“Mikroskopda televizor tomosha qilaman”


Saqlash
10:08 / 26.08.2021 0 843

 

Chumchuq ovi

 Abdulla Qahhor!

Darvoqe, Abdulla aka qo‘lida havo bosimi bilan otiladigan ixcham miltiq, bog‘ida ermak uchun endi shira kira boshlagan uzum gujumlarini cho‘qilayotgan chumchuqlarni otib yurardi. Biz bir to‘da yoshlar yozuvchilar bog‘idagi gujum tagida hangomalashib o‘tirardik. Bir mahal shoir Mavlon Ikrom Abdulla akaning ov qilib yurganini ko‘rib, u kishining oldilariga keldi. Salom bergani biz ham qo‘zg‘aldik. Mavlon aka Abdulla akaga salom berdi-yu:

– Iye, oqsoqol, tekkizolmayapsiz-ku, – dedi. So‘ng ko‘zoynagini yaxshilab artib, ko‘ziga takdi. – Menga bering, bir otganda tushiraman.

Abdulla aka Mavlon akaning shashtini ko‘rib, miyig‘ida iljaydi.

– Mana, shoir. Qani, tushiring-chi.

Mavlon aka bitta chumchuqni uzoq nishonga olib, paq etkazib otdi. Chumchuq uchib ketdi. Mavlon aka “i” dedi. Ko‘zoynagini qaytadan artib, mo‘ljalga oldi-yu, yana tekkiza olmadi. Tag‘in “i” dedi. Uchinchi harakatdan so‘ng ham chumchuq pir-r etib uchib ketdi.

Abdulla aka miyig‘ida kulib:

– Qani, shoir, miltiqni bu yoqqa oling, – dedi g‘alati qarash qilib. – Mana, shunisiga tegdi.

Bizlar Mavlon akaning barcha harakatini kuzatib turgan edik.

– E, tekkani yo‘q, – deb chuvillashdik. – Tegsa yiqilib tushmasmidi?

Abdulla aka o‘zining avvalgi gapiga izox berdi:

– Aytdim-ku, keyingisiga tegdi deb. Yiqilgani yumshoq joy qidirib ketdi!

Abdulla aka bu gapni Mavlon akani xijolatpazlikdan qutqarish uchun aytganini bilib tursak ham kuldik. Ustozning o‘zlari ham og‘izlarini ochmay, qorinlarini silkitib kuldilar.

 

 

G‘azal tilida so‘kib bo‘lmaydi

 Aksari paytlarda Abdulla Qahhor Kibriyo opa bilan tojikchalab gaplashar, nazarimda bu muomalalari o‘zlariga yarashib ham turar edi. Bir kuni borsam, opa bilan ustoz xuddi tarnovga qo‘ngan musichalarday bir-birlarining pinjiga kirib olishib, fors tilida yozilgan qandaydir kitobchani mutolaa qilib o‘tirishgan ekan: Kibriyo opa qiroatini joyiga qo‘yib o‘qiyapti, Abdulla aka ahyon-ahyonda bir juftgina gap qo‘shib (albatta tojikchalab), tinglab o‘tirar edi. Men hech baloga tushunmasam ham, indamay tinglab o‘tirardim. Kibriyo opa navbatdagi baytni o‘qib bo‘lib, uni hijjalab tushuntira boshladi. Opaning bu uslubi ustozga malol keldi shekilli, birdan o‘zbekchalab yubordi:

– Bo‘ldi, bo‘ldi. Munchayam og‘zimizga chaynab solmasangiz.

– Nosirvoy ham tushunsin deyapman-da, – deb opa o‘zini oqlagan bo‘ldi.

Oraga men ham qo‘shilganimdan keyin ustozni chalg‘itish uchun:

– Abdulla aka, – dedim jinday iymanib, – nega opa bilan gaplashganingizda tojikchalab gapirasiz-u, urishgingiz kelsa, birdan o‘zbekchalab yuborasiz?

Abdulla akaning chakkalaridagi kulgichlari o‘ynay boshladi.

– Chunki xotin kishini g‘azal tilida so‘kib bo‘lmaydi, – dedilar menga quvlik bilan ko‘zlarini qisib. – Kiroyi so‘kkaningdan keyin o‘zbekchalab so‘kkanga nima yetsin.

 

 

Hech kim bundan oshirolmaydi

 Oybek domla “Ulug‘ yo‘l” romanini yozib bo‘lib, navbatdagi Buxoro haqida yozilajak asariga ma’lumot to‘plab yurgan chog‘larida ancha charchab, asablari bo‘shashib qolibdi. Shunda ziyrak Zarifa opamiz domlani mashaqqatli ishlaridan chalg‘itish, biroz dam berish chorasini qidira boshlabdi. O‘ylab-o‘ylab shunday qarorga kelibdi: domlani stadionga – futbol tomoshasiga olib borish kerak!

Esingizda bo‘lsa, oltmishinchi yillari futbolimizning obro‘si juda baland edi. Stadionga odam sig‘may ketardi. Xullas, opa domlani bir amallab ko‘ndirib, stadionga olib boribdi. Futbol boshlanibdi. Domla hech narsa bilan ishi bo‘lmay, atrofdagi shinavandalarning qiyqiriqlariga ham, hushtakbozliklarga ham, hatto yonginasida o‘tirgan Zarifa opaga ham parvo qilmay, miq etmay o‘tiraveribdi. “O‘yin yoqdi shekilli. Xayriyat-e”, deb opa ham xursand emish. Bir mahal deng, maydon o‘rtasida Krasnitskiy bir tepgan ekan, koptok osmoni falakka chiqib ketibdi. Shunda domla hayajonlanib ketib, o‘rnidan shartta turibdi-yu:

– Tur, Zarifa, – debdi opaning tirsagidan tutib. – Bo‘ldi, mana shunisi yutdi. Endi hech kim bundan oshirolmaydi.

 

 

Xo‘roz qichqirgan joyigacha

 Mirkarim Osim domla bir kuni jindek kayf qilib kelsa, uyda o‘g‘illari o‘ynab yurgan ekan. Ular bilan bir gaplashish, suhbatlashish ishtiyoqi tug‘ilib qolibdi domlada. Katta o‘g‘lini oldiga chaqirib olib, anchagacha uyoqdan-buyoqdan gaplashib o‘tirib, so‘rab qolibdi:

– O‘g‘lim, bu men yozgan kitoblarni ham o‘qib turasizmi?

– O‘qiyman, dada.

Domla o‘g‘lining javobidan ruhlanib ketib, yana so‘rabdi:

– Qaysinisini?

– Anu, “O‘tror” degan kitobingiz bor-ku, o‘shani...

– Yashang, o‘g‘lim, – debdi domla xursand bo‘lib. – Hammasini o‘qidingizmi?

– Yo‘q, xo‘roz qichqirgan joyigacha...

Gap shu bilan tugabdi-yu, birozdan so‘ng domla qiziqib qolib, o‘sha qissasini qo‘liga olib: “Xo‘roz qichqirgan joyi qayerda bo‘ldi?” deb qaray boshlabdi.

Domla sho‘rlik ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘sha “xo‘roz qichqirgan joyi” asarning birinchi abzatsida ekan...

 

 

Qofiyaga o‘zim solaman

 Oltmishinchi yillarda O‘zbekistonda qozoq adabiyoti va san’ati o‘n kunligi bo‘ladigan bo‘lib, nashriyotlar qizg‘in tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. Bu tadbirda ishtirok etishni burch hisoblamagan shoirlar qolmadi hisob. Jumladan, Mavlon Ikrom akamiz ham yeng shimarib, tarjimaga kirishib ketdi. Unga qozoqlarning ulkan oqini G‘ali og‘a O‘rmonovning she’rlari tushgan ekan. Dam olish kuni edi, uyda ishlab o‘tirsam, telefon jiringlab qoldi. Mavlon akamiz ekan.

– Nosir, uydamisiz? Bir-ikkita qozoqcha so‘zni tushunmay qoldim. Shunga oldingizga o‘tmoqchi edim, – dedi Mavlon aka.

– Bajonidil aka, qo‘limdan kelsa...

Oradan besh minutlar ham o‘tmay, Mavlon aka yetib keldi. U paytlarda akamiz ham Chilonzorda turardilar.

Xullas, akamning tarjimasini originali bilan solishtirib o‘qib chiqib, kuldim.

– Ha, o‘xshamabdimi?!

– Buningiz boshqa she’r chiqib kolibdi-ku, aka, – dedim men hayratimni yashirolmay. – Qozoqchasiga sira ham o‘xshamaydi.

– Unday bo‘lsa... buni o‘zimning to‘plamimga qo‘shib yubora qolarman, – dedilar akam parvo kilmay, – siz mana bu she’rni nasriy tarjima qilib bering, kofiyaga o‘zim solaman. Boplaymiz.

 

 

Ikkalasiniyam

 Rahmatli Tolib Yo‘ldoshning bir g‘alati odati bor edi. Uyidan chiqqan kunlari hamma tanish-bilishlarini aylanib ko‘rmaguncha, ular bilan bir-ikki og‘iz suhbatlashmaguncha ko‘ngli to‘lmasdi. U kirgan joyga quvnoqlik, hazil-mutoyiba, she’rxonlik birga kirardi.

Bir kuni shunday suhbatlardan so‘ng ko‘zi xiralashib borayotganidan shikoyat qilib qoldi.

– Buning yo‘li oson-ku, – dedim men unga tasalli berib, – do‘xtirga borib, ko‘zoynak yozdirib oling.

– Menga minus o‘n oltinchisi kerak ekan, okovsi. Undan uyog‘iga oynak bo‘lmas ekan.

– Kim aytgan bo‘lsa ham bekorlarni aytibdi. Bo‘ladi, – dedim qat’iy qilib.

Tolib aka mening gapimga ishondi.

– Jon uka, bir tuzukrog‘idan topib ber.

– Sizga qanaqasidan kerak? Uzoqni ko‘radiganidanmi yo yaqinni ko‘radiganidanmi? – dedim jiddiy. – Uzoqni ko‘radiganini teleskop deydi, yaqinni ko‘rsatadiganini mikroskop deydi. Qaysi biridan kerak?

– Yaxshi ekan, – dedi Tolib akamizga jon kirib. – Teleskop deganini ko‘chaga chiqqanda taqaman. Mikroskopida uyda o‘tirib, televizor tomosha qilaman. Ikkalasini olib beraver, uka. Iloyo umringdan baraka top...

Men topishga va’da qildim. Ammo, go‘yo hanuzgacha topolmayman, u kishi dunyodan o‘tgunlaricha umidini uzmadi. Uchrashib qolganimizda so‘ragani so‘ragan edi.

 

 

Juda qaysarsiz-da

 Nizomjon Pardaning navbatdagi she’riy to‘plami odatdagidan ko‘proq yotib qoldi nashriyotda. U paytda Shavkat Rahmon bo‘lim mudiri, Razzoq Abdurashid katta muharrir. To‘plamdan nashriyotning ko‘ngli to‘lmasa qiyin ekan. Shavkat Razzoqqa oshirdi, Razzoq Shavkatga, Shavkat esa taqrizchiga... To‘plam xuddi basketbol to‘piday undan-bunga, bundan-unga oshirilavergach, muallifning toqati toq bo‘lib, direktorning oldiga arz qilgani kirdi. U paytda nashriyotga Erkin Vohidov rahbarlik qilardi.

Erkin ham xuddi Nizomjonday bir shoir. Qattiq-qurum gapirsa, o‘rtog‘ini xafa qilib qo‘yadi. Gapirmay desa, u ham bo‘lmaydi. Chunki to‘plamingiz yaxshi desa – bosish kerak. Bosib bo‘lmaydi, bo‘sh. Bo‘sh deb bo‘lmaydi, chunki o‘rtog‘i xafa bo‘ladi. Bir amallab six ham, kabob ham kuymaydigan qilib javob berdi:

– Nizomjon do‘stim, o‘zingiz ham juda qaysarsiz-da, – dedi kulib. – Shuni pishiqroq yozib qo‘ya qolsangiz-ku, bunchalik ovoragarchilik yo‘q edi...

Shoirda bunaqa salohiyat bor-u, biroq ataylab bo‘sh yozgan, qaysarlik qilgan bo‘lib chiqdi. Bundan Nizomjon zarracha ham xafa bo‘lmadi.

– To‘g‘ri aytasiz. Shunaqa qilsam bo‘larkan, – deb to‘plamini olib chiqib ketdi.

 

 

Qaziga qalaysiz?

 Shoir Ikrom Otamurod bilan Muzaffar Ahmadlar “Sharq yulduzi”da ishlab yurgan kezlari. Ikrom bo‘lim mudiri, Muzaffar shu she’riyat bo‘limida adabiy xodim. Biri Qashqadaryodan, ikkinchisi esa Qoraqalpog‘istondan. Ikkalasi ham bir-biriga mehribon. Kunlardan birida nimadir sabab bo‘lib, Muzaffar Ikromni uyiga taklif qilibdi. Rosa otamlashibdilar. Qittak-qittak ichishib, jindek kayf kilishgach, Muzaffar erib ketib, gap qotibdi:

– Qaziga qalaysiz?

– E, bormi?

Muzaffar o‘rnidan uchib turib, xuddi kolbasa kesganday besh-olti bo‘lak qazi kesib, olib kiribdi. Ikrom uch-to‘rt bo‘lagini yeb bo‘lib:

– Nega buncha qattiq bu? Xuddi chandirga o‘xshaydi-ya. Tuzi ham o‘tkir, – debdi ajablanib. – Yaxshi pishmaganmi?!

Muzaffar hayron bo‘lib debdi:

– Iye, qazini ham pishirib yeydimi?!

Ikrom avvaliga ijirg‘anganday basharasi burishibdi-yu, so‘ng boshini sarak-sarak kilib, pastga qarab kulib yuboribdi.

 

Nosir FOZILOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 208
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 245
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 231
Hurfikrlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 232
Hurmat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 202581
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 94388
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 3 20384
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 0 14721
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 13399
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 12949
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 11103
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11052
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya