Fotiha


Saqlash
11:10 / 20.10.2021 0 959

(etyud)

Qishloqda rasm bor: olti-yetti oy, hatto bir yildan keyin borsangiz ham bu orada vafot etgan tanish-bilishlarga fotiha o‘qib, oila a’zolariga ta’ziya bildirishingiz kerak.

Qishloqqa bir borganimda, bizning soy mahalladan yosh bir yigit vafot etganini aytib qolishdi. Mo‘ysafid amakim va o‘qituvchi jiyanim bilan marhumga fotiha o‘qigani bordik.

Men marhumni bolaligidan tanir edim. U eri frontda halok bo‘lgan, mushtipar bir bevaning yolg‘iz o‘g‘li edi.

Yigit armiya safida uch yil xizmat qilib, u yerdan yaxshigina montyor bo‘lib, rus qiziga uylanib qaytgan, lekin ko‘p o‘tmay, to‘g‘on qurilishidan tok urib o‘lgan edi.

Bu voqea men borishdan qariyb bir yil avval sodir bo‘lgan, bu orada kelin ham Rossiyaga ketib qolgan edi.

Mushtipar ona qizining uyiga ko‘chib o‘tgan ekan, bizni kuyov bola bo‘lsa kerak, oliftalarcha kiyingan, yosh, quvnoq bir yigit qarshi oldi va derazalari toqqa qaragan katta chorsi xonaga boshlab kirdi.

Uyning to‘rida, boshida ko‘k doka ro‘mol, ozg‘ingina bir xotin ko‘rpa qavib o‘tirardi. Biz kirishimiz bilan ayol o‘rnidan turdi va ro‘molini yuziga tortganicha chetlab yurib, tog‘ tomondagi ichkarigi uyga kirib ketdi.

Amakim fotiha o‘qidi. Keyin dasturxon yozildi. Choy ustida gap-so‘z, har xil hangomalar. Kuyov bola ham xushchaqchaq yigit ekan, u yoq-bu yoqdan gapirib, kuldirib o‘tirdi. Nihoyat, bir-ikki piyola choy ichilgach, qo‘zg‘aldik.

Biz hovliga chiqib, ko‘chaga burilganimizda qayerdandir orqadan, bog‘ tomondagi uydan, hazin bir kuy qulog‘imga chalinganday bo‘ldi. Beixtiyor qadamimni sekinlatdimu a’zoyi-badanim qaqshab ketdi. Men kuy, deb o‘ylagan tovush kuy emas, ona yig‘isi edi!.. Ona sekin, go‘yo bizdan iymanganday, go‘yo xushchaqchaq kuyov bolasi eshitib qolishidan qo‘rqqanday, ohista yo‘qsab, nimalarnidir aytib yig‘lardi. Uning so‘zlarini tushunib bo‘lmas, lekin nima deyayotganini hazin kuyday mungli ovozi o‘zi aytib turar, u kimgadir zorlanar, faryod chekar, nola qilar edi.

Nega biz bu ostonaga keldik? Nega mushtipar onaning bitmagan yarasini qayta tirnadik? Nega dasturxon ustida gurunglashib o‘tirdik, hiringlashib kulishdik? Axir biz uchun u yigitning o‘lganiga bir yil o‘tgan bo‘lsa o‘tgandir, lekin ona-chi? Ona uchun o‘g‘lining o‘chmas siymosi ko‘z oldida hanuzgacha turgandir, axir?

Shu-shu biror joyga fotihaga borsam, bo‘lakcha mungga, qandaydir yuksak musibat, ovunchsiz nolaga to‘la o‘sha tovush esimga tushadi. Bu tovush birovlarning musibatini chuqurroq his qilishga, sukut saqlashga da’vat etadi.

Odil Yoqubov

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

10:04 / 16.04.2024 0 326
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 0 761
Onasini eng uzoq kutgan farzand

Qatra

14:04 / 08.04.2024 0 319
Toshbaqaning xatosi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 398
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 550
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 414
Hurfikrlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 203904
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95228
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 3 21378
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 0 17945
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 14453
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 13388
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12097
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11539
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya