Xalqaro anjumanga 20 ga yaqin nufuzli mehmon kelishi kutilmoqda

Saqlash
11:09 / 21.09.2021 1377 0

Shu yilning 28–30 sentyabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Tadbir Prezidentimizning “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad jahon olimlari va ijodkorlarini Amir Temur siymosi bilan yaqindan tanishtirish, yurtimiz va xorijda Temuriylar davri to‘g‘risida ilmiy tadqiqot qilayotgan tadqiqotchilarga amaliy va nazariy ko‘maklashishdan iborat.

Anjumanning birinchi kuni poytaxtimizdagi Amir Temur haykaliga gul qo‘yish marosimi bilan boshlanadi. So‘ng Temuriylar muzeyi va Yangi O‘zbekiston bog‘iga sayohat uyushtiriladi.

Ikkinchi kuni Shahrisabz shahrida xorijiy va mahalliy olimlar, yozuvchi va jurnalistlar ishtirokida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda Fransiya, Germaniya, Turkiya, Misr, Pokiston, Eron, Rossiya, Ozarboyjon kabi 13 mamlakatdan 22 nafar nufuzli mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Uchinchi kun esa Shahrisabzdagi tarixiy-madaniy maskanlar va Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni ziyorat qilinadi.

Hozirda xalqaro anjumanga tayyorgarlik ishlari qizg‘in ketmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish