining ko‘pchiligi Germaniya, Ozarboyjon va Rossiyaning markaziy shaharlariga o‘qishga yuborildi. Hukumat tarafidan yuborilgan talabalarni dastlab o‘lka hukumati ta’minlab turdi. Bu ta’minotlar respublikadagi turli tashkilotlar tomonidan amalga oshirildi.
Xususan, Germaniyaga o‘qishga yuborilgan 11 nafar talabaning 1923/24-o‘quv yili uchun ta’minotini Xalq xo‘jaligi, ipakchilik, paxtachilik, yer ishlari va maorif komissarliklari o‘z homiyligiga olgan[6]. Talabalarni moddiy mablag‘ bilan ta’minlashda Turkistonda tashkil etilgan Vaqf idoralari ham tashabbus ko‘rsatgan. Bu haqida XX asrning 20-yillarida milliy matbuot sahifalarida yoritilgan. Jumladan: “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1926-yil 17-fevral sonidagi maqolada Ozarboyjon o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan O‘zbekiston talabalarining moddiy taminotiga to‘xtalinib, Samarqanddagi Eski shahar vaqf sho‘basi qaramog‘idagi 30 nafar talabaning 14 tasiga vaqfdan stipendiya ajratilishi haqida ma’lumot beriladi[7].
Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov “Julqunboyning Moskvaga jo‘nashi” nomli maqolasida “Turkiston” gazetasining 1924-yildagi 15-sonida bosilgan “Taqdir etarlik bir ish” deb nomlangan xabar-maqolani keltirib o‘tadi. Unda: “Eski shahar vaqf bo‘linmasi Julqunboyni o‘z ta’minotiga olib, Maskovga o‘qushg‘a yubordi. Jo‘natish oldidan besh oylik maoshini qo‘lig‘a naqd berub, bir oylik mukofot ham berdi. Iqtisodiy idoralarimizning shunday qadr qilib qilg‘on himmatlarig‘a ofarin deymiz va o‘rtog‘imiz Julqunboyg‘a muvaffaqiyat tilab, o‘zi uzoq ketsa ham, qalamining yaqinda turishini umid qilamiz”, deb yoziladi[8]. Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, xorijda ta’lim olgan talabalar Vaqf idoralari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.
Abdulla Qodiriyning 1924-1925-yillardagi Moskvadagi ta’limida vaqfdan yordam olganligini o‘zi yozgan ariza ham tasdiqlaydi. Ushbu ariza O‘zbekiston Milliy arxividagi “Maorif Xalq komissarligi”ga oid 94-fondda saqlanadi. Ariza arab imlosidagi eski o‘zbek yozuvida qalam bilan yozilgan. U 1926-yil 3-sentyabrda Toshkent shahar Beshyog‘och dahasi to‘rtinchi Eshonguzar mahallasida yashovchi Abdulla Qodiriy tomonidan O‘zbekiston Markaziy Ijroqo‘mi (SIKS)ga yozilgan[8]. Unda dastlab muallif 1924-1925-yillarda Toshkend Vaqf sho‘b’asining stipendiyasidan Moskvadagi Valeriy Bryusov nomi bilan ochilgan adabiyot instituti*da tahsilda bo‘lganini keltirib o‘tadi. Bu ma’lumot orqali Qodiriyning ushbu yillarda Moskvadagi ta’limiga Toshkent Vaqf sho‘b’asi homiylik qilgani va qaysi ta’lim dargohida o‘qigani aniqlashadi.
Shuningdek, maktubda u 1926-1927-yillarda Moskvaga borib ta’lim olishi uchun stipendiya oluvchilar tarkibiga qabul qilishlarini so‘ragan. Shu bilan birga, “Oilali bo‘lg‘onim uchun yordamni oliy daraja bilan belgilanishi tinch tahsilimga yo‘l ochar”, deb qo‘shimcha qiladi[8]. Abdulla Qodiriy Maorif Komissarligi tomonidan talabalarga stipendiya berish tartibidan xabardor bo‘lgan. Arxiv hujjatlarida stipendiya oluvchi talabalarning ijtimoiy ahvoli hamda markaziy stipendiya komissiyasi belgilagan tartiblardan kelib chiqib ularga toifa (katigoriya 1, 2.) va avval ishlagani hisobidan malaka darajasi (razryad 17, 15,12,10) ga qarab O‘zbekiston hukumati tomonidan stipendiya ajratilgan [10]. Qodiriy ham ana shu jihatlarni hisobga olgan holda yuqori darajada stipendiya berishlarini so‘rab murojaat qilgan bo‘lishi mumkin.
Qodiriy arizasida keyingi o‘qish davri haqida ham to‘xtaladi va “Arizam qabul qiling‘on taqdirda Maskov maktablarining adabiyot, ijtimoiyot va falsafa sho‘ba’larinda some (tinglovchi – Y.A.) bo‘lub davom etarman”, deb ko‘rsatadi[8]. Arizaga izoh ko‘rinishida uning javobi uchun manzil ko‘rsatgan va unda: “Toshkent davlat nashriyotida. Samadovga, Julqunboyga topshirilsin”, deb yozilgan[8].
Ariza 1926-yil 21-sentyabrda №14531 raqami bilan Markaziy Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatga olingan va siyoh yozuv bilan “Maorif komissarligina tegishli chora ko‘rishi uchun”[8], deb yozilib, imzo qo‘yilgan. Imzoning kimga tegishliligi ko‘rsatilmagan.
Ushbu arizaga bevosita bog‘liq bo‘lgan yana bir hujjat Markaziy Ijroiya qo‘mitasi tomonidan Maorif Xalq komissarligiga yozilgan xatdir. Hujjat yozuv mashinkasida arab imlosidagi eski o‘zbek yozuvida yozilgan. Unda Abdulla Qodiriyning stipendiyaga qabul qilishlarini so‘rab yozgan arizasida O‘zbekiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qosim Xo‘jayevning rezolyutsiyasiga muvofiq tegishli chora ko‘rilishi so‘ralgan. Uning javobidan arizachini ham (ko‘rsatilgan manziliga) xabardor qilish ta’kidlangan[11]. Maorif xalq komissarligiga yuborilgan xatda O‘zbekiston Markaziy Ijrokom Rayosat kotibiyatining o‘rinbosari Ilyos o‘g‘li hamda kotib Rasulzoda tomonidan imzo qo‘yilgan.
Abdulla Qodriyning arizasi markaziy stipendiya komissiyasining 1926-yil 28-oktyabrdagi 2-sonli yig‘ilishida ko‘rilgan. Ushbu yig‘ilish bayonnomasida adibning shaxsiy stipendiya olish uchun yozgan arizasiga “Adabiy asarlari bilan O‘zbekiston uchun ahamiyatli bo‘lgan A.Qodirovning arizasi inobatga olinib markaziy qo‘mitaning kotibiyatiga yuborilsin”, deya qaror qabul qilinadi[11].
Markaziy stipendiya komissiyasining 1926-yil 13-dekabrdagi 6-sonli yig‘ilishida* ko‘rilgan 15 ta masala qatorida Abdulla Qodiriyning arizasi ham ko‘rib chiqiladi. Unga ko‘ra “Markaziy Stipendiya komissiyasining 28-oktyabrda o‘tkazilgan 2-sonli yig‘ilish bayonnomasining 7-bandida ko‘rilgan Qodiriyning murojaati rad etiladi va stipendiya ajratilmaydi[12].
Abdulla Qodiriy keyingi ta’limni davom ettirish uchun Moskvaga keta olmagan. Bu to‘g‘rida Habibulla Qodiriy ikki xil sabab ko‘rsatadi. Birinchi sababi otasining yozganlaridan kelib chiqib, Moskvaga o‘qishga borishidan avval Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti matbuot bo‘limi mudiri bo‘lgan Komiljon Alimov tomonidan olib qolingan. U Qodiriy bilan Moskvada 6 oy birga yashagani va uni yaxshi bilganligini yozadi. Ikkinchisiga esa uy-ro‘zg‘or tashvishlari sabab qilib ko‘rsatadi[13]. O‘sha vaqtda Qodiriyning qaramog‘ida: turmush o‘rtog‘i Rahbar (30 yosh), qizi Nazifa (9 yosh), o‘quvchi o‘g‘li Habibulla (7 yosh), qizi Adiba (3 yosh) va onasi Josiyat bibilar (65 yosh) bor edi[14].
Adibning yuqoridagi arizasiga e’tibor qaratsak, u Moskva talabalariga beriladigan stipendiyani yuqori miqdorda ajratishlarini so‘ragan. Oilasi hamda o‘zining o‘qish davridagi ehtiyojlari uchun yetishini taxmin qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki arxiv hujjatlarining Moskvada ta’lim oluvchi talabalarga oid – arizalarida oila ta’minoti uchun javobgarligi, oilada o‘zidan boshqa ishga yaroqli erkak kishi yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilgan murojaatlar uchraydi[8].
Moskvada o‘qishini davom ettirish uchun Abdulla Qodiriyning bormaganini ushbu hujjatlar tahlili moddiy ta’minotning yo‘qligi hamda oilani tebratish mas’uliyati bilan izohlaydi. Yangi tadqiqotlarda shunday manbalarning o‘rganilishi adib hayot va faoliyatining chalkash, mavhum tomonlarini yoritishda muhim ahamiyatga egadir.
Abduvali YO‘LDASHEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. Qodiriy H. Otam haqida: Xotiralar. To‘ldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 10, 12-betlar.
2. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild T., 2000. 23-bet.
3. Qodriy H. Otam haqida: Xotiralar. To‘ldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 23-33-betlar.
4. Salimxon. Ko‘makning javobi // Turkiston, 1923-yil 29-iyul.
5. O‘z MA 34-fond, 1-ro‘yxat, 1382-ish, 251-varaq.
6. Yo‘ldosh M. Ozorboyjonda O‘zbekiston o‘quvchilari // Qizil O‘zbekiston, 1926-yil 17-fevral.
7. Karim B. Julqunboyning Maskovga jo‘nashi. http://uza.uz/oz/culture/zhul-unboyning-maskovga-zh-nashi-06-09-2019
8. O‘z MA 94-fond, 1-ro‘yxat, 482-ish, 14-varaq.
9. O‘z MA 94-fond, 1-ro‘yxat, 185-ish, 1-varaq.
10. O‘z MA 94-fond, 1-ro‘yxat, 482-ish,13-varaq.
11. O‘z MA 94-fond, 1-ro‘yxat, 482-ish,12-varaq.
12. O‘z MA 94-fond, 1-ro‘yxat, 482-ish, 11-varaq.
13. Qodriy H. Otam haqida: Xotiralar. To‘ldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 52-bet.
14. Qodiriy: iymonim tazyiqi ostida so‘zlayman. //“Yosh leninchi” 1988-yil 4-fevral.
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Falsafa
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q