Toshkentda tugʻilib oʻsib, jadidchilik harakatining ishtirokchilaridan biriga aylangan Sayidali Usmonxoʻja Germaniyaga taʼlim olishga ketgan 70 dan ortiq turkistonlik yoshlar safida edi. U Turkistondagi taʼlim va boshqa sohalar haqida oʻtkir maqolalar yozgan, keyinchalik Turkiyaga ketib, mashhur olimga aylangan.
Sayidali Usmonxoʻja yoshligidayoq oʻz iqtidori bilan jadidlarning eʼtiboriga tushgan. Abdulhamid Choʻlpon “Tabiatga” nomli sheʼri ostiga “Sayidali Xoʻjaga bagʻishlab” deya yozishi shundan darak beradi.
Sayidali Usmonxoʻjaning maqolalari Turkiston milliy matbuotida nashr etib borilgan. Xususan, Toshkentda 1920-yil Abdurauf Fitrat boshchiligida “Tong” jurnali nashr etilgan. Jurnal idorasi Toshkentdagi Buxoro kommunistlar partiyasi boshqarmasi joylashgan 21-uyda edi.
“Miya oʻzgarmaguncha boshqa oʻzgarishlar negiz tutmas” shiori bilan milliy oʻzlikni tiklash yoʻlida faoliyat yuritgan mazkur jurnal ishi, afsuski, mustahkamlanib borayotgan bolsheviklar hukumatiga yoqmagan. Shu bois jurnal uzoq faoliyat yuritmay yopilgan. Ushbu jurnalning 3-sonida “Sayidali” imzosi bilan “Tabiatda bahor” nomli maqola nashr etilgan. Ushbu maqolada muallif majoziy yoʻl bilan Turkiston qaygʻusini ifodalashga harakat qiladi.
Birgina maqolaning kirish qismidagi ushbu satrlardan uning mazmunni anglash mumkin: “Tabiat gullar ila bezanadir, haybat qiladir. Turli chechaklar quyoshgʻa qarab lablarini shodliq bilan jilmayturarlar. Biroq, menim koʻnglimda esa qoʻrqunch, qora bulutlar har nafasda gulduros bilan olov choqnotarlar. Bagʻrimda yongʻon oʻtli yomgʻurlar ikki koʻzimdan ikki vulqon kabi qaynab chiqadir. Meni botiradir, eritadir. Borligʻim; qurqunch buronlar orasinda qolmish, eziladir”.
Usmonxoʻja ushbu maqolasiga 1917-yil 15-aprel sanasini qoʻygan. Bundan bilish mumkinki, uning ijodi shu yillardan boshlangan. Maqola ayni bahor chogʻida yozilish bilan birga undagi oʻxshatishlarda bevosita 1917-yillar Turkistondagi jarayonlar aks etgan. Shu oʻrinda nega Choʻlpon “Tabiatga” sheʼrini “Sayidalixoʻjaga” deb bagʻishlagani ham ayon boʻladi.
Uning yana bir maqolasi “Tabiatdan javob” deb nomlanib, maqola soʻngiga 1918-yil sanasi yozilgan. Sayidalining ushbu maqolasi 1922-yili Toshkentda nashr etilgan “Armugʻon” jurnalining 8-aprel sonida bosilgan. Uning maqolalari ziyolilar tomonidan eʼtirof etilgan holda milliy matbuotda muntazam bosib borilgan.
Ushbu maqolasida ham muallif tabiat manzarasi va undagi oʻzgarishlar orqali Turkistonning sovet mustamlakasi ostidagi koʻrinishini ifodalab berishga harakat qilgan.
Jumladan: “Olam bir ravishda tursa sen zerikasan deb men vaqtni ham 4 palla ila almashtirib turdim. Yoz kunlari quyoshning oltin tusli shuʼlasi senga qanday naʼshalar, pishgan mevalar qanday lazzat berar. Kuz kunlari hammaning tusi sargʻayib, yigʻi ila koʻk koʻz yoshlarini toʻkadir. Bu ham senga taʼsir qilmaydirmi? Sen oʻzing ila qoʻshilib yigʻlaydirgan bir yoʻldosh, bir gʻamdosh topasan. U ila qoʻshilib yigʻlaganda koʻnglingdagi gʻam yuklari ketib yengillanasan. Qish kunlari hamma qor toyib oqaradir. Qor iliq sovugʻi joning tomir-tomirlarida yuradir. Ammo, bu keksayishdan yer oʻlmaydir. Yoshlikning qaytishiga bu bir ibrat. Ammo, odam bolalari keksayganidan soʻng yoshlikka qayta olmaylar, oʻladirlar. Buning sababi faqat oʻzlarida. Men tiriklikni berdim, oʻlimni bermadim. Bahor kunlari bu yosh olam sizni nafaqat koʻnglingizni ochar va xushlantiradir”.
Toshkentda nashr etilgan “Qizil bayroq” gazetasida uning “Sanoyi nafisamiz oʻldi” nomli maqolasi nashr etiladi. Ushbu maqola Sharq madaniyati va Turkiston sanʼatining qanchalik ulugʻvorligini, odamlarning unga munosabatini koʻrsatib bergan. Meʼmorchilik, rassomlik, musiqa va raqs sanʼati betakror ekanligiga alohida urgʻu berilgan.
