Amir Temur koʻp yillik jang-u jadallarda qoʻlga kiritilgan Turonni yanada kuchaytirish, tartib oʻrnatish uchun Chigʻatoy avlodlaridan Suyurgʻatmishxon (1370–1388), soʻngra uning oʻgʻli Mahmudxon (1388–1402) “boshqaruvi”iga yuzlanadi. Natijada u birgina Turon – Turkistonda emas, unga qoʻshni Oltoy-u Kungay Sibir, Dashti Qipchoq, Qora dengiz boʻylari, Eron va Yaqin Sharq, Kashmir-u Kobul tegralarida 150-yildan beri davom etib kelayotgan turk-moʻgʻul negizli chingiziylar boshqaruvidan yaxshi xabardor boʻlgani, siyosiy muhit talablaridan kelib chiqqan holda ish yuritgani uchun hokimiyatini yanada kuchaytirishga erishadi.
Shu oʻrinda savol tugʻilishi tabiiy: “Amir Temurdek buyuk qoʻmondon chingiziylar boshqaruvini tugatib, oʻzini Turon va tegralarining bosh hukmdori deb eʼlon qilib qoʻya qolsa boʻlmasmidi, nega u boshqaruvda Chingizxondan foydalandi?” Ha, bir qarashda u shunday qilsa boʻlardi, biroq bunday deb oʻylash oʻsha kezlardagi muhitni bilmaslik, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni oddiy, joʻn tushunish, tushuntirish boʻlib qoladi. Deyarli oʻn ming chaqirimlik joʻgʻrofiy kengliklarda ming yillardir yashab kelayotgan, turli tillarda soʻzlashib kelayotgan el-uluslar boshini bir bayroq ostida birlashtirish faqatgina yuz minglab qoʻshinlarga ega boʻlgan xon-u xoqonlarga nasib qilgan. Ming yillar kesimida taxtga kelib-ketgan yuzlab hukmdorlar orasida bir nechasigina bu baxtga erishgan edi: miloddan oldingi chogʻlarda Xunlarda Maodun shanyuy (Bahodur yabgʻu), Attila, Kushonlarda Kanishka, Turk xoqonligida Bumin xoqon va Istami yabgʻu, Bilga xoqon, Somoniylarda Ismoil Somoniy, Qoraxoniylarda Sotuq Boʻgʻraxon, Gʻaznaviylarda Sulton Mahmud, Saljuqiylarda Alparslon, Sulton Sanjar, Xorazmshoh-Anushteginiylarda Alouddin Tekish, Jaloliddin Manguberdi va boshqalar.
Ushbu sulolalar boshqaruvchilari bir-biridan farqli elatlar boshini biriktirib, davlat jilovini qoʻlda tutib turish uchun koʻplab yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqqan, turli mafkuraviy usullardan foydalanishgan. Masalan, ulardan biri kelib chiqishi bilan bogʻliq “hokimiyat asosini yaratish” boʻlib, Turon ellarida taxtga kelgan yangi xon-u xoqonlar “Tangri tomonidan berilgan hokimiyat”ni boshqarishga faqatgina uning xonadoni haqli ekanini, “Tangri tomonidan yorlaqalanganliklari”ni tushuntirib berishlari, el-ulus esa buni qabul qilishi kerak edi. Shu yoʻsinda Yevrosiyo kengliklaridagi barcha urugʻlar yangi hokimiyatni tan olishar, ularning “Tangri bergan qut (hokimiyat)”ga ega kishilar ekaniga ishonib, oʻz kelajagini “xoqon” mansub boʻlgan urugʻ vakillariga topshirib, ular bilan birga uzoq oʻlkalarni egallash uchun otlanishar, bu yoʻlda jamiyatning qoʻliga qurol olishga qodir erkaklarigina emas, butun urugʻdoshlari qoʻshilar edilar. Bir soʻz bilan aytganda, “qoʻlga kiritilgan oʻlkalar nechogʻlik keng boʻlsa, xoqon va uning xonadoniga boʻlgan ishonch shunchalar teran” boʻlardi.
Turonda ming yillar kesimida oʻnlab sulolalar, yuzlab hukmdorlar oʻtgan boʻlsa-da, ular orasida bir necha urugʻ vakillari, toʻgʻrirogʻi, bir necha xonadon oʻz hokimiyati “qutlugʻ” (Tangridan berilgan)ligiga ishontira olgan: Xunlar – Ashina turklari – Chingiziylar. Xun shanyuylari boshqaruvi 500-yilcha yashagani, Turk xoqonligida Ashina xonadoni undan ham koʻproq – 552-yildan 1212-yilgacha choʻzilgani (Qoraxoniylar), Chingiziylar boshqaruvi esa 1206-yildan 1783-yilgacha davom etgani (Qrim xonligi) ushbu xonadonlar boshqaruvi “qutlangan” ekani bilan bogʻliq qarashlarning nechogʻlik chuqur ildiz otganini koʻrsatadi. Ular orasida soʻnggisi – Chingizxon xonadoni boshqaruvi shunday xarakterda ekaniga boʻlgan ishonch birgina Turonda emas, uning tegrasidagi oʻnlab oʻlkalarda davom etdi. Boshqaruvining Tangridan berilganiga urgʻu bergan xonadon “Tangri yarlaqagan hokimiyat”ni ham soʻzda, ham amalda koʻrsatib bera oldi, bir-biridan kuchli oʻnlab “porloq shaxslar” – Joʻchi, Tuli, Botu, Hulogu (Elxon), Qubilay, Oʻzbekxon va yana oʻnlab xoqonlar oradan bir necha yuz yillar oʻtishiga qaramasdan, ulkan saltanat bayrogʻini tik tutib tura oldi. Bu esa turk-moʻgʻul el-uluslari orasida “xon” boʻlishga Chingiziylargina haqli ekani toʻgʻrisidagi qarashlar qattiq oʻrnashib qolishiga olib keldi.
Ana shunday bir ijtimoiy-siyosiy muhitda Amir Temurning oʻrtaga chiqishi oʻz-oʻzidan boʻlmadi, faqatgina yuksak strategiyasi tufayli u oʻz hokimiyatini, davlat va davlatchilik bilan bogʻliq tushunchalarni birmuncha oʻzgartira oldi, turli el-uluslar ongida “Tangridan berilgan qut (hokimiyat)” boʻyicha mavjud koʻzqarashlarda “ikkilanishlar”ga boshlanma berdi. Shunda ham u birdaniga oʻzini “bosh boshqaruvchi” – “xon yoki xoqon” deb emas, “xonlar buyrugʻini bajaruvchi” – “amir” deb eʼlon qildi: Amir Temur. Turk-musulmon boshqaruv anʼanasiga koʻra, “amir – ish boshqaruvchi, hukmdorning buyruqlarini bajaruvchi”, eski turk davlatchilik anʼanalariga koʻra esa “bek” edi. Aslida Turk xoqonligi boshqaruvi chogʻida “bek” – hukumatning eng yuqori mansab egalarini bildiruvchi unvon boʻlib, “yuksak maqomdagi amaldor” anglamidagi bu atama oʻrni kelganda xoqon uchun ham, qoʻshin boshliqlari, vazirlar, davlat kengashchilari uchun ham ishlatilar edi. Qoraxoniylar-u Chigʻatoylar boshqaruvida ham ilk anglamini saqlab qolgan bu soʻz Temuriylar chogʻida yanada keng qoʻllanilgani, Turk xoqonligi boshqaruvidagi kabi bosh hukmdor uchun ham ishlatila boshlangani koʻzga tashlanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk bobosini “Boburnoma”da deyarli barcha oʻrinlarda “Temurbek” deb tilga olgani buning yorqin oʻrnagidir. Shu bilan birga, Amir Temur oʻzi bostirgan kumush tangalarda koʻpincha “Amir Temur Koʻragon” deb yozdirgani kuzatiladi. Bu holat uning nabirasi Mirzo Ulugʻbek tomonidan chiqarilgan tangalarda ham uchraydi. Quyida bu toʻgʻrida biroz toʻxtalib oʻtamiz:
Amir Temur Chigʻatoy sulolasining soʻnggi vakillari otidan tanga chiqarib, ulardan “yorliq olgan” anglamida “Suyurgʻatmishxon yorligʻi”, “Sulton Mahmudxon yorligʻi” degan soʻzlarga urgʻu bergan edi. 1402-yili Mahmudxon vafot etgach, Amir Temur boshqa xon saqlamay, oʻsha Mahmudxon nomidan tanga bostirishni davom ettiradi. Tangalarning old yuzasiga (La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh) degan iymon keltirish kalimasini, toʻrt burchagiga esa toʻrt xalifa — Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali otini yozdiradi. Tanganing orqa yuzasiga
(Suyurgʻatmishxon yorligʻi Amir Temur Koʻragon akmonu) deb yozilar edi [Savelyev 1885: 159: Toʻxtiyev 2006: 43]. 1386-yilda zarb qilingan kumush “miri”larda ham Suyurgʻatmishxon va Amir Temur nomi bitilgan. Sulton Mahmudxon va Amir Temur nomidan zarb qilingan kumush tanga va mirilarning oldi tomoniga
(La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh), tangalarning orqa yuzasiga
(Sulton Mahmudxon yorligʻi Amir Temur Koʻragon akmanu) deb yozilgan [Toʻxtiyev 2006: 43]. “Bizning soʻzimiz” anglamidagi moʻgʻulcha “akmanu” oʻrnida turkcha
“soʻzim” iborasi yozilgan holatlar uchrab, ular quyidagicha edi:
(as-Sulton Mahmud... Amir Temur Koʻragon soʻzi/m/ xaldolloh mulikixu, zarb Basra) [Toʻxtiyev 2006: 45].
Bu ibora Mirzo Ulugʻbek (1409–1449) tangalarida quyidagicha koʻrinishda uchraydi: – Temur Koʻragon immatidin Ulugʻbek Koʻragon soʻzim. Zarbi Samarqand, 853 [Toʻxtiyev 2006: 64].
Quyidagi tangalar yozuvlaridan ham anglashilishicha, Amir Temur va Mirzo Ulugʻbek tangalarida “yarligʻi”, “soʻzim” kabi eski turk sulolalari ish yuritishiga tegishli hujjatlarda koʻp uchraydigan soʻzlarning oʻrin olishi bir tomondan Temuriylarning davlat boshqaruvida Chingizxon yasogʻiga tayanilishi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchidan, har ikkalasining eski turk toʻra-tuzuklariga ayricha ahamiyat berganliklarini koʻrsatadi (qarang. 1–2 tangalar).
1-tanga
“Yarliq” (yorliq) va “soʻzim” toʻgʻridan-toʻgʻri eski turk davlatchilik tizimiga tegishli soʻzlar boʻlib, ulardan birinchisi Uygʻur xoqonligi tangalarida va Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”ida aynan turk xon va xoqonlari bilan bogʻliq tilga olingan boʻlsa, ikkinchisi ilk bor VIII yuzyillik boshlariga tegishli Mugʻ togʻi sugʻd hujjatlarida swzwn “soʻzin” (soʻzi bilan) koʻrinishida uchrab, izlanuvchilar bu soʻzni sugʻdchaga turkchadan oʻzlashgan deb qaraydilar [Livshis 1962: 29].
2-tanga
Negizida eski turkcha “yarlыqa – (Tangri tomonidan) yorliqlanmoq, yorlaqlanmoq, qoʻllab-qoʻltiqlanmoq” feʼli yotaditgan “yarliq” soʻzi ilk bor shu anglamlarda VIII yuzyillikning ilk oʻnyilliklariga tegishli Oʻrxun bitiktoshlarida uchrab, Temuriylargacha boʻlgan deyarli barcha turkiy sulolalarga tegishli huquqiy va diplomatik hujjatlari boshlamasida oʻrin olgani koʻzga tashlanadi. Biroq koʻplab turk-islom sulolalaridan farqli Amir Temur tangalarida “(xonning) buyrugʻi” anglamida “yarligʻi” koʻrinishida uchrashi bu soʻzning Sohibqiron boshqaruvi chogʻida yanada kengroq maʼnoda ishlatilganini koʻrsatadi. XI yuzyillikda Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida “yarlыq – xoqonning xati, farmoni (chigilcha). Buni oʻgʻuzlar bilmaydilar” deb ochiqlangan bu soʻz yuqorida oʻrnak keltirib oʻtilganidek, ilk bor Uygʻur xoqonligi tangalarida uchrab, oradan toʻrt yuz yilcha oʻtib, Amir Temur tangalarida oʻrin olishining negizida qanday tarixiy voqeliklar yotishini aniqlash kerak boʻladi [qar. Koshgʻariy 1963, III: 49].
Temurgacha Turon – Markaziy Osiyo turk-musulmon tangalarida deyarli uchramaydigan “yarliq” soʻzi Chingiziy Juchi avlodlari tomonidan boshqarilgan Oltin Oʻrda davlatida – Dashti Qipchoq va unga qoʻshni oʻlkalarda bostirilgan tangalarda uchrashi eski turk davlatchilik anʼanasining ushbu davlat boshqaruvida ancha chuqur yoyilgani bilan bogʻliq edi.
Chingiziylar chogʻida ish yuritish, yozishmalar olib borish, buyruqlar chiqarish, yorliqlar berish kabi davlat boshqaruvi bilan bogʻliq yumushlar turk tilining chigʻatoy tarmogʻida olib borilar edi. Ilk chingiziylar – Juchi, Botu boshqaruvi yillarida bu kabi yumushlar koʻproq turk va moʻgʻul tillarida olib borilgan boʻlsa-da, oradan koʻp oʻtmay, Juchining oʻn uchinchi oʻgʻli Tuqay Temur (1242-1262) boshqaruvi davrida zarb qilingan tangalarda arab yozuvida “yarmaq”, “oʻn olti dangi”, “qutlugʻ boʻlsin”, “qama boʻlsun” (yorugʻ boʻlsin), “qirq sakiz bir yarmaq” soʻzlari uchray boshlashi diqqatni oʻziga tortadi. Toʻgʻri, Oltin Oʻrdaning moʻgʻul tilli tangalarida moʻgʻulcha yozuvda “doʻchin nayman nigen yarmaq” (qirq sakkiz – bir yarmaq), “nered un pul inu” (atalgan pul) soʻzlari ham uchrasa-da, ular turk tilida zarb qilingan tangalarga qaraganda birmuncha oz chiqarilgan[Sidorenko 2023: 464, 471].
Chingiziylar hokimiyatining keng oʻlkalarga yoyilishi Yevrosiyoning ilk saltanati – Turk xoqonligiga “taqlid” boʻlib, buni Chingizxon va oʻgʻillari boshqaruvi chogʻida yoʻlga qoʻyilgan koʻplab yoʻriqlar koʻrsatib turibdi: Ashina turklari bilan bogʻliq tarixiy xotiralarda davom etgan “ulkan chegaralar”ning yanada kengayishi, oʻzlarini “Koʻk-turklar” degan Ashina xonadoni singari Qiyot urugʻining Boʻr-chigin (eski turkcha “Boʻri-tegin”, “boʻri tegi, boʻri avlodlari”) tarmogʻi oʻzlarini “Koʻka-moʻngʻul” deb yuritganliklari, oʻz boshqaruvchilarini “qagʻan”, “qaan” deb ataganliklari, “koʻragonlik (xon kuyovi) tizimi” va boshqalar.
Endi, Amir Temurning chingiziylar xonadoni kuyov – koʻragon boʻlgani masalasi bilan tanishib chiqsak. Oltoy til oilasi tarmoqlari orasida eski turkcha “kudagu”, moʻgʻulchada “koʻragan” soʻzlari yotuvchi, har ikkala soʻzning negizi bitta edi: “kuzatmoq, boqmoq”. Bu tizim aslida Turk xoqonligi chogʻida, chamasi, undan ham oldinroq turk-moʻgʻul boshqaruvlarida yuzaga kelgan. Eng koʻp bilgilar Turk xoqonligi bilan bogʻliq yozma manbalarda uchrashidan kelib chiqib, “kuyov (koʻragon)lik tizimi” xoqonlik chogʻida yoʻlga qoʻyilgan, yo boʻlmasa, yanada tizimlashtirilgan edi, degan qarashni kuchaytiradi. Ashina xonadonidan chiqqan xoqonlar Qora dengizdan Uzoq Sharqqacha, Kungay Sibirdan Shimoliy Hindistongacha boshqaruvini oʻrnatarkan, yerli sulolalar hokimiyatini saqlab qolib, ularga qiz berib, kuyov qilish orqali joylardagi nazoratni kuchaytirar, xoqon qizlari “xotun” (malika) unvoni bilan turklar boshqaruvining yanada berk (mustahkam) saqlanishiga ulush qoʻshar edi. Boshqa tomondan yirik koʻchmanchi urugʻlar bilan quda-andachilikni yoʻlga qoʻygan xoqonlar “quda urugʻlar birdamligi” orqali qoʻshinlari sonini orttirib, uzoq oʻlkalarni qoʻlga kiritgan, ular ustidan boshqaruv oʻrnatgan edi. Ayniqsa, oʻzining tayanch yerlari – “davlat ulusi” va quda urugʻlar – “qanotlar boshqaruvi” tizimini yoʻlga qoʻygan Turk xoqonligi kunchiqarda – Oʻrxun vodiysi(Moʻgʻuliston)da, kunbotarda – Yettisuv va tegralarida qoʻshinini saqlab, oʻrni kelganda shu yerlardan turib, chegarasini qoʻriqlab, koʻtarilgan qoʻzgʻolonlarni bostirish uchun qoʻshinlar joʻnatgan edi.
Bu tizim aslida yangilik boʻlmay, ilk bor Xun imperiyasi davrida yoʻlga qoʻyilgan va undan keyin Turk xoqonligigacha yashab oʻtgan bir qator koʻchmanchi asosli davlatlarda u yoki bu darajada davom etib‚ nihoyat xoqonlikda oʻzlashgandi [Mori 2004: 80–81]. Xoqonlikning boshqaruv tizimida yoʻlga qoʻyilgan eng maqbul usullardan biri – hukmdor sulola mansub boʻlgan urugʻ bilan birorta yetakchi urugʻ orasida nikoh aloqalari yoʻlga qoʻyilib, hokimiyatni boshqarishda ularning kuchiga tayanilardi. Bunda ahdlashuvga koʻra, hokimiyatning xavfsizligini taʼminlashda xotun urugʻi faol qatnashardi. Markaziy Osiyo koʻchmanchi davlatlarida qadimdan uzoq vaqt davom etgan bu anʼanani izlanuvchilar “quda urugʻlar”, “urugʻ qudachiligi” yoki “koʻragonlik tizimi” deb atashadi. Kelishuvga koʻra, qiz bergan urugʻ hokimiyatni boshqarishda faol qatnashib, yuqori amal va mansablarga ega boʻladi. Xoqonning boshqa urugʻlardan koʻplab xotinlari boʻlishi bilan birgalikda, bosh xotun doimo “anʼanaviy quda urugʻ”dan boʻlar, uning farzandi bosh merosxoʻr oʻlaroq bilinardi. Turk xoqonligida, ayniqsa, II Sharqiy Turk xoqonligi davrida xoqon mansub Ashina va xotun mansub Ashida qabilalari orasida shunday “qudachilik” anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib‚ har ikkala qabila vakillari hokimiyatni birgalikda boshqarishgan. Yaʼni “hamhukmronlik” tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Ushbu anʼana Turk xoqonligidan keyingi turkiy davlatlardan tashqari, moʻgʻullarda ham davom etgani maʼlum. Jumladan, Uygʻur xoqonligi (744840) davrida xoqonlar turkiy Yagʻlaqar urugʻidan, xotunlar esa Adiz urugʻidan boʻlishgan. Chingizxon va uning avlodlari davrida esa turk-moʻgʻul aslli Qiyot va Qoʻngʻirot urugʻlari orasida “qudachilik” yoʻlga qoʻyilgan [Torlanbayeva 2004: 29-30].
Nikoh munosabatlari orqali vassallarni boshqarish
Turk xoqonligi va unga tobe hukmdorliklar, yaʼni 560-yillardan boshlab xoqonlik tarkibiga kirgan, biroq oʻzining anʼanaviy ichki boshqaruvini saqlab qolgan voha davlatlari orasida ham nikoh munosabatlari yoʻlga qoʻyilgan edi. Xususan, xoqonlik vassallaridan biri boʻlmish Samarqand hukmdorligi boshqaruvchilaridan ikki nafarining Gʻarbiy turk xoqonlarining qizlariga uylangani xitoy yilnomalarida tilga olinadi. “Bey shi” va “Suy shu”da Kan (Samarqand) hukmdorlaridan Shifubining xotini turk xoqoni Dadu (Tardu; 576–603) xoqonning qizi ekani aytilsa, “Tan shu” yilnomasida yana bir Samarqand hukmdori Kyuymuchjining Suy sulolasi (581–618) chogʻida Gʻarbiy turk xoqoni Shexu kexan (Yabgʻu-xoqon)ning qiziga uylangani eslatilib, «u shu vaqtdan eʼtiboran turklarga boʻysundi» deya urgʻulanadi [Bichurin 1950, II: 311; Chavannes 2007: 305].
Izlanuvchilar ushbu Yabgʻu-xoqonni mashhur Gʻarbiy turk xoqoni Tun yabgʻu-xoqon bilan tenglashtirishadi. Shuningdek, VI–VII asrlarga taalluqli Sugʻd (Samarqand) tangalari orasida qoʻshaloq portretli – hukmdor va malika tasvirli tangalar uchraydiki, chamasi, ular yerli boshqaruvchi va uning xotini – turk xoqonining qizi nomidan bostirilgan [Babayar 2007: 33, 162-164]. Ayniqsa, ushbu tangalarning orqa tomonida turkiy xʼttwn – “xotun” unvonining uchrashi diqqatni oʻziga tortadi.
Bu kabi misollarni xoqonlik va Sosoniylar Eroni orasidagi tortishuvli boʻlgan‚ bir sira xoqonlik tarkibiga kirgan Marv hukmdorligida ham koʻrish mumkin. Arab tarixchisi Dinovariy keltirgan bilgilardan VII yuzyillik oʻrtalarida Marv hukmdori Mahuya turk xoqonining kuyovi boʻlgani va xoqonlikka boʻysungani anglashiladi. 650-yilda soʻnggi Sosoniy shohi Marvga sigʻingan paytida Mahuya uni shaharga kiritmaslik uchun turk xoqoniga yuzlanishi ham uning boʻysunganini koʻrsatadi.
Oʻrxun bitiktoshlarida ham nikoh munosabatlari bilan bogʻliq bir qator bilgilar bor. Kul Tegin bitiktoshida xoqonlikka boʻysunuvchi qirgʻizlar hukmdori toʻgʻrisida soʻz borganda quyidagicha yoziladi: “Bars bek edi. Xoqon [deb] bunda biz unvon berdik. Singlim xoqonzodani berdik”. 735-yilda oʻrnatilgan Bilga xoqon bitiktoshida esa xoqonlikka boʻysungan turgashlar bilan yoʻlga qoʻyilgan nikoh toʻgʻrisida quyidagicha maʼlumotlar uchraydi: “Men Turgash xoqonga qizimni . . . benihoya ulugʻ marosim bilan uzatdim. Turgash xoqonning qizini benihoya ulugʻ marosim bilan oʻgʻlimga olib berdim”.
Xoqonlarning vassallarga qiz berib‚ ularni tobe qilish anʼanasi negizida muayyan bir tizim yotadi. Buning yorqin oʻrnagini Chingizxon imperiyasi misolida koʻrish mumkin. Yuqorida aytib oʻtilganidek, Chingiziy sulolalar vassal hukmdorlarga qizlarini uzatish orqali koʻragon‚ yaʼni kuyov qilib olib‚ ularga maxsus imtiyozlar bergan. Moʻgʻullardagi bu anʼanani izlanuvchilar “koʻragonlik tizimi” deb atashadi.
Xoqonlikdagi mazkur anʼanalarni ham ushbu tizim bilan bilan bogʻliq deyish mumkin. Xoqonlar shu tariqa qoʻl ostidagi hukmdorlarga goʻyo Ashina xonadoni “aʼzosi”ga aylanish va baʼzi “imtiyoz”larni qoʻlga kiritish imkoniyatini yaratgan. Biroq “imtiyoz”i koʻshin boshligʻi va hokazo kabi markaziy boshqaruvda qatnashishdan iborat boʻlgan Chingiziylardan farqli holda‚ xoqonlikda “koʻragon”lar oʻz mahalliy boshqaruvlarida qolgan. Yaʼni ular xoqonlikning markaziy boshqaruvida ishtirok etmagan. Boisi‚ vassallar masalasida xoqonlik va Chingizxon imperiyasi mohiyatan farq qilgan: Ashina xonadoni egallangan hududlarda voha hukmdorliklarining mahalliy boshqaruvchilarni oʻz oʻrnida qoldirgan va keyinchalik ularni kuyov – “koʻragon” qilgan‚ moʻgʻullar esa qizlarini, asosan, boʻysundirilgan koʻchmanchi urugʻ va qabila boshliqlariga berish orqali bu tizimni joriy qilgan. Toʻgʻri‚ Chingizxon qizini Turfon Uygʻur davlatining idiqut unvonli hukmdori Barchuqqa uzatarkan, kuyovini oʻgʻli sifatida koʻrishini taʼkidlab‚ uning mahalliy boshqaruvda davom etishini taʼminlaganiga doir bilgi uchraydi [İzgi 2000: 30]. Shu bilan birga‚ Barchuq idiqut oʻz qoʻshini bilan moʻgʻullarga qoʻshilib‚ ularning gʻarbiy oʻlkalarni istilo qilishida ishtirok etgani ham maʼlum. Faqat bu holat istisno boʻlib‚ moʻgʻullar odatda vohalardagi mahalliy sulolalarga barham berib‚ boshqaruvga oʻz xonadon mansublari yoki hamkor urugʻ vakillarini tayinlashgan. Chingiz xonadoni oʻz qizlarini koʻpincha yetakchi turkmoʻgʻul urugʻ vakillari – amirlarga turmushga uzatgan va ular xonadonning yaqin aʼzosi oʻlaroq bilinib, davlat boshqaruvida qatnashgan.
Qisqasi, Amir Temur va Mirzo Ulugʻbek tangalarida ularning ismiga “koʻragon” (kuyov) soʻzining qoʻshilib kelishi eski turk-moʻgʻul davlatchilik anʼanalari bilan bogʻliq boʻlib, Chingiziylar chogʻida takomillashtirilgan bu tizim aslida ilk bor Turk
xoqonligi boshqaruvi chogʻida, balki undan-da oldinroq yoʻlga qoʻyilgan anʼana edi. Bu tizim ming yillar boʻyi Yevrosiyodagi ulkan dasht ellarining tinch-totuvligini saqlash, davlat boshqaruvini yuksaltirishga xizmat qilgan yoʻl-yoʻriq sifatida tarixda qoldi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor
Tarix
San’at
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q