Vajohatli yozuvchi


Saqlash
10:09 / 15.09.2021 0 994

 

Mayli-da, endi...

Kunlardan bir kun Shukur Xolmirzaev ko‘chada ketayotgan ekan, oldidan shoir, yozuvchi, beg‘ubor inson  Omon Muxtor chiqib qoladi. Salom-alikdan so‘ng Omon aka qaysidir bir yozuvchining yangi chiqqan asarini o‘qidingizmi, deb so‘raydi.

– Yo‘q! – deydi Shukur aka hamsuhbatiga jiddiy tikilib.

– O‘qing, juda zo‘r! – deydi Omon Muxtor.

Shukur aka pinak buzmay turaveradi.

– Rost aytayapman, yaxshi narsa ekan.

Shukur aka yana vajohatini o‘zgartirmaydi.

– Balki unchalik zo‘r emasdir, harholda menga yoqdi-da, – deydi Omon aka sal o‘ng‘aysizlanib.

Hamsuhbati esa o‘sha-o‘sha tap tortmay, yuziga jiddiy tikilib turaveradi.

– Hay, mayli-da endi, Shukiyjon! – deydi Omon aka chuchuk tilda, murosaga undab.

Shukur aka shundagina roldan chiqib, kulib yuboradi. Akaning yaxshigina artistlik iste’dodi bor edi.

 

 

Qaytish yo‘q

Shukur aka yozuvchi Zohir A’lam bilan nozikroq bir joyga borishadi. Kutilmaganda xuddi oshga pashsha tushgandek davrada ikkita xira barzangi paydo bo‘ladi-yu surbetlik qilaverib, hammani bezor qiladi. Axiyri Shukur akaning toqati toq bo‘ladi, asta xezlanib o‘rnidan turadi.

– Enag‘arlarni so‘yvoraymi, Zohirjon!

– So‘ying! – deydi Zohir ham tap tortmay.

– O‘ligini qaerga qo‘yamiz? – deydi Shukur aka go‘yo shu muammo hal bo‘lsa, “enag‘arlar”ni rostdan ham so‘yvoradigandek.

 

 

Vaxshiy... shoir

Do‘rmondagi ijod uyi oshxonasida ovqatlanib o‘tirgan edik, gurung asnosida kimdir shunday deb qoldi:

– Hindistonda biz tomonlardan borib qolgan bir shoir bor ekan. Taxallusi ham g‘alati – “Urfiy” emish. “Urf” degani “modniy” ma’nosida bo‘lsa kerak-da, qiziq...

– Aslida ko‘pchilik tug‘ilgan yurtini o‘ziga taxallus qilib oladi, dedi yana kimdir. Masalan, Xorazmiy, Samarqandiy, Andijoniy degandek...

Shu tarzda gurung davom etayotgan edi, Shukur aka birdan “piq” etib kulib yubordi. Hammamiz “yalt” etib unga qaradik. Shukur aka kulgining sababini izohlab, shunday dedi:

– Mabodo, Vaxshlik odam shoir bo‘lib qolsa, taxallusi... Vaxshiy bo‘larkan-da?

 

Xurmo bo‘lmaganda

Kunlardan bir kun Shukur akaning Do‘rmondagi bog‘iga jurnalist muxlislari – Baxtiyor Ollomurod bilan Egam Do‘st yo‘qlab kelishadi. Dasturxonga mehmonlar olib kelgan xurmo ham qo‘yiladi. Yigitlarning qorni och ekanmi, mezbon choy-poy qo‘yguncha xurmoni o‘zlari paqqos yeb bitirishadi, hatto mezbonga bir dona ham qoldirishmaydi.

Shukur aka xurmodan bo‘shab qolgan idishga qarab turib shunday gap qotadi:

 – Yaxshiyam xurmo olib kelibsizlar, aks holda meniyam yeb qo‘yardinglar!..

 

“Namuncha aqllisiz”

Xumsondagi dalahovlimda bir guruh shoir, yozuvchi do‘stlar bilan gurunglashib o‘tiruvdik. Taniqli publitsist Zuhriddin Isomiddinovning “Tafakkur” jurnalida bosilgan suhbatini birimiz olib, birimiz qo‘yib rosa maqtadik. Suhbat menga ham ma’qul bo‘luvdi, ammo sal boshqacharoq, biroz hazilomuz munosabat bildirgim keldi.

– Zuhriddin, – dedim, – o‘sha sizning suhbatingiz tugagan sahifadan keyin kaminaning Shukur Xolmirzaev bilan qilgan suhbatimga (shaxsiy arxivimda qolgan suhbat edi − Sh.O.) ko‘zingiz tushgandir. Mabodo Shukur aka hozir hayot bo‘lib, Sizning o‘sha suhbatingizni o‘qiganda nima der edi, bilasizmi?

– Yo‘q, bilmayman, – dedi Zuhriddin savolimdan andak taajjublanib.

– Rahmatli Shukur aka “Namuncha aqllisiz!” degan bo‘lardi.

Jo‘ralar bu gapimga jilmayib qo‘yishdi. Darhaqiqat, Shukur aka davrada o‘ziga ma’qul, jo‘yaliroq bir gapni eshitsa, shunday lutf qiladigan odati bor edi. Bunaqa g‘aroyib qochirim faqat Shukur akaga xos edi. U bu gapni mutlaqo kinoyasiz, samimiy, beozor bir ohangda aytar ediki, davradagilar bunday hazildan beixtiyor zavqlanib ketardi.

 

Siz gapiravering, men...

Taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad bir kuni yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyiga yo‘li tushib, shu yerda yashab ijod qilayotgan Shukur akaning xonasiga yo‘qlab kiradi. Kirsa Shukur aka aroq ichayotgan ekan. Xurshidning nogoh ensasi qotadi. Ustozga haddi sig‘ib shunday deydi:

E bas qiling endi shu zormandani, sizni tamom qiladi-ku!

Shukur aka e’tirozdan o‘zini yo‘qotmaydi.

Xurshidjon, Siz bemalol gapiravering, men ichaveraman...

 

                                                Shodmon OTABEK

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 205
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 239
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 228
Hurfikrlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 229
Hurmat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 202552
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 94360
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 3 20369
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 0 14646
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 13388
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 12943
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 11090
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11042
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya