Vatan bordir vatandan tashqarida – Bobolar izidan… Oltoyga


Saqlash
16:09 / 02.08.2024 685 0

Shu yilning 5-17-iyul kunlari bir guruh oʻzbek olimlari, shoir, yozuvchi va jurnalistlaridan iborat ilmiy-ijodiy ekspeditsiya Toshkent, Oʻtror, Chimkent, Taroz, Olmaota, Semey, Barnaul, Gorno-Altaysk, Ust-Kan, Krasnoyarsk, Abakanda boʻlib qaytdi. “Bobolar izidan…” deb nomlangan ekspeditsiya safida “XXI asr” gazetasi maxsus muxbiri Farrux Jabborov ham bor edi. Oʻn ikki kunlik safar taassurotlaridan bir shingil ilindik. 

 

2024-yil 5-iyul. “Bobolar izidan…” ilmiy-ijodiy ekspeditsiyasi Oltoyga qarab yoʻlga chiqdi. Tongda Oʻzbekistonning Gʻishtkoʻprik va Qozogʻistonning Jibek joli chegara postidan oʻtdik. Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Boʻronov, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktorlari Bahrom Irzayev va Bekzod Abdurimov, tadbirkor Gʻafur Gʻafurov, rassom Erkin Orol, jurnalist Safarali Qurbonov, operator Nozim Tolipov, yozuvchi Javlon Jovliyev, shoirlar Elyor Murod va Najmiddin Ermatov – jami oʻn bir kishi toʻgʻri Oʻtror qalʼasi tomon otlandik. Bu manzilda uch muhim faktni eslab oʻtish lozim. 1151-yil ilgari Buyuk mutafakkir Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon Forobiy (873–950) tugʻilgan. Oradan uch yarim asr oʻtib, 1219-yili bu shahar Xorazmshohlarning Chingizxon qoʻshinidan ilk yirik magʻlubiyatiga guvoh boʻlgan. Jahon hukmdori Amir Temur 1405-yili 18-fevral kuni Oʻtrorda vafot etgan. Mana shunday qadimiy qalʼa qoldiqlari arxeologlar tomonidan oʻrganilib, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilgan. Qozoq gid bizga Sohibqiron solgan jome masjidining bugungacha saqlanib qolgan poydevorlarini koʻrsatdi. Uning aytishicha, ulugʻ sarkarda Temurbekning soʻnggi kunlari bugun biz devorlarini koʻrib turgan Berdibek saroyida oʻtgan.