Xususan, rassomchilik haqida toʻxtalar ekan: “Rassomlikda Turkiston oʻzining buyuk isteʼdodini koʻrsatdi. Jonlik narsalarning rasmini soluv yomon deganlaridan soʻng uning oʻrnida boʻlgan kuchini hech qayerga sigʻdira olmay har turli goʻzal hech kim koʻrmagan va eshitmagan ogʻochlar, boshsiz jonivorlar yaratdi (shunday boʻlsa qiyomat kuni jon soʻralmaydir).
Bu gilam, palak, choyshab, qiyiq va doʻppilardagi gullar, rasmlar koʻp vaqt Ovruponing eng buyuk rassomlarini hayrat barmoqlarini tishlatmakka majbur etdi. Bu goʻzal olaquroq choponlardagi quyosh nuri kabi ranglar kimlarning koʻzini rohat bilan allalamaydi? Shoirona yoqdan Turkistonda yetishgan ul goʻzal chechaklar toʻgʻrisida men endi koʻp soʻzlamay”, deya yozadi yosh olim.
Musiqa va raqs sanʼati haqida esa: “Hozir Buxorodan topilgan asarlarimiz bizda qanday musiqashunoslar va musiqiy shoirlar (bastakorlar) yetishgan ekanligini koʻrsatadi. Baʼzi bizda topilgan musiqiy tovushlar Ovrupoda yoʻq ekan. Dugoh hozir endi Yevropada yetishgan musiqaga boʻlgan qarashlar bizda ilgari boʻlgan ekanligini koʻrsatadi. Bizlarning u buyuk musiqiy shoirlarimiz odamning soʻzini oʻksik (noqis) ekanligini anglab, butun miyadagi, koʻngildagi tilaklarni soʻz bilan aytib boʻlmasligini, koʻngilda boʻlgan u nozli o‘yunlarni, dardlarni yolgʻiz cholgʻu (musiqiy) orqali dunyogʻa-toshqorigʻa chiqaruv, yolgʻiz musiqiy kuylar bilangina boʻlaturgʻon ekanligin tushunganlarini Dugoh kabi bir musiqa (opera) bilan dunyoga bildirganlar. Bizda musiqiyga tushunuv naqadar buyuk ekanligini mana shu qisqagina chiroylik legenda koʻrsatadir....
Bizdagi oʻyun(raqs)ning chiroyliligi har bir koʻrganga ochiq belgili boʻladir. Har holda bir-biriga oʻxshamagan u tana harakatlarining chiroyliligiga har kim xushtor boʻladir. Xalq oʻyunlariga toza koʻngil bilan qaraydir. Oʻyun vaqtidagi oʻyunchining tekkan narsasi xalq uchun avliyoning sarqiti kabi tabarruk boʻlur”, deb yozadi.
Sayidalida vatanparvarlik ruhiyati kuchli ekanligi maqolalarida ham seziladi. U oʻzbek xalqining milliy sanʼatini koʻklarga koʻtarish barobarida, undagi muammolarga ham eʼtibor qaratadi. Tarixiy meʼmoriy yodgorliklardagi bezaklar, gʻishtlarni buzib chet elliklarga sotuvchi, “naqshfurushlik”ni kasb qilgan kishilarning ishlaridan noliydi. Oʻzi yashab turgan davrda Yevropa kiyim-kechaklari, milliy ramzlarimiz, yaʼni qiyiqcha, choʻpon, doʻppilarni siqib chiqarayotganini achinish bilan tilga oladi.
Oktyabr voqealaridan keyingi musiqa sanʼatiga toʻxtalar ekan, bolsheviklar hukumati davrida tashkil etilgan konservatoriya haqida toʻxtalib oʻtadi. Yevropa musiqasining Turkistonda oʻrgatilishiga oʻz fikrini bildirib: “Agar bular Ovrupo musiqasiga oʻrganib oʻzlarinikidan xabarsiz qolsalar ul vaqt bizning musiqiy tovushlar ularga yanglish koʻrinib, u vaqt ular Turkiston musiqasini ilgariga olib bora olmaslar”, deb yozadi.
U Turkistonga kirib kelayotgan yangiliklarga qarshi boʻlmagan, faqat milliy sanʼat yoʻqolib ketishi kerak emas, aksincha, “Tokim biz ham madaniyat boyligiga oʻzimiznikini olib borib qoʻshaylik”, degan gʻoyani ilgari surgan.
Hattoki Sayidali Usmonxoʻja oʻz maqolalaridan birida rus musiqachilarining yetakchi namoyandalaridan Mironov, Uspenskiy haqida toʻxtalib, oʻzbek sanʼatini oʻrganish, tadqiq etish masalalariga eʼtibor qaratgan. Uspenskiy haqida: “... bu kishi Turkiston musiqasining majnuni. Uspenskiy fransuzlar ruhida musiqa yoza olaturg‘an musiqiy shoiri (kompozitor) boʻlsa ham Turkiston musiqiysi uchun mana shu isteʼdodini yoʻqotdi”, deb yozgan edi . Chunonchi, Uspenskiy 1918-yildan boshlab Toshkentda yashab, Turkiston boʻylab sayohatlar tashkil qilgan va oʻlka musiqasi hamda notalarini oʻrgangan. 1923-yili Buxoro Shashmaqomini yozib olib, 1924-yilda nashr ettirgan.
Abduvali Yoʻldashev
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Falsafa
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q