Zikir Muhammadjonov


15:10 / 04.10.2021 4309 0

 

1921-yil 1-yanvarda kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.

1938-yili hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyatini boshlagan.

1962-yili “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni,

1994-yili “Shuhrat” medali,

1996-yili “Do‘stlik” ordeni,

1998-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni,

2003-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.

2012-yilda vafot etgan.

 

Bir asrdan ortiq tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan o‘zbek milliy teatr san’ati jahonga Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Mariya Kuznesova, Ma’suma Qorieva, Shohida Ma’zumova, Maryam Yoqubova, Sora Eshonto‘raeva, Lut­fixonim Sarimsoqova, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jaev, Sa’di­xon Tabibullaev kabi o‘nlab sahna darg‘alari, yuksak iste’dod­li san’atkorlari bilan mashhur. Mana shu uzun ro‘yxatda o‘tgan asrning 30-yillarida teatr olamiga katta orzu-niyatlar bilan qadam qo‘ygan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonovning alohida o‘rni bor.

Teatrning badiiy rahbari Mannon Uyg‘ur yosh aktyorning o‘ziga xos iste’dodi va intilishlarini ko‘rib, uni 1945-yili yangi ta’sis etilgan Toshkent davlat teatr institutiga tahsil olish uchun yuboradi. Z.Muhammadjonov institutga birinchilardan bo‘lib qabul qilindi, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, teatrda faoliyatini davom ettirdi. San’atkorning 70 yildan ortiq hayot va ijod yo‘li bevosita hozirgi O‘zbek Milliy aka­demik drama teatri bilan bog‘liq, bu yillar davomida 100 dan ortiq turli xarakterdagi obrazlarni mahorat bilan ijro qilib, el nazariga tushdi. Teatr sahnasida qo‘yilgan “Jalo­liddin Manguberdi”, “Shohi so‘zana”, “Makr va muhabbat”, “Yurak sirlari”, “Momaqaldiroq”, “Gang daryosining qizi”, “Furqat”, “O‘g‘irlangan umr”, “Har to‘kisda bir ayb”, “Alisher Navoiy”, “Mirzo Ulug‘bek” kabi ko‘plab spektakllarda, “Dilorom”, “Ali bobo va qirq qaroqchi”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Navoiy” kabi kino va telefilmlarda yaratgan obrazlari, o‘ynagan rollari Zikir Muhammadjonovning aktyorlik mahoratiga kafolatdir.

Zikir Muhammadjonov repertuarida milliy va jahon mumtoz adabiyotining, shuningdek, zamonaviy dramaturgiyaning eng sara namunalarini ko‘rish mumkin: Temur Malik (“Jalo­diddin Manguberdi”, M.Shayxzoda), Dehqonboy (“Shohi so‘zana”, A.Qahhor), Ferdinand (“Qaroqchilar”, F.Shiller), Goratsio (“Gam­let”, V.Shekspir), Samandar (“Samandar”, A.Muxtor), Beruniy (“Abu Rayxon Beruniy”, Uyg‘un), Alisher Navoiy (“Alisher Navoiy”, Uyg‘un va Izzat Sulton), Sintaro (“O‘g‘irlangan umr”, M.Kaoru), Yedigey (“Asrga tatigulik kun”, Ch.Aytmatov), Shokir aka (“Kuzning birinchi kuni”, O‘.Umarbekov) singari obrazlari o‘zbek aktyorlik maktabi­ning yorqin namunalari sifatida tarixga muhrlanib qoldi.

Z.Muhammadjonov qator badiiy filmlarda ijodiy biografiyasini yanada boyitdi. Shoh Bahrom (“Dilorom”), pro­fessor Karimov (“Koniyut g‘orining siri”), general Rahimov (“General Rahimov”), Maqsud (“Fidoiy”), Ahmedov (“Qo‘qon voqeasi”), Yusuf (“Ali bobo va qirq qaroqchi”) singari obrazlar ak­tyor ijodining yangi qirralarini namoyon qildi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining oltin fondidan joy olgan “Mirzo Ulug‘bek”, “Navoiy”, “Imon” kabi televideofilmlarda Zikir Muhammadjonov bosh rollarni ijro etgan.

Zikir Muhammadjonov 1977–1982-yil­larda O‘zbekiston Teatr arboblari uyushma­siga rahbarlik qildi.

Z.Muhammadjonov mohir qalam sohibi edi, uning san’at va madaniyat sohasiga oid maqolalari, milliy teatr va kino san’­atining darg‘alari to‘g‘risidagi xotira va esselari jamlangan “Ta’zim”, “O‘zim ko‘r­gan-bilganlarim”, “Ulug‘lar orasida” singa­ri risolalari nodir ma’lumotlarga boy­ligi bilan ham qimmatli, noyobdir.

Zikir Muhammadjonov faol jamoat ar­bobi, o‘z Vataniga, xalqiga sodiq chinakam vatanparvar shaxs edi. Ayniqsa, mustaqil­lik yillari qo‘lga kiritilgan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni xalqimiz­ga yetkazish maqsadida mamlakatimizning turli xududlarida aholi bilan o‘tkazilgan yuzlab ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar­ning eng faol ishtirokchilaridan bo‘ldi.

Yana ibratlisi, qo‘sh-qo‘sh unvonlar sohi­bi Zikir aka Muhammadjonov izzattalablikdan yiroq, hamma bilan doim samimiy munosabatda bo‘ldi. Ulug‘ yoshlarida ham tahririyat, teatr, taklif qilingan joylar­ga piyoda kelib-ketib, yo‘lda uchragan hamma bilan qadrdondek so‘rashardi.

Zikir Muhammadjonovning ko‘p yil­lik halol va samarali faoliyati “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali, “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari hamda “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlandi.

Rafiqasi Mashkura Ibrohimova bilan 72 yil ahil, muhabbatu sadoqat bilan bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab turmush kechirdilar. Oddiy, samimiy, ayni paytda buyuk san’atkor, bebaho insonni Alloh qo‘­sha-qo‘sha mukofotlar, eng muhimi, muxlis­laru xalqining, avlodlarining mehru ehti­romiga munosib taqdir bilan siylagan bo‘lsa, ajabmas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish