COVID-19’ning yangi shtammi tarqalmoqda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi tayyormi?

Yangi shtamm dunyoda tez tarqalishi kuzatilayotgan bir paytda uning yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida tarqalishi kutilmoqdami? Unga qarshi kurashish uchun bizda qanday imkoniyatlar bor?

Saqlash
10:10 / 28.10.2021 748 0

Buyuk Britaniyada “delta” shtammidan kelib chiqqan koronavirusning AY.4.2 varianti bilan yuqadigan infeksiyalar ulushi o‘sib borayotgani va hozirda bu mamlakatda COVID-19 bilan kasallanish holatlarining 10 foizini tashkil etayotgani haqida xabar berilgan edi.

 

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Atabekovning yangi shtamm haqidagi savollarga munosabatini e’lon qildi.  

 

“COVID-19ning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2  virusi vaqt o‘tishi bilan yangilanib, atrof-muhitga moslashib bormoqda.  Uning yangi shtammlari SARS-CoV-2’ning mutatsiyaga uchrashi oqibatida paydo bo‘ladi. Ya’ni virus o‘zini saqlab qolish uchun qayta-qayta yangilanishga urinyapti.

 

Yangi shtammlarga qarshi kurashish haqida gapirsak, dunyo olimlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalar virus shtammlarining asosida turgan SARS-CoV-2ga qarshi ishlaydi. Virus mutatsiyaga uchragan taqdirda ham, vaksinaning himoyalovchi xususiyati saqlanib qoladi.

 

Koronavirusning qaysi shtammiga qarshi kurashishdan qat’i nazar, ommaviy immunitet shakllantirilsa, kasallikni yengib o‘tish mumkin. Biz xastalik qo‘zg‘atuvchisini bilamiz. Uning profilaktikasidan xabardormiz. Eng asosiysi, bizda virusga qarshi asosiy qurol bo‘lgan vaksinalarning bir necha turlari zaxirasi shakllantirilgan. Shunday ekan, aholimizdan birdamlik bilan vaksinatsiya jarayonlariga e’tiborli bo‘lishni so‘rab qolamiz”, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Atabekov.

 

Eslatib o‘tamiz, koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lishiga niqob rejimiga va ijtimoiy masofaga yetarlicha rioya qilinmasligi, shuningdek, xodimlarning kamchiligi masofadan turib ishlashi sabab bo‘lgan. Sentabr oyining o‘rtalaridan buyon Buyuk Britaniyada koronavirus bilan kasallanish va o‘lim darajasi, shuningdek, kasalxonaga yotqizilganlar soni yana oshdi.

 

AY.4.2 Yevropaning bir qancha mamlakatlarida topilganiga qaramay, u faqat Buyuk Britaniyada keng tarqalgan. Britaniya olimlari AY.4.2 ning tarqalishini istisno qilmaydi. Shunga qaramay, AY.4.2 infeksiyasining birinchi holati Isroilda aniqlangani ma’lum bo‘ldi.U yerda virus Moldovadan qaytgan 11 yoshli bolada topilgan va u darhol karantinga olingan.

 

Kasallikning tez tarqalayotgani va emlanmagan hamda yarim emlanganlarda og‘ir kechayotgani AY.4.2 shtammining eng muhim belgilari bo‘lib qolmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish