Jamiyatda o‘rnini topishga intilib, tinimsiz izlanayotgan o‘zbek ayollariga hech qachon oson bo‘lmagan. Ham orzuga yetishish, ham oila tashvishlarini ko‘tarib yurish ayollarimizning nozik yelkasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Quvonarlisi, bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham o‘z ilmi, salohiyatini namoyon etib, o‘zbek nomini oqlab, kezi kelsa himoya qilayotgan shijoatli qizlarimiz bisyor. Quyida ulardan ayrimlarining fikrlariga quloq tutamiz.
Gulzoda SADRIDDINOVA, Germaniyadagi “Eenexus Digital IT Consulting” firmasining “Microsoft 365 Business” konsultanti:
– 2013-yilda “Au-pair” dasturi bilan Germaniyaga kelganman. Bu dastur olmon oilasida yashab, nemis tilini o‘rganishni istagan odamlar uchun ayni muddao.
Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha kutubxonaga chopardim. Bu yerning kutubxonalarida muhit o‘zgacha: juda sokin, suv quyganday jim-jit. Bo‘sh o‘rin topish esa mushkul. Mahalliy yoshlarning ilmga chanqoqligini ko‘rib havasim kelgan.
Germaniyada o‘qiyman degan niyat bilan bir yil tinimsiz o‘qib-o‘rgandim. Bir yildan so‘ng Ladshut amaliy fanlar universitetiga biznes informatika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdim.
Olis yurtda, vatandan tashqarida tahsil olishga ota-onam qarshi chiqmadi. Qaytanga qo‘lladi. Hatto O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga kontrakt asosida o‘qishga kirganimda ham, moliyaviy qiyinchilikka qaramay, o‘qishimga imkoniyat yaratib berishdi. Vaholanki o‘sha paytda “qiz bolani o‘qitib nima qilasiz?” deya aql o‘rgatuvchilar ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ota-onamga munosib farzand bo‘lishga, ularning mehnatini yuzaga chiqarishga harakat qilaman.
Begona yurtga kelgan odam qiynalishi tabiiy. Til o‘rganish, madaniyatlar o‘rtasidagi farqni yengib o‘tish oson kechmadi. Ancha-muncha ter to‘kdim. Boz ustiga, ta’lim tizimi o‘rtasida ham katta tafovut bor. Masalan, universitetda har bir fan uchun uch imkoniyat beriladi. Mabodo, talaba uch imkoniyatdan ham foydalanolmasa, o‘qishdan haydaladi. Germaniyadagi boshqa hech bir universitetga ayni shu soha bo‘yicha qayta o‘qishga qabul qilinmaydi.
Talabalik davrimda kutubxonalarda shomni tongga ulab chiqardim. Oldimga aniq maqsad qo‘yib, o‘qib-o‘rganishdan, izlanishdan to‘xtamadim. Olgan bilimlarim, to‘plagan kasbiy va hayotiy tajribam dunyoqarashimni tubdan o‘zgartdi.
Moddiy jihatdan ko‘p qiyinchilik ko‘rganman. O‘zga yurtda hech kimdan yordam so‘rolmaysiz, ko‘z yoshlaringizga kimsa ishonmaydi. Qiynalayapsizmi, demak, ishlashga, yashashga majbursiz. Shu sababli talabalik paytimdayoq tanlagan soham bo‘yicha ishga kirishga majbur bo‘ldim.
Bir kuni avtobusda ishdan qaytayotgandim. Bir chaqam ham qolmagan, ustiga ustak, qornim juda och edi. Nima qilishni bilmay, o‘zimni biroz ovutish uchun sumkamdagi kitobni olib varaqladim. Yo Yaratgan egam! Kitobning ichidan yigirma yevro pul chiqdi. Holbuki pul izlab, barcha kitoblarimni titib chiqqandim. Bu kitob ham qatordan qolmagan, albatta. Shunda xudoyim hech bir bandasini tashlab qo‘ymasligiga yana bir bor ishondim.
O‘qishni bitirdim. Bugun “Eenexus Digital IT Consulting” firmasining “Microsoft 365 Business” konsultanti bo‘lib ishlayapman. Vazifam – mijozlarga “Cloud” tizimi va uning IT xavfsizligidan maslahat berish. Bu orada bir qancha yutuqlarga erishdim. Jumladan, loyiha menejerlik bo‘yicha “Serum”, “Cloud” xavfsizlik bo‘yicha “M365 Fundamentals and Microsoft Security, Compliance and identity” sertifikatini qo‘lga kiritdim.
Dilsora MIRZAAHMADOVA, Xitoy Markaziy millatlar universiteti o‘zbek tili o‘qituvchisi, adabiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Phd), dotsent:
– Talabalik davrimda Xitoyda o‘qish uchun bir yillik grant ochildi. Tavakkal qilib hujjat topshirdim. Baxtim kulib, Chanchun shahrida bir yil o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdim.
Toshkentdan Pekinga uchgan samolyot yerga qo‘nganida shirin xayollarim chilparchin bo‘lib ketdi. Xitoy tili darslarida ko‘rgan videolar, o‘qituvchimiz Dong xonim (millati xitoy) so‘zlab bergan sehrli va jozibali mamlakat butkul o‘zgacha namoyon bo‘ldi.
Avvaliga sira ko‘nika olmagan bo‘lsam-da qunt bilan o‘qiyverdim. Ota-onam, ustozlarimni o‘ylab, yaxshi natijaga erishish uchun tinmay izlandim. Esimda, bir gal pulim tugab qoldi. O‘zbekistondan kelgan talabalarning birovida ham pul yo‘q. Nima qilish kerak? Uydan pul so‘rashga yuzim chidamadi. O‘ylab-o‘ylab, oxiri tillalarimizni garovga qo‘yib, pul olib turdik.
Bir yillik o‘qish tugab, yurtga qaytdim. O‘zbekistondagi o‘qishimni ham bitirdim. Ozroq ishladim ham. Yana yangi rejalar bilan Xitoyga qaytishga qaror qildim. Qolaversa, farzandlarimning xalqaro muhitda o‘sishini, ko‘p tillarni bilishini juda istardim. Xohlaganimday bo‘ldi, qizim hozir to‘rt tilda bemalol gaplasha oladi.
Xullas, ilmiy rahbarim, xitoyshunos olim, professor Vu Yinghuyga xat yo‘lladim. Javobini uzoq kuttirmadi. Tez aloqaga chiqdi. Internet orqali suhbatlashdik. Yaxshi mutaxassis bo‘lishingga ko‘zim yetadi deb ishonch bildirdi. U yerda ering qo‘llab turadi deya ikkalamizni ham davlat granti asosida doktoranturaga qabul qildi.
Faqat birgina muammo bor edi. Qizimizga viza olish qiyin bo‘ldi. Viza uchun mas’ul o‘qituvchi murojaatimizni rad etgandi. Er va xotin nima qilishni bilmay yo‘lakda xomush tursak, rahbarim kelib qoldi. Dardimizni eshitib, bola ota-onasi bilan bo‘lishi kerak deb vizaga mas’ul o‘qituvchi bilan gaplashib muammoni hal qildi.
Xitoyda ilm qilishning qiyin taraflari ham bor. Biroq qulay jihatlari ko‘p – kutubxonalar juda katta va boy. Elektron manbalardan ham bemalol foydalanish mumkin. Elektron kitoblardan masofaviy foydalanish tizimi juda yaxshi ishlaydi.
Uzoq vaqt begona yurtda yurganda o‘zbek bo‘lib qolish, o‘zlikni, milliylikni saqlash juda qiyin ekan. Lekin bu narsa juda ham muhim. Ayrimlar xorijda yevropalashib yo xitoylashib ketadi. Bunga qarshiman, albatta. Bolamning tarbiyasida ham bunga alohida e’tibor beraman. Ayniqsa til masalasida qattiqqo‘lman. Asosiy vaqtim ishda o‘tgani bois farzand tarbiyasida milliy qadriyatlar, tilni saqlash uchun onamni olib kelganman.
Katta qiyinchilik, uyqusiz tunlar va tinimsiz izlanishlar natijasida dissertatsiyamni yoqladim. Hozir Xitoy Markaziy millatlar universitetida o‘zbek tilidan dars beraman. Talabalarim o‘zbek tilini katta ishtiyoq va qiziqish bilan o‘rganmoqda. Tilimizni o‘rgatishda ustozlarim qo‘llagan usullardan foydalanaman, barcha imkoniyatimni ishga solaman. O‘zbek tilini o‘rgatayotganimdan, ustozligimdan faxrlanib yuraman.
Sevara NABIYEVA, AQShdagi “Pentan Consulting” AT firmasi rahbari: