“Lev Tolstoy bilan ham gurunglashgan...”


Saqlash
16:08 / 25.08.2021 0 782

 

“Galustukka mos tushdi…”

 

To‘ra akaning o‘ziga xos erkaliklari bor ediki, faqat uning o‘ziga yarashardi. Akaning qaltis paytda qilgan iltimoslariga hatto og‘amiz Sa’dulla Siyoyev ham g‘iring deyolmasdi. Bu albatta Sa’dulla akaning To‘ra Sulaymonni o‘ta siylaganidan bo‘lsa kerak. 1980-yilning may oyida Sa’dulla Siyoyevning 50 yillik yubileyi har jihatdan uyushgan holda o‘tdi. Adib og‘amizga tortiq qilingan sovg‘alarning orasida eng noyobi oppoq charmdan tayyorlangan sumka edi. To‘ra aka ikkilanib o‘tirmay:

– Sa’dulla, men shunday go‘zal sumkalarga yarashiqli ijodkorman. Rozi bo‘l, – deya menga yuzlanib, – Tursunjon, bugun senikida qo‘noq bo‘lmoqchiman, qani ketdik, – dedi.

O‘sha paytlarda Yunusobodda ijarali uyda yashardik. Uyga kelsak talaba o‘g‘lim Murodjon dars tayyorlab o‘tirgan ekan. To‘ra aka o‘g‘limni yoshligidan tanigani uchun tezda tillashib ketdi. Talabaning dazmollangan, ammo ancha urinib qolgan ko‘ylaklaridan olib o‘ziga o‘lchab, kiyib ko‘rdi va galustugini yaxshilab bog‘ladi.

– Talabadan SirFA Akademigiga munosib shu ko‘ylak ekan, rozi bo‘l! Yoqasi yaxshi, galustukka mos tushdi, – dedi. O‘g‘lim xijolat, men zimdan unga ishora qildim.

To‘ra aka o‘rnidan turib qizil sumkasini ochib, yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan oppoq ko‘ylakni Murodjonga qo‘sh qo‘llab tutdi.

  

Hech bo‘lmasa, Rastupinni aytmadi-ya, zang‘ar…

 Ustoz Sarvar Azimov Yozuvchilar uyushmasini boshqargan 1980-yillarda juda ko‘pchilik ijodkorlar uylik-joylik bo‘lishgan. Mashinalar xarid qilishgan. Mustabid tuzum davrida Markaz uyushma a’zolarining sifatiga emas, soniga qarab mablag‘ ajratardi. Sarvar Olimjonovich shunga ko‘ra, viloyatlarda uyushmaning ko‘chma yig‘ilishlarini o‘tkazib, joylardagi shoir va yozuvchilarni a’zolikka qabul qilish rusumini joriy etgandi.

Navbatdagi qabul Guliston shahrida bo‘ldi. To‘ra Sulaymon sirdaryolik ijodkorlarning rahbari bo‘lgani uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Atoqli shoir marhum Mashrab Boboyev shu viloyatga kuratorlik qilardi. A’zolikka nomzodlarning orasida “Sirdaryo haqiqati” gazetasining xodimlaridan biri, ancha-muncha hikoyalar yozib, Toshkentdan kelgan ijodkorlarni shaxsiy mashinasida uchrashuvlarga olib borib To‘ra akaga ko‘maklashib turadigan yigit ham ro‘yxatga tirkalgandi. Nihoyat, qabulga kirish navbati gazeta xodimiga keldi. Hay’at a’zolarining salobati bosdimi, jurnalist savollarga javob berolmadi. Achinarlisi 1960-yillarda adabiyotimizga kirib kelgan adiblarni ham aytolmadi.

Mashrab Boboyev To‘ra Sulaymon bilan ko‘z urishtirib olishdi. Hay’at a’zolaridan biri vaziyatni yumshatish niyatida: – Rus yozuvchilaridan kimlarning asarlarini o‘qigansiz?” – deb so‘radi. Nomzod yana lom-lim deyolmadi. Gazeta xodimi noqulay ahvolga tushmasligi uchun avans tarzda u a’zolikka qabul qilindi.

Yig‘ilishdan keyin Mashrab Boboyev noligan ohangda To‘ra Sulaymonga qarab: – Bu birodarimiz na Shukur Xolmirzayevni va na O‘tkir Hoshimovni bilmasa-ya? Rus yozuvchilaridan Lev Belov, Vasiliy Shukshinlarni ham o‘qimagan ekan-da? – deb xijolat bo‘ldi.

To‘ra Sulaymon o‘z navbatida Mashrab Boboyevning iztiroblariga hamdardlik bildirmoqchi bo‘lib, – Mashrabjon juda to‘g‘ri gapirdingiz, bu zing‘ar hech deganda Rastupinni aytsa bo‘lardi-ku! (Rasputin demoqchi).

Akaxonimning bu so‘zlari davrada turganlarning kutilmagan qahqahasiga sabab bo‘ldi.

 

Sovuq gap…

 Kunlarning birida Mirtemir domlani ziyorat qilgani uylariga bordik. Mirjalol xaltalarimizni olib ichkariga boshladi. Mehmonxonada ustoz moskvalik tarjimoni Ruvim Moran bilan shakarguftorlik qilib o‘tirishgan ekan. Mehmon gurungni umr o‘tkinchi ekanligiga burib, “dunyo omonat, qarib qoldik” deb yevropaliklarga xos tarzda dangal so‘zlagani ikkovimizga ham biroz malol keldi. Arman sharobining ta’siri tegdimi, To‘ra aka: – Tursun, mehmon sovuq gap qilayapti, tizginni tortaman, shekilli, – deb shivirladi. Men “qo‘ying” deya boshimni sarak-sarak qildim. Mirjalol keltirgan qovurma gazakdan tamaddi qilgach, ustoz yana bir piyoladan sharob uzatdi. Oradan ko‘p o‘tmay To‘ra aka to‘satdan;

– Dorogoy Ruvim! Zachem takoy xolodnыy razgovor? – desa bo‘ladimi…

Mehmon xijolat bo‘lib goh Mirjalolga goh menga qaraydi. Gap nima haqda borayotganligini to‘liq anglamagan Mirtemir domla qulog‘iga kaftini qo‘yib engashib: – To‘rajon nima dedingiz? – so‘rab qoldilar. To‘ra Sulaymon mehmonning sovuq gaplarini o‘ziga xos ohangda sharhladi. Ustoz tizzasiga urib qotib-qotib kuldi va ruscha muqobilini Ruvim Moranga ham tushuntirgach, qahqaha avjiga chiqdi. To‘ra aka har galgiday rasmiy tilni yana “abjag‘ini” chiqarganligini tan olgach, qo‘nalg‘amizga yetguncha kulib bordik.

 

Xarkov-33

 To‘ra Sulaymon o‘ta didli, yig‘inchoq bo‘lganligi uchun safarda, kundalik hayotda kerak bo‘ladigan, hatto attorning qutisidan ham topib bo‘lmaydigan zarur buyumlarni xarid qilib bizning ko‘zimizni kuydirardi. 1960-70-yillarda mashhur bo‘lgan Ukrainaning Xarkov shahrida ishlab chiqarilgan soqol oladigan yangi elektr mashinkani ko‘z-ko‘z qilib, har kuni ertalab iyagini qirtishlay boshlardi.

– Kalga temir taroq, ko‘saga mashinka yarashadi, – deb g‘ashiga tegardim.

Oradan bir hafta o‘tmay, To‘ra aka huddi o‘sha mashinkani “SirFA akademigi g‘irt, ko‘sa To‘ra Sulaymondan xavaskor ko‘sa, QirFa akademigi mullo Tursunboy Adashboy o‘g‘liga” deb kaminaga tortiq qildi.

 

Assalomu alaykum Ubaydulla aka!

 To‘ra Sulaymon odatda imtihonlardan qutulib, darslar yengillagan mahallarda oppoq qog‘ozga ertaga qaysi redaksiyalarga, qaysi vaqtda borishini yozib, “marshrut qog‘ozi”ni tayyorlab qo‘yardi. Kunlarning birida belgilangan yo‘nalish bo‘yicha Navoiy ko‘chasi orqali piyoda “Mushtum” jurnali redaksiyasiga Sa’dulla Siyoyevning huzuriga qarab safar tortdik.

G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti gullagan mahallar. Olisdan bashang kiyingan, boshiga papaxa qo‘ndirgan, shu nashriyotning boshlig‘i ustoz Hamid G‘ulom ko‘rindi. To‘ra aka shoshib: “Tursun, Hamid Ubaydullayevich kelayapti, – deb shipshidi. Men atay: “Tanimas ekanman”, – dedim. U “Svoloch”, – deya bir chetga “chirt” ettirib tufladi. So‘ngra qayta-qayta: “Hamid Ubaydullayevich, Hamid Ubaydullayevich”, – deb takrorlab boraverdi. Men Hamid aka bilan suhbatdosh bo‘lmaganim uchun oramizdagi masofa yaqin qolganda o‘zimni chetga olib ohista yura boshladim. To‘ra aka hamon “vich” qo‘shimchasi bilan aytiladigan ismi shariflarni takrorlab kelardi. Quloqlarim lokatorga aylangan. Ustoz ro‘baro‘ kelgan chog‘da, hamrohimizning: “Assalomu alaykum Ubaydulla aka!” – degan xitobi jarangladi. Chamamda akani ustozning salobati bosdi shekilli. Hamid G‘ulom o‘z navbatida og‘ir-bosiqlik bilan: “Va alaykum assalom, mulla To‘rajon”, – deb erkalatib so‘rashdi.

Mening uchun hazilga bahona topilgan edi. To‘ra aka tushmagur: “vich”ini qo‘shmasam, Asakam ketarmidi. Bu dunyoda o‘zimizning “Salom, ustoz!” so‘zidan ulug‘roq gap yo‘q ekan”, – deb ko‘pga qadar iztirob chekib yurdi.

 

Ezibichki

 To‘ra Sulaymon kamroq uxlab, ko‘p o‘qirdi. Tunda ishlashni ma’qul ko‘rardi. Qizil sumkasida ko‘lvori ilondan tayyorlangan kaplama va ezibichki uzilmasdi. Bir kuni: “Tursunboy, Sa’dulla kutayapti bugun unikida mehmon bo‘lamiz”, deb qoldi. O‘zimizga yarasha bozorimizni qilib Yunusobodga yo‘l oldik. Xonadon bekasi singlimiz Shirin lazzatli taomlar bilan bizni siyladi. Uchchovlon biroz ulfatchilik ham qildik. Keyin Sa’dulla aka ikkimiz bir xonada, To‘ra aka esa ayvonda yotadigan bo‘ldi. Mehmonning iltimosiga binoan Shirin katta chinni kosada pamil choyni tayyorlab beribdi. Og‘amiz chinnidagi choyga ezibichkidan aralashtirib, kosani shifonerning ustiga yashirganini payqagan Sa’dulla aka mehmon qo‘l yuvgani kirgan kezda chinnidagi choyni almashtirib qo‘yadi.

Yotar chog‘imizda mezbon bu haqda kaminaga shipshitgach, uyqumiz qochdi. May oyi bo‘lgani sababli o‘rta eshik va derazalar ochiq. Biroz mizg‘igan bo‘ldik. Kulgidan o‘zimizni tiyolmaymiz. Saharxez aka tushmagur allaqachon turib olgandi. Kastum yelkada yelvagay, soat besh. Ko‘rpani durbin qilib akani kuzatyapmiz. Bir mahal shifoner ustidagi kosani olib, so‘rining yoniga cho‘kib ezibichkidan picha tatib ko‘rgach, ta’mi yoqmadi shekilli: “Svolochlar!” – deb chinni kosani zarda bilan ko‘chaga uloqtirdi.

Sa’dulla aka hech narsani bilmaganday o‘rnidan turib biz yotgan xonadagi deraza raxidagi korsonni mehmonga uzatdi. To‘ra akaning chehrasi yorishib, chinnidagi yaxna ezibichkini ixlos bilan shimirib, huddi qimiz ichganday tomog‘ini taqillatib: – Qoyil! – dedi mamnun ohangda.

 

“Lev Tolstoyning ashaddiy muxlisi”

 Namangan viloyatida o‘tgan adabiy uchrashuvlar mazmunli bo‘ldi. Adabiyotimizning muxlisi, shahar gaz boshqarmasining bosh injeneri, Turg‘unpo‘lat Sulaymonov qadrdon do‘stimiz Habib Sa’dullaning eng yaqin jo‘ralaridan biri edi. U xayrlashuv oldidan shoirlarga jahon she’riyati vakillarining asarlarini, taniqli adib Sa’dulla Siyoyevga esa Lev Tolstoyning to‘rt jildlik eng noyob saylanmasini tortiq qildi.

Shu mahal To‘ra Sulaymon kutilmagan iltimos bilan Sa’dulla Siyoyevga yuzlandi:

– Ukaginam, men Lev Tolstoyning ashaddiy muxlisiman-ku, bu kitoblar sendan menga munosib sovg‘a bo‘ldi, – deya ularni xaltasiga soldi.

– To‘ra aka, siz bu kitoblarni baribir o‘qimaysiz-ku, – iddao qildi Sa’dulla aka.

– To‘g‘ri aytasan, ammo uyimizga kelgan ayrim mehmonlar kutubxonamda buni ko‘rsa, To‘ra Sulaymon hatto Lev Tolstoy bilan ham gurunglashgan ekan-da deyishi mumkin…

 

Tursunboy ADASHBOYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 208
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 245
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 231
Hurfikrlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 232
Hurmat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 202583
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 94389
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 3 20387
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 0 14733
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 13402
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 12950
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 11104
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11055
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya