Qayirmalarim – mening hikmatlarim


Saqlash
16:10 / 13.10.2021 0 893

 

*  *  *

Olam – hikmat kitobi. O‘qib va uqib yasha.

 

*  *  *

Olam taqdiri – odam taqdiri.

 

*  *  *

Dunyoda donoyu donishmandlar aytmagan, bitmagan hikmat qolmagan. Faqat mag‘zi chaqilmagani ko‘p.

 

*  *  *

Vatanim tog‘ida yotgan toshning ham tarixi bor. Faqat uning tilini uqmoq lozim.

 

*  *  *

O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakati.

 

*  *  *

Vatan kamoloti uchun amaliy faoliyat vatanparvarlikdir.

 

*  *  *

Davlatning asosi na yer, na ko‘k, na suv... balki xalqdir.

 

*  *  *

O‘z milliy g‘oyasiga, mafkurasiga, o‘z taraqqiyot yo‘li mezonlariga ega bo‘lmagan davlat bo‘ron izmida qolgan qayiqdir.

 

*  *  *

Mahalliychilik millatparvarlik va vatanparvarlikning asosiy dushmanidir.

 

*  *  *

Vatanning bo‘y-basti botirlariyu shoirlari bilan o‘lchanur.

 

*  *  *

Ertaklarda devlar joni o‘zida emas, allaqaerlarda: g‘orlarda, tog‘lar ichida, sandiqlardami saqlanar ekan. Chin inson joni esa hamisha Vatanda saqlanadi!

 

*  *  *

Eng buyuk jasorat Vatan taqdiri yo‘lida qilingan jasoratdir.

 

*  *  *

Vatan tandir. Non-tuzin unutganlar ko‘r bo‘ladi!

 

*  *  *

Iglu – eskimoslarning qordan yasalgan uyi. Qish tugab, kunlar iligach, u erib ketadi. Shimoldagi bu elat taqdiri ham iglusiga o‘xshab boryapti. Vataning imoratini mustahkam qur!

 

*  *  *

Zamin abadiy emas, zaminmonand makonlar abadiy. Inson abadiy emas, insoniyat abadiy.

 

*  *  *

Tabiatda hech bir narsa teng bo‘lmaganidek, davlat, hokimiyat, xalqlar o‘rtasida ham tenglik bo‘lmaydi. Faqat ular birodarlik, do‘stlik asoslarida teng hayot kechirishlari mumkin.

 

*  *  *

Xalqning faqat bugunini o‘ylagan hukmdor – Yetakchi. Uning kelajagi va kamoloti asoslarini qurgan hukmdor – Donishmand. Poliz boshiga qurilgan xashaki chayla bilan poydevori daryo toshlaridan qurilgan imoratning farqini unutmang!

 

*  *  *

Hukmdor maqtov-olqishlarning tagida nima borligini hech qachon nazardan qochirmasligi kerak. Hamdu sanolar yo‘li haqorat, masxara va falokatli bo‘lishi mumkin.

 

*  *  *

Kemalar uchun ko‘rinmas suvosti qoyalari g‘oyat xavfli, halokatli bo‘lgani kabi saroy va saltanat siyratidagi e’tiqod va axloq tubanlashuvlari mamlakat inqiroziga ibtido bo‘lishi mumkin.

 

*  *  *

Ijtimoiy tengsizlik tabiiy tengsizlikdan kelib chiqadi.

 

*  *  *

Toshtarosh qo‘lida tosh, kulol qo‘lida loy istagan shaklga kiradi. Hukmdor o‘z aqli, zakovati bilan tosh ham, loy ham emas. Sobitlik, qat’iyatlilik mamlakatni tanazzullardan asraguvchi kuchdir!

 

*  *  *

Bir toifa: qonunni biladi va unga amal qiladi. Bir toifa: qonunni biladi, lekin unga amal qilmaydi. Bir toifa: qonunni biladi, ammo iblisona yo‘llarda foydalanadi. Bir toifa: qonunni bilishni ham, unga amal qilishni ham istamaydi.

 

*  *  *

Hokimiyatni qat’iyat bilan boshqarish inson erkiga daxl qilmasligi kerak. Daxl qilinsa, bu daryoga to‘g‘on qurib, suvni to‘plab, bog‘larga suv bermay, daraxtlarni quritish bilan barobar.

 

*  *  *

Hukmdorlar uchun xalqning omi-mute bo‘lgani yaxshi. Qashqir uchun ham osongina tutqich beradigan qo‘ylar kerak.

 

*  *  *

Oltin qadahda may simirib uzoq umr kechirgan hukmdorni eshitmadim.

 

*  *  *

Daholar har bir zamonning, xalqning valine’mat zotlari, ammo ular o‘sha davr hokimiyati uchun yoqimsiz, hatto ortiqcha kishilari bo‘lishi mumkin.

 

*  *  *

Ozodu erkin qushga hukmdor farmonining ahamiyati yo‘q.

 

*  *  *

Hukmdorlik gulzorining tikoni ko‘p.

 

*  *  *

Saltanat ishlarida hukmdordan ko‘ra shubhakorroq kimsa yo‘qligi haqqast rost. Shubha esa iymondan ajratadi degan gaplar ham borligi haqiqat.

 

*  *  *

Kambag‘al davlat xazinasini o‘ylashga qodir emas.

 

*  *  *

Xalq baxti, tinchligi, davlat farovonligi uchun sarflanmay yig‘ilib yotgan xazinaning ummon qa’ridagi xazinadan farqi yo‘q.

 

*  *  *

Zaminmonand sayyora topilibdi, ko‘cha-ko‘ch boshlanibdi. U yoqda hamma narsa bor emish, mo‘l-ko‘lchilik emish. O‘zi bilan hech kim hech narsa olmabdi. Faqat dehqon ketmonini yelkasiga tashlab olishni unutmabdi.

 

*  *  *

Yer shari – ona Sayyoramiz qismati faqat samoviy kuchlargagina emas, insoniyat faoliyatiga ham bog‘liqligi bugun kundek ayon. Shunday ekan, har bir inson zaminga o‘z ona uyi kabi munosabatda bo‘lmoqligi va ushbu xulosaga kelishi uchun, avvalo, o‘z shaxsini kamol toptirmog‘i lozim.

 

*  *  *

Inson xudosifat bo‘lmoqlikni, Uningdek faoliyat ko‘rsatmoqlikni istaydi. Va barcha fojiasi shundan ekanligini o‘zi ko‘p ham anglayvermaydi.

 

*  *  *

Qat’iyatlilik bilan qaysarlikni qorishtirib yubormang. Ayniqsa, buni yurt sarvarlari unutmasligi kerak.

 

*  *  *

Dunyoni o‘zgartiraman dedi Qilich. Dunyoni o‘zgartirish uchun men o‘zgarishim kerak dedi Qalqon.

 

*  *  *

Yangi-yangi davr qit’alarini SHAXSlar, DAHOlar ochadi. Qolganlar ularga ergashadi.

 

*  *  *

Qonun buqalamunga o‘xshamasligi kerak.

 

*  *  *

Hukmdorning qahri burnining uchida.

 

*  *  *

Hukmdorlarga oqilu dono maslahatchilaru sadoqatli o‘ktam vazirlargina emas, so‘zni tik aytguvchi shiddatmonand yaqinlar ham kerak.

 

*  *  *

Yolg‘onning kuch-qudrati hokimiyat miqyosida tomir otganda azot bo‘y ko‘rsatadi.

 

*  *  *

Siyosatda zo‘ravonlik – adolat niqobini kiygan hukmdor.

 

Azim SUYUN

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

10:04 / 16.04.2024 5 366
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 3 829
Onasini eng uzoq kutgan farzand

Qatra

14:04 / 08.04.2024 0 364
Toshbaqaning xatosi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 426
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 616
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 439
Hurfikrlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 204236
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95511
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 21617
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 1 18705
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 14758
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 8 13694
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12367
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11646
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya