18-dekabr kuni, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda oliygoh talabalari, oʻquvchilar, oʻz sohasida muvaffaqiyatga erishgan, shuningdek vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda oʻtdi. Asosiy mavzu hozirgi kunda insonlar hayotida muhim oʻrin egallayotgan sunʼiy intellekt (AI) boʻldi. Markaz rahbari ushbu texnologiya “moʻjiza”sidan milliy qadriyat va anʼanalarimiz doirasida foydalanish mumkinligi, uni tanqid qilish hech qanday maʼno kasb etmasligi, balki bu sohani oʻrganib, uning kuchini ijobiy maqsadlar yoʻlida sarflash lozimligini taʼkidladi.
“Sunʼiy intellekt – bu oʻtkir pichoq. Mohir oshpaz undan ajoyib taom tayyorlashda foydalanadi, oʻgʻri esa talonchilikda. Biz ham AIʼdan aqlimizni sayqallashda, sohalarni rivojlantirishda foydalanishimiz lozim”, dedi Markaz rahbari.
Shundan soʻng, Markaz tomonidan sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan media mahsulotlar namoyish etildi.