Bo‘ri bolasi


Saqlash
11:09 / 16.09.2021 0 1021

Bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon...

Mengliboy bobo boysunlik galamergan to‘dasidan. Haqiqatan ham ota-bobolarining ko‘pchiligi ovchilik bilan shug‘ullanardi. Ular Hisor va Bobotog‘da ov qilishardi. Bu tog‘larda kiyikning marol atalmish turi, alqorlar, kakliklar ko‘p. Hatto kaklikning noyob xili – hilol kaklik ham shu tog‘larning eng yuksakliklarini egallagan. O, bo‘rilarni aytmaysizmi? Qayerda yemak-yemish mo‘l bo‘lsa, ular o‘sha yerda hoziru nozir. Katta urushdan eson-omon qaytib kelgan Mengliboy ovga ruju qo‘ydi. Ertayu kech oyog‘i tog‘da.

Kunlardan bir kuni ona bo‘rini otib oldi. Uning bolalari bor ekan. Bir narini uyga olib kelib boqa boshladi. Boqqanda ham hech bir narsaga zoriqtirmay boqdi. Kiyik, alqor, kaklik go‘shti bilan mehribonlik qildi. Bir so‘z bilan aytganda, mehr berdi. Oshna tutindi. It kabi ergashtirib, ovlarga chiqib yurdi. Kunlardan bir kuni navbatdagi ovga chiqishdi. Lekin bugun Mengliboyning ovi baroridan kelmadi. Alqorlaru kiyiklar yuqorilab ketgan edi. To‘rt-beshta kaklik otib, jildirab oqib yotgan jilg‘a bo‘yidagi tug‘dona daraxtining tagini qo‘nalg‘a tutdi. Jilg‘adan chog‘roq hovuzcha yasadi. Tong-saharda ov qilmoqchi bo‘ldi. Quruq shox-shabbalardan o‘tin to‘pladi. Tog‘ tuni sovuq bo‘ladi, garchi yoz bo‘lsa-da etni junjiktiradi. Olovni gurillatib yubordi. O, tog‘ daraxtlarining cho‘g‘i... jonning huzuri.

Kakliklar go‘shtini irg‘ay shoxlaridan yasalgan qo‘lbola sixlarga o‘tkazdi. Oromijon cho‘g‘da toblab-pishirib yedi, rohatlandi. Albatta, bo‘ri bolasini – oshnasini ham unutmadi. Kaklik go‘shtidek mazali taom bilan siyladi. Allamahal bo‘lib qoldi. Uxlamoq kerak. Barvaqt turadi. O‘rindiq soldi. Qayroqtoshlardan yostiq yasab oldi. Miltig‘ini yoniga qo‘ydi. Yotib, chakmonini oyqara yopindi. Nogahon Mengliboyning ko‘zlari nimadandir bezovtalanayotgan bo‘ri bolasining ko‘zlariga tushib qoldi. Ha, bo‘ri bolasi qandaydir bezovta edi. Ko‘zlari qizargan. Beixtiyor otasi rahmatlining «lop» etib «...bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon» degan gaplari yodiga tushdi.

U otasining gaplarini bir sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Bu ham bir gap-da. Mengliboy o‘zini uyquga soldi. Lekin chakmon ostidan nigohlari yonidan sal narida yotgan bo‘ri bolasidan uzilmadi. O, bo‘ri! Bo‘ri! U Mengliboyga bir qarab oldi-da, silkinib o‘rnidan turdi. Jilg‘a tomon yo‘naldi. Jilg‘adagi boya Mengliboy yasab qo‘ygan hovuzchaga ag‘anadi, bir-ikki dumaladi-da, hamma joyini suv-ho‘l qildi. Orqasiga qaytib, bozillab turgan cho‘g‘lar ustiga silkindi. Bu holat ikkinchi bor takrorlandi. Ovchining hayrati oshdi. Nima qilmoqchi u?

Uchinchi bor bo‘ri bolasi jilg‘a yoqqa ketganda, apil-tapil o‘rnidan turdi. Chakmon ostiga toshlarni, bir-ikki tarashani, xuddi o‘zi yotganday qilib taxladi va miltig‘ini olib, daraxtga chiqib, joylashib oldi. Bo‘ri bolasi qaytib kelib, tag‘in chala o‘chinqiragan cho‘g‘lar ustida silkindi. Cho‘g‘lar hali o‘chmagan, chala yonayotgan tarasha buriqsirab tutardi. Bo‘ri bolasi yana jilg‘a tomon ketdi... keldi... nihoyat, o‘t batamom o‘chdi!

O, bo‘ri! Bo‘ri... o‘zini chakmon ustiga zarb bilan otdi! Chakmonni g‘ajib tashladi. Mengliboy hammasini ko‘rdi, tushundi va... qo‘shog‘iz miltiqdan otilgan ikki o‘q tun sukunatini buzdi! Bo‘ri bolasi bo‘ri, ilon bolasi ilon, deganlari haqqost-rost bo‘lib chiqdi.

Azim SUYUN

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

10:04 / 16.04.2024 2 346
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 0 791
Onasini eng uzoq kutgan farzand

Qatra

14:04 / 08.04.2024 0 334
Toshbaqaning xatosi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 411
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 572
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 425
Hurfikrlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 203982
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95289
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 21459
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 1 18195
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 14513
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 13470
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12166
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11568
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